Rossiya – kuchli raqibmi? Tahlil qilamiz

admin
20 okt 2026, 16:02
Championat.asia muxbiri Nikolay Egorichev O'zbekiston terma jamoasining o'rtoqlik uchrashuvidagi bo'lajak raqibi – Rossiya terma jamoasiga baho berdi.

Ko'pchilik Rossiyani etarli darajada yuqori saviyadagi raqib emas, deb yozmoqda. Bunga aniqlik kiritish uchun faqat obektiv ko'rsatkichlarga e'tibor qaratamiz. Rossiya roppa-rosa 4 yil oldin O'zbekistonga kelgani bois, shu davr mobaynida O'zbekiston kimlar bilan o'ynagani menga qiziq tuyuldi. Baholash mezoni sifatida o'yin o'tkazilgan vaqtdagi FIFA reytingidagi o'rin va tarkibning transfer qiymatini olamiz.

Agar faqat o'rtoqlik uchrashuvlarini ko'rib chiqadigan bo'lsak, quyidagicha manzara hosil bo'ladi:

Rossiya – FIFA reytingida 33-o'rin, tarkib qiymati – 109,1 mln evro;
Boliviya – 82-o'rin, tarkib qiymati – 13 mln evro;
Venesuela – 55-o'rin, tarkib qiymati – 30,4 mln evro;
AQSH – 11-o'rin, tarkib qiymati – 234,9 mln evro;
Meksika – 12-o'rin, tarkib qiymati – 159,3 mln evro;
Vetnam – 95-o'rin, tarkib qiymati – 4 mln evro;
Xitoy – 80-o'rin, tarkib qiymati – 8 mln evro;
Qirg'iziston – 98-o'rin, tarkib qiymati – 4,9 mln evro;
Kuvayt – 135-o'rin, tarkib qiymati – 3,9 mln evro;
Urugvay – 15-o'rin, tarkib qiymati – 98,4 mln evro;
Misr – 35-o'rin, tarkib qiymati – 69,9 mln evro;
Eron – 21-o'rin, tarkib qiymati – 23,9 mln evro;
Gabon – 86-o'rin, tarkib qiymati – 7,1 mln evro;
Venesuela – 50-o'rin, tarkib qiymati – 53,4 mln evro;
Kanada – 30-o'rin, tarkib qiymati – 157,5 mln evro;
Niderlandiya – 7-o'rin, tarkib qiymati – 734,2 mln evro;
Eron – 22-o'rin, tarkib qiymati – 25,5 mln evro;
Suriya – 83-o'rin, tarkib qiymati – 8,1 mln evro;
Janubiy Koreya – 32-o'rin, tarkib qiymati – 109 mln evro;
Rossiya – 35-o'rin, tarkib qiymati – 197,8 mln evro.

Ko'rinib turibdiki, 4 yil ichida Rossiya FIFA reytingida taxminan o'sha o'rinlarda qolgan, biroq tarkib qiymati deyarli ikki barobarga – 109,1 milliondan 197,8 million evrogacha qimmatlashgan. Transfer bozorida yaxshigina qiymatga ega bo'lgan ko'plab yosh futbolchilar (masalan, Aleksey Batrakov) yetishib chiqdi.

Agar FIFA reytingi va tarkiblar qiymati haqida gapiradigan bo'lsak, Rossiya o'tgan butun davr mobaynida O'zbekistonning kamida top-10 raqiblari qatoriga kiradi. Reyting bo'yicha faqatgina 7 ta terma jamoa – AQSH, Meksika, Urugvay, Eron, Kanada, Niderlandiya va Janubiy Koreya yuqoriroqda bo'lgan. Tarkibning qiymati bo'yicha esa Rossiyadan faqatgina Niderlandiya va AQSH qimmatroq edi.

Ha, ehtimol, Rossiyaga qarshi o'yin bundan 5-6 yil oldingidek katta "afisha" bo'lmasligi mumkin. Lekin bu o'z kuchimizni sinab ko'rish mumkin bo'lgan baquvvat sparring-raqib ekanligi aniq. Yaqinlashib kelayotgan Osiyo Kubogini hisobga olsak, bu ikki karra muhimdir.

Nikolay Egorichev tayyorladi.

O'xshash yangiliklar


adminMuallif
Manba: Championat.asia