Yuriy Sarkisyan: "Neftchi"dan ketganimdan keyin ko'p asabiylashganim uchun tobim qochib qoldi"

Sherzod Nurmatov
18 may 2026, 15:45
Farg'onaliklarning afsonaviy murabbiyi Yuriy Sarkisyan “Neftchi” matbuot xizmatiga katta intervyu berdi.

Ushbu suhbat davomida mutaxassis o'zining futbolchilik va murabbiylik faoliyati, “Neftchi” bilan bog'liq unutilmas xotiralari hamda jamoamizning bugungi kuni haqida fikr bildirdi.

- Siz uchun “Neftchi” jamoami yoki oila?

- “Neftchi” - bu mening hayotim. Boshqa aytarli gapim yo'q. Hayotimda nimalarga erishgan bo'lsam, futbolchi yoki murabbiymi - barchasi “Neftchi” tufayli.

1979 yilda meni “Paxtakor”ga taklif qilishgan. O'sha paytda bo'lajak turmush o'rtog'imning uyiga borib: “Agar menga turmushga chiqsang, Farg'onada qolaman, bo'lmasa Toshkentga ketaman”, - degandim. O'sha paytda menga markazdan 3 xonali kvartira va yangi “Jiguli” avtomashinasi taklif qilishgan. Sovetlar davrida bu juda salobatli taklif edi.

Shunda kelinning onasi: “Yuriy, siz ulg'aygan yigitsiz, qizimdan 14 yosh kattasiz, u esa hali maktabda o'qiydi”, - dedi. Men esa: “Kechirasiz-u, qizingizga bir yildan beri mehr qo'yganman, u menga juda yoqadi”, - dedim. Onasi: “Yo'q, yo'q, xafa bo'lmang, poytaxtga borib yashayvering”, - dedi.

Men ortimga o'girilib eshik tomonga qaytayotganimda u yugurib kelib meni mahkam quchoqladi-da: “Yura, hech kimga quloq solmang, siz menga ham juda yoqasiz, ketmang iltimos, men sizga turmushga chiqishga roziman”, - dedi.

Shunda men ayyorlik ishlatib, tobim qochib qoldi deb shifoxonaga yotgandim. Rahmatli Idgay Tazetdinov menga qo'ng'iroq qilib: “Biz seni kutmoqdamiz, hozir esa o'yinga chiqib ketyapmiz, qaytganimizda sen bilan gaplashib olamiz”, - dedi. Shundan keyin ular o'yinga parvoz qilishdi va ularning samolyoti aviaciya halokatiga uchradi.

Ayolim o'shanda mening hayotimni saqlab qolgan ekan. Shu bois 47 yildan buyon uni qo'llarimda ko'tarib yuraman (kuladi).

- Faoliyatingizdagi eng baxtli daqiqalar?

- Men uchun har kun, har yil baxtli bo'lgan. “Neftchi”ni 1986 yilda qabul qilib olganimda Obkom birinchi sekretari aytdiki: 1962 yildan 1986 yilgacha 18 marta bosh murabbiyni almashtirganmiz. Ustozingiz Evgeniy Valickiy bir marta medalga ega bo'lgan. Agar siz bronza medali uchun kurashishga ko'nsangiz, men sizni hoziroq bosh murabbiy etib tayinlayman.

Men ungacha Moskvadagi murabbiylar oliy maktabini tamomlab kelgan edim va roziligimni bildirdim. Ammo mening ham iltimosim bor, dedim. Bir yil davomida mening ishlarimga hech kim aralashmasliklarini so'radim. Yani kimni ishga joylash, kimni ishdan bo'shatish, kimni mukofotlash, kimni jazolash. Yordam kerak bo'lsa o'zim murojaat qilaman. Lekin mening ishlarimga xalaqit berishmasin. Mavsum tugagach hech bo'lmaganda bronza medalini yutib olmasam, kelib uzrimni so'rab “Neftchi”dan ketaman, dedim.

Birinchi sekretar yaxshi inson edi va yig'ilganlarga: “Eshitdinglarmi?” dedi. Hamma “ha” deb rozi bo'ldi. “Endi borib ishga kirishinglar”, dedi u.

