Andijon chempionatning so'nggi turlariga tayyorgarlikni boshladi

27 okt 2017, 15:01
Birinchi liganing 34-turida safarda Xotira-79 bilan o'ynagan andijonliklar bir kunlik dam olishdan so'ng yana mashg'ulotlarga kirishdi.

Kecha jamoa a'zolari klub qarorgohida yig'ildi va chempionatning so'nggi ikki turiga jiddiy hozirlik ko'rishni boshlab yubordi.

Tushlikdan so'ng futbolchilar Bo'ston dahasida joylashgan BO'FM maydonida tiklanish mashg'ulotlarini o'tkazdi. Bosh murabbiy Usmon Toshev va murabbiy Farruh Hamroev ma'lum sabablarga ko'ra, kechagi mashg'ulotda ishtirok eta olmadi. Shuning uchun mashg'ulotlarga mahalliy murabbiylar - Iskander Galiulin, Rasul Rahmonov va Bekzod Turg'unov boshchilik qildi. O'tgan turni diskvalifikaciya tufayli o'tkazib yuborgan Baxtiyor Qosimov navbatdagi o'yinga jiddiy tayyorgarlik ko'rmoqda. Afuski Akmal Ortiqov va Akmal Xolmatovni jaroxatlar bezovta qilmoqda. Ammo shunga qaramay ushbu futbolchilar ayni damda jamoa bilan birga bo'lib, oliy ligaga chiqish yo'lida jamoadoshlariga ruhan dalda bermoqda. 

Eslatib o'tamiz, burgutlar 29 oktyabr, yakshanba kuni Sog'lom avlod stadionida Jizzax viloyati, G'allaorol tumanining G'allakor jamoasini qabul qiladi. 1 noyabr, chorshanba kuni esa chempionatning so'nggi turida Zominni qabul qiladi. Har ikkala uchrashuvning boshlanish vaqti soat 15:00ga belgilangan. 

Muxlislarni stadionga chorlaymiz! Zero, ishqibolarning daldasi Andijon uchun nihoyatda zarur!


Andijon matbuot xizmati.


O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia