SHota Arveladze bilan juda uzun, ammo samimiy suhbat - SHahboz Beg'amov
11 dek 2018 15:52
Yangiliklar
SHota Arveladze bilan juda uzun, ammo samimiy suhbat - SHahboz Beg'amov
"Paxtakor" bosh murabbiyi SHota Arveladzedan intervyu olish maqsadida klub matbuot xizmatiga murojaat qilgandim. Superliganing oxirgi turi doirasidagi "Paxtakor"ning "Bunyodkor"ga qarshi uchrashuvidan so'ng ertasiga Arveladze bilan suhbatlashish uchun "Paxtakor" stadioniga belgilangan vaqtda bordim.
Ochig'i, murabbiy mavsum tugashi bilan kelasi yilgi rejalar ustida ish olib borayotgani va Arveladze menga qadar ham ko'plab masalalar yuzasidan ketma-ket mehmonlarni qabul qilib, turli xil muzokaralar olib borayotganiga guvoh bo'ldim. Murabbiy kelishuvga ko'ra, belgilangan vaqtda meni qabul qildi va intervyu boshlandi.
To'g'risi, avval saytimizda Arveladze bilan ko'p video tasvir orqali suhbat uyushtirganimiz bois, bu safar shunchaki audio, yozma matnli intervyu olishga qaror qilgandim. CHunki "YouTube"dagi kontentda ruscha suhbatlarga talab u qadar katta emas va muxlislarimizga o'zbek tilidagi intervyu ko'proq qiziq.
Aslida intervyu shaklida rejalashtirilgan suhbat uzoq cho'zildi, o'rtaga kelib bu shunchaki o'zaro suhbatga ham aylanib ketdi ochig'i. Arveladze ko'plab masalalarga batafsil to'xtalib, barcha detallarni erinmasdan tushuntirib chiqdi. Qilayotgan ishlari, o'zbek futbolidagi tasavvuri, yo'l qo'yilayotgan kamchiliklar va uning bazi gaplari bahona o'rnida qabul qilinayotganiga qadar izoh berdi.
Ortda qolgan mavsum haqida SHota Arveladze quyidagi fikrlarini bildirdi:
- "Umuman olganda o'tkazgan mavsumimiz menga yoqdi. Butun mavsumga baho berayotganda qandaydir malum muddat yoki bazi o'yinlardan kelib chiqib xulosa qilinmaydi. Biz butun mavsum davomida barqaror o'yin ko'rsatdik. SHunday paytlar bo'ldiki, biz barcha raqiblarni o'yin va natija jihatidan tor-mor ham etishga erishdik. Bizga mavsum davomida ko'p ruy bergan katta oraliqdagi to'xtalishlar xalaqit qildi. Bazan bir oylab mavsum to'xtab qoldi. Bu esa futbolchilarning konsentraciyaga tasir ko'rsatishi aniq. Mavsum endi qizg'in pallaga kirayotganda to'xtalishlar cho'zilib ketishi istalgan jamoani o'yin ritmini yo'qotib qo'yishiga olib keladi. Ammo chempionatni biz tashkillashtirmaymiz.
SHunday paytlar bo'ldiki, stadionga minglab muxlislar qaytishdi va chiroyli muhitda futbol o'ynadik. Ayniqsa Namanganda. Bu albatta yoqimli. Bunday paytlarda hattoki yutqazgan paytingda ham maydonda boringni berib chiqqan bo'lasan. Haqiqiy futboldan lazzatlanib o'ynaging keladi. Bu kabi muhitda istalgan futbolchi yoki jamoa o'z imkoniyatidan bir bosh sakrashi tabiiy. Ammo shunday o'yinlar bo'ldiki, chempionlik masalasi hal etiladigan bahslarda tribunalar deyarli bo'm-bo'sh holatda edi.
Muxlislar futbolga juda katta va eng muhim narsa - quvvat berishadi. CHiroyli muhit va seni qo'llab-quvvatlashayotganini sezsang, unda yanada kuchliroq ishlaging, yaxshiroq o'ynaging keladi. Bu eng zo'r va tabiiy jarayon. Bu nafaqat maydondagi futbolchilarga, balki jamoa yoki klubda faoliyat yuritayotgan barchani birdek ilhomlantiradi.
"Paxtakor" garchi finalda yutqazgan bo'lsada bu yo'lga qadar ancha mashaqqatli yo'lni munosib bosib keldi. To'g'ri, yakunda sovrin yutolmadik. "Paxtakor" uchun ikkinchi bo'lish yoki finalchi degan nom hech narsani anglatmaydi. Ammo futbolda halollik bo'lishi kerak. Istalgan g'alabaga peshona ter bilan erishish g'alaba tamini yanada shirin qiladi.
"Paxtakor" uchun mavsum bosqichma-bosqich o'tdi. Biz birinchi bosqichni 1-o'rinda yakunlab, ikkinchi bosqichda uchinchi bo'lib uyg'ondik. Bu narsa jamoaga baribir ruhan tasir qiladi. SHunga qaramay keyingi bosqichni juda yaxshi boshladik. Lekin shundan keyin yuzaga kelgan tanaffus va mag'lubiyatlar jamoani ruhiy taraflama izdan chiqardi. Jismoniy taraflama jamoamizda hech qanday muammo yuzaga kelmadi.
Umuman olganda jamoa yomon ko'rsatkichlar qayd etmadi. Istalgan statistikani olib qaralsa, barchasi ko'rinadi. O'yinlar, urilgan va o'tkazilgan gollarda barchasi namoyon bo'ladi. Butun mavsum davomida faqatgina bir o'yinda o'z uyiimizda mag'lub bo'ldik. Albatta yutuqlar va kamchiliklar mavjud. O'ylashimcha, yaxshi taraflama o'sdik. Kamchiliklardan ko'ra yutuqlar, yaxshi taraflar ko'proq. Umuman klub tizimi va yo'lga qo'yilgan ish uslubi ancha yuqori darajaga chiqdi. "Paxtakor" nafaqat jamoa, balki klub sifatida ham ancha o'sdi. Jamoada o'yin uslubi paydo bo'ldi. Bizda uchrashuvlarda vaziyatlar yaratishda muammo yo'q. Raqib darvozasi qarshisida etarlicha vaziyatlar yaratilmoqda, ammo futboldagi eng qiyin ish - gol urishda bizda ham afsuski muammo bor.
Lekin shunga qaramay chempionat to'purarlari ro'yxatidagi ikki etakchi aynan bizning hujumchilar. Men yarim himoya chizig'imiz vakillari, qanot vingerlari ham ko'proq gol urishlarini istardim. Markaziy himoyachilar ham standart vaziyatlarida ko'proq gol urishlarini xohlardim. Murabbiy sifatida talab va xohishim doimo yuqori bo'ladi. Agarda aytib o'tilgan poziciya vakillari ham gol uraversa, menimcha, bu jamoaga qo'shimcha 10 ochkoni taqdim etadi.
Baribir tashqaridan nimadir yaxshiroq bilinadi, bazi biz ko'rmayotgan yoki ilg'amayotgan muammolarimiz ko'rinadi. Nimadir qilishga erishdik, bazi o'ylagan rejalarimiz amalga oshmadi. Har doim kimdadir etiroz bo'ladi. Bu tabiiy jarayon", - deya mavsumga baho berib o'tdi SHota Arveladze.
Arveladze birinchi savolga javob berish chog'ida o'yindan keyingi matbuot anjumanida bergan savolim, yani transferlar, klubning selekciya ishlari borasida ham to'xtalib, legionerlar haqida gapirdi:
- "Men masalan o'z jamoamda ko'rmoqchi bo'lgan 10 nafar futbolchini nomini yozib berishim mumkin. Lekin ularni jamoaga olib kelish oson emas. Masalan men "Paxtakor"ga kelganimdan keyin uchta transfer oynasida ishtirok etdim. SHu vaqt oralig'ida biz hattoki bazi bir o'zbek futbolchilarini ham transfer qilishni uddasidan chiqolmadik. Buning sababi sifatida istalgan narsani aytishim mumkin. Moliyaviy holatlar, xorijlik futbolchiga shartnoma yoqadimi yoki yo'q, bazi nomdor futbolchilar bu erga kelishni istashmaydi. Bundan tashqari hech kim bilmaydigan yanada ko'proq sabablar bor. SHu boisdan ham har doim istalgan futbolchini qo'lga kiritib bo'lmaydi. Men olmoqchi bo'lgan futbolchi va istaklar doimo ham mos kelavermaydi.
SHu paytga qadar olib kelgan legionerlarim ichidan faqatgina Rostin Griffits bizga umuman yordam bermadi. Gidi Kanyuk esa hujjatlar tufayli Osiyoning ko'plab davlatlaridan viza olishda muammoga duch kelgani sabab uni qo'yib yuborishga majbur bo'ldik. CHunki undan OCHLda foydalana olmasak, yig'inlarda borishida muammo bo'lsa, futbolchini jamoada olib yurgandan nima naf? Qolgan legionerlar, Simich, Bezerra, Isma va Dragan statistika bo'yicha juda yaxshi ko'rsatkichga ega. Statistikadan tashqari real baho beradigan bo'lsam, men ulardan doimo yanada yaxshiroq natija kutganman va kutaman. Masalan chempionatdagi barcha legionerlarning ko'rsatkichi va "Paxtakor"dagilarni alohida gollarini hisoblab chiqsa ham bizniki ustunroq chiqadi. To'g'rimi? Bu albatta bizning foydamizga ishladi. Lekin shunga qaramay kimgadir u ko'proq yoqadi, kimgadir boshqa. Ammo haqiqat shuki, biz ham doim talabni yuqori qo'yamiz va ko'proq samaradorlik kutamiz.
Legioner tushunchasini hamma har xil tushunadi. Bu erda legioner futbolchilar mahalliy o'yinchilardan ko'ra 10 karra kuchliroq bo'lishi kerak degan tushuncha shakllangan. Bu noto'g'ri tushuncha. Hech qaerda legioner mahalliy futbolchilardan bu katta tafovutda kuchli o'ynamaydi. Masalan "Real" yoki "Barselona"da qaysi legioner mahalliy futbolchilardan kuchli? Messini qo'shmaymiz, bu boshqa masala. Bundesligada ham bunday emas. "Bavariya"da qaysi legioner mahalliy futbolchidan kuchli?
Ha, pul ob-havoni belgilab beradi. Legioner odatda katta maosh oladi. Nega? CHunki uni jalb qilish uchun boshqalardan ko'proq pul berish lozim. Hamma ishda mantiq bo'ladi. O'ylab ko'ring, biz kuchli legionerni nimani evaziga o'zimizga jalb eta olishimiz mumkin? Faqatgina katta maosh evaziga. Masalan men mana bu futbolchini xohlasam, o'zi kelishni istamasligi mumkin. Agarda ikkala taraf istasa, shartnoma borasida kelisholmay qolish mumkin. Har doim ham istak va imkoniyatlar bir vaqtda to'g'ri kelmaydi.
Turkiyada ishlagan vaqtimda kuchli futbolchilarga taklif bilan chiqqanda ularga ECHL yoki Evropa ligasiga o'ynash imkoniyati paydo bo'lishi haqida gapirib, ularni jalb etishga harakat qilardik. Bu erdachi? Nima deymiz? OCHLda o'ynaymiz, Eronga borasan yoki va hokazo deymizmi? OCHLda o'ynaysan, stadionda sanoqli muxlislar bo'ladi deb legionerni jalb etish mumkinmi? Bunday qilib legionerlarni jalb etolmaymiz. Legionerning katta maosh olishi bu mahalliy futbolchidan nihoyatda kuchliligini anglatmaydi. O'sha futbolchini shu chempionatga olib kelish, mazkur jamoa shanini himoya qilishga jalb etishning yagona yo'li katta pul. Legionerlarni faqatgina katta pullar evaziga qiziqtirish mumkin.
"Paxtakor"da 6 yil faoliyat ko'rsatgan legioner himoyachi Boyan Miladinovich 3 yilni jarohat tufayli o'tkazib yuborgan. Yoki menga qadar kelgan legionerlar deyarli o'ynashmagan. Barcha ayblovlarga qaramasdan vaziyatga real baho beradigan bo'lsak, barchasi bizning foydamizga. SHunga qaramasdan biz doim ko'prog'ini xohlayapmiz va buning uchun harakatni to'xtatganimiz yo'q. Men masalan ispaniyalik, braziliyalik, franciyalik futbolchilarni olib kelishni istayman. Lekin puldan tashqari ham muhim ahamiyatga ega narsalar mavjud. Oila, farzandlar, ularning o'qishi, yashash tarzi va hokazo", - dedi SHota Arveladze.
Arveladze "Paxtakor"ga kelganiga 1,5 yil to'ldi. Murabbiy o'tgan mavsum oxirgi yarmida faoliyat ko'rsatgandi. Bu yil esa butun mavsumni to'liq o'tkazdi. SHu boisdan ham Arveladzedan jamoaga kelib nimani o'zgartirishga erishdi va nimani o'zgartira olmadi, degan savolga gruziyalik mutaxassis quyidagicha javob qaytardi:
- "Deyarli barcha narsani o'zgartirdim. Yo'q, yo'q, men emas, klub barcha narsani o'zgartira oldi. Klub to'g'ri va eng yaxshi yo'nalishga tushib oldi. Professionallik yoki futbol faqat maydon ichida emas, balki undan tashqarida ham bo'lishi kerak. Biz nafaqat maydonda, balki undan tashqaridagi holatlar bo'yicha ham katta o'zgartirishlarga erishdik. Faqatgina jamoa oxirgi zarbani aniq yo'llay olishda muammoga duch kelmoqda. Aynan shuni to'g'rilay olmadik. Klub nazorat qiladigan ishlarni deyarli barchasi o'xshadi.
Taktik taraflama yoki jamoa sifatida shuni aytishim mumkinki, men bazi futbolchilardan ko'proq narsa kutgandim. SHunday 5-6 nafar futbolchilar borki, men ulardan kamiga 50% ko'proq narsa kutgandim. Ular xarakter ko'rsata olishmadi va men kutgan natijani berishmadi", - deydi SHota Arveladze.
SHota Arveladze bilan suhbat ancha cho'zildi, juda ko'p masalalarni batafsil tushuntirib berishga, qilayotgan ishlarini erinmasdan ko'rsatib, nimalarni o'zgartirayotgani aytib bergani haqida qisqacha:
Arveladze “Paxtakor”da avvalo futbol madaniyatini o'zgartirayotganini alohida takidlab, tashkiliy masalalarni yuqori darajaga olib chiqqanidan mamnunligini bildirdi. Ammo bu hali hammasi emasligini ham tushunib turibdi. Arveladze nafaqat kuchli jamoa, balki birinchi kelganidayoq aytganidek, superklub tuzish rejasini amalga oshirish niyatidaligini bildirdi.
Klubda xodimlar g'alaba va mag'lubiyatga qarab kayfiyatlari o'zgarishi natijasidagi ish samaradorligi pasayib ketmasligini oldini olganini va bu borada klub ancha professionallashganidan ko'ngli to'q. “Paxtakor”da arazlash va xafa bo'lish degan tushuncha yo'qoldi. Arveladzening aytishicha, jamoa yutsa qahramon, yutqazsa sharmanda, degan tushuncha ayni paytda “Paxtakor”da amalda emas.
Klubda hammasi avtomatik tarzda ishlashi lozim. Ish tizimi va jarayoniga natija va boshqa omillar tasir etmasligi kerak. Klubni yanada super darajaga chiqarish mumkin va bu borada katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda.
SHota Arveladze kubok finalida AGMKdan yutqazganidan uyalmasligi, aksincha uning ustidan kulayotganlarga achinishini takidladi.
"Kubokni yutmaganim sharmandalikmi? Sizlarda bunga o'rganib qolishgan. Yo'q, menga bunday g'alabalar kerak emas. Istagim tufayligina kubokni qo'lga kiritishni emas, balki maydonda chinakamiga kurashda g'alaba tamini sezishni istayman. Yutqazsam, mag'lubiyatdan qayg'urish hissini tuyish menga muhimroq. SHunda yutsam ham toza vijdon bilan g'alaba qozonganimni his etishni istayman. Men finalda yutqazganimdan uyalmayman. Aksincha, ularga qo'shilib ahlat ishlarga aralashib qolishdan uyalaman. Meni o'sha tomon sudrashmoqchi bo'lishdi, ammo men u yo'ldan yurishni istamayman. Men futbolchilarni bunday sharoitda ruhlantira olmayman. Har bir g'alabaga kuch va mehnat bilan erishish mazasiga hech narsa etmaydi", - dedi SHota Arveladze.
Tanish-bilishchilik va futbolchi tanlovi cheklangani haqida
Arveladze o'tgan yili ikki futbolchi bilan shartnoma imzolagani, ammo yakunda ularni boshqa kontrak tufayli qo'yib yuborishga to'g'ri kelganini aytdi.
“Buni olsak, u telefon qiladi, uni olsak, bu telefon qiladi. Akajon, tog'ajon va hokazo. Agarda “Paxtakor”da shunday muammolar bo'layotgan bo'lsa, unda boshqa klublarni tasavvur qilyapman. Buni ololmasak, uni berishmasa, kim o'ynashi kerak? Menmi?”, - dedi SHota Arveladze.
Meni yig'loqi yoki sharmanda deya atayotganlar ko'zguda o'zbek futbolini ko'rishmayaptimi?
SHota Arveladze stadionlarimizdagi maydon holatlari haqida to'xtalarkan, bu gaplari uchun uni sharmanda yoki yig'loqi deyayotganlarga bir narsani tushuntirishni istadi.
- "Maydonni men o'zim bilan olib ketmayman. SHunday holatlarga duch keldimki, uni ko'rsatgim kelmayapti. Men bu gaplarni o'zbek futboli rivojini o'ylab aytyapman. Oddiy elementar narsalarni to'g'rilash o'rniga, rostini aytayotgan odamni sharmanda deyishmoqda. Mayli, men sharmanda bo'laqolay. Lekin futbolga bo'lgan qarash va munosabatni o'zgartirish kerak. Juda etiborsiz va kulguli holatlar ko'p. Aynan shular jam bo'lib oxirgi nuqtada bizga yakuniy zarbani berish etishmayapti.
Kelasi yildan barchada avvalo maydon bo'ladi! Bu o'zbek futboli uchun! Maydon, maydon deya nihoyat shu maqsadga erishish arafasidaman. Nima maydon faqat menga kerakmi? Lekin maydon uchun hali menga rahmat deyishadi. Ha, men bunga erishdim.
Nega Janubiy Koreyaning deyarli ikkinchi jamoasi to'p bermay o'ynab, bemalol to'rttalab gol urmoqda? Bu o'yindan keyin futbolchilarni ayblash, ularni sharmanda deb atash o'rniga noto'g'ri ishlarni to'g'rilash kerak. SHundagina ishlar o'z-o'zidan yaxshilanib, natijalar kela boshlaydi. Superliga o'yinlarining 20-daqiqasidayoq raqibning 3-4 nafardan futbolchisi maydonda yotib (asoslab, rasmlarini ko'rsatdi - muallif) qoladi. SHumi o'zbek futboli? Nima bu?
"Buxoro" bilan o'yinda CHeranning golidan keyin ularni murabbiyi (Ulug'bek Baqoev nazarda tutilmoqda - muallif) hakamga kelib, "men senga javob beraman, gol bo'lmadi, offsayd" deya ishonch bilan gapirmoqda. Hakam nima qildi? SHunday oldida Baqoevni fikriga tayanib toza golni bekor qildi. Men o'shanda g'alaba qozonganim uchun buni hech kim eslamaydi. O'shanda yutqazganimizdachi? Namanganda esa yana bir toza golni offsayd deya bekor qilishdi. "Lokomotiv" bilan muhim o'yinda Simichga qarshi folni bermadi hakam va keyin hisob tenglashdi. "Loko" bilan o'yinimizda jarima maydonchasi tashqarida yiqilgan futbolchi uchun darvozamizga penalti belgilashdi. Hakamga keyin "2" qo'yishdi. Men qo'ymadimku, to'g'rimi? Men bulardan o'taman, bu futbol. Futbolda kimdir xato qiladi. Ammo professional ishda ko'cha futbolidagi tushunchadan voz kechish kerak. O'zbekistonda sportga, xususan futbolga etibor yuksak darajada. Futbolga nafi tegishini istayotgan insonlar bor bu erda. O'zbeklar pul topishni biladi, ammo ishni to'g'ri yo'lga qo'yishda muammolar bor. Futbolga to'g'ri yo'nalish berish kerak. Mana shu tushunchalarni "Paxtakor"da yo'qotishga erishdim. Imkon qadar klubni yangi darajaga olib chiqishga harakat qilyapmiz. O'sish va yuksalish hali davom etadi", - dedi Arveladze.
SHota Arveladze matbuot haqida ham gapirar ekan, mediyani bir narsada noxolislik ekanini aytdi!
- "Matbuot ham o'yinlarni tanlaydi. O'z qiziqishidan kelib chiqib uchrashuvlarga keladi. Tabiiyki muxlislar ham shunday, afsuski. Matbuot anjumanlariga kirganimda sanoqli jurnalistlarni ko'raman. O'shalardan ikkitasi o'zimizning klub matbuot xodimlari va yana 1-2 jurnalist va fotosuratchilar bo'ladi. Hurmat yuzasidan o'z ishimni bajaraman, yani o'yin haqidagi fikrlarimni bildiraman. Mayli, nechta jurnalist bo'lsa ham savollariga javob beraman. SHu gaplarimni siz yoki sizning saytingiz orqali kimdir o'qishi mumkin. Futbol rivojlanishini istasa, media ham talab darajasida ishlashi va klublarni qo'llab-quvvatlashi lozim. Futbol rivoji va kuchayishidan matbuot ham manfaatdor aslida", - deya o'rinli tanqid qildi SHota Arveladze.
Gruziyalik mutaxassis o'zini o'zbek futbolining bir bo'lagi sifatida his etmoqda:
- "Men O'zbekistonda futbolga bo'lgan qarashni, yondoshuvni, ish uslubini o'zgartirish uchun kurashyapman. To'g'ri, buning uchun maosh olaman. Ammo shuni bilingki, qachondir Bobur SHodiev menga pul qolmaganini aytib, jamoada qolishimni so'rasa, "Paxtakor"da qolaman! To'g'ri, bir umrga tekinga ishlolmayman, ammo jamoada malum muddat tekinga ishlashim ham mumkin. Professional shartnoma, insoniylik va do'stlik aloqalari mavjud", - deydi SHota Arveladze.
"Krasnodar", "Neftchi" yoki AZ Alkmar
- "To'g'ri, "Krasnodar", Ozarboyjonning "Neftchi" va Gollandiyaning AZ Alkmar jamoalaridan takliflar kelgan. Ammo bu payti men boshqa jamoada ishlayotganim bois takliflarni ko'rib chiqmaganman. CHunki men boshlagan ishimni yarim yo'lda qoldirib ketadigan inson emasman. Masalan hozir taklif bo'lsa ketishim mumkin. CHunki rasman shartnomam tugadi", - dedi SHota Arveladze.
SHu o'rinda SHota Arveladze "Paxtakor" bilan o'rtasidagi bitim yana 1 yilga uzaytirilishini malum qildi. Hozircha shartnoma rasman imzolanmagan, ammo og'zaki kelishuvga ko'ra, tez orada bu ishning rasmiyatchiligi bajarilishi kutilmoqda. SHu boisdan ham gruziyalik mutaxassis jamoani kelasi mavsum rejalarini tuzib chiqqan.
"Paxtakor"da yulduz legioner paydo bo'ladimi?
Bu savolga Arveladze quyidagicha javob berdi:
- "Masalan kim? Rivaldo kabi yulduz futbolchimi? Qanday masshtabdagi legionerni nazarda tutishmoqda? Misol uchun bunday tipdagi futbolchi 10 taxminan 10 millionga yaqin maosh evaziga kelishi mumkin. Lekin o'sha futbolchini olib kelsak va u ertasiga jarohat olsachi? 10 million evro havoga uchib ketadimi? Hozirgi Superliga shunday tipdagi yulduz tayyormi? Menimcha, O'zbekiston chempionati hali bu kabi yulduz futbolchiga tayyor emas. Undan ko'ra bu pulga butun o'zbek futboli infrastrukturasini yaratish mumkin. Maydon, inventarlar, zamonaviy texnologiyalar, tibbiyot, futbol bilimi va hokazo. O'zbek futbolida avvalo shularni barpo etish lozim. Qisqa qilib aytganda, avvalo fundamentni mustahkamlash kerak. Pullarni havoga behuda sovurish emas, balki samarali yo'naltirish zarur. Bu pullar sizlarniki va bundan futbol yo'lida naf chiqarish lozim", - dedi SHota Arveladze.
Futbolga futbol kishilari kerakmi?
SHota Arveladze futbolda futbol kishilari ishlaydimi yoki yo'q bu katta ahamiyatga ega emasligini aytdi. Muammo bunda emas, balki muammo o'sha muammoni echilmasligida ekanligini takidladi.
- "Futbol tepasiga umuman boshqa soha vakillari kelishi butun jahon amaliyoti qo'llangan tajriba. Bu muammo emas. Agarda malum muammo echilmasa, o'shanda bu katta muammoga aylanadi. Birinchi navbatda O'FA qoshida murabbiylar kengashi tuzilishi lozim. Mazkur kengashga eng oldi va obro'li mutaxassislarni jalb etib, bir yil boshqa murabbiyni etakchi qilish lozim. Keyingi yil boshqasini. Xuddi shunday sport direktorlari ittifoqini tuzish kerak. Futbol tepasiga boshqa soha vakillari kelishi muammo emas, lekin futbol bo'limlarida, har bir yo'nalishda o'z etakchilari va mutaxassislari ishlashi kerak. Futbol bu faqat maydon ichidagi o'yin emas. Uning tashqarisida ham chiroyli "o'ynalishi" kerak. Futbolda marketing, tijorat, media, maydonga qaraydigan agranomlar, tibbiyot va hokazo ishlar mavjud. Bir so'z bilan aytganda, aniq bir tizimni yaratish kerak. Muammo hech qachon bir inson bilan bog'liq bo'lmaydi. Ko'proq zamonaviy, shijoat bilan ishlaydigan, o'z ishining ustasi sanalgan yoshlargaimkoniyat berish kerak", - dedi SHota Arveladze.
"Hech bir katta yutuq muxlislarsiz qo'lga kiritilmaydi"
SHota Arveladze futbolda muxlislar o'rni beqiyos ekanligini alohida qayd etdi.
- "Hech bir katta muvaffaqiyatga muxlislarsiz erishib bo'lmaydi. Murabbiy futbolchilarni o'yingacha qanchalik tayyorlamasin, motivaciya bermasin, agarda stadionda chiroyli muhit shakllanmagan bo'lsa, unda bor kuchi bilan o'ynay olmaydi. Futbolchilarga maydonda eng katta motivaciyani muxlislar beradi. Yutib turganda qo'llab-quvvatlash oson. Ammo mag'lubiyatga uchrasa yoki qiyin paytda tribunadan uni tushir, buni ol, demasdan, qo'llab-quvvatlash zarur. Muxlis nega stadionga keladi? Kimnidir so'kkanimi? Yoki jamoasiga muxlislik qilish uchunmi? Nega ularga 12-raqam beriladi? Buni manosi nima? Hamma biladi, ular 12-futbolchiga aylanishadi. SHu orqali o'z jamoasiga yordam berishi kerak. Bu erdachi? Asosan so'kish, haqorat va shu kabi. Bazida odamlar hayvonot bog'ida o'zlarini stadiondagidan ham yaxshi va madaniyatliroq tutishadi.
Muxlislik madaniyati yuqori ishqibozlar ham bor. Masalan hamma o'z onasini juda yaxshi ko'radi. Kimnidir onasi yoshroq va chiroyliroq. Meniki esa qariroq. Lekin men uni eng yaxshisi deb bilaman va yaxshi ko'raman. Unga, oyi, siz qaridingiz, do'stimi oyisi chiroyli va yoshroq demaymanku, to'g'rimi? Barcha uchun o'z onasi eng yaxshisi. Jamoa ham shunday aslida. Muxlis doimo o'z sevimli jamoasini qo'llab-quvvatlashi va chin yurakdan sevishi lozim. Ular stadionga futbol ko'rish va sevimli jamoasiga muxlislik qilish uchun kelishadi. O'zbekistonda inson qanchalik qadrlanishi va mehmondo'stligidan hayratda qolaman. Xalqingiz juda madaniyatli. Lekin negadir stadionga keladigan muxlislar futbolchilarni yomon haqorat qilishadi. Bundan so'ng o'sha futbolchi qanday yaxshi o'ynasin, aksincha cho'kib qoladi. Bunday muxlislik evaziga ko'plab iqtidorlarni ochilmasdan yo'qotib qo'yish mumkin.
Masalan hamma Germaniyada doim anshlag bo'lishini va muxlislar to'lishini aytadi. Muxlislar Messi yoki Ronalduni misol qilishadi, evropa futbolini sevib tomosha qilishadi. Ammo evropadagi muxlislik madaniyati va doim to'liq tashrif haqida unutib qo'yishadi. Evropadagi futbolni talab qilishadi, lekin evropadagi eng oxirgi o'rinda yurgan jamoaning istalgan o'yinida stadion to'lishini bilasizmi? Evropadagi futbol go'zalligi boshqachaligiga sabab sifatida u erdagi fantastik muhit va ishqibozlar futbolchilarga motivaciya berishini ham unutmaslik kerak. Germaniyada muxlislar jamoasiga muxlislik qilish uchun kelishadi. Tablodagi hisobga qarab yoki turnir jadvalidagi holatidan kelib chiqib o'yin tanlashmaydi. Gruziyada ham xuddi shunday. Yutsa yaxshi, yutqazsa yomon. Bu noto'g'ri yondoshuv. Bunday muxlislar 12-futbolchi nomiga nomunosib. Tribunada bazan shunday raqamdagi futbolka turadi, menimcha, bu ularning feyk libosi", - deydi SHota Arveladze.
SHota Arveladze murabbiylik licenziyasini Lui van Gaal "Bavariya"da ishlagan payti Myunxenda olganini takidladi. Bilasiz, SHota Arveladze murabbiy sifatida Lui van Gaal, Dik Advokat va Ronald Kumanga yordamchi bo'lib ishlagan. Arveladze ularga quyidagi tarif berdi:
Lui van Gaal - o'qituvchi.
Dik Advokat - motivator.
Ronald Kuman - kuchli futbol nazariyachisi.
Eng yaxshilar haqida
SHota Arveladzening fikricha, mavsum davomida Jaloliddin Masharipovda ajoyib o'yinlar bo'ldi, SHerzod Azamov barqaror o'ynadi. Lekin chempionat to'purariga aylangan va mavsumni jarohatsiz o'tkazgan Tiago Bezerra o'tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchi bo'ldi.
Ishonchni oqlamagan futbolchilar haqida
Arveladze mavsum davomida Bahrom Abduraximov, Jamshid Iskanderov, Kozak va Marko Simichdan ko'p narsa kutganini, ammo yakunda ular ishonchni to'liq oqlashmaganini takidladi. Aynan mazkur futbolchilardan yanada yaxshiroq va yuqori darajada o'yin kutganini yashirmadi.
Kimlar jamoada qoladi?
Arveladze kelasi mavsum jamoada kimlar qoladi, degan savolga shartnomasi mavjud futbolchilar deya javob berdi. SHu o'rinda savol tug'iladi, qaysi futbolchilarning "Paxtakor" bilan shartnomasi tugamoqda?
Kamoliddin Tojiev, Igor Sergeev, Jamshid Iskanderov, Tiago Bezerra.
Superligada taktik jihatdan kuchli murabbiy kim?
- "Menga "Bunyodkor" bilan o'ynash yoqadi. CHunki Mirjalol Qosimov ajoyib jamoani shakllantirgan. Jamoa taktik taraflama kuchli o'ynashi albatta murabbiy xizmati. "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdievni ham alohida takidlash mumkin. "Lokomotiv" ham yaxshi jamoa va ular bilan ham doim qiziq o'yin bo'ladi. SHipilov ham mustaqil ravishda o'tkazgan birinchi mavsumini yaxshi o'tkazdi. "Mashal" murabbiyi Aleksandr Xomyakovni ham bu ro'yxatga kiritmaslikning iloji yo'q. Ajoyib mutaxassis. "Neftchi"da oxirgi bo'lib ishlagan Bahrom Haydarov ham yaxshi jamoa shakllantirdi", - dedi SHota Arveladze.
Yangi mavsum rejalari haqida
Arveladze jamoa kelasi yili avvaliga Turkiyada, keyinchalik BAAda yig'in o'tkazishini takidladi. Klubning 10ga yaqin futbolchilari terma jamoalarga ketishini inobatga olib, mavsumni OCHL pley-off o'yini orqali ancha erta boshlaydigan jamoa tarkib borasida muammoni qanday echmoqligini so'radim. CHunki jamoa mavsumga tayyorgarlikning yarmidan ko'pini asosiy futbolchilarisiz o'tkazishiga to'g'ri keladi. Arveladze avvalo terma jamoalarga ketadigan futbolchilar imkon qadar kechroq qaytishini tilab, bu muammoga yaxshigina bosh qotirib echim topishini aytdi. Arveladze aynan muammolarni hal etish uchun ishlayotganini qo'shimcha qilib, bu unga motivaciya berishini takidladi. Ha-ya, "Paxtakor" yangi mavsumda yangicha uslubda, aniqrog'i boshqa taktik sxemada o'ynashini malum qildi. Aynan qaysi uslub va qanday sxema ekanligini oshkor qilishim shart emas menimcha. Bu shunchaki yangilik sifatida. Yangi yilda oldinda turgan Osiyo Kubogi va OCHL futbolimiz ayni paytda qanday mavqei va qaysi pog'onada ekanligini ko'rsatib berishini aytdi.
Arveladze bu kabi muammolar nafaqat "Paxtakor"da, balki boshqa jamoalarda ham borligini bildirdi. "Navbahor", "Bunyodkor", "Nasaf" yoki "Lokomotiv" jamoalaridan o'z muammolari haqida so'rab, ularni muammolarini ham echish zarurligini takidladi.
Muallifdan
Xulosa shuki, SHota Arveladze "Paxtakor"da nafaqat kuchli jamoani tuzish va natija ko'rsatish, balki klub tizimini ham tubdan isloh qilish, butkul yangi darajadagi "Paxtakor"ni shakllantirish g'oyasi bilan kelgan. SHu boisdan ham rahbariyat gruziyalik mutaxassisga faqatgina natija etibori bilan qarab yakuniy bahoni berishga shoshilmayapti. Arveladzening "Paxtakor"dagi va bu orqali o'zbek futbolidagi missiyasi boshqacharoq. Yani, futbolimizda qurmoqchi bo'linayotgan tizimni yaratish va bunga mustahkam poydevor qo'yish. Bilasizmi, "Paxtakor"ga shunchaki jamoa va moliyaviy imkoniyatlari ancha keng bo'lgani etibori bilan qaralsa, ko'rsatilgan natijalar qoniqarli emas. Bunga to'liq qo'shilaman. SHota Arveladze ham suhbat davomida "Paxtakor" uchun yuqori cho'qqidan boshqa istalgan natija qoniqarsiz ekanligini tushunib, tan olib turibdi. Lekin butkul yangi darajadagi jamoani qurish uchun malum muddat vaqt talab etilishini ham unutmaslik kerak. Arveladze faqat maydon ichidagi ishlar bilan cheklanib qolmayapti, unga malum vaqt natija keltiradigan yo'ldan borish yoqmayapti. Uning oldiga qo'yilgan vazifa va missiya boshqacharoq.
Arveladze "Paxtakor"da futbol madaniyati, ishga bo'lgan o'zgacha va professional yondoshuvni kiritish rejasi bilan kelgan va ortga qolgan vaqt ichida bu borada malum natija va ko'rsatkichlarga erishdi. Tashqaridan bu ishlar, klub ichida qurilayotgan tizim ko'rinmasligi mumkin. Ammo Arveladze jamoadan istalgan payt ketsa ham avtomatik tarzda ishlaydigan tizimni yaratib ketmoqchi.
Gruziyalik mutaxassis menga kelganidan so'ng klubda nimalar bo'lgani va hozirda qanday o'zgarishlarga qo'l urganini erinmasdan batafsil tushuntirib, isboti bilan ko'rsatib berdi. Murabbiy alohida fleshkada va o'zining dasturnomasida: kelguniga qadar nima bo'lgani va o'tgan vaqt mobaynida nima o'zgargani haqida farqni fakt bilan ko'rsatdi.
"Bavariya", "Manchester Siti", "Real", "Barselona" va boshqa evropaning grand jamoalari foydalanadigan texnologiyalar bo'yicha ish olib borilmoqda. Bunda Arveladze kelganidan so'ng jamoada kim necha marotaba jarohat olgani, qanday vaznda bo'lgani va o'zgarishlar qay tarzda amalga oshgani, jarohatlangan futbolchilarning barchasi alohida dastur bo'yicha individual shug'ullangani haqida batafsil malumotlar yozilgan. Masalan, "Manchester Siti"dagi futbolchilarining tanadagi yog' foizi va "Paxtakor" o'yinchilarining bu boradagi ko'rsatkichini misol qilib ko'rsatdi. Rosti, o'rtadagi farq ancha kattani tashqil qiladi. SHota Arveladze buni ko'rsatib, albatta bunda bizning ovqatlanish tartibimizni alohida qayd etdi. Ammo o'tgan vaqt mobaynida "Paxtakor" futbolchilarining tanasidagi yog' foizi keskin tushgani, lekin shunga qaramay bu ko'rsatkich hali evropa futbolchilariniki bilan solishtirganda katta farqni tashkil qiladi. Bu ishlar tezda o'z mevasini bermasligi aniq. Ammo o'tgan vaqt mobaynida aynan "Paxtakor" futbolchilari jismoniy jihatdan qolgan klublarimizdan ancha ilgarilab ketishgani sir emas. Aynan shu tizimni klubda joriy qilib, kelajakda etishib chiqayotgan yoshlar maxsus dastur bo'yicha shug'ullanib, ayni paytda yo'l qo'yilayotgan xatolarni takrorlamasliklari mumkin.
Arveladze jamoadan ketganidan so'ng ham yangi keladigan murabbiyga qo'lidagi katta malumotni qoldirib, har bir futbolchining holati bo'yicha batafsil malumotlarni taqdim etishni rejalashtirgan. SHunda yangi kelgan inson jamoadagi holatni o'rganishda qiynalmasligi turgan gap. Ektor Kuper ham terma jamoamizga kelganida birinchi bo'lib futbolchilarning holati bilan tanishib chiqish uchun malumotlar bazasini so'ragan, ammo uning so'rovini bizda umuman tushunishmagan ham. SHota Arveladze bu borada Kuper hayron qolganini takidladi. SHu boisdan ham Kuper futbolchilarni saralab olishda, ularni sinab ko'rishga ko'proq vaqt sarflab yubormoqda. Evropada umuman boshqacha uslub va tizimda ishlagan murabbiy uchun eski holatga qaytish etarlicha qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi hech kimga sir emas.
SHu boisdan ham Arveladzega yakuniy bahoni berishda shoshilmaslikni va natija qanday bo'lishidan qati nazar bu tizim yillar o'tib hali juda ko'p foyda keltirishini taxmin qilish qiyin emas. Avvalgi "Paxtakor" bilan hozirgi jamoani solishtirish kamida nohaklik bo'ladi. Avvalgi jamoa bilan hozirgi "Paxtakor" borayotgan yo'l umuman teskari va begona. Yangi rahbariyat va yangicha qarashda qurilayotgan "Paxtakor"ning ambiciyalari eski jamoanikidan tubdan farq qiladi va avvalgisidan kuchliroq, nazarimda.
Arveladze bilan davom etgan juda uzoq suhbat va sizlarga etkazmoqchi bo'lgan malumotlarim shu. Etiboringiz uchun tashakkur!
SHahboz Beg'amov
Fikrlar