Qiruvchi samolyot ostida qolgan, otasiga intervyu bergan, Eto'Oni zaxiraga mixlagan hamda undan jamoa topib berishni so'ragan "So'g'diyona"ning yangi legioneri bilan yaqindan tanishamiz
11 apr 13:11
Yangiliklar


Qiruvchi samolyot ostida qolgan, otasiga intervyu bergan, Eto'Oni zaxiraga mixlagan hamda undan jamoa topib berishni so'ragan "So'g'diyona"ning yangi legioneri bilan yaqindan tanishamiz
Luka Jorjevich 1994 yil 9 iyul kuni Chernogoriyaning Budva shahrida tug'ildi. Bu shahar Adriatika dengizining eng go'zal va qadimiy shaharlaridan biridir (bu hududda odamlar yashaganligining dastlabki dalillari miloddan avvalgi beshinchi asrga borib taqaladi).
Yugoslaviya urushlari Chernogoriya sohillariga uncha tasir qilmagan: "Urushni eslay olmayman, juda yosh edim. Ota-onam doim yonimda bo'lib, baxtli bo'lishim uchun barcha imkoniyatlarni yaratishdi. Men bu qora kunlarning og'irligini his qilmadim. Urush, albatta, barcha yaqinlarimizga tasir qildi. Katta bo'lganimda, bu haqdagi malumotlarni o'rganishni boshladim, chunki qiziq edi. Tarix men uchun juda qiziqarli fan, shuning uchun bu haqda to'liq malumotga egaman.
Ammo tabiiy ofat Budvaga kuchliroq zarba berdi – 1979 yilda shahar vayronkor zilzila oqibatida zarar ko'rdi. Shuningdek, Yugoslaviyadagi fuqarolar urushi ham salbiy tasirini namoyon etdi. Shunday bo'lsa-da, bularning barchasi Budvaning serb va rossiyalik sayyohlar uchun juda mashhur kurortga aylanishiga to'sqinlik qilmadi – uni hatto Bolqonning "rus shahri" deb atashadi.
Bazan yangi odamlar bilan tanishganimda va o'zim Chernogoriyadanligimni aytganimda, mendan: "Yugoslaviyami?" deb so'rashadi. Men: "Ha," deb javob beraman, so'ng: "O-o, sizlarda urush bo'lganmi?" degan gapni eshitaman. Albatta, bu butun mamlakat uchun og'ir davr edi. Xudoga shukrki, hozir hammasi joyida.
Onamning hikoyasi hamon xotiramda. Biz sohilda sayr qilayotgandik, men juda kichkina, taxminan besh yoshlarda edim. To'satdan onam bizning ustimizdan judayam pastlikdan uchib o'tayotgan bir nechta samolyotlarni ko'rib qoldi. Onam shunchalik qo'rqib ketdiki, meni ham, o'zini ham qum ustiga tashladi. Biz yotib oldik. Biroq samolyotlar ustimizdan uchib o'tib, boshqa joyni bombardimon qilgani ketdi. Men jajji bo'lganim uchun nimalar bo'layotganini tushunmasdim, ammo boshqa odamlar juda qo'rqib yashashardi.
Qarindoshlarim urushdan so'ng qanday qiyin davr bo'lgani haqida aytib berishgan. Inflyaciya avj olgan, pul umuman yo'q edi. Do'konlarda faqat olma sharbati topilardi. Bolalarini tarbiyalayotgan ota-onalar uchun bu juda og'ir davr edi. Shunday bo'lsa-da, men och qolmadim. Ota-onam buning uchun barcha choralarni ko'rishdi. Men hashamatli bo'lmasa-da, munosib hayot kechirdim. Otam sport jurnalisti bo'lib ishlardi. Hatto Chempionlar Ligasi ham sharhlardi. Onam fitnes bo'yicha murabbiy bo'lib ishlardi. Boshida esa tort sotgan edi. Menda doim eng zo'r butsilar bo'lardi. Ularning oylik maoshi 500 dollar edi, lekin mening butsim uchun 200 dollar sarflardi! Men rus tilida ilk bor o'rgangan so'zlarni eslayman. Bu otam bilan birinchi marta Rossiyaga samolyotda uchayotganimizda bo'lgan edi. U "Olma sharbati" dedi va bu so'z xotiramda qoldi".
Luka futbolchilik faoliyatini mahalliy "Mogren" jamoasida boshladi.
Yosh paytimda "Mogren" jamoasi o'smirlar orasida Chernogoriya chempionatida g'alaba qozongandi. Otam menga qarata mikrofon tutib turgan suratim bor. U mendan intervyu olgan. Bazida otam menga shaharning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida mukofot topshirardi. Shunga o'xshash voqealar bo'lgan.
Otamga bergan intervyumni eslayman. Men jilmayardim. Jiddiy bo'lishga urinmasdim. Bu intervyu shaharning Budva TV telekanali uchun edi. Jamoamdan ikki do'stim ham intervyu bergan edi. O'shanda 11-12 yoshlarda edim. lekin juda xavotirga tushgandim. Otamdan nima haqida so'rashini aniqlashtirdim. Tayyorlanib olmoqchi edim. So'kinib yuborishdan qo'rqardim. Hozir o'sha intervyuni o'zim ko'rishni istardim.
Sobiq Yugoslaviyaning barcha istