Chempionatning sentyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi uchun ovoz bering

Narzulla Saydullayev
1 okt 2013, 11:39
O'zPFL matbuot xizmati O'zbekiston chempionatining sentyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash uchun ovozlarni qabul qilish jarayoni boshlanganini ma'lum qiladi.

Ovoz berish jarayonida O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan sportga oid OAV vakillari (jurnalistlar) ishtirok etishlari mumkin. Nomzodlar ro'yxati chegaralanmagan bo'lib, ovoz beruvchilar O'zbekiston milliy chempionatlarida faoliyat yuritayotgan barcha futbolchilar va murabbiylarga, jumladan, xorij mamlakatlaridan kelib O'zPFL musobaqalarida ishtirok etayotgan futbolchilar va murabbiylarga ham ovoz berishlari mumkin.

Oy o'yinchisi va murabbiyini aniqlash bo'yicha so'rovnomada ishtirok etayotgan jurnalist sentyabr oyining eng yaxshi futbolchi va murabbiyilardan 5 nafardan nomzodlarning ism-shariflarini O'zPFL matbuot xizmatiga (media@the-uff.com elektron pochta manziliga jo'natgan holda) taqdim etishlari kerak. Jurnalistlar o'z variantlarini 6 oktyabr soat 18:00gacha yuborishlari mumkin.

Futbolchilarning sentyabr oyidagi harakatlarini baholashda quyidagi musobaqalar hisobga olinadi: Oliy Liga; O'zbekiston Kubogi; Birinchi Liga; O'zPFL tasarrufidagi boshqa musobaqalar. Tanlovda ishtirok etgan OAV vakilining variantlaridan kelib chiqib, futbolchi va murabbiylarga quyidagicha ballar beriladi: 1-o'rin – 5 ball; 2-o'rin – 4 ball; 3-o'rin – 3 ball; 4-o'rin – 2 ball; 5-o'rin – 1 ball.

OAVdan kelib tushgan variantlar O'zPFL matbuot xizmati tomonidan hisob-kitob qilinadi va uning yakuniy natijalari O'zPFL rasmiy sayti (www.pfl.uz)da e'lon qilinadi. Eng ko'p ovoz to'plagan futbolchi (murabbiy) O'zbekiston chempionatida oyning eng yaxshi futbolchisi (murabbiyi) deb topiladi.

Mart-noyabr oylarida o'tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O'zPFLning 2013 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz