Ilhom Sharipov: “Dinamo”ning keyingi rejalari hozircha aniq emas”

Narzulla Saydullayev
10 yanv 2020, 11:44
Xabaringiz bor, Samarqandning “Dinamo” jamoasi o'tgan mavsum Superliganing autsayderiga aylangandi.

Ammo hozirda muxlislar orasida “Dinamo”ni bu yil ham elitada o'ynashi mumkin degan gap-so'zlar yuribdi. Shu va jamoaning tayyorgaligi bo'yicha bilish maqsadida klub menejeri Ilhom Sharipov bilan suhbatlashdik.

- Ilhom aka, bugungi kunda Superliganing deyarli barcha jamoasi yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlab yubordi. Xatto PRO-Liga klublari ham o'z qarorgohida shug'ullanayotganini ko'rmoqdamiz. Aytingchi “Dinamo”ning bu boradagi rejalari qanday?
- Yigitlarni 11 yanvar kuni Samarqandda yig'ishni rejalashtirganmiz. Ochig'ini aytsam, 15 yanvardan so'ng jamoaning keyingi taqdiriga to'liq oydinlik kiritiladi. Unga qadar tayinli gap aytish qiyin.

- Darvoqe, “Dinamo”ni yana Superligada ishtirok etishi mumkinligi to'g'risida gap-so'zlar yo'q emas. Bu borada jamoa menejeri sifatida qanday munosabatdasiz?
- O'zingizga yaxshi ma'lumki, ortda qolgan chempionatda jamoamiz so'nggi o'rinni egalladi. Sport principlariga ko'ra, “Dinamo” Superligani tark etdi. Lekin men ham eshitdim, “Dinamo”ni yana elitada ishtirok etishi mumkin degan mish-mishlarni. Voqealar rivoji qanday kechishini vaqt ko'rsatadi.

- Nega, yuqorida 15 yanvar kuni ko'p narsaga oydinlik kiritiladi deb aytdingiz?
- Shu kuni rahbariyat bilan uchrashamiz va jamoaning kelajagiga aniqlik kiritiladi.

- Garchi “Dinamo” Superligani tark etgan bo'lsada, tarkibdagi futbolchilarni o'z safiga qo'shib olishni istayotgani klublar soni ko'p ekanligini eshitmoqdamiz.
- Bu quvonarli albatta. Bilasizmi biz futbolchilar bilan ikki yillik shartnoma imzolaganmiz. Shu bois ularning boshqa klubga ko'chib o'tishi ko'proq “Dinamo”ga bog'liq.

- Agarda “Dinamo” joriy mavsumni PRO-Ligada o'tkazadigan bo'lsa, tarkibdagi mahoratli futbolchilar Superliga klublariga berib yuboriladimi yoki olib qolinadimi?
- Tarkibni bosh murabbiy aniqlaydi. Chunki natijaga u javobgar. Shu bois bu borada Tachmurod Agamurodovning qarorini xurmat qilamiz.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia