JCH-2014. AQSH Ganadan revansh oldi
17 iyu 2014 05:44
Yangiliklar
JCH-2014. AQSH Ganadan revansh oldi
Avvalgi ikkita mundialda AQSH Ganaga imkoniyatni boy berib, jahon chempionatidagi ishtiroklarini yakunlagan edilar. Bu safar ular o'tgan o'yinlardagi mag'lubiyat alamini olish maqsadida Ganaga qarshi saf tortishdi.
Uchrashuvdan oldin ko'pchilik Gana yana bir bor AQSHni engishi va hozirda Yurgen Klinsmann boshqarib borayotgan jamoa ancha yosh va tajribasiz deya etirof etilayotgandi. Gana tarkibida shubhasiz bir qator mohir futbolchilar jamlanishgan. Boateng, Essen, Muntari, Asamoa Gyan, Andre Ayyu, Kvadvo Asamoa, Mensa kabi futbolchilarning iqtidori yuqori baholanib, AQSH bu safar ham Ganaga imkoniyatni boy berishi taxmin qilingandi.
Uchrashuv boshlanishi bilan hujumga otlangan AQSH terma jamoasi ilk soniyalardayoq Gana posbonini ranjitishdi. Klint Dempsining Gana jarima maydonchasi tomon kirib borishi va kuchli zarba bilan hisobni ochishi ganalik futbolchilarni shoshiltirib qo'ydi. Bunday voqealar rivojini kutmagan Gana, darhol hujumga otlandi. Lekin shu kuni AQSH terma jamoasi himoya qo'rg'oni har qancha maqtovlarga loyiq o'yin ko'rsatdi. Deyarli Gananing tashkil etgan birinchi bo'limdagi barcha hujumini AQSH himoyachilari bartaraf etishdan charchashmadi. Birinchi bo'limda boshqa gollar kiritilmadi.
Ikkinchi bo'limni hujumkor boshlagan Gana ha deganda raqib darvozasi tomon yo'l topa bilmadi.
Uchrashuvni kutilmaganda zaxira o'rindig'ida boshlagan Gana yulduzi Princ Boateng murabbiy tomonidan maydonga tashlandi. Lekin zaxiradan tushishiga qaramay, Boateng o'yinga moslashib keta olmadi. Uning harakatlarini AQSH himoyachilari payqab qolishdi va unga erkinlik taqdim etishmadi.
Uchrashuvning 82-daqiqaga kelib, Andre Ayyu va Asamoa Gyan tomonidan tashkil etilgan hujum nihoyat gol bilan yakunlandi. Andre Ayyudan to'pni qabul qilib olgan Gyan tovoni bilan juda chiroyli tarzda to'pni yana Ayyuga qoldirdi. Andre Ayyu esa bir qadam tashlab, darvoza tomon zarba berdi va hisobni tenglashtirishga erishdi.
Goldan keyin AQSH tezda oldinga qarab bordi.O'yinning 86-daqiqasida burchak to'pini amalga oshirgan Klinsmann jamoasi o'z maqsadiga erishdi. Burchakdan oshirib berilgan to'pni Jon Bruks boshi bilan Gana darvozasiga yo'lladi va o'yindagi hal qiluvchi golni kiritdi, 1:2!
SHunday qilib, nihoyat AQSH terma jamoasi Ganani mag'lub etishni uddasidan chiqdi. Yurgen Klinsmann jamoasi mundialni g'alaba bilan boshlab, o'z hisoblariga uch ochkoni yozib qo'yishdi.
JCH-2014. "G" guruhi, 1-tur.
Gana - AQSH 1:2
16 iyun. 03:00
Bosh hakam: Yunas Eriksson (SHveciya)
Yordamchi hakamlar: Matias Klasenius (SHveciya), Daniel Varnmark (SHveciya)
Zaxira hakami: Norbert Xauata (Taiti)
Gollar: Dempsi (1), Ayyu (82), Bruks (86)
Gana: Kvarasey, Gyan, Opare, Atsu (Adoma, 78), Andre Ayu, Muntari, J.Ayu (Boateng, 58), Rabiu (Essen, 72), Mensa, Asamoa, Boye,
AQSH: Xovard, Bredli, Besler, Besler, Dempsi, Bedoya (Zusi, 78), Jones, Bekerman, Altidor (Yoxannsson, 23), Kamerun, Jonson.
Ogohlanitirishlar: Rabiu (30), Muntari (90).
SHahboz Beg'amov
Fikrlar