Joan Laporta: "Messi endilikda “Barselona”ga futbolchi sifatida qaytmaydi"

Aslanov Jasurbek
12 noya 2025, 14:18
“Barselona” prezidenti Joan Laporta “Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi haqida gapirib, uning kataloniyaliklar safida yana futbolchi sifatida to'p surishi mumkin emasligini bildirdi.

Messi - “Barselona” akademiyasining tarbiyalanuvchisi bo'lib, 2021 yil yozida erkin agent sifatida jamoani tark etgan edi. Yaqinda argentinalik futbolchi “Kamp Nou” stadioniga tashrif buyurdi.

Laporta bu haqda shunday dedi:
"Messi “Kamp Nou”ga tashrif buyurgani haqida men oldindan bilmaganman. Menimcha, bu uning "Barselona"dan faxrlanishini ifodalovchi spontan harakat bo'lgan. Bu uning uyi. Biz unga nisbatan yaxshi munosabatdamiz, u ham buni biladi. Biz har doim aytganmiz: uni munosib qabul qilish kerak va bu bir kuni sodir bo'ladi, bu a'lo voqea bo'ladi.”

Messi esa o'z navbatida shunday degan edi:
“Men "Barselona"ni kutganimdek va orzu qilganimdek holda tark etolmadim. Bu g'alati hissiyot qoldirdi, ammo odamlarning muhabbati men bilan qoladi.”

Bu haqda Laporta qo'shimcha qildi:
“Hamma narsa qanday bo'lib o'tganini hisobga olsak, men hech narsadan afsuslanmayman. "Barsa" hammadan ustun. Bu hammamiz xohlagandek bo'lmadi, ammo o'sha paytda boshqacha qilish imkoni yo'q edi. Agar Messiga hurmat ifodasi sifatida maxsus tadbir o'tkazish buni tuzata olsa, biz bundan mamnun bo'lamiz.”

So'ngra u aniqlik kiritdi:
“Leo Messi "Barselona"ga futbolchi sifatida qaytishi haqida gapirish nereal”, – dedi Laporta Catalunya Ràdioga bergan intervyusida.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Catalunya Ràdio