Ilyos Zeytullaev: “Yutsak ham, yutqazsak ham yonimizda hech kim yo'q. O'z holimizga tashlab qo'yilganmiz. Ularning kreditlari, oilasi bor”

Абдулвосит Бектемиров
25 apr 2026, 02:40
Superliga 9-turidan o'rin olgan “Bunyodkor” –  “Andijon” (1:3) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

“Hammaga xayrli kech. Savollaringizni beravering. Yutyapmizmi yoki yutqazyapmizmi, buning katta farqi yo'q. Biz shunchaki mavsumni saqlab qolish va Oliy ligada jon saqlash uchun kurashyapmiz. Yigitlarga yana bir bor o'z minnatdorchiligimni bildiraman. Bu o'ta og'ir mehnat. Biz turgan hozirgi sharoitda ishlash juda qiyin. Biz ham ruhiy, ham jismoniy jihatdan zo'riqishning eng yuqori cho'qqisidamiz. Chempionat yakunlanishiga ikki o'yin qoldi va shartnoma bo'yicha halol ishlab topgan pullarini ololmayotgan yordamchilarimsiz qolib, mavsumni yakunlashim ham hech gap emas”, - deya gap boshladi Ilyos Zeytullaev.

-  Moliyaviy holat mavzusini davom ettirmoqchi edim, shunday muammosi bor klublarning barchasi turnir jadvalining quyi pog'onalarida joylashgan. Sizning jamoangiz esa bundan istisno. Agar bugun g'alaba qozonganingizda, kuchli uchlikka kirgan bo'lardingiz. Buning siri nimada? Odatda, pulsiz qolgan sportchilar bir-ikki oydan keyin o'ynashni to'xtatib qo'yadi, sizlar esa hamon yuqori o'rinlarda boryapsizlar...

- Gap shundaki, bu yerda o'z kasbini sevadigan insonlar, haqiqiy professionallar yig'ilgan. Biz bu jamoani ikki yarim yildan buyon qurib kelyapmiz. Qachonki poydevorni mustahkam qo'ysang, natija ertami-kechmi bo'ladi. Jamoamiz juda kuchli, mavsum oldidan medallar uchun kurashish kabi yuksak vazifalar qo'yilgandi. Lekin hozir bo'layotgan ishlar noto'g'ri. Italiyalik legionerlar bu yerda to'rt oydan beri ishlab kelishyapti, ularga berilishi kerak bo'lgan pulning uchdan birini ham to'lashmadi, vaholanki, maoshlarining o'zi unchalik katta emas. Shunga qaramay, ular haqiqiy jangchi ekanligini namoyish etishmoqda. Bugungi o'yindan so'ng uchinchi o'rinda bo'lishimiz mumkin edi. Barcha xodimlardan tortib hatto kiyim-kechak va anjomlarimizga qaraydigan ayoldan ham cheksiz minnatdorman. Ushbu xodimamiz ham to'rt oydan beri maoshsiz ishlayapti.

- Bir hafta oldin klub davlat kompaniyasidan moliyaviy yordamning ilk qismini olishi va stadion xodimlarining uch oylik qarzlari yopilgani haqida xabarlar chiqqandi. Vaziyat yaxshilanmadimi?

- Yashirib o'tirmayman, ahvolimizni o'zingiz bilasiz. Bu muammoga duch kelgan faqat biz emasmiz. Tasavvur qiling, legioner boshqa mamlakatga kelsa-yu, voqelik shunday tus olsa, bu hech kimga obro' keltirmaydi. Bu oddiy biznes. Uy qurishga bir narxga kelishib olib, oxirida to'rt baravar kam pul to'lasangiz, u odam oilasining oldiga qanday yuz bilan boradi? Ularning kreditlari, oilasi bor. Futbolchilar atrofida ulkan iqtisodiy tuzilmalar turibdi, buning ortidan katta pullar ishlanadi. Sizlar ham shu yerda o'tiribsiz, chunki bu bir industriya. Lekin oxir-oqibat hammasi maydonga tushadigan yigirmata yigitning gardanida turibdi. Umid qilamanki, tez orada biror narsa oydinlashadi.

- O'yin haqida gapirsak, hisob 0:2 bo'lgach, jamoa birdan “sochilib ketgandek” tuyuldi, vaholanki, birinchi bo'limda penalti belgilangan vaziyat juda katta ahamiyatga ega edi. Axir hisob 0:4 yoki 0:5 ham bo'lishi mumkin edi...

- Futbol - psixologik o'yin. Agar penaltidan unumli foydalanib, hisobni 1:1 ko'rinishiga keltirganimizda, o'yin natijasi butunlay boshqacha bo'lardi. Lekin, yana takror aytaman, hozir bu kimga ham kerak? Yutsak ham, yutqazsak ham yonimizda hech kim yo'q. G'alaba qozonsak, tabriklagani hech kim kelmaydi, mag'lub bo'lsak ham hech kim ko'rinmaydi. O'z holimizga tashlab qo'yilganmiz.

- Axir pulni baribir to'lashga to'g'ri keladi, o'yinchilar uni FIFA orqali undirib olishi mumkin. Balki futbolchilar o'zlarini ko'rsatib, yaxshiroq klublar nazariga tushish istagi uchun o'ynayotgandir? Ayrim o'yinchilarning yuqoriroq saviyaga chiqish uchun borini berib o'ynayotganini ko'ryapmiz-ku.

- Ularni harakatga keltirayotgan narsa ham aynan shu. Men yigitlarga doim aytaman: hech kim ko'rmayotgan paytda ham, jimjitlikda, qorong'ilikda o'z ishingizni qilavering. Ular katta e'tiborga munosib. Biz to'rtinchi o'rinda shunchaki turganimiz yo'q, bizda sifatli yosh o'yinchilar bor. Moliyaviy muammolar tufayli tarkibimiz juda “qisqa”, shuning uchun ularni o'zim ruhlantiraman. O'zingizni ko'rsating, toki birinchi davradan so'ng sizni o'z safiga qo'shib oladigan va qadrlaydigan munosib klub topilsin. Biz ularning kelajagiga yordam berish uchun ishlayapmiz.

 

 

O'xshash yangiliklar


Абдулвосит БектемировMuallif