Mirjalol Qosimov: "Raqib tanlamayman, 1-turda kim tushishini farqi yo'q"

Alisher
11 fev 2022, 14:51
AGMK jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov klub matbuot xizmatining bugun Superliganing yangi mavsumiga tashlanadigan qur'asi, chempionlik uchun kurash kimlar ishtirok etishi va o'tayotgan yig'in to'g'risidagi mavzulari bo'yicha savollariga javob qaytardi.

"Hech qachon raqib tanlamaganman. Baribir mavsum davomida barcha o'zaro o'ynaydi. Shu boisdan ham 1-turda kim bilan tushishni farqi yo'q. Muhimi, chempionatni yaxshi boshlab olish kerak. 

Haqiqatdan ham bu yil ko'plab jamoalar kuchayishmoqda. Ayniqsa 3-4 ta jamoa ancha kuchaydi. Transferlardan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, Nasaf, Paxtakor, Navbahor, Neftchi, Qizilqum va So'g'diyona jiddiy kuchaydi. Bu yili 6-7 jamoa yuqori o'rinlar, shuningdek chempionlik uchun jiddiy kurashadi. Bundan tashqari yangi mavsumga tayyorgarlik doirasidagi o'quv-mashg'ulot yig'inlariga 10dan ziyod jamoalarimiz jiddiy e'tibor qaratib, Antaliyada taraddud ko'rishmoqda. Bu ham o'z-o'zidan jamoalar yangi mavsumga jiddiy taraddud ko'rayotganidan dalolat. 

Yig'in ko'ngildagidek o'tmoqda. Futbolchilarning jismoniy holati meyoriga kelmoqda. Lekin hali o'yinimizni yanada kuchaytirishimiz kerak. Qolaversa poziciyalarni kuchaytirishimiz zarur. Chunki o'tgan mavsumga qaraganda asosiy tarkib futbolchilaridan 6-7 nafari jamoadan ketdi. Ularni o'rnini to'ldirish va o'zaro o'yin tushunchasini xosil qilish uchun vaqt talab etiladi. Shu jihat biroz muammo keltirib chiqaradi. Yangi futbolchilar meni falsafamni tushunishi va anglab, o'yinni to'liq shakllantirib olishimiz uchun ma'lum vaqt ketadi. Umid qilamanki, yangi futbolchilar jamoaga tezroq kirishib ketishadi", - deya o'z fikrlarini bildirdi Mirjalol Qosimov.

O'xshash yangiliklar


AlisherMuallif
Manba: АГМК матбуот хизмати