Bundesliga: Ko'pchilik uchun zerikarli, ammo qiziq o'tishi kafolatlanadigan o'yinlar anonsi

Tolibjon Qosimov
26 sen 2018, 16:51
Germaniya chempionatining 5-turi doirasidagi to'rtta o'yin kecha o'tkazildi.

E'tiborga molik tarafi, chempionat peshqadami "Bavariya" kutilmaganda Myunxen derbisida "Augsburg" bilan o'yinda ochko yo'qotdi. Tarkibda rotaciyaga qo'l urgan, ayniqsa chap qanot himoyasida aslida yarim himoyachi hisoblangan Goreckani bir bo'lim o'ynatgan Kovach, ikkinchi taymda Alabani tushirishga majbur bo'ldi. Chunki Gorecka o'zi uchun butkul yangi nuqtada kirishib ketolmadi. Shuningdek, Robert Levandovskiga ham dam berildi. Frank Riberi va Tiago Alkantara esa zaxiradan o'yinga qo'shildi. Aynan shu jihatlar va tig'iz taqvim tufayli jamoa shu kuni o'zining haqiqiy futbolini namoyish etishga qiynaldi. Qaysidir jihatdan raqibni munosib baholay olinmagani ham jamoaga yakunda qimmatga tushdi. Garchi jamoa kutilganidek o'ynolmagan bo'lishiga qaramasdan, gol urish va hisobni yirik ko'rinishga keltirish uchun keragidan ortiq vaziyatlar sodir etdi. Ammo vaziyatlardan foydalanishda kelganida jamoa oqsadi. Hisob qaltis bo'lishiga qaramasdan "Bavariya" juda ortiqcha ishonch bilan o'ynagani yakunda o'ziga pand berdi. Jamoa to'pni keragidan ortiq ko'p o'z jarima maydonchasi oldida nazorat qildi. O'yin yakunlanishiga 3 daqiqa qolganida raqib burchak zarbasidan unumli foydalandi. Noyerning to'pga chiqishdagi xatosidan so'ng "Bavariya" tarbiyalanuvchisi Feliks Gyotce sobiq jamoasini jazoladi. Natijada jamoa o'z uyida qimmatli 2 ochkoni qo'ldan chiqardi.



Kovach qo'l ostida jamoa ilk marotaba g'alaba nashidasini surolmadi. Ammo shunga qaramay jamoa 13 ochko to'plagan holda birinchi pog'onadan o'rin olgan. Myunxenliklarning eng yaqin taqibchisi "Verder" hisobida 11 ochko mavjud. Uchinchi o'rinda esa "Gerta" bormoqda.

Aynan shu kuchli-uchlikni yakunlab turgan jamoalar kecha o'zaro bellashishdi. Bremenda mehmon bo'lgan poytaxtliklar qiziqarli kechgan bahsda 1:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Dastlab birinchi bo'lim startida Martin Xarnik tablodagi hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi. Tanaffus oldidan esa Milosh Velikovich oradagi farqni ikkitaga oshirdi.

Ikkinchi bo'limda mehmonlar o'yinga ancha jahl qo'shishdi va o'rtadagi farqni qisqartiruvchi golni urishdi. Yavayro Dilrosun tomonidan kiritilgan gol "Gerta"ga o'yinni saqlab qolish uchun umid bag'ishlagandi. Biroq "Gerta" darvozasi tomon belgilangan penalti hammasini chippakka chiqardi. Maks Kruze "nuqta"dan adashmagani yakunda "Verder"ga muhim g'alabani taqdim etdi. Natijada jamoa 11 ochko to'plagan holda ikkinchi o'ringa joylashib oldi.



