"Vaqt ortga qaytmaydi, hech qaerga yo'qolib qolganim yo'q" - Ektor Kuper terma jamoaga chaqirgan Doston Ibragimov bilan intervyu

Iskandarov Abdulaziz
4 iyul 2026, 07:02
2019 yilda O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper tarkibga bir qator yangi nomlarni jalb qilgan edi.

Ular orasida "Paxtakor" akademiyasi tarbiyalanuvchisi, o'sha paytda "Buxoro" sharafini himoya qilayotgan iqtidorli yarim himoyachi Doston Ibragimov ham bor edi.

Aslida futbol jamoatchiligi Ibragimov nomini ilk bor 2016 yili Bahrayn mezbonlik qilgan U-19 Osiyo chempionatida eshitgan. O'sha turnirning guruh bosqichida Doston yashil qita vakili - Avstraliya darvozasini ikki bor ishg'ol qilib, katta sahnaga chiqqandi. Suhbatimizni o'sha tarixiy xotiralar va boy berilgan imkoniyatlar haqida boshladik.



- 2016 yilgi Bahrayn musobaqasi xotirasi haligacha og'riqli, - deya gap boshladi Doston Ibragimov. - Tarkibimizda juda iqtidorli yigitlar ko'p edi. Agar o'sha davrga qaytish imkoni bo'lganida, yo'l qo'ygan xatolarimni aslo takrorlamasdim. Masalan, Saidjamol Davlatjonov ham o'z xatolari sabab ko'rinmay qoldi. Tarkibdagi "Paxtakor" tarbiyalanuvchilari ko'p edi. Hatto o'shanda bizga ustozlik qilgan juda kuchli mutaxassis ham hozir Superligada emas. Vaholanki, unga Superligada imkoniyat berilsa, o'zini ko'rsata oladigan yaxshi murabbiy.

O'sha turnirda chiroyli va mazmunli o'yin ko'rsatgandik, ammo Jahon chempionati yo'llanmasi hal bo'ladigan chorak finalda Eronga yutqazib qo'yganmiz. Raqib bor-yo'g'i ikkita hujum tashkil qilib, ikkita gol urib ketgandi. Futbol mana shunisi bilan shafqatsiz.

photo_2026-07-04_06-58-33.jpg



"Mashg'ulotlarga kech qolardim..."

2017 yilda "Paxtakor" boshqaruviga gruziyalik mashhur mutaxassis Shota Arveladze keldi va klubda yangi davr boshlandi. U dastlabki kunlardanoq tarkibni keskin tozalab yubormadi, balki har bir futbolchini mashg'ulotlarda sinchiklab kuzatdi. Biroq Doston Ibragimov sherlar lagerida uzoq qololmadi.

- Shota Arveladze “Paxtakor”ga haqiqiy yangilik olib kirgandi. O'yin tempi, texnik va taktik mashqlar - xulosa qilib aytganda, u bilan mashg'ulot o'tab, xuddi Yevropada yurgandek his qilganman o'zimni. Aslida o'sha jamoada o'ynashim kerak edi. Ammo yoshlik qildim, intizomni buzdim, mashg'ulotlarga kech qoladigan odatim bor edi. Buni ochiq tan olaman. "Paxtakor" hech qachon tayyor iqtidorni shunchaki qo'yib yubormaydi, bunga futbolchining o'zi sababchi bo'ladi.


Barqarorlik, Kuperning ishonchi va "Qizilqum"ga urilgan shedevr gol

2019 yilda Doston "Buxoro" jamoasiga ko'chib o'tdi. Uning "Qizilqum" darvozasiga urgan supergoli haligacha turli videoroliklarni bezab turadi va o'sha oyning eng chiroyli goliga da'vogar bo'lgandi. Mana shu o'yin unga katta yo'l ochdi.

- "Qizilqum"ga urgan golimdan so'ng o'zimga bo'lgan ishonch qaytdi va Superligada barqaror o'ynay boshladim. O'sha paytda jamoani boshqargan Baxtiyor aka Ashurmatov futbolchilarga nisbatan juda talabchan va qattiqqo'l edilar. Bu intizom menga faqat foyda keltirdi, - deydi futbolchi.

Superligadagi ishonchli o'yinlar esa beiz kyetmadi. Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Ektor Kuper Ibragimovni bosh jamoa yig'iniga taklif qildi.

- Kuper qo'l ostida bir nechta yig'inlarda qatnashdim. U ko'proq himoyaviy, taktik tartibga asoslangan futbolni talab qilardi. Shu bilan birga, yosh iqtidorlarni payqash va ularga imkon berardi. Terma jamoa libosini kiyish baxt edi, ammo taqdirimizga keyinchalik boshqacha sinovlar yozilgan ekan.

photo_2026-07-04_06-58-05.jpg



"Futboldan ko'nglim qolgandi" - 4 yillik yo'qotilgan yil

Muvaffaqiyatli mavsumdan so'ng futbolchining faoliyatida keskin pasayish va tub burilish yuz berdi. Avvaliga og'ir jarohat, keyin esa shaxsiy hayotdagi muammolar sabab Doston Ibragimov katta futbol radarlaridan deyarli 4 yilga g'oyib bo'ldi. O'sha paytlari "Qizilqum" bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov OAVga bergan intervyusida: "Ibragimov yo'qolib qoldi, qidiruvga berganmiz", - deb bayonot bergan va bu gap katta shov-shuvga sabab bo'lgandi.

- Men "Qizilqum"dan yo'qolib qolmagandim. Shunchaki gap topa olmay soqit qilishgan bo'lsa kerak. O'sha paytda Navoiyda, klub bazasida yurardim, buni hamma bilardi.

Jarohat masalasiga kelsak, bu futbolda hammada bo'ladigan holat. Tez tiklanish mumkin edi. Ammo hayotimda jiddiy ichki, hayotiy muammolar paydo bo'ldi. Ruhan sindim, hatto futboldan ko'nglim ham qolib ketdi. Shu tariqa 3-4 yilni boy berdim. Lekin biznin hayotimiz ham futbol bilan bog'liq. Xatolarni tushunib, yana ortga qaytdim. Ortda qolgan yillar menga yo'qotilgan vaqtni qadrlashni o'rgatdi. Yoshlikda vaqtni behuda sarflamaslik kerak ekan, u hech qachon ortga qaytmaydi. Katta bo'lganim sari buni chuqur his qilyapman.

photo_2026-07-04_06-56-35.jpg


"Maqsadim - yana milliy terma jamoaga qaytish!"

O'tgan mavsumda Ibragimov Birinchi liga orqali futbolga qayta boshladi. Ayni paytda u "Kattaqo'rg'on" jamoasi sharafini himoya qilmoqda va uning rejalari hali ham ulkan.

- Yosh futbolchilarga bir maslahat bergan bo'lardim: biz yoshlikda xarakter ko'rsatishni yaxshi ko'rardik. Bazan murabbiyga yaxshi futbolchi bo'lsang ham xaraktering yoqmasligi mumkin. Shunday paytda futbolchi arazlab, o'zini o'zi sindirib qo'ymasligi kerak. Xarakterni mashg'ulotda va maydonda ko'rsatib, ishlashda davom etish lozim. Ko'pchilik shu yerda sinib, yo'qolib ketadi. Menda ham ayni shu xato o'tgan.

Mening hozirgi bosh maqsadim - yana milliy terma jamoaga qaytish. Qaysi liga yoki qaysi jamoada o'ynashimning ahamiyati yo'q. Proligami, Superligami - maydonda o'zimni ko'rsatsam, baribir e'tibor qaratishadi, deb o'ylayman. Faqat ishonch bildirishsa bo'ldi. Bizda o'zbekchilikda: agar 3-4 yil ko'rinmay ketsang, darrov "oxirgi marta qayerda o'ynading?" deb so'rashadi. Murabbiy futbolchining klubi nomiga emas, uning jismoniy va taktik holatiga qarashi kerak emasmi? Lekin o'zbekchilikda qayerda o'ynashing baribir birinchi planga chiqadi. Buyog'iga bor kuchim bilan ishlab, yana yuqori darajaga qaytishga vada beraman.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia