

"Barcha "Neftchi" muxlislarini ushbu buyuk g'alaba bilan samimiy tabriklayman. Bugun Farg'onada chinakam bayram shukuhi hukm surdi. Barcha rahbariyatga, xususan, viloyat hokimiga, shuningdek, muxlislarimiz, murabbiylar va futbolchilarga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Muxlislar nomidan ularning samarali mehnatlariga tasannolar aytamiz. Chempionlik barchaga muborak bo'lsin!" – dedi Murod Ismoilov.
Mutaxassis uchrashuvning hal qiluvchi daqiqalarida boshdan kechirgan hissiyotlari haqida ham gapirdi.
"Bu tuyg'ularni so'z bilan ifodalash mushkul. Hissiyotlar nihoyatda o'zgacha bo'ldi, juda to'lqinlandik. Ayniqsa, uchrashuvning so'nggi 15 daqiqasi biz uchun o'ta og'ir kechdi. Biroq yakunda futbolchilarimiz munosib natija qayd etib, chempionlikni qo'lga kiritishdi. Barchani ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklaymiz", – dedi u.
Suhbat davomida "Neftchi" va "Paxtakor" klublarida ishlagan Murod Ismoilovdan murabbiylik faoliyatida to'plagan tajribasini o'g'li Islom Ismoilov bilan qay darajada o'rtoqlashishi haqida so'raldi.
"Albatta, maydondagi vaziyatlar, taktika hamda futbolchilarning joylashuvi yuzasidan murojaat qilganida, doimo o'z maslahatlarimni berib boraman. Biroq bugungi kunda ularning o'zlari ham chuqur bilimga ega bo'lib, professional jihatdan ancha yuksalishdi. Barchalari sidqidildan mehnat qilishdi. O'ylaymanki, bu juda muvaffaqiyatli va samarali yil bo'ldi. Barchani yana bir bor muborakbod etamiz!" – deya ta'kidladi Murod Ismoilov.
Eslatib o'tamiz, "Neftchi" "Dinamo"ga qarshi bahsda 0:2 hisobida ortda qolayotganiga qaramay, Jamshid Iskanderovning penaltidan urgan ikkita goli evaziga durangga erishdi. Ushbu natija farg'onaliklarga mavsum yakunlanishiga bir tur qolganida mamlakat chempionligini taminladi.