Keyin meni jamoaga tanishtirishib: “Yuriy Sarkisyanni taniysizlar, u mashhur futbolchi bo'lgan. Moskvada murabbiylar oliy maktabini tamomladi va biz uni “Neftchi” bosh murabbiyi etib tayinladik. U medallar uchun kurashishga rozi bo'ldi”, deyishdi.

Hamma qarsak chalganida men ularga: “Rahmat, lekin qarsak chalishga hali erta. Ertaga soat 12:00 da yangi mavsum uchun tayyorgarlik rejalarini taqdim etaman”, dedim.

Suhbatimizdan so'ng ertasi kuniyoq 1987 yil mavsumi uchun tayyorgarlik ishlariga kirishdik. 1987, 1988, 1989 va 1990 yillarda birinchi o'rinni egalladik. Shunaqa tartib-intizom o'rnatdimki, eshigimni taqillatishga cho'chishardi. Xullas, Birinchi liga chempionatiga chiqdik.

Unda sobiq ittifoqning barcha poytaxt jamoalari o'ynardi: “Daugava” (Riga), “Jalgiris” (Vilnyus), “Kalev” (Tallin), “Nistru” (Kishinyov), “Qayrat” (Olma-Ota), “Dinamo” (Minsk), “Neftchi” (Boku).

Birinchi sekretar meni chaqirib: “Yuriy Vazgenovich, birinchi ligada 22 ta jamoaning 6 tasi musobaqani tark etarkan. Hech bo'lmaganda 16-o'rinni egallanglar, musobaqada yana bir yilga ushlanib qolaylik”, dedi. Men unga: “Yaxshi, harakat qilib ko'raman”, dedim. Ammo biz o'shanda 7-o'rinni egalladik va shu bilan Sovet Ittifoqi ham tarqalib ketdi.

1992 yilda esa O'zbekiston milliy chempionati boshlandi. Biz 1992–1995 yillar davomida O'zbekiston chempioni bo'ldik.

Bir tanishim o'shanda: “Yura aka, menga aytishdiki,Sarkisyanning barcha rekordlarini yangilashimiz kerak”, dedi. Men unga javoban: “Million dollarga bahslashaylik, mening rekordlarimni yangilay olmaysizlar”, dedim.

U mendan: “O'zbekiston chempionati qachon boshlangan?” deb so'radi.

- 1992 yilda. Biz 20-asrning birinchi chempioni va 2001 yilda ham 21-asrning birinchi chempioni bo'ldik. Mening rekordlarimni yangilash uchun sizlarga 100 yildan ko'proq ishlashga to'g'ri keladi, dedim.

- Qaysi jamoaga qarshi g'alaba yuragingizda abadiy qolgan?

- Guus Hiddink boshqaruvidagi “Zenit” (Leningrad) chempion maqomida Dubayga kelgan edi va biz bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazgan. O'yin tugashiga 10 daqiqacha qolganda ular 1:0 hisobida yutqazayotgan edi. Hiddinkning jahli chiqib shogirdlariga baqirdi:

- Kimga yutqazyapsizlar? Bu O'zbekiston poytaxti jamoasi emas. O'zbek qishlog'ining jamoasi Rossiya chempionini yutyapti, dedi.

Qarashsaki, baqir-chaqir qilgani bilan o'yin vaqti tugayapti. Shunda biznikilar:

- Baqirsang ham, baqirmasang ham “Neftchi” yutadi (“Krichi, ne krichi pobedit “Neftchi”), deb javob qaytarishdi (kuladi).

- Siz uchun nima muhim? Sovrinlarmi yoki siz tarbiyalagan futbolchilarmi?

- Asosiysi, biz chempion bo'lganimizdir. O'yinchilarni o'zim tarbiyalaganman. Ular doim mening ko'rsatmalarim bo'yicha ish olib borishgan va men barchasini kuzatib borardim.

- Futbolchilarni maydonga chiqishidan avval qanday so'zlar bilan ruhlantirar edingiz?

- Har doim aytganman: har bir jamoa raqiblarining uslubiga qarab o'ynaydi. Shuning uchun shunday o'ynashimiz kerakki, raqiblarimiz bunday o'ynashlariga yo'l qo'ymasligimizni tushunib yetishlari kerak. O'yin hisobi borasida hech qachon taxminlar qilmaganman. So'rashsa, faqat o'yindan keyin hisobni aytishim mumkin, derdim.

Moskvada ikki yillik o'qish davomida ajoyib murabbiy Valeriy Lobanovskiy bilan tanishganman. Kievning “Dinamo”si Moskvaga chempionat o'yiniga kelganda o'yin oldidan borib u bilan tanishganman. Valeriy Vasilevich menga ko'p narsani aytgan, ulardan biri esa: o'yinchilar qanchalik buyuk bo'lmasin, agar tartib-intizom bo'lmasa natija ham bo'lmaydi. Shuning uchun ishingni shundan boshlashing kerak, degan. Men uning nasihatlariga amal qilib ishni shundan boshlaganman. Birinchi navbatda menda shunaqa tartib-intizom o'rnatilgan. Shuning uchun eshigimni taqillatishdan qo'rqishar va o'zim chaqirmasam oldimga kirishga jurat etishmasdi.

- Sizda yana imkoniyat bo'lganda murabbiy sifatida “Neftchi”ni tanlagan bo'larmidingiz?

- “Neftchi”dan ketganimdan keyin ko'p asabiylashganim uchun tobim qochib qoldi. “Bunyodkor” bilan birinchi marta Farg'onaga kelganimda yuragim to'xtab qolishiga sal qolgandi. Shundan keyin Farg'onaga borolmayman. Hattoki oxirgi o'yinga viloyat hokimi taklif qilganda ham: “Siz hurmatli insonsiz. Jamoa uchun hamma sharoitlarni yaratib beryapsiz. Lekin men o'zimni yaxshi his etmayapman”, dedim. O'zi Farg'onadan ketganimga 12 yildan oshdi va o'shandan keyin doimo yurak xuruji bilan kurashib kelayapman va qachon tugashimni ham bilmayman. Mutaxassislarning gaplariga ko'ra buning davosi yo'q emish. O'yinlarga kelsak, ularning ko'p qismini ko'rib boraman. Ayniqsa menga qadrdon bo'lgan “Neftchi”ning hamma o'yinlarini televizor orqali kuzatib boraman.

- Stadionga kelgan muxlislar va ularni qo'llab-quvvatlashlari haqida eslab o'tsangiz…

- Jamoamiz bilan o'yinga bir soat qolganda stadionga yetib kelardik. O'shanda e'tibor berganman, stadionga kirolmagan odamlar chinorlar ustida o'tirishardi. Keyinchalik bizni doimo qizg'in qo'llab-quvvatlab kelganliklari uchun men fan klub a'zolariga kirib, joylashib olishlari uchun alohida sektorga bepul abonement qilib berardim.

- Muxlislar orasida siz yaxshi bilganlari ham ko'p bo'lgan…

- Ismlari esimda yo'q-u, lekin yuzlaridan taniyman. Odamlar haqida salbiy gapirmayman. Faqat iliq fikrda bo'laman. Chunki bu insonlar jamoa uchun borini berib muxlislik qilishgan. Faxriy muhlis sifatida Omon Bulbul yodimda qolgan.

- Eng qiyin chempionlik qaysi yili qo'lga kiritilgan?

- Bunga uncha e'tibor bermaganman. Biz shunchaki jang qilib kurashganmiz. Aslida men besh marta emas, to'qqiz marta birinchi o'rinni egallaganman. Sovetlar davrida to'rt marta birinchi o'rin va mustaqillik davrida besh marta birinchi o'rinni olganman. Keyin to'qqiz marta ikkinchi o'rin va bir marta uchinchi o'rinni yutganman.

- Faraz qiling, agar “Neftchi” klubi inson bo'lganda siz unga nima degan bo'lardingiz?

- Unga: “Yaxshi insonsan”, derdim (kuladi). “Neftchi” bu mening hayotim. Dunyoda uzoq ishlagan ikkita murabbiy bo'lgan. Birinchisi futbol vatani Angliyada “Manchester United”ni 27 yil shug'ullantirgan Aleks Fergyusson bo'lsa, ikkinchisi men edim. Ikkovimiz ham bir paytda jamoadan ketganmiz. Eng qizig'i, men qanday ketganman. Aleks Fergyusson 1-iyulda ketgan bo'lsa, men 15-iyulda. O'shanda: “Yuriy Vazgenovich, nima uchun jamoadan ketdingiz?” deb so'rashganda, hokim aytdiki: “Fergyusson xafa bo'ladi. U ketdi, siz ham ketishingiz kerak. Birga 27 yil ishlab qo'ydilaring”, degan (kuladi).

- Siz uchun baxt bu nima?

- Baxt - bu g'alaba.

- Sizni futboldan boshqa nima baxtli qila oladi?

- Ayolim va bolalarim.

- Sizda qaysidir g'alabadan so'ng ko'zyoshlar bo'lganmi?

- Bundaylarni eslolmayman. Men umuman yig'lamaganman. Futbol xalqniki. Xursand bo'lamizki, xalq futbolni tomosha qilgani kelib bahramand bo'ladi.

- “Neftchi”dek buyuk klub uchun nimani meros qilib qoldirdim, deya olasiz?

- “Neftchi” uchun ko'plab medallar qoldirdim. Dunyoda hali birorta murabbiy bitta jamoaga shuncha medal qoldirmadi.

- Shogirdlaringiz ichida eng yaxshi uch futbolchini sanab bera olasizmi?

- Birinchi bo'lib Rossiyada Sergey Lebedevni topdim. U o'ynayotgan jamoa murabbiyi Moskvada men bilan birga tahsil olgan edi va uning Kirov shahri jamoasi qishda tayyorgarlik ko'rish uchun Farg'onaga kelganda men ularni Qirgulidagi bazamizga joylashtirdim. Yozda esa biz shug'ullanish uchun ularning Kirov o'rmonlarida joylashgan bazasiga borardik. O'shanda murabbiydan so'radim: “Lebedev qayerdan kelgan?” desam: “U harbiy xizmatni o'tamoqda. Naberejnie Chelnidan kelgan”, dedi. “U bilan gaplashsam bo'ladimi?” deb so'radim. “Mayli, gaplashinglar”, dedi murabbiy. Shunda Lebedev oldiga borib: “Seryoga, menga juda yoqib qolding, seni O'zbekistonga taklif qilmoqchiman. Kelib ajoyib mamlakatni va Farg'ona jamoasini ko'rgin”, dedim. “O'ylab ko'rsam bo'ladimi?” dedi u. “Mayli, o'ylab ko'r, biz hali shu yerdamiz, lekin kelsang yaxshi bo'lardi”, dedim. Keyin kirib kelib: “Men roziman”, dedi (kuladi). Shunday qilib, men uni olib ketdim. Keyinchalik u jahon terma jamoasida ham o'ynashga muvaffaq bo'ldi.

Ikkinchisi Akmal Xolmatov. U ham menga juda yoqqandi. Uning tog'asi o'sha paytda Farg'onada ishlardi va bir kuni mening yonimga kelib: “Jiyanim bor, yaxshi futbolchi”, dedi. Akmalni ko'rganimda qarasam pastgina bo'yli bola ekan. Men unga qarata: “Shu bolakay futbolchimi?” deb so'radim. “Ha, futbolchi, bir ko'ringchi”, dedi tog'asi. “Mayli, ertaga kelsin, hozir ikki tomonlama o'yin o'tkazyapmiz”, dedim. Ertasi kuni kelganida qarasam, shunaqa o'ynab ketdiki... keyinchalik u ham chempion bo'ldi.

Uchinchisi esa, menda o'ynagan ajoyib o'yinchi Sergey Zavalnyuk. U oliftaroq yigit edi.

- Agar futbol bo'lmaganda qaysi sohani tanlagan bo'lardingiz?

- Armaniston yoshlar terma jamoasida o'ynagan paytimda Moskvada turnir o'tayotgan edi. 1967-yil edi o'shanda. U yerda Olmaliq jamoasi murabbiyi yonimga kelib: “Sen menga yoqib qolding. Bunday futbolchini hali ko'rmaganman. O'zbekistonga kelsang ajoyib mamlakat, senga yoqib qolishi aniq”, dedi. O'shanda men Erevanda yashardim va uyga qaytib ota-onam bilan gaplashib ko'ndirdim va shundan so'ng 1968-1969-yillarda Olmaliqda faoliyat yuritdim.

Keyin otam menga qo'ng'iroq qilib: “Bo'lar endi futbolni yig'ishtir, institutga o'qishga kirib ma'lumotli bo'lishing kerak”, dedi. Otamning nasihatlarini inobatga olib jamoa bilan hisob-kitob qildim va Toshkent aeroportidan Erevanga qaytayotganimda yonimga bir odam kelib: “Kechirasiz, siz Yuriy Sarkisyanmisiz?” dedi. “Siz o'zingiz kimsiz?” deb so'radim undan. “Men Termiz jamoasi murabbiyi Tixonov Viktor Mixaylovichman”, dedi.

Men unga: “Viktor Mixaylovich, men futbolni tashladim”, deb javob qaytardim. “Nima deyapsan, hozir bunaqa futbolchilar yo'q. Qanday qilib futbolni tashlashga jurat etding?” dedi. “Men xo'jayin emasman. Uyda otam xo'jayin. Futbolni tashlab o'qishga kirib, ilm olishing kerak, deb nasihat berdi”, dedim.

Shunda u menga: “Yura, bizda Davlat pedagogika instituti bor, o'sha yerda o'qiysan”, dedi. “Men qanday qilib o'qiyman? Axir bir oy uyda bo'lib, bir oy safarda yuraman-ku”, dedim. U paytda sobiq ittifoq bo'ylab safarga chiqardik. Shunda u menga: “Yura, adresingni tashlab ket, men ungacha biror narsa o'ylab topaman. Sen menga juda xush kelding”, dedi.

Yangi yil arafasida esa xat keldi: “Qadrdon Yura, 5-yanvarda seni Termizda kutaman. Obkomda gaplashib oldim, sen imtihonsiz o'qishga kirasan va grafik asosida o'qiysan”, deb yozibdi. Yana ota-onamni ko'ndirishga to'g'ri keldi va 1970-yildan 1975-yilgacha Termizda o'ynab erkin grafik asosida o'qishni bitirdim.

Oliygohni tamomlaganimdan keyin menda beshta taklif bor edi: Ulyanovsk, Chelyabinsk, Tolyatti, Qarag'anda va Farg'ona. O'sha paytga kelib menga O'zbekiston yoqib qolgan edi. Har kuni palov erdim (kuladi). Shunda men bu yerdan ketmayman dedim-da, Farg'onaga yo'l olib, keyinchalik bir umrga shu yerda qoldim.

- Vadim Abramov ham shogirdingizmidi?

- Uni 1990-yilda qabul qilganman. To'qqiz yil davomida menda mamur lavozimida ishladi. Bizda Mixail Martazarov degan yigit ham mamur bo'lib ishlab yurardi. Misha yonimga kelib: “Yaxshi bir armani yigit bor, juda chaqqon. Ishga olsak bizga ancha yordami tegadi”, dedi. “Yaxshi, chaqirilar, kelsin, gaplashib olamiz”, dedim. Vadim Abramov keldi, u bilan gaplashdik va uni ishga oldik. 1990-yildan 1999-yilgacha bizda ishladi.

- Futbol bilan xayrlashish haqida o'ylab ko'rganmisiz?

- Aslo o'ylamaganman. Chunki futbolsiz aqldan ozaman. Futbolsiz yashay olmayman.

- “Neftchi” jamoasi muxlislariga aytar gaplaringiz bordir…

- Jonkuyar muxlislar hanuzgacha qalbimda. Ularning muxlislik qilishlari esimda. Ular Farg'onaga viloyatlardan kelishardi, ovqatlanishardi, keyin futbolga kirish uchun navbatda turib chipta olishardi. O'sha paytda muxlislar juda ashaddiy bo'lgan. Men har doim ularni hurmat qilib kelaman. Biror marta o'zim to'g'rimda muxlislardan salbiy fikr eshitmaganman. Shuning uchun muxlislarimiz - bu o'sha-o'sha muxlislar.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Нефтчи" матбуот хизмати