Aleksey Evstafeev: Qatarga qarshi o'yinda bizga oson bo'lmaydi

Narzulla Saydullayev
11 okt 2013, 07:56
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksey Evstafeevning so'zlariga ko'ra, Hindistonga qarshi uchrashuvning birinchi bo'limida uning shogirdlarida hayajon sezilgan.
O'zbekiston yoshlar terma jamoasi 10 oktyabr, payshanba kuni yoshlar o'rtasidagi 2012 yilgi Osiyo chempionati A saralash 4-tur uchrashuvlari doirasida Hindiston yoshlariga qarshi maydonga tushdi va 3:0 hisobida g'alaba qozondi. Uchrashuvda Asliddin Abdiev dublga erishgan bo'lsa, yana bir gol yarim himoyachi Bobur Davlatov hisobiga yozildi.

Avvalo, bugungi raqibimiz – Hindiston yoshlar terma jamoasi haqida iliq fikrlarni bildirmoqchi edim. Ular bugun yaxshi o'yin namoyish etishdi. To'g'ri, hindistonliklar nisbatan charchab qolgandek ko'rinishdi, ayniqsa, ikkinchi bo'limda bu sezildi. Shunga qaramay, bugun ular yaxshi o'yin ko'rsatishdi, qator vaziyatlarni yuzaga keltirishdi, - dedi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi.

Jamoamiz o'yini haqida to'xtaladigan bo'lsam, birinchi bo'limda biroz hayajon sezilib turdi. Ushbu o'yindagi g'alaba Osiyo chempionati final bosqichi yo'llanmasi yo'lida yaxshi imkoniyat ekanligini avvaldan bilardik, shu sabab ham futbolchilarimizda hayajon kuzatildi. Muhimi, vaziyatlarni gollarga aylantirdik va g'alaba qozondik, - dedi Evstafeev.

Qatar yoshlar terma jamoasi – juda yaxshi jamoa. Jamoa himoyasi kuchli, yarim himoyasi haqida ham faqat yaxshi gaplarni aytish mumkin. Bir so'z bilan – Qatarga qarshi o'yin biz uchun oson bo'lmaydi. Ko'plab vaziyatlardan foydalana olmayotganimizga kelsak, ha, haqiqatan ham bu bizning asosiy muammolarimizdan. Biroq vaziyatlar yuzaga kelayotganining o'zi ham yaxshi – agar shu vaziyatlar bo'lmaganida biz umuman gol ura olmagan bo'lardik, - deya qo'shimcha O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksey Evstafeev.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston yoshlar terma jamoasi A saralash guruhidagi so'nggi uchrashuvni 12 oktyabr, shanba kuni Qatar yoshlar terma jamoasiga qarshi o'tkazadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com