Yuriy Sarkisyan - 71 yoshda! "O'zbek xalqidan bir umr minnatdor bo'lsam arziydi"
30 may 2018 15:23
Yangiliklar
Yuriy Sarkisyan - 71 yoshda! "O'zbek xalqidan bir umr minnatdor bo'lsam arziydi"
Roppa-rosa bir yil muqaddam saytimiz xodimlari taniqli murabbiydan intervyu olishgandi. Quyida qiziqarli suhbatni erinmay o'qib chiqishingiz mumkin. Intervyuni tashkil etishda yaqindan yordam bergan "Bunyodkor" FK matbuot xizmatiga alohida minnatdorchilik bildiramiz. (2017 yil 30 may)
- Aytingchi, Siz uchun futbol nimani anglatadi?
- Qisqa va lo'nda gapiradigan bo'lsam, futbol - mening hayotim. Men 8 yoshdan beri futbol ichidaman, shu bois sportning bu turi hayotimning katta qismini egallagan deya olaman. Men futbol tufayli ko'p narsaga erishdim, dunyoning turli davlatlarida bo'ldim. Agra futbol bo'lmaganida bular ham bo'lmasdi. Futbolsiz hayotimni tasavvur qila olmayman.
- Bizdagi malumotlarga qaraganda, Siz 12 yillik futbol o'ynagan ekansiz. SHu rostmi?
- Yo'q. O'zbekistondagi faoliyatim davomida 1968 yildan 1982 yilgacha to'p tepganman. SHuning o'zi 15 yilga yaqin vaqtni o'z ichiga oladi. Dastlab ikki yil Olmaliqda, keyin 1970-75 yillarda Termizda faoliyat olib borganman. SHuningdek, u erda institutda tahsil olganman. Keyin esa Farg'onaga ko'chib o'tdim. 36 yoshda futbolni tugatib, shundan so'ng murabbiylik kasbini boshlaganman.
- Natijada "Neftchi"dagi faoliyatingiz boshlangan...
- Bir yil Evgeniy Borisovich Valickiyga yordam berganimdan so'ng Moskvaga borib murabbiylar oliy mahorat maktabiga o'qishga kirganman. Moskvada ikki yil tahsil olgach (1984-85 yillar), 1986 yil yana Farg'onaga qaytib yana bir yil yordamchi murabbiy bo'lganman. O'sha yilning noyabr oyida meni "Neftchi" bosh murabbiyi etib tayinlashdi. Bilasizmi, mengacha "Neftchi"da 25 yil ichida 18 nafar murabbiy ishlab ketgan ekan. Jamoani qabul qilib olganimdan so'ng 1987 yildan to 1990 yilgacha to'rt marta ketma-ket o'z mintaqamizda birinchi o'rinni egalladik. Birinchi ligaga chiqqanimizdan so'ng ko'plab ittifoq klublari orasida (o'shanda 22ta jamoa birinchi ligada o'ynardi), 7-o'rinni band etdik va bu ham o'ziga yarasha shov-shuv bo'lgandi.
- O'zbekiston milliy chempionatiga asos solingach, "Neftchi" birin-ketin chempionlikni qo'lga kirita boshladi.
- Ha, bu hozirgidek esimda. 1992-1995 yilgi mavsumlarda ketma-ket to'rtta chempionlikdan so'ng Toshkentga kelganimda "Bu chempionat Sarkisyan uchun tashkil qilinganmi?" degan gaplarni eshitgandim. 1996 yildan boshqa klublar chempion bo'la boshlashdi. Natijada 2001 yilgacha faqat ikkinchi o'rin bilan cheklandik. 2001 yil "Neftchi" yana chempion bo'ldi va hozirgacha bu chempionlik oxirgisi bo'lib turibdi. Bu jamoadagi 26 yarim yillik faoliyatim davomida ko'plab yutuqlarga erishdim. O'zbek futboli tufayli Moskvada o'qib kelish imkoniyatiga ega bo'ldim, oila qurdim, "O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan murabbiy" sovriniga loyiq ko'rildim, "Do'stlik" va "Mehnat shuhrati" ordenlariga savozor bo'ldim. Bularning bari uchun o'zbek xalqidan bir umr minnatdor bo'lsam arziydi.
- Murabbiylik ishingizda birinchi navbatda qanday maqsadni qo'ygandingiz?
- Meni yaqindan taniydiganlar yaxshi bilishadi: hech qachon katta pullar evaziga futbolchi sotib olmaganman. Men ko'pincha qishloqdan o'yinchi topib ularni tarbiyalashga harakat qilardim. Bilasizmi, viloyatlarda iqtidorli bolalar ko'p, faqat ularni topib to'g'ri ishlash kerak.
- Bitta jamoada uzoq yil ishlashning siri nimada?
- Moskvada o'qib yurgan kezlarim buyuk murabbiy Valeriy Lobanovskiy bilan tanishgandim. U kishi menga juda ko'p narsa o'rgatgani hamon yodimda. Valeriy Vasilevich bir gapni ko'p qaytarardi: "Yura, esingda tut, intizom doim mahoratdan ustun keladi. Jamoa har qancha mahoratli va kuchli bo'lmasin, tartib-intizom bo'lmas ekan, hech qachon yuqori o'rinlarni egallay olmaysan". 1986 yilning 25 noyabr kuni "Neftyanikni" ("Neftchi" oldin shunday nomlanardi) qabul qilib olgan bo'lsam, birinchi kuni hammani bir joyga yig'ib shunday dedim: "Ertaga hammamiz soat 12da mana shu zalda yig'ilamiz". Ertasi kuni aytilgan vaqtda zalga kirganimda 22 futbolchidan faqat 16 nafari kelgan ekan. Men ichkaridan eshikni qulflab qo'ydim va yig'ilganlarni keyingi yil rejalari bilan tanishtira boshladim. Oradan ko'p o'tmay kechikib kelganlar eshikni taqillata boshlashdi. Men esa ochmadim. Keyinroq ularga sizlar jamoada yo'qsizlar, men aytgan ishni qilmayapsizlar dedim. Futbolchilar ustimdan shikoyat qilgan shekilli kechki payt meni rahbariyatga chaqirishdi. SHuni o'z shartimni aytdim: "Hozircha bir yil jamoani shug'ullantiraman va shu bir yil ichida hech kim ishimga aralashmaydi. Yil yakunida agar natija qoniqtirmasa, klubdan ketaman".
- Lekin shunday bo'ldiki, Siz 25 yildan ko'p vaqt mobaynida bir jamoani boshqardingiz.
- Albatta, bu ham nasib qilgan ekan. Birinchi kun futbolchilarni yig'ib majlis o'tkazganim hamon yodimda, o'shanda shunday degandim: "Men 18 yil futbol o'ynaganman. 18 yil sizning o'rningizda o'tirganman. Lekin endi murabbiyman va nimaiki qilsam sizlar uchun qilaman. Muxlislar uchun futbol o'yin, ammo biz uchun og'ir jismoniy mehnat hisoblanadi. Biz har kuni shug'ullanimiz kerak, shundagina o'zimiz o'ylagan maqsadga erishamiz". SHunday qilib murabbiylik kasbini boshlaganman. Men har doim hammani hurmat qilganman, ammo ish men uchun birlamchi bo'lgan. Men futbolchilarga doim uqtirib kelganman: birinchi o'rinda ish va oila, undan keyin do'stlar va boshqa narsalar turadi. Futbolda o'ziga yarasha qoidalar bor, agar biz shu qoidalarga bo'ysunsak, futbol biz uchun eshik ochadi, mabodo sportning bu turini mensimasak, unda futbol ham bizdan yuz o'giradi. Men hech qachon o'zimni boshqalardan ustun qo'ymaganman, men uchun doim jamoa birinchi o'rinda turgan. Va bularning hammasini ustozim Valeriy Lobanovskiydan o'rganganman.
- Siz "Neftchi" bilan besh marta O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritgansiz. Mana shular orasida eng qiyin va esda qolgan chempionlik qaysi bo'lgan?
- Har bir chempionlik o'ziga yarasha qiyin bo'ladi. Lekin eng esda qolgani 1994 yilgi mavsum deya olaman. O'shanda biz chempionatni mag'lubiyatsiz yakunlagan, bundan tashqari Kubokda ham zafar quchgandik. Qolaversa, "Neftchi"ning olti futbolchisi Osiyo o'yinlarida ishtirok etib chempion bo'lgandi. 1992 yili Farg'onada birinchi futbol internatini ochganim ham esimda. Buning uchun uch yil yugurgandim. O'shanda qarshi chiqqanlar ko'p bo'lgandi: "Sarkisyan hali ish boshlamay turib maktab ochmoqchi" deyishgandi. Lekin "Neftchi"ning kelajagi uchun bizga maktab zarur edi. CHunki Moskvada tahsil olgan kezlarim "Spartak" futbol maktabini ko'rib, u erdagi ishlardan tasirlangandim.
- Nima deb o'ylaysiz, Siz futbolni tanlaganmisiz yoki futbol Siznimi?
- Menimcha, futbol meni tanlagan bo'lsa kerak. Bilasizmi, bu ham tabiatning bir tuhfasi bo'lsa kerak. Biz murabbiylar - faqat o'zimizda borini rivojlantirishimiz mumkin, lekin ko'p narsaga erishish uchun Xudo tomonidan ham berilgan bo'lishi kerak. Men har yili yangi mavsum oldidan ko'plab futbolchilarni yig'indan o'tkazardim. Iqtidori borini jamoada olib qolardim. Lekin futbolchi chiqmaydiganlar bilan aslo ishlagan emasman. CHunki buning foydasi yo'q, qolaversa, vaqt ham zoe ketadi. Noyabr oyida Yuriy Sarkisyan ko'plab yoshlarni sinovdan o'tkazishini butun O'zbekiston bilardi va ko'pchilik o'z bolasini olib kelardi. Agar 200ta bola ichidan 5-6 nafar yaxshisini topsangiz, bu ham siz uchun katta yutuq hisoblanadi.
- Sir emas, faoliyatingizning katta qismi birgina klub - "Neftchi" bilan bog'liq.
- Ishonasizmi, hatto nikoh to'yim ham "Neftchi" oshxonasida bo'lgan. 1979 yil 6 noyabr. O'shanda butun jamoa, futbolchilar va murabbiylar ishtirok etgandi. Men o'zbek xalqidan minnatdor bo'lsam arziydi, chunki shu xalq menga futbolda uzoq yil ishlash imkonini berdi, Moskvaga borib o'qishimga sharoit yaratdi, Farg'onada ishlab uy-joyli, oilali bo'ldim. Bularning barchasi uchun tashakkur aytib qolaman.
- Hozir ham tez-tez Farg'onaga borib turasizmi?
- Yo'q, juda kam. Bilasiz, hozir "Bunyodkor" futbol klubida ish olib boryapman, shu bois chetga chiqishga vaqt kam. SHu yil "Bunyodkor" o'ynaganida Farg'onaga borib keldim. Muxlislar bilan uchrashdim, ko'pchilik hozir ham qaytishimni xohlaydi. Lekin endi buning imkoni yo'q. 2013 yilning may oyida "Neftchi"dan ketgan bo'lsam, yarim yil uyda o'tirdim. Odamlar Sarkisyan degan murabbiy borligini unutayozgandi. Yangi yil kuni Mirjalol Qosimov menga qo'ng'iroq qilib bayram bilan tabrikladi va "Bunyodkor"da ishlashni taklif qildi. SHundan beri shu klubdaman.
- "Neftchi" so'nggi bor chempionlikni qo'lga kiritganidan beri oradan 15 yil o'tibdi. Jamoa yana qachondir chempion bo'la oladimi?
- Bu haqda bir narsa deyishim qiyin. Bilasizmi, men ketganimdan so'ng o'rnimga kelgan odamlardan biri (ismini aytmayman) biz Yuriy Sarkisyandan keyin "Neftchi"ni Evropa darajasiga olib chiqamiz deb intervyu bergandi. Lekin jamoa egallagan o'rinlarga qarang. Bu borada boshqa gapim yo'q.
- Sizningcha, hozirgi murabbiylar qanday ishlashmoqda?
- Bu savolga mendan ko'ra ularni ishga olganlar javob bergani maqul. Men esa faqat shuni aytishim mumkin, barcha murabbiylarga omad! Qarigan chog'imda faqat bir narsani xohlayman: qaniydi O'zbekiston milliy terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionatiga chiqsa-yu, menga ham Rossiyaga borib o'yinlarni ko'rish nasib qilsa.
- Darvoqe, bu safar jahon chempionatiga chiqa olamizmi?
- Nega endi chiqa olmas ekanmiz? Uchta o'yin qoldi va uchalasini yutsak marra bizniki. Har bir jamoa raqib qanday qo'yib bersa shunday o'yin namoyish etadi. Muhimi, bo'shashmaslik kerak.
- Sizningcha, nima sababdan stadionga kelayotgan muxlislar soni kamayib ketdi?
- Bilmadim. Menimcha, odamlar nimadir ish bilan band bo'lsa kerak. Farg'onada ishlaganimda stadionga ko'p muxlis kelardi, odamlar hatto chinorlar ustiga chiqib futbol ko'rishardi.
- Hayotingizda qiziqarli voqealar ko'p bo'lganmi?
- Albatta, esda qolarli voqealar ko'p bo'lgan. 1996 yil "Navbahor" chempion bo'lgan yili men tushkun holatga tushib qolib Rossiyaga ketmoqchi bo'lgandim. O'shanda tog'am yo'ldan qaytarib, sen "Neftchi"ga hali keraksan deya olib qolgandi. Oradan ko'p o'tmay, 1997 yilning yozida hukumat tomonidan "Do'stlik" ordeni bilan taqdirlanganman. 50 yoshimda bunday sovrinni qabul qilib olish men uchun sharafli voqea bo'lgandi. Bundan tashqari, 1994 yil Farg'ona aeroportida O'zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov bilan uchrashganim ham yodda qolgan. Islom Abdug'anievich yonimga kelib, sizni taniyman, mendan nima xohlaysiz deb so'ragandi. O'shanda men o'zim uchun hech narsa so'ramay "Neftchi" uchun bitta avtobus so'ragandim. Oradan ko'p o'tmay, bizga Vengriyadan yangi avtobus keltirilgan, bu jamoamiz uchun katta sovg'a bo'lgandi. O'sha avtobus "Neftchi" uchun yigirma yil xizmat qildi.
- "Bunyodkor"dagi ishingiz qanday ketyapti?
- Hammasi joyida. Futbolni atrofdan yanada ko'proq kuzatish imkoniga egaman. Yoshlar masalahat so'raganida o'z bilganlarim bilan o'rtoqlashyapman. Men bilganlarimni o'rgatishdan aslo qochmayman, kim maslahat so'rasa doim yordam berishga tayyorman.
- Yuriy Vazgenovich, vaqt ajratib biz bilan suhbat qilganingiz uchun rahmat. Keyingi ishlaringizga omad tilab qolamiz.
Xayrulla Xoliqov va SHahboz Beg'amov suhbatlashdi.
Fotosuratlar muallifi: Tolibjon Qosimov.
2017 yil 30 may
Fikrlar