

Sababi oddiy, dunyo hamjamiyati doimgi terma jamoalarning imkoniyatidan xabardor. Ilk bor qatnashadiganlar esa "sirli tulpor" bo'lib ko'rinadi. "Mehr news" nashri jurnalisti Mehdi Mortazavian saytimiz jurnalisti Abdulaziz Iskandarovga O'zbekiston va Eronning mundialdagi ishtiroki haqida gapirdi.
"Eron - Osiyoning Jahon chempionatlaridagi eng tajribali vakillaridan biri. Milliy terma jamoa 2006 yildan buyon dunyo birinchiliklarini muntazam ravishda o'tkazib yubormay kelyapti. Bunday barqarorlik esa jamoaga xalqaro futbolning eng yuqori cho'qqisida bebaho tajriba to'plash imkonini berdi.
Bugungi kunga kelib, Eron uchun shunchaki Jahon chempionatiga yo'llanma olishning o'zi etarli emas. Endi talab va kutishlar butunlay boshqacha. Forslar qitaning yetakchi futbol mamlakatlaridan biri sifatida etirof etilmoqda va jamoatchilik ulardan navbatdagi qadamni kutyapti. Bugungi maqsad - guruh bosqichidagi uchta o'yin bilan cheklanib, uyga qaytish emas. Amir G'alenoi qo'l ostidagi jamoa turnirda uzoqroq qolishni, to'rtta yoki beshta uchrashuv o'tkazishni chin dildan maqsad qilgan. Albatta, jamoa atrofida hanuz taktik va texnik savollar mavjud, bosh murabbiy ham ma'lum darajada tanqidlarga uchrab turibdi, biroq talablar avvalgi avlodlarga nisbatan ancha yuqori ekanligi shubhasiz.
O'zbekiston uchun esa Jahon chempionatiga chiqish - ulkan tarixiy yutuq. Musobaqada 32 ta yoki 48 ta jamoa ishtirok etishidan qati nazar, JCH futbol olamidagi eng yirik voqea bo'lib qolaveradi va butun dunyo nigohini o'ziga qaratadi. Ilk bor qatnashayotgan terma jamoaning qadamida hamisha o'ziga xos sehr bo'ladi. Debyutantlar dunyo sahnasida o'zlarini ko'rsatish uchun turnirga o'zgacha kuch, yuqori motivaciya va shijoat bilan tashrif buyurishadi",- deydi Mehdi Mortazavian.
To'liq intervyuni tez orada e'tiboringizga havola qilamiz.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston dastlabki bahsini Toshkent vaqti bilan 18 iyun kuni 7:00 da Kolumbiyaga qarshi o'tkazadi.



