Xendersonga Saudiya Arabistoni yoqmayapti

Aslanov Jasurbek
6 yanv 2024, 22:31
Jordan Xenderson Angliya Premer-ligasiga qaytmoqchi.

Angliya terma jamoasi xavbeki 2023 yilning yozida 12 mln. funt evaziga "Liverpul"dan Saudiya Arabistonining "Al Ittfoq" jamoasiga o'tgan edi. U kelishuvning 3 yillik davri mobaynida "Liverpul"dagi maoshidan 4 baravar ko'p daromad topishi belgilangan.

Ma'lumotlarga ko'ra, Xenderson qishki transfer oynasida har qanday taklifni ko'rib chiqishga tayyor. Angliyalikda moslashish jarayoni og'ir kechmoqda, buning ustida jamoaning salbiy natijalari tufayli "Al Ittifoq" rahbariyati bosh murabbiy Stiven Jerrardga bosim o'tkazmoqda.

Ingliz nashrlarining yozishicha, "Liverpul" sobiq sardori Saudiya Arabistonidagi yangi hayot tarzi, iqlimi va yuqori namlikda kechadign o'yinlarga ko'nika olmagan.

Bundan tashqari, "Al Ittifoq" o'yinlariga muxlislarning kam kelishi unga yoqmayapti. Jamoaning stadioni o'z bag'riga 35 ming ishqibozni sig'dira oladi, ammo o'yinlarga o'rtacha tashrif 7800 kishini tashkil qilmoqda. Shu bilan birga Xendersonga Saudiya Arabistoniga ketganidan so'ng yog'ilayotgan tanqidlar ta’sir qilgan.

Jordanning fikricha, APLga qaytish uni terma jamoa safida Evro-2024da ishtirok etish imkoniyatlarini oshiradi. Xenderson jamoadoshlariga klubni tark etishni istayotgani haqida ma'lum qilgan.

Yarim himoyachi maoshida sezilarli o'zgarish bo'lishi va yiliga 7 mln. funt soliq to'lashga majbur bo'lishiga qaramay, APLga qaytmoqchi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Daily Mail