Afsonaviy Ronaldo 1997 yilda nima uchun "Barselona"dan "Inter"ga o'tganini aytdi

Aslanov Jasurbek
29 noya 2026, 12:01
Braziliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Ronaldo o'z vaqtida nima uchun "Barselona"ni tark etib, faoliyatini Milanning "Inter" klubida davom ettirishga qaror qilganini tushuntirdi.

"Barselona" men uchun 20 million dollar to'lagan, ammo keyinchalik transferimdan yaxshigina foyda ko'rgan. Kataloniya klubida yiliga 2 million evro maosh olardim, "Inter" esa menga 8 million evro taklif qildi. Shuning uchun ham transferga rozi bo'ldim", – deya Ronaldoning so'zlarini keltirdi Football Italia.

Braziliyalik futbolchi 1996 yilning yozida PSVdan "Barselona"ga 19,5 million dollar evaziga o'tgan. O'sha paytda u futbol tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylangandi.

Ronaldo kataloniyaliklar safida bir mavsum o'tkazib, 49 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Uning hisobida 47 ta gol va 13 ta golli uzatma bor. 1997 yilning yozida hujumchi "Inter"ga o'tgan. Milan klubi uning transferi uchun 27 million dollar to'lagan.

Eslatib o'tamiz, Ronaldo ikki bor – 1997 va 2002 yillarda "Oltin to'p" sohibi bo'lgan.

O'xshash yangiliklar

Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Football Italia