

Yakshanba kuni "Real" La Liganing 10-turida o'z maydonida "Barselona"ni 2:1 hisobida mag'lub etdi. Vinisius 72-daqiqada almashtirildi. Braziliyalik bu qarordan norozi bo'lib, jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonsoga qo'l bermasdan, to'g'ridan-to'g'ri kiyinish xonasiga yo'l oldi, keyinchalik esa zaxira o'rindig'iga qaytib keldi. Almashtirilayotganda vinger g'azab bilan: "Men jamoadan ketaman, ketganim maqul", - degan so'zlarni takrorlagan.
As nashri ma'lumoti bo'yicha, Vinisius o'zining jamoadagi mavqei etarlicha qadrlanmayapti deb hisoblaydi va "Real"ni tark etish haqida jiddiy o'ylayapti. Uning fikricha, Alonso unga nisbatan iliq munosabatda emas.
Shuningdek, u joriy mavsumda tez-tez almashtirilayotganidan yoki o'yinni asosiy tarkibda boshlamayotganidan norozi. Endi futbolchi, agar Alonso kelasi yozgacha bosh murabbiy bo'lib qolsa va uni Kilian Mbappeni qo'llaganidek to'liq qo'llab-quvvatlamasa, jamoani tark etish ehtimolini istisno qilmayapti. Vinisius "Real"ni tark etmoqchi emas, lekin hozirgi vaziyatga chiday olmayapti.
Ma'lum qilinishicha, "Real" klubi Alonsoning barcha qarorlarini, jumladan kechagi almashtirishni ham qo'llab-quvvatlayapti.



