Birinchi davra ortda qoldi: Salbiy taassurotlar va PFLga taklif

Narzulla Saydullayev
9 iyul 2013, 10:30
Oliy ligada birinchi davra bahslari ortda qoldi. Jamoalar endi kubok bellashuvlaridan keyin to'liq tanaffusga chiqishadi.
Avgust oyining boshidan esa ikkinchi davra o'yinlari start oladi. Oliy liga saviyasi, hakamlar, ishqibozlar, ligamizni rivojlantirish uchun qanday o'zgarishlar zarur ekanligi to'g'risida bazi mulohazalarni aytib o'tish niyatidamiz. Zero, kuchli chempionatga ega bo'lmas ekanmiz, futbolimiz saviyasi o'smoqda deb baralla aytishimiz noto'g'ri.

Dastlab bir holatga e'tiboringizni qaratsak. Chempionat mart oyida startga chiqqanini inobatga olsak, oliy liga jamoalari 13 tur uchrashuvlarini o'tkazish uchun naqd 4 oy sarflashibdi. Buning orasida O'zbekiston Kubogida yuqori liga klublari nari borsa 5tadan o'yin o'tkazishdi. Demak, jami 18 bahs uchun 4 oy ketgan bo'ladi. Bu esa o'yinlar orasidagi tanaffus ko'p bo'lganini bildiradi. Taqvim tuzishda jamoalarning ma'lum bir ritmga tushib olishini inobatga olish lozim. Chunki 20 kunda 3 bor maydonga tushgan futbolchilar keyin shuncha muddat mobaynida dam olishga majbur bo'lishyapti. Natijada bir davraning o'zida ikki marta yaxshi holatga kirib, o'sha holatdan chiqib ketish sodir bo'lyapti. Solishtirish uchun, birinchi ligada jamoalar oxirgi 10 uchrashuvni 37 kunda o'tkazishdi! Demak, har 3-4 kunda maydonga tushish mumkin ekan. Qolaversa, birinchi ligada jamoalar o'yin kuni yo'lga chiqib, bellashuvga yetib borishadi. Chunki ularning moliyaviy ahvoli mehmonxonada yotib qolishni ko'tarmaydi. Oliy liga jamoalarida bir kun avval o'sha shaharga yetib borib, futbolchilarning o'zlariga kelib olish uchun imkoniyat mavjud. Boshqa tomondan bu yil taqvimda o'zgarishlar avvalgi mavsumlarga nisbatan kamaygan. Bu yaxshi, albatta.

Birinchi davra o'yinlaridan xulosa qiladigan bo'lsak, oliy liga saviyasi o'rta darajaga ham tortmayapti. Bir necha yillar oldin har qanday jamoa o'z maydonida hujumkor futbol namoyish etishga harakat qilardi. O'sha paytlarda 0:4 hisobida yutqazgan jamoa hozir 4:0ga yutayotgan jamoadan ko'ra jonliroq, shiddatliroq va mazmunliroq o'yin ko'rsatardi. Bu ochiqchasiga ko'rinib turgan holat. Ikkilanmasdan aytish mumkin, hozir kuchli beshlikda borayotgan jamoalardan birortasi 1990-yillarning oxiri yoki asr boshida o'tgan mavsumlarda yuqori beshlikda bo'lmasdi. Futbolchilar maydonda deyarli yurib harakat qilishyapti. Oqibatda stadionga kelgan muxlislar o'ta sust, faol harakatda bo'lmagan o'yinchilarni ko'rishmoqda. Davra oxirlarida bo'lib o'tgan Toshkent derbilarida o'yining o'zidagi shiddat unchalik bilinmadi. Saviya tushib ketayotgani haqida o'tgan yili ham bir qator fikrlar bildirilgandi. Bu yil esa u yanada ochiqroq ko'zga tashlanyapti. Futbolchilar ishtiyoqsizlik bilan to'p tepayotgandek tuyulmoqda. Bu ketishda yaqin yillar ichida tuzukroq o'yin uslubiga ega bo'lmagan jamoalar ishtirokidagi bellashuvlarga guvoh bo'lamiz, shekilli. Avvallari “Neftchi”, “Nasaf”, “Buxoro”, “Dinamo”, “Navbahor”, “Andijon”, “Traktor” singari klublar o'z maydonlarida ham, safarda ham har bir raqibga jiddiy qarshilik ko'rsatib, hujumkor futbol namoyish etishardi. Birinchi davrada esa faqat uch jamoa o'yinlari ozgina bo'lsa ham maqul keldi. “Olmaliq”, “Metallurg” va “Nasaf” qaysidir paytda yaxshi saviyada futbol ko'rsatdi. Igor Shkvirin shogirdlari davra boshi va oxirlarida, bekobodliklar esa dastlabki turlarda, “Nasaf” oxirgi turlarda saviya jihatidan yaxshi futbol ko'rsatishga intilishdi. Peshqadam “Bunyodkor” va uning taqibchisi “Lokomotiv” ham har doim chiroyli va hujumkor futbol namoyish etishmayapti. Futbolda natija birinchi o'rinda deydiganlarga boshqa narsani eslatib qo'ymoqchimiz. Bu jamoalar tarkibdagi futbolchilar bilan hujumkor va chiroyli o'yin namoyish qilishlari shart! Yevropada ham barcha milliy chempionatlarda peshqadamlar ko'zni quvontiradigan darajadagi o'yinlari bilan ajralib turishadi. Bizda hozir kuchlilar nima uchun shunday maqomda etirof etilishini harakatlari bilan ishqibozlarga ko'rsatib bera olishmayapti. Ehtimol, klublarga xorijdan mutaxassislarni taklif etish kerakdir. Akademiyalarga va klubda murabbiylar shtabiga chet ellik murabbiylarni jalb etish foydadan xoli bo'lmasdi. Chunki bizda “Pro” licenziyani olish bilan Yevropada olishning katta farqi bor. O'zini ko'rsatgan jamoalar qatoriga “Guliston”ni ham ko'shish mumkin. Biroq sirdaryoliklar mavsumni muvaffaqiyatli boshlab, keyin moliyaviy muammolarga duch kelishdi. Natijada oxirgi turlarda gulistonliklar salbiy natijalar qayd etishdi.

Yuqori saviyada o'ynaydigan futbolchilar yetishib chiqmayotganiga ularning o'zlari va murabbiylarni asosiy aybdorlar deb aytish mumkin. Chunki mashg'ulotlarda mehnat qilmagan futbolchi hech qachon yuqori saviyaga chiqmaydi. Murabbiylar esa ularni ishlashga ruhlantira olishi lozim. Futbolchilarga to'g'ri yo'nalish berish ko'p narsani hal etadi. Bizda esa o'zini dono sanaydigan mutaxassislar yaqin masofadan gol ura olmagan hujumchisini tanqid qilishdan ko'ra jurnalistlarning yaxshi maqola yoza olmayotgani to'g'risida gapirishni xush ko'rishadi. 

Jurnalistlarning yozmagan maqolasi faqat jamoalarning kelishilgan o'yinlarda ishtirok etgani va hakamlarning jamoalarga yordam berish maqsadida “mukofot” puli olishini aniq faktlar bilan isbotlab bermagani qoldi. Lekin o'zbekchada yaxshi so'zlay olmaydigan murabbiylar o'zbek jurnalistlarining tanqidiy maqolalaridan ko'ra rus nashrlarini kuzatib borishni afzal bilishadi. Tuya ham hammomni orzu qiladi. Balki, bu bir havasdir.

Hakamlar saviyasi esa yana bir alohida mavzu. Bir qarasang, ular juda yaxshi hakamlik qilishadi, bir qarasang qaysidir jamoani ochiqchasiga “tinchitishadi”. Bazida qo'pol xato qilgan hakamlarga nisbatan qanday chora ko'rilgani hakamlar qo'mitasi rasmiy ma'lumot yoki tushuntirish berib borishi lozim. Chunki Yevropaning deyarli barcha davlatlarida shunday holatga guvoh bo'lamiz. Bazi qoidalarni yaxshi bilmagani tufayli xato qilayotgan hakamlarni ko'ryapmiz. Ularning imtihondan qanday o'tgani barchani qiziqtiradi. To'pni autdan tashlaganda o'yindan tashqari holatni qayd etish, ofsayddagi futbolchining himoyalanayotgan jamoa a'zolariga xalal berayotgani yoki yo'qligini aniqlashda ko'plab kamchiliklar uchramoqda. Eng salbiy tarafi shundaki, bizda hakamlarning o'yinni boshqarib borishdagi uslubini bilmaymiz. Kimdir qattiqqo'l, kimdir ko'p hushtak chaladigan bo'ladi. Har holda, Yevropada shunday. Bizda esa bir bahsning o'zida bir xil vaziyatlarga nisbatan bosh hakamning turlicha munosabatini ko'rish mumkin. Tabiiyki, shunday holatlar muxlislarning ularga bo'lgan ishonchini so'ndirib, turli gaplarning tarqalishiga olib keladi.

Stadionlarga tashrif buyurayotgan ishqibozlar soni juda oz. Farg'ona, Qarshi va Namanganda ham muxlislar tashrifi bu yil tushib ketgan. Farg'onada stadionning ta'mirlab, buzib tashlanishi hamda jamoada o'zgarishlar tufayli shunday vaziyat yuzaga kelgan. Qarshi hamda Namanganda o'tgan yildan boshlab passivlik kuzatilyapti. Faqat Buxoro va Gulistonda o'n ming atrofida muxlislar uchrashuvlarni kuzatib kelishmoqda. Toshkent shahrining uch klubi ishtirokidagi derbilarni esa 5 mingga etar-etmas ishqibozlar kuzatib bordi. Bu juda past ko'rsatkich. Lekin ularni ham tushunish mumkin. Kimning saviyasi past uchrashuvlarga bevosita stadionga borib, kuzatgisi keladi? Undan ko'ra, uyda televizor orqali tomosha qiladi yoki yo'q. Muxlislarni stadionga jalb qilish uchun shunga yarasha o'yin namoyish etish kerak. Futbolchilarning sust harakatlari yoki jamoalarning o'zaro “oldi-berdi”sini kuzatish uchun stadionga kelib o'tirmasayam bo'ladi. Bu mavsumda ishqibozlar tashrifi o'tgan yilgiga nisbatan aslida kam bo'lishi kutilyapti. Lekin nazoratchilar tomonidan qaydnoma to'ldirish chog'ida ularning soni oshirib ko'rsatiladi. Chunki OFK talabiga ko'ra, bir o'yinga o'rtacha tashrif 5 mingdan kam bo'lmagan milliy chempionatlar bu borada yaxshi sanaladi. Aynan shu band tufayli ishqibozlar soni oshirib ko'rsatilishi mumkin. Qolaversa, stadionlarga aniq necha nafar muxlis kelganini aniqlaydigan tizimning o'zi yo'q.

Bu yildan oliy liga o'yinlariga komissarlarning tashrifi yo'lga qo'yildi. Lekin bizning komissarlarni OFK o'yinlarini o'tkazishda yurtimizga kelib, tashkiliy ishlarni hal etadigan komissarlarga o'xshatib bo'lmaydi. Chunki xalqaro uchrashuvlardan 3 kun avval O'zbekistonga yetib keladigan OFK komissari barcha tashkiliy jarayonlarda bosh bo'ladi. Kiyinish xonalaridagi holat, stadion, mehmonxona, umuman o'yinga oid barcha masala bilan shug'ullanadi. Lekin bizda komissarlar faqat o'yinni kuzatish uchun kelishmoqda. Balki, OFKning talabi asnosida shunday qarorga kelingandir. Komissarlik vazifasini PFL xodimlari bajarib kelishyapti. Umid qilamizki, yaqin orada bu vazifa ushbu ish bilan shug'ullanuvchilarga o'tadi va ularning faolligi seziladi.

Shu o'rinda O'FF, xususan, PFLga bir holat ustida bosh qotirib ko'rishni maslahat berardik. Bir necha yildan buyon aynan O'FF hukumatimizning qo'llashi ostida jamoalarga bosh homiylar topib bermoqda. Yani, klublarning faoliyat yuritishi bevosita hukumatning futbolni rivojlantirishga oid qaror va farmonlari asosida sodir bo'lyapti. Klublarning o'zlari esa pul topish mumkin bo'lgan to'rt jihatdan deyarli foydalanishmayapti. Transferlar, o'yin kuni stadionga tushadigan pullar, atributlar sotuvi va homiylik shartnomalari orqali futbol klublari pul topishadi. Bizda esa homiylik shartnomalari deyarli imzolanmaydi, klublar tayyor o'zlariga biriktirilgan kompaniyalar ajratib beradigan mablag' evaziga kun kechirishadi. Stadionlarga kam muxlis kirayotgani sababli na atributlar, na chiptalar va boshqa marketing yordamida pul ishlash imkoniyati juda kam. Transferlardan esa oxirgi yillarda faqat “Paxtakor” va “Bunyodkor” qanchadir miqdorda pul ishlab topishdi. Shu ikki jamoa kichik homiylik shartnomalari orqali klub byudjetiga foyda keltirishyapti.

Jamoalarning byudjeti turlicha bo'layotganining asosiy sababi esa ularga biriktirilgan kompaniyalarning moliyaviy holatiga bog'liq. Qaysidir jamoada pul etarli bo'lgan paytda boshqasida bu borada muammolar ko'zga tashlanayotgani sir emas. Bunday holatda vaziyatdan chiqishning yo'li jamoalarga minimal byudjetni tenglashtirib qo'yishdir. Aytaylik, O'FF bir yillik xarajatlar uchun har bir jamoaga bir xil pul belgilaydi. Bu miqdor qancha bo'lishini O'FFning o'zi belgilashi mumkin. Qolgani esa jamoalarning yuqoridagi to'rt unsurdan qay tariqa foydalanib, pul topishlariga bog'liq bo'lib qoladi. Shunda byudjetlar orasidagi farq bunchalik sezilarli bo'lmaydi. Bu borada turli davlatlar tajribasini qo'llab ko'rish mumkin. Albatta, dastlab chuqur o'rganib chiqqan holda. Masalan, Qatarda milliy olimpiya qo'mitasi xorijlik futbolchilar uchun klublarga pul to'laydi. Ularning maoshi va bonus pullarini aynan Qatar MOQ taminlab beradi. Shu sababli bu mamlakat jamoalarida deyarli teng saviyadagi legionerlar to'p tepishadi. Qolgani esa klublarning mahalliy o'yinchilarni qanchalik yaxshi tarbiyalashi va murabbiyning mahoratiga qaratiladi. Bizda esa homiylar ajratgan pullarni taqsimlash imkoniyati mavjud. Minimal summa bir xil qilingach, ko'proq pul ajratgan kompaniyalar mablag'i aynan ularning taminlashi ostidagi klublarga o'tkazib berilishi ham mumkin. Bunda farq 3 baravarni emas, bir yarim yoki 2 baravardan iborat bo'ladi. Shunda qaysi jamoa rahbariyatining foydali ish koefficentini topish imkoniyati yuzaga chiqadi. Hozir esa biz “Guliston” yoki “So'g'diyona”dan peshqadamlar qatoriga kirish uchun kurashishni talab qila olmaymiz. Biz buni saviyasi tushib ketayotgan oliy liganing avvalgi darajasiga qaytishini istayotganimiz uchun taklif qilyapmiz. Chunki jamoalarning o'zlari pul ishlab topishni o'rganishlari uchun ancha vaqt kerakka o'xshaydi.

Klublarning biznes faoliyati haqida gapirmasak ham bo'ladi. Agar davlat tomonidan ajratilayotgan mablag' klublarga bir xil miqdorda taqsimlansa, shunda jamoalar o'rtasidagi katta farq kuzatilmasdi. Angliyada esa Qatardagi holat sal boshqacharoq, translyatsiya huquqini sotishda olinadigan pulning teng taqsimlanishi orqali beriladi. Yani, ichki bozordan tushgan pulning barchasi teng bo'lib chiqiladi. Tashqi bozordan kelgan mablag' esa jamoalarning egallagan o'rni hamda translyatsiyalar soniga qarab belgilanadi. Shu tufayli APLda grandlar bilan autsayderlar deyarli bir xil saviyaga yaqin o'yin namoyish qilishga intilishadi. Avstraliyada ham chet ellik futbolchilar uchun pul ajratib beriladi. 2,5 million Avstraliya dollari klublarga xorijlik o'yinchilarni taklif etishga taqdim qilinadi. Agar klub “mashhur” (jahon yulduzlaridan biri) yoki “mehmon” (kamida 10 o'yin uchun taklif qilinadigan mashhur futbolchi) xizmatidan foydalanishni istasa, unda yana pul beriladi. Shu tariqa klublar teng saviyadagi legionerlarni tarkibga jalb qilish imkoniyatiga egalar. Yoki menejerning ish yuritishi barchasini hal qiladi.

Yaponiya va Janubiy Koreyada klublarga mavsumda egallagan o'rniga qarab mukofot pullari va translyatsiyadan tushgan mablag' bo'lib beriladi. Saudiya Arabistonida ham jamoalar o'rinlari asosida tegishli miqdorda ajratilgan pul bilan byudjetlarini boyitib olishadi. Hindistonda esa vaziyat boshqacharoq. U yerda yoshlar jamoasi uchun ma'lum mablag', shuningdek, asosiy tarkibga mavsumdagi har bir g'alaba uchun mukofot puli va yana proliganing ajratadigan puli tegadi.

Biz bu taklifni o'ylab ko'rish uchun kiritib o'tdik. Ehtimol, bu kimlargadir yoqmas, boshqalar esa maqullar. Biz oliy liga saviyasini ortishini istaymiz. Chunki bu o'zimizning, milliy futbol. Uning saviyasini ko'tarmasdan turib, yuqori natijalarga erishish haqida o'ylab bo'lmaydi.


Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia