Italiya Kubogida “Napoli”ni qoldirib ketgan “Atalanta”, endi Rimda “Roma”ni taslim qildi

6 yanv 2018, 23:58
A seriya 20-turining markaziy o'yinida “Roma” imkoniyatni boy berdi. O'z maydonida “Atalanta”ni qabul qilgan “bo'rilar” 1:2 hisobida engildi.

Mehmonlarning birinchi bo'lim so'ngida bir kishi kam qolishi ham rimliklarni qutqarib qololmadi. Shu tariqa mazkur turni yirik g'alaba bilan yakunlagan poytaxtning boshqa bir jamoasi “Lacio” hamshahridan oldinga o'tib oldi.

Qayd etish kerak, o'tgan hafta “Atalanta” Neapolda “Napoli”ni engib, Italiya Kubogining yarim finaliga yo'llanma olgandi. Bugungi g'alaba Bergamo klubini turnir jadvalida 7-o'ringa olib chiqdi.

“Atalanta” mavsumning ilk turida “Roma”ni qabul qilib, 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Yevropa Ligasida “Everton”, “Lion” kabi klublarni ortda qoldirgan jamoa joriy mavsum “Yuventus” (2:2) hamda “Lacio” (3:3) bilan durang o'ynagan, “Milan”ni esa safarda 2:0 hisobida taslim qilgandi.


Manba: championat.asia