Roberto Martines: "O'zbekistonga qarshi o'yinda yuragimiz aqlimizni boshqarishiga yo'l qo'ymadik" (to'liq matbuot anjumani)

Оқил Абдубарноев
24 iyun 2026, 11:32
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines jahon chempionati "K" guruhi 2-turidan o'rin olgan O'zbekistonga qarshi o'yindan so'ng (5:0) matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Kongoga qarshi o'yinga o'xshab, bu o'yinlar o'rtasidagi sanoqli o'xshashliklardan biri deb aytgan bo'lardim. Portugaliya juda erta gol urdi, lekin bu safar xotirjamlikka berilmadi. Ruben Diash o'sha xotirjamlik haqida gapirgan edi. Birinchi bo'limda yana ikkita gol urdingiz, umumiy hisobda esa beshta. Ushbu o'yindan oladigan eng muhim xulosangiz nima, urilgan gollarga bo'lgan munosabatmi?

– Ha, shunday deb o'ylayman, lekin eng muhimi – his-tuyg'ularni jilovlash. Birinchi o'yinda shunday bo'ldi, gol urdik va o'yin nazoratini, o'z poziciyalarimizdagi intizomni yo'qotdik. Hisobga qarab o'ynash biroz qiyin edi. O'ylaymanki, birinchi o'yinda sodir bo'lgan voqealardan futbolchilar intensivlik borasida juda yaxshi foydalanishdi. Tanaffusgacha nima qilishimiz kerakligini aniq anglagan holda harakat qildik. Hujumning so'nggi uchinchi qismigacha yetib bordik. Ikkinchi bo'limda ham buni davom ettirish muhim edi. Maydonga tushgan besh nafar futbolchi ham taktik intizomni saqlab qoldi va bu katta ahamiyatga ega. Ammo birinchi goldan keyin his-tuyg'ularni nazorat qilish eng muhimi edi.

– Biz bu yerda butun tun davomida Portugaliyaning ushbu o'yindagi ijobiy jihatlari, natija va g'alabaga qanday erishilgani haqida gaplashishimiz mumkin. Bu yerda Portugaliya hujumining xilma-xilligi, hujumkor standart vaziyatlar bilan bog'liq jihatlar bor va bu oz vaqt bo'lishiga qaramay, juda samarali ishlanganini ko'rsatadi. Qisqa vaqt ichida qanday qilib shunchalik ko'p narsaga erishdingiz? Chunki bugun bu yaqqol sezildi. O'yinni ko'rganlar bu nafaqat natija, balki so'nggi kunlardagi katta mehnat mahsuli ekanini tushunishdi.

– Men buni faqat so'nggi bir necha kun emas, balki oxirgi 41 ta o'yindagi mehnat mahsuli degan bo'lardim. So'nggi kunlarda koncepciyalarni birlashtirdik, aynan hozir nima muhimligiga e'tibor qaratdik. Standart vaziyatlar bo'yicha jamoaning ishi avvalgi o'yinlarda ham ko'p bo'lgan, ammo ularni gol bilan yakunlay olmagandik, vaholanki, vaziyatlar etarli edi. Bu kunlar ruhiy jihatdan juda muhim bo'ldi. O'ylaymanki, jamoa katta mas'uliyatni his qildi. Ular tashqi shovqinlardan uzilishdi va bu kiyinish xonasini his-tuyg'ularni nazorat qilish uchun yanada kuchli va jipsroq qildi. Taktik jihatdan bu jamoaning moslashuvchanligi bor, bu haqda kecha gapirgandim. Individual mahorat va boshqa ijobiy jihatlar bugungidek o'yin ko'rsatishga imkon beradi. Ikkinchi golni urish ham yordam berdi, shuningdek, O'zbekistonning birinchi golini bekor qilgan jihatlar ham bor. Boshqa o'yinda, agar gol bekor qilinmasa, keyingi daqiqalar boshqacha kechishi mumkin edi. Ammo umuman olganda, juda xursandman va qoniqdim, chunki birinchi o'yindan kerakli xulosalarni tezda chiqarib oldik.

– Krishtianu Ronaldu maydondagi eng yaxshi futbolchi bo'ldi. Portugaliyalik futbolchining ikkita gol urgan o'yiniga qanday izoh berasiz va bu jahon chempionatida yana Krishtianu Ronaldu hamda Lionel Messi qarama-qarshiligi solishtirilishini tabiiy qabul qilasizmi?

– O'ylaymanki, ular futbolni o'zgartirgan, futbolni yaxshilagan va muntazam rivojlanib borish uchun bir-birining raqobatiga muhtoj bo'lgan futbolchilardir. Bizning sardorimizga kelsak, u o'zining oltinchi jahon chempionatida ishtirok etayotgan afsona. Ammo hozirgi Portugaliya terma jamoasining sardori juda ham oddiy va u terma jamoada o'ynash nimani anglatishiga yaqqol misoldir. U har kuni, har bir mashg'ulotda nima qilish kerakligini ko'rsatadi va kiyinish xonasida ajoyib munosabatga ega. Gap faqat urilgan ikkita golda emas, balki yaratilgan vaziyatlar soni, poziciya tanlash, sheriklariga bo'sh hudud ochish va hujumda muhim figura bo'lish uchun aqlbovar qilmas intizomda. Bizda to'pni nazorat qilish, tavakkal qilish, son jihatdan ustunlik yaratish g'oyasi bor, lekin sizga himoya chizig'ini yorib o'tadigan va to'p nazoratini gol bilan yakunlaydigan futbolchi kerak. Uning uchun juda xursandman, u bunga loyiq. Bilamanki, u allaqachon tiklanib, keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'rmoqda. Bunday oddiylik uni betakror qiladi.

– Uchinchi yoki to'rtinchi golni (avtogol) urganimizda barcha futbolchilar Ostin Makfining oldiga yugurib borishdi. Bungacha Krishtianu, Brunu va Nunu Mendesh ishtirokida o'ziga xos teatrlashtirilgan vaziyat yuz berib, gol bo'lishiga oz qolgandi. Uning ahamiyati qanday va bu standart vaziyatlardagi biror sirdan dalolat beradimi? Chunki bugun biz ushbu ketma-ketlikda ikkita gol urdik va yana ko'proq urishimiz mumkin edi.

– O'ylaymanki, futbolchilar uning mehnatini juda yaxshi tushunishadi va bu uning uchun o'ziga xos maqsad. Ostin uchun standart vaziyatlar – bu astoydil berilib ishlaydigan yo'nalish. U standart vaziyatlardan gol urish imkoniyatini jamoaga juda yaxshi singdira oladi. Bunday nishonlashni ko'rish juda yoqimli bo'ldi. Standart vaziyatlar ustida ishlash qiyin, chunki bu biroz zerikarli jarayon bo'lib, futbolchilardan katta e'tibor va diqqatni talab qiladi. Bugun nafaqat standart vaziyatdan urilgan ikkita golni, balki barcha standartlardagi xavfni ko'rish ajoyib bo'ldi, chunki bu harakatlarning sinxronligi va jamoaviy g'oyaning juda yaxshi ijrosidir. Shuning uchun golga bo'lgan munosabatdan juda xursand bo'ldim.

– Biroz oldin Krishtianu Ronaldu Kongo bilan o'yindan keyingi qiyin hafta, hatto uni "qorong'i hafta" deb atadi. Shu davrda sardorning holatini qanday baholaysiz va uni bugun to'liq 90 daqiqa o'ynatish rejada bormidi yoki xet-trik qilish imkoniyati sizni fikringizni o'zgartirdimi?

– Yo'q. Bu haqiqatan ham qiyin hafta bo'ldi, chunki biz maqsad qilgan natijaga erisha olmadik. Bu esa nohaq va asossiz bo'lgan turli mish-mishlar, "feyk" xabarlar hamda g'arazli fikrlar sababli murakkab vaziyatni yuzaga keltiradi. Lekin shu bilan birga, biz katta qo'llab-quvvatlash va kuchga ham ega bo'ldik. Biz hozir faqat salbiy shovqin haqida gapiryapmiz. Lekin terma jamoani yaxshi ko'radigan portugaliyaliklardan juda ko'p madad oldik. Ular terma jamoa bu hayot maktabi ekanligini, hammasi doim ham oson bo'lmasligini, qiyin damlarda jasorat va kuchli xarakter kerakligini tushunishadi. Futbolchilarimiz aynan shunday yo'l tutishdi. Bunday natijadan keyin bahona topish va boshqa tomonga qarash oson, lekin bizning futbolchilar diqqatni jamlashdi va ajoyib munosabat ko'rsatishdi. To'g'ri, biz jahlda edik, og'riqni his qildik, lekin natijada jamoa sifatida o'sdik, musobaqa o'yinlarida his-tuyg'ularni boshqarishni yaxshiladik va 90 daqiqa davomida o'zligimizni saqlab qola oldik. U doimgidek namunali sardor bo'ldi, faqat biz nazorat qila oladigan narsalarga e'tibor qaratdi va o'z tajribasidan foydalandi, chunki bunday vaziyat birinchi marta sodir bo'layotgani yo'q. Rejaga kelsak, bu haqda avval ham aytganman. Krishtianu o'z klubida barcha o'yinlarda maydonga tushadi. U ko'p daqiqa harakat qilgan mavsumni o'tkazdi, faqat mart oyidagi yig'inda kichik jarohat olgandi xolos. Uning holati yaxshi va biz futbolchilarni har bir o'yin, har bir mashg'ulotga qarab baholab boramiz. Bu yerda oldindan rejalar tuzish shart emas. Bugun maydondagi uning poziciyasi O'zbekiston uchun haqiqiy muammo bo'ldi, himoya chizig'i joylarini o'zgartirishga majbur bo'ldi va bunday vaziyat yuzaga kelganda biz bundan foydalanishimiz kerak.

– O'yinning taktik va texnik jihatlaridan tashqari, siz yana "g'azab" haqida ko'p gapirdingiz. Kecha ham shu so'zni ishlatgan edingiz. Bu g'azabni bugungi o'yindagi ijobiy natijaga aylantirish uchun futbolchilarga qanday so'zlarni topdingiz?

– Men g'azabni salbiy tuyg'u deb hisoblamayman. G'azab – bu uch ochkoni o'zimiz qo'ldan boy berganimizni his qilgan paytimizda paydo bo'ladigan tuyg'u. Dastlabki 20 daqiqada hammasi juda yaxshi ketayotgandi, lekin keyingi 25 daqiqada biz nazoratni butunlay yo'qotdik. Raqib o'zgarmadi, shunchaki biz o'z o'yin rejamizni davom ettirmadik. Jamoaviy sport turlarida fikrlarning aniqligi juda muhim deb hisoblayman. Biz uchun bu o'yinni sovuqqonlik bilan baholash va birinchi o'yinda nima yuz berganini tushunish payti edi. Shunday ekan, asosiy e'tiborni aniqlikka, taktik intizomga va bunday holatlar keyingi o'yinda yana takrorlansa nima qilishimiz kerakligiga qaratdik. Chunki bu albatta sodir bo'ladi, axir biz dunyodagi eng yirik musobaqada ishtirok etyapmiz. Shuning uchun his-tuyg'ular o'yinning bir qismi va biz ularni nazorat qilishni o'rganishimiz kerak.

– Bugun O'zbekiston darvozasiga beshta gol urdinglar. Kolumbiya esa uchta urgan edi. Bugungi raqib haqida qanday fikrdasiz, chunki ko'pchilik O'zbekistondek raqibga beshta gol urish osondek tuyilishi mumkin. Va Kolumbiya terma jamoasi haqida nima deya olasiz, bu guruhdagi eng qiyin o'yin bo'lishi mumkinmi?

– Fabio Kannavaroning o'z jamoasi bilan qilayotgan ishini juda hurmat qilishimni aytgan edim. Ularda juda kuchli himoya tuzilmasi bor. Bugun ularning to'p bilan qiladigan xavfini bartaraf eta oldik deb o'ylayman, chunki bizning pozicion harakatlarimiz ularning himoyadagi ishini biroz qiyinlashtirdi. Ular asosiy tarkibda ikkita o'zgarish qilishdi, jamoa juda yaxshi shakllangan va uyushgan. Ularning sardori hujumda doimiy xavf tug'dira oladi. Juda yaxshi shakllangan va raqobatbardosh jamoa. Kolumbiyaga kelsak, ularning Yevropadagi eng kuchli klublarda o'ynaydigan futbolchilarining yuqori individual iqtidori haqida kashfiyot qilmayman, buni hammamiz bilamiz. Ular ajoyib sport formasida. Kolumbiya terma jamoasi jahon chempionatlarida qatnashishni yaxshi ko'rishini ham bilamiz va ular juda xavfli raqib. Endi asosiy vazifa – navbatdagi muhim o'yingacha yaxshi tiklanib olish.

– Krishtianu maydonni tark etayotganda juda hayajonli holatda edi. U kameralarga qarab "Men qaytdim" degandek bo'ldi. Unda qachondir o'z kuchiga shubha paydo bo'lganini ko'rganmisiz yoki u har doim shundaymi?

– U ham inson. Uning ham his-tuyg'ulari bor va bu tabiiy. Menga uning munosabati ko'proq taassurot qoldiradi. U o'zini qanday his qilmasin, maydonga qaytib mashg'ulot o'tkazadi, mehnat qiladi va o'ziga nisbatan talabchan bo'ladi. Aynan shu professionalizm uning uzoq umr ko'rishiga sabab bo'lmoqda. Barchamizning o'z fikrimiz bor, futbolchi haqida hamma gapirishi mumkin, lekin futboldagi uzoq yillik faoliyatdan ko'ra yaxshiroq baho yo'q. Uning qayd etayotgan natijalari hayratlanarli. Yaqinda men undan buning sababi genetikami yoki tinimsiz mehnatmi deb so'radim. Bu ikkalasining uyg'unligi ekaniga ishonaman, lekin men hali shu paytgacha, bugun nima bo'lishidan qati nazar, ertaga rivojlanish uchun eng och futbolchiga aylanadigan bunday salohiyatli inson bilan ishlamaganman. Bu har qanday yosh futbolchiga o'rnak qilib ko'rsatishni xohlaydigan jihatimdir.

– Adashmayotgan bo'lsam, tarixda faqatgina to'rtta terma jamoa barcha o'yinlarda g'alaba qozonib jahon chempioni bo'lgan. Hal qiluvchi pallalarda yo'lda uchragan qiyinchiliklarni engib o'tish muhimroqmi yoki faqat g'alaba qozonishmi?

– Milliy terma jamoalardagi ilk tajribamda jahon chempionatida g'olib chiqishning yagona yo'li barcha o'yinda yutish deb o'ylardim. Lekin bunday turnirlarda ishtirok eta boshlagach, buning aksi ekanligini tushunib etasiz. Eng ko'p qiyinchilikka uchrab, ularni engib o'ta olgan jamoagina bunday turnirning eng yuqori cho'qqisiga chiqish uchun eng yaxshi imkoniyatga ega bo'ladi. Bu musobaqa yanada murakkabroq, jami sakkizta o'yin, ilgari hech qachon bunchalik ko'p jamoa bo'lmagan, shuning uchun turnir uzoqroq davom etadi. Shuni ayta olamanki, boshimizdan kechirgan qiyin kunlardan so'ng, jamoamiz kiyinish xonasida turnir boshidagiga qaraganda ancha yaxshiroq tayyor holatda. Bu rivojlanish jarayoni edi. Endi yaxshilab tiklanib olamiz. Kolumbiyani hurmat qilamiz va ularga qarshi bor kuchimizni ishga solamiz. Bugungi o'yindan so'ng guruh bosqichidan o'tdik va qanday holatda ekanimiz haqida aniq tasavvurga egamiz. Shak-shubhasiz, og'riqli damlardan so'ng, biz kurashga tayyor jamoamiz.

– O'sha durang natijadan so'ng siz va jamoangizga yog'ilgan tanqidlar misli ko'rilmagan darajada bo'ldi. Buni kiyinish xonasiga kiritmaslikka harakat qilayotganingizni aytdingiz, lekin bu qiyin bo'lsa kerak, chunki o'yinchilaringiz matbuot anjumanlariga chiqib, turli xil savollarga javob berishlariga to'g'ri kelmoqda. Buni qanday uddalayapsiz va buni qanday qilib ijobiy tomonga o'zgartirish mumkin?

– Juda o'rinli savol. Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan hozirgi zamonda bunday sun'iy ravishda yaratilgan "shovqin"lar ko'p bo'ladi. Agar bu tajribasiz kiyinish xonasida yuz berganida, shubhasiz, jamoani parchalashi mumkin edi. Lekin men buning aksini ko'rdim. Juda mas'uliyatli va tajribali yigitlar vaziyatni o'z qo'llariga olishdi hamda bor e'tiborlarini faqatgina o'zimiz nazorat qila oladigan narsalarga qaratishdi. Boshqa tomondan olib qarasak, biz juda ko'p ijobiy qo'llab-quvvatlashlarni ham eshitdik. Biz kutmagan insonlardan ajoyib madad oldik. Portugaliyalik ko'plab muhojirlar terma jamoa ular uchun qanday ilhom manbai ekanligini aytib maktublar yo'llashdi. Biz asosiy e'tiborni shularga qaratdik, payt poylab turadigan, g'arazli maqsadda qilingan salbiy fikrlarga emas. Bu esa jamoaga yanada ko'proq mas'uliyat yukladi. Tajribali o'yinchilar vaziyatni yumshatish, jamoani birlashtirish va bor e'tiborni faqat ishga qaratish uchun o'z so'zlarini aytishdi va biz bugun buning samarasini ko'rdik. Taktik jihatdan mukammal o'ynadik. O'yin davomida hisob qanday bo'lishidan qati nazar, intizomimiz va o'yin rejasini ijro etishimiz ajoyib bo'ldi.

– Kongo bilan bo'lgan o'yinda qiyinchiliklarga duch kelgan yarim himoya chizig'i bu o'yinda Vitinya atrofida juda yaxshi shakllandi va jamoangiz potencialini ko'rsatib berdi.

– Bizga barcha chiziqlarning hamjihatligi muhim. Bizda yuqori sifatli, maydon markazida tavakkal qilib o'ynay oladigan yarim himoya bor, shuningdek, qanotlarda tezlikka va hujumlarni muvaffaqiyatli yakunlash salohiyatiga muhtojmiz. Birinchi o'yinda shunday bo'ldiki, birinchi golni urganimizdan so'ng pozicion intizomni biroz yo'qotdik, to'pga juda yaqin o'ynadik va mantiqsiz ravishda to'pga egalik qildik. Raqibga kuchayish va qarshi hujumlar uyushtirish uchun imkoniyat yaratib berdik. So'nggi uchinchi qismgacha yetib bora olmadik, bu jismoniydan ko'ra ko'proq psixologik holat edi. Keyin raqib tanaffus arafasidagi so'nggi vaziyatda gol urdi va bu ularga qayta tiklanish uchun imkon berdi. Shundan so'ng biz aql bilan emas, ko'proq yurak (hissiyot) bilan jang qildik, futbolda shunday bo'lib turadi. Bugun esa yuragimiz aqlimizni boshqarishiga yo'l qo'ymadik. Juda intizomli o'ynadik. O'zimizga kerakli bo'sh hududlarni to'g'ri egallaganimizda, o'yinni nazorat qilish ancha osonlashadi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: FIFA