Gannoverga mehmon bo'lgan "Xoffenxaym" mezbonlarni ayab o'tirmadi. Yulian Nagelsmann jamoasi o'yinda katta ustunlikka ega bo'ldi va birinchi bo'limda buni hisobda ham aks ettirishni uddaladi. Tanaffusdan so'ng "Xoffenxaym" tezkor gol urib, mezbonlarni o'yindan chiqarib yubordi. "Gannover" faqatgina 55-daqiqa belgilangan penalti tufayli raqib darvozasiga yo'l topdi. Undan ortig'ini uddalashga ularni kuchi yetmadi. Uchrashuvga hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda esa Ishak Belfodil tomonidan kiritilgan gol o'yinga oxirgi nuqtani qo'ydi. Shu tariqa "Xoffenxaym" mavsumdagi ikkinchi g'alabasini nishonladi va vaqtincha 5-o'ringa ko'tarilib oldi.



O'tgan mavsumni ajoyib tarzda o'tkazgan, joriy yilni juda muvaffaqiyatsiz boshlagan "Shalke" ketma-ket beshinchi mag'lubiyatini tan olishga majbur bo'ldi. Domeniko Tedesko boshqaruvidagi gelzerkirxenliklar "Frayburg" maydonida mezbonlarga taslim bo'lishdi.



Turning qolgan o'yinlari bugun bo'lib o'tadi. Turnir jadvalining ikkinchi qismidan o'rin olgan jamoalar "Fortuna Dyusseldorf" hamda "Bayer" bugun o'zaro bellashadi. Xayko Xerlixx jamoasi tezlik bilan xavfli hududdan uzoqlashish payida bo'lsa, "Fortuna Dyusseldorf" o'z uyida uch turdan buyon davom etayotgan mag'lubiyatsiz seriyasini buzib qo'ymaslik uchun ham o'zgacha kayfiyatga kurashadi.



Mavsumni kutilganidan ham yaxshi boshlagan "Maync" va "Volfsburg" jamoalarining o'zaro uchrashuvi ko'pchilikka qiziq tuyulmoqda. Qaysi jamoa oldinga yuksalishda davom etishi va aksincha, qaysi klub turnir jadvalida pasayishga yuz tutishi yaxshi intriga taqdim etmoqda. Ikkala jamoa ham o'yin va natija bobida hozircha yomon taassurot qoldirishmayapti. Ayniqsa "Maync"dan hech kim bunday omadli startni kutmagandi.



Dortmundda bugun "Borussiya" "Nyurnberg"ni mehmon qiladi. Bu jamoalarning o'zaro o'yini tarixi azaldan qiziq va kutilmagan voqealarga boy kechgan. Nihoyat ushbu qarama-qarshilik 4 yillik tanafffusdan so'ng qayta tiklanmoqda. Bundesligaga qaytgan jamoa uchun mavsumni 1 g'alaba va 2 durang bilan boshlash yomon natija emas. shu boisdan ham "Nyurnberg" ayni paytda 10 o'rinni band etib turibdi. Ammo ularda ushbu ko'rsatkichni yanada yaxshilab olish imkoniyati mavjud. Mixael Kollner esa turnir jadvalida yana 3-4 pog'onaga sakrash uchun bugun pishiq reja o'ylab topishga urinib ko'radi. "Borussiya" esa "Bavariya" bilan oradagi farqni ikki ochkoga etkazish uchun kurash olib boradi.



Yana bir to'qnashuv xavfli hududdagi "Shtutgart" va o'sha zonaga yaqin turgan "Leyptsig" o'rtasida kechadi. Hozircha bugun Leyptsigda mehmon bo'ladigan jamoa hisobida g'alaba mavjud emas. Mezbonlar esa o'tkazilgan to'rt o'yindan atiga bittasida yutuqqa erishishgan.



Nomdor va chaqilmas yong'oq sirasiga kiruvchi jamoalar o'rtasidagi bahs, yani "Borussiya Myonxengladbax" - "Ayntraxt" uchrashuvi ham qiziqarli o'tishi aniq. Bu ikkala jamoalar evrokuboklarga yo'llanma beruvchi o'rinlar uchun kurashishadi. Ko'p narsa esa o'zaro o'yinlarda hal bo'lishini inobatga olsak, mazkur o'yin mavsum yakuniga kelib 6 ochkolik bahsga aylanishi mumkin.


Germaniya chempionati turnir jadvali >>>>> BUNDESLIGA

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia