O'zbekiston milliy terma jamoasi Xitoyga qarshi o'yinga tayyorgarlikni boshladi

Tolibjon Qosimov
13 yanv 2015, 13:22
Sidneydan Brisben shahriga ko'chib o'tgan O'zbekiston milliy terma jamoasi rejaga ko'ra kecha Xitoyga qarshi o'yin oldidan mashg'ulotlarga kirishdi.
Mashg'ulotlar davomida terma jamoa bosh murabbiyi o'yindan oldin har xil taktik sxemalarni sinab ko'rayotganini takidlash lozim.

Qayd etish joiz, mashg'ulotlarni Xitoy va O'zbekistondan tashrif buyurgan jurnalistlar ham kuzatmoqdalar. O'yindan oldingi rasmiy mashg'ulotni hisoblamaganda har bir mashg'ulotlarni Mirjalol Qosimov jurnalistlar uchun ochiq deb e'lon qilgan. OAV xodimlari ham o'z navbatida yaratilgan qulaylik va mashg'ulotlarning ochiq tarzda o'tayotgani uchun Mirjalol Qosimovga minnatdorchilik bildirishmoqda. Boisi, reglamentga ko'ra, har bir terma jamoa murabbiyi mashg'ulotlarning ilk 15 daqiqasidan so'ng, terma jamoa mashg'ulotini yopiq deb e'lon qilishi mumkin.

Takidlash lozim, ushbu uchrashuvga ayniqsa Xitoy OAVda qiziqish juda yuqori. Ma'lumotlarga ko'ra, Osiyo Kubogi bahslarini yoritish uchun Avstraliyaga Xitoydan 200ga yaqin jurnalist tashrif buyurgan.

Yana bir qiziqarli ma'lumotga ko'ra, mezbon - Avstraliya terma jamoasidan keyin aynan Xitoy terma jamoasi Avstraliyada eng ko'p muxlisiga ega terma jamoa hisoblanadi. Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi kechgan 1-tur o'yinida Alen Perren shogirdlarini 11 mingga yaqin xitoylik muxlislar stadionda qo'llab-quvvatlab turishgan. Ulardan 7 ming nafari Xitoydan tashrif buyurgan bo'lsalar, 4 ming nafari maxalliy xitoyliklarni tashkil etadi.

Xitoyga qarshi o'yin bo'lib o'tadigan Brisben shahri haqida ma'lumot beradigan bo'lsak, ikki kun davomida havo harorati 20 daraja atrofida issiq bo'ldi. Kunning o'rtasida esa havo harorati 30 daraja issiqni tashkil qilmoqda. Bazi vaqtlarda shaharda yomg'ir yog'ishi kuzatilmoqda.

Eslatib o'tamiz, Xitoy hamda O'zbekiston terma jamoalari o'rtasidagi o'yin ertaga Brisbendagi 52 ming muxlisni sig'dira oladigan Brisben Sankrop stadionida bo'lib o'tadi. O'yin mahalliy vaqt bilan 19:00da (Toshkent vaqti bilan 14:00da boshlanadi).

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: the-uff.com