"Tahlil": 101 daqiqalik o'yin - "Lokomotiv" - "Nasaf" uchrashuvi haqida
31 iyu 2021 13:30
Yangiliklar
"Tahlil": 101 daqiqalik o'yin - "Lokomotiv" - "Nasaf" uchrashuvi haqida
Ushbu o'yinda mezbonlar 2:0 hisobida g'alaba qozonishdi. Biz ushbu uchrashuv tahlilini etiboringizga havola etamiz.
Qaydnomaga nazar
O'yinning tahliliga o'tishdan avval dastlab uchrashuv qaydnomasiga nazar solsak. Bilamiz, 13-tur uchrashuvlari O'zbekiston Superligasidagi yozgi transferlar oynasidan keyin davom ettirilmoqda. Mazkur transferlar chog'ida "Lokomotiv" ham, "Nasaf" ham o'z safiga futbolchilar qo'shib olishdi. "Loko"da kecha asosiy tarkibda maydonga tushgan Jasur Jaloliddinov hamda zaxiradan o'yinga qo'shilgan Javohir Abdualimovlar mazkur jamoadagi debyutini o'tkazishdi. Saytimiz xodimining malum qilishicha, Abdualimov "Olimpik"dan ijaradan ortga qaytarilgan.
"Nasaf"da esa o'yinni zaxiradan maydonga tushgan Bahrom Abdurahimov va Andriya Kaluderovichlar "Nasaf" safidagi joriy mavsumdagi debyutini o'tkazishdi.
Amonovga atalgan o'yin
"Lokomotiv" futbolchisi Temurxo'ja Abduxoliqovning jarohat olgani haqida malumot bor. SHu bois futbolchi bir necha o'yinda maydonga tusha olmayapti. Uning o'rniga hujum chizig'ida o'ynayotgan Azizbek Amonov esa yaxshi natija qayd etyapti. Etibor bering, tanaffusdan avvalgi so'nggi tur o'yini — "Paxtakor" bilan o'yinda ham Amonov gol urgan. "Lokomotiv" Tojikistonning "Istiqlol"iga qarshi kechgan bahsida ham u zaxiradan tushib gol urdi.
"Nasaf" bilan o'yinda ham u dubl qayd eta oldi. Har ikki golni ham qarshiliklar himoyachilarining xatosi tufayli kirita olgan bo'lsa-da, boshqa vaqtlarda ham uning ko'rsatgan o'yini etiborga loyiq. Ayniqsa, vaziyatlardan birida chap qanotda turib Javohir Siddiqovni to'p bilan taminlagani ideal pas bo'ldi, desa ham bo'ladi.
Foto: "Lokomotiv" matbuot xizmati
Taniqli futbolchi Ikrom Aliboev o'zining Twitter sahifasida Amonovning o'yinini Van Persinikiga o'xshatishini yozib qoldirdi.
O'yindan keyingi matbuot anjumani "Lokomotiv" bosh murabbiyi Mikael Sekeyraga Amonov haqida savol berdim. Uning takidlashicha, murabbiy indivudial gapirishni yoqtirmaydi. "Umumiy jamoa haqida aytishim mumkin. Bugungi o'yinda alohida gapirishga o'rin yo'q, bugun jamoaviy chiroyli o'yin ko'rsatib natijaga erishdik", — deya qo'shimcha qiladi u.
"Nasaf" himoyasidagi xatolar va jamoaning o'yini haqida
Dastlab, birinchi golni aytadigan bo'lsak. "Nasaf" futbolchisi Jo'rabek Mannonov maydon markazida to'p orqaga — Marko Stanoevichga oshirdi. U esa to'pni to'xtata olmadi va natijada Azizbek to'pni olib qo'yib oldinga yurdi. Amonov yana bir futbolchidan osonlikcha o'tib ketdi va jarima maydonchasiga kirib zarba berdi va hisobni ochdi.
Ikkinchi golda "Nasaf" to'pni maydon markazida ushlay olmadi. Xususan, SHuhrat Muhammadiev Amonovga to'ni uzatdi. Marko Stanoevich va Dilshod Saitov to'pni olisholmadi va natijada Azizbek Amonov to'pni olib qo'yib, 3 futbolchi qarshisidan yorib kirdi va hisobni 2:0 ko'rinishiga keltirib qo'ydi.
Foto: "Lokomotiv" matbuot xizmati
Matbuot anjumanida jamoa bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev ham bu haqda fikr bildirdi. "Lokomotiv" himoyada yaxshi o'ynab, qarshi hujumda bizni jazolashga urindi va bunga erishdi. Biz esa himoyada qo'pol xatolar qildik. Oxirgi o'yinlarda Amonov ko'p gol urayotgani va yaxshi formada ekanini takidlagandik", — deydi u.
Sekeyraning "avtobus"i
Kecha qaydnoma bo'yicha toshkentliklar o'yinni 4 nafar himoyachi bilan boshladi. Ikkinchi bo'limning so'nggi 10 daqiqaligida, hisob 2:0 holida, "Nasaf" oldinga o'tib, gol uchun harakat qilayotgan chog'da "Loko" tarkibida Diyor Turopov o'rniga Dilshodjon Komilov maydonga tushdi va yanada himoya mustahkamlandi. 90+3 daqiqada o'zi ikkinchi bo'limda maydonga tushgan Javohir Siddiqov o'rniga Javohir Abdualimov maydonga tushdi. U o'ng qanot himoyadan o'rin oldi va natijada 6 nafar himoyachi bilan himoyalandi jamoa.
O'yindan so'ng murabbiy bu taktika O'zbekistonda qo'rqinchli emasligini takidladi. Kengroq ochilib bo'sh joylardan foydalanishni bilish kerak. "Lokomotiv" mavsum boshidan shunaqa uslubda o'ynayotgandi. "Nasaf"ga qarshi tanlagan uslubimiz ish berdi deb o'ylayman", — deya qo'shima qiladi u.
Texnika pand berganda yoxud hakamlik haqida
Ikkinchi taymning o'rtalarida bosh hakam Zokir Qodirovdagi bazi texnik jihozlarda nosozlik paydo bo'ldi va o'yin taxminan 7-8 daqiqaga to'xtab qoldi. Buning evaziga esa uchrashuvning asosiy vaqtiga 10 daqiqa vaqt qo'shib berildi. Mayli, bu har turda ham bo'lavermaydi. Texnika bor joyda nosozlik bo'lishi normal holat.
Foto: "Lokomotiv" matbuot xizmati
O'zi umuman hakamlar kecha o'yinni yaxshi saviyada boshqarib borishdi. "Nasaf"ning hisobga olinmagan goli, Bahrom Abdurahimovga berilgan qizil kartochka, qisqasi barchasi adolatli bo'ldi.
13-turning dastlabki ikki o'yinidan biri yaxshi o'tdi. Agar kecha "Nasaf"ning o'yini ochilganida ko'p ehtimol gollarga yanada boy bo'lgan uchrashuv guvohi bo'lishimiz aniq edi.
P.S.: o'yin haqidagi fikrlar muallifning ko'rganlari bo'yicha yozildi. Albatta, sizning ushbu o'yinga bo'lgan qarashlaringiz boshqacha bo'lishi mumkin va bu noto'g'ri degani emas.
Fikrlar