Superliga startidagi xulosalar. "Neftchi"da "renessans", "sher"ning yaralangani ham "sher"
23 mar 2023 15:50
Yangiliklar
Superliga startidagi xulosalar. "Neftchi"da "renessans", "sher"ning yaralangani ham "sher"
Maqsad sari ilk qadamlar tashlandi. Xo'sh, start bizga nimalarni taqdim qildi? Fikrimcha, bu borada dastlabki xulosalarni bildirishning ayni pallasi.
"Neftchi"da yangi "renessans" davri
"Renessans" atamasi yangilanish, yangi davrga qadam qo'yish manosini anglatishini hisobga olsak, Sarkisyan davrida baquvvat klubga aylangan, hurmati katta "Neftchi" oradagi "cho'kish"dan so'ng yana avvalgi mavqeini tiklayotgandek taasurot qoldiryapti. 3ta turda yuz foizlik natija qayd etib turgan farg'onaliklar tartibli va aqlli o'yini bilan "Metallurg", amaldagi chempion "Paxtakor" va "So'g'diyona"dan 3 ochko olishga erishdi. Peshqadam bo'lib turgan "chinorlar" quruq natija bilan emas, balki yuqorida aytganimizdek raqiblaridan o'yin bobida ham ustun kelishmoqda. 3ta bahsda darvoza tomon 13ta aniq zarba (har bir o'yinda 4,3), 7ta gol yani darvozaga tepilgan aniq zarbalarning teng yarimi gol bilan yakunlangan. Bu esa realizaciya yaxshi ekanligidan dalolat beradi. Raqiblar "Neftchi" darvozasi tomon umumiy hisobda 9ta aniq zarba yo'llashga erishishgan, ularning bittasi gol bilan tugagan ("Paxtakor", Doston Tursunov). Start ajoyib, ko'rsatkichlar ham yaxshi. "Neftchi" 2007 yildan buyon ilk bor dastlabki 3 bahsni o'z foydasiga hal qildi. Bunday xodisa shu vaqtga qadar 5 marta sodir bo'lgan bo'lib, o'sha mavsumlar so'nggida farg'onaliklar kuchli to'rtlikdan pastki o'rinni egallashmagan. 9 ochko bu hali hammasi hal bo'ldi, degani emasligi malum. Oldinda esa butun boshli katta mavsum va kubok bahslari kutmoqda.
"SHer"ning yaralangani ham "sher"
"Paxtakor"ning mavsumni ketma-ket ikki mag'lubiyat bilan boshlashini kutmaganingiz tabiiy. Siz qatori men ham. Faqatgina "Neftchi" bilan bahsni hisobga olmaganda (shu kuni raqibi o'yin bobida yorqinroq ko'rindi), qolgan bahslarda SHackixning shogirdlari yomon harakat qilmadi. Ammo Farg'onada ham "sherlar" hujum qildi, vaziyatlar yaratdi (76ta xavfli hujum, darvoza tomon zarbalar 8/3). "Olimpik" bilan uchrashuv teng kurash ostida kechdi, ikki jamoa shu kuni darvozalarga 5tadan aniq zarba yo'llagan. "Paxtakor"da 2ta, "Olimpik"da 3tasi gol bilan tugagan. "Navbahor" bilan o'yin amalda ko'p narsaga oydinlik kiritib berishi kerak edi, shunday ham bo'ldi. Toshkentda kechgan bahsda mezbonlar yaqqol ustunlik qildi, deya olamiz. Agarda tarkibdagi kamchiliklar to'ldirilsa, FIFA kunlaridan foydalanib jarohatlanganlar to'liq safga qaytsa, U-20 terma jamoadagi futbolchilar kelib qo'shilsa SHackixga tarkibni tanlashda, rotatciyalar qilishda ayni qo'l keladi. Hali safdan chiqqani yo'q. Klubda to'g'ri yo'lga qo'yilgan tizm bor, aniq yo'nalishga ega. "Paxtakor" matbuot xizmati so'nggi o'yindan so'ng juda chiroyli jumlani ishlatdi: "SHer"ning yaralangani ham "sher". Bu - haqiqat!
CHempionlik uchun kurash va boshqa klublar
Baribir chempionlik uchun asosiy kurash "Paxtakor", "Navbahor" o'rtasida kechishini taxmin qilish qiyin emas. "Lochin"larda hammasi yaxshi boshlangan edi, biroq asosiy raqobatchi bilan bahsda engilishdi. Mavsum yakunida 3 ochko etishmadi, 1ochko etishmadi demaslik uchun shunday bahslarni yutish kerak. Sovrindorlar safiga "Neftchi", OKMK qo'shilishi ehtimoli katta. OKMKda tajriba va mahorat hamma narsani hal qilishi mumkin. "Bunyodkor"da ham 9 ochko bor, lekin tarkibdagi imkoniyatdan kelib chiqsak, butun mavsumn tepada barqaror o'tkazishga jamoani kuchi etmasa kerak. Agarda taqqoslaydigan bo'lsak, poytaxt klubi 2022 yil uchinchi turga kelib ilk uch ochkosini qo'lga kiritgandi. Bu mavsumdagi hozircha qayd etgan ikkita tarixiy natijasini aytib o'tish joiz, 2018 yildan buyon ilk bor Jizzaxdan g'alaba bilan qaytdi, 2019 yildan buyon ilk bor OKMK mag'lub etildi. Ko'ramiz, "qaldirg'och"ning parvozi qancha davom etar ekan?
"Nasaf"dan ham katta yurish ko'rmaymiz, doimgidek 3,4 o'rinlar. Klubning etibori akademiya va terma jamoalarga futbolchi etkazishga qaratilgan. SHubhasiz katta pasayish "So'g'diyona"da bo'ladi, deb o'ylayman. Jamoa Bakaev davridan so'ng eng past o'rinni egallashini taxmin qilishga 3ta turdagi natijalari, hali o'yin borasida yaxlit shakllanmagani shama qilmoqda. Jizzaxliklarning Superligadagi g'alabasiz seriyasi 14ta o'yinga etdi. Navbatdagi turni Namanganda chempionlikka davogar "Navbahor"ga qarshi o'tkazishadi. Qiyin vaziyat. Muvaffaqiyatsiz natijalar murabbiylar shtabining keyingi faoliyatiga jiddiy tasir qilishi aniq.
"Qizilqum"da ham shunday holat kuzatilsa hech gap emas. Asror Aliqulov qo'l ostida deyarli yangi, avvalgilaridan butkul farqli tarkib jamlangan. Keyingi raqib "Nasaf". Superligaga qaytgan "Andijon" ham, "Turon" ham o'zidagi tarkibga yarasha natija ko'rsatayotgani yo'q. Bu ketish bo'lsa, ikki jamoadan birida istefo ko'rsak ajablanmayman. 4-turda "Turon" "Bunyodkor", "Andijon" "Olimpik" mehmoni bo'ladi. Bu uchta turdan kelib chiqib qilingan xulosalar. Balki oldindagi o'yinlarda vaziyat butunlay boshqacha ko'rinish olar.
Fikrlar