

O'z vaqtida Germaniya terma jamoasida to'p tepgan va bugungi kunda Kosovoning "Drenicha" jamoasini boshqarayotgan Tomas Brdarich mundial oldidan fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"Avvalambor bir haqiqatni tan olish kerak: O'zbekiston Jahon chempionati yo'llanmasini mutlaqo haqqoniy tarzda qo'lga kiritdi. So'nggi yillarda mamlakatda futbol juda ijobiy suratlarda rivojlanib bormoqda.
Ushbu mashaqqatli yo'lni diqqat bilan kuzatib borgan inson sifatida shuni ayta olamanki, terma jamoa o'yinida tinimsiz o'sish ko'zga tashlanmoqda. Bugungi kunda ko'plab o'zbek futbolchilari xorijning top-klublari bilan shartnoma imzolagan yoki xalqaro maydonda katta tajriba to'plashga ulgurgan. Bu esa, o'z navbatida, jamoaning umumiy saviyasi va maydondagi o'ziga bo'lgan ishonchida yaqqol aks etmoqda.
Albatta, Jahon chempionati - butunlay boshqa daraja. U yerdagi raqobat, OAVning e'tibori va ayniqsa, ruhiy bosim Osiyo saralash bosqichidagidan tubdan farq qiladi. Endilikda bosh omil - jamoaning mana shunday yangi muhitga qanday moslasha olishiga bog'liq bo'ladi. Shu bilan birga, men O'zbekiston milliy terma jamoasida mazkur musobaqaning eng asosiy syurprizlaridan biriga aylanish uchun etarlicha salohiyat ko'rmoqdaman.
Yana bir jihatni unutmaslik lozim: bugungi kunda Osiyo jamoalari juda jozibali, tezkor va taktik jihatdan rang-barang futbol namoyish etishmoqda. Bu esa ularni kutilmagan va har qanday raqib uchun noqulay jamoaga aylantiradi",- deydi Tomas Brdarich.

Ma'lumot uchun, germaniyalik mutaxassis 2012 yilgi mavsumda "Bunyodkor" klubi sport direktori lavozimida faoliyat olib borgan edi.
Batafsil intervyuni tez orada e'tiboringizga havola qilamiz.



