Ilyos Zeytulaev: "Norxonovning jarohat olishi bizga qattiq ta’sir qildi"

Оқил Абдубарноев
17 may 2026, 22:00
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o'rin olgan "Qizilqum" - "Bunyodkor" (0:2) uchrashuvidan keyin matbuot anjumani tashkil etildi.

Bunda "Bunyodkor" bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Avvalambor jamoamizni O'zbekiston Kubogi keyingi bosqichga chiqqani bilan tabriklayman. Ketma-ket ikkita g'alabaga erishdik. "Qizilqum" bilan o'yin oson kechmadi, navoiyliklar yaxshi jamoa ekanini bilamiz. Birinchi taymda ustunlik biz tomonda bo'ldi, tanaffusdan keyin raqib o'yinni o'z qo'liga oldi. Raqib hujumchisi Norxonov jarohat oldi va unga sog'liq tilayman. Uning jarohat olishi bizga ham qattiq ta’sir qildi. Uning tezroq sog'ayib maydonga qaytishini tilab qolaman.

- Uch yildan keyin davlat tomonidan futbol klublarini qo'llab-quvvatlash dasturi muddati o'z nihoyasiga etadi. Nima deb o'ylaysiz, shundan keyin futbol "o'ladimi"?

- Yaxshi savol. Menimcha, bu borada yakuniy qaror qabul qilinishidan oldin yaxshilab o'ylab ko'riladi. Hozirgi holatdan kelib chiqib bu dasturdan voz kechish o'zbek futboli darajasiga katta ta’sir qiladi. Biz shu darajaga etdikki, futbol o'zgaryapti, yaxshi legionerlar kelyapti, mahalliy futbolchilar ham o'zimizda to'p tepyapti. Shu bois o'ziga homiy topa olmagan klublar birdaniga qiynalib qoladi deb o'ylayman. Bu esa baribir ta’sir ko'rsatadi. Chempionat saviyasi ham tushib ketishi mumkin. Men hammasi faqat yaxshi bo'lishini istayman. Uch yil ichida muhtaram Prezidentimiz ko'magi bilan klublar o'z homiysiga ega bo'lishiga umid qilaman. Albatta, men masalaning ikir-chikirini tushunmayman, lekin murabbiy sifatida futbolimiz o'sishda davom etishini xohlayman. Shunda hammasi yaxshi bo'ladi.

- Jamoangiz guruhdagi uchinchi tur o'yiniga qanday munosabatda bo'ladi?

- Biz uyda "Jayxun"ga qarshi o'ynaymiz. Birinchi o'rin bilan guruhdan chiqishni xohlaymiz, shu bois oxirigacha kurashamiz. Jamoamizni bir nechta futbolchi tark etdi, tarkib o'zgaryapti, ammo o'zimiz qatnashadigan musobaqalarda oxirigacha kurashishni maqsad qilganmiz. Futbolchilarimiz ko'p narsaga qodir deb o'ylayman.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia