Murod Ismoilov: "Lokomotiv" - "Bunyodkor" uchrashuvida durang qayd etilsa yaxshi bo'lardi"

Narzulla Saydullayev
4 avg 2013, 22:01
"Paxtakor" - "Buxoro" uchrashuvidan so'ng tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida maydon egalari bosh murabbiyi Murod Ismoilov ishtirok etdi.
"Bugungi o'yin kutilganidek og'ir o'tdi. "Buxoro" kuchli jamoa ekani ma'lum edi. Ammo muxlislarimiz qarshisida g'alaba qozona oldik", - deb gap boshladi Murod Ismoilov.

"Mashg'ulotlarda o'ylab topilgan vaziyatlarni o'yinda amalga oshira olmayapmiz. Mashg'ulotlarda hatto futbolchilarga qarshi raqib vazifasini bajaruvchi futbochlilarni o'ynatamiz. O'yinda buni chiqarib berish qiyin bo'lmoqda. Mashqda bu amalga oshmoqda, ammo o'yinda vaziyat umuman boshqacha bo'ladi. Bularni doim tushuntiraman. Men o'yinning katta qismi "Buxoro" jarima maydoni yonida bo'lishini bilardim, mashg'ulotlarda shunga e'tibor qaratdik. Ammo o'yinda qanchalik baqirmang futbolchi buni eplay olmasa qiyin ekan".

"Temurxo'ja Abduxoliqovning o'zi boshqa jamoa ko'rigida qatnashishni istadi. Biz unga qarshilik ko'rsatmadik. Ammo futbolchining klubimiz bilan yil oxiriga qadar shartnomasi bor".

"Bugun jarohat olib maydonni tark etgan Akbar Ismatullaevning son qismida biroz jarohat bor ekan. Umid qilamizki u tez orada safga qaytadi".

"Rafael Ilyosov borasida PFLga rasmiy arznoma topshirilgan. PFL bunga qanday qaror qabul qildi bilmadim. Mana ertangi o'yinda ishlashi kerak edi, ammo o'rniga boshqa hakam tayinlanibdi. Balki bu aynan PFL tomonidan chetlatilishdir, bilmadim".

"Lokomotiv" - "Bunyodkor" uchrashuvida shaxsan men durang bo'lishini istardim. Shunda ularga yetib olish imkoni qoladi. Chempionat yanada qiziqarli bo'lardi. Ayni paytda har ikkala jamoa teng kuchli. Balki moliyaviy tomonlama "Lokomotiv"da ustunlik bordir, ammo futbolchilar saviyasi, murabbiylar mahorati mutlaqo teng".

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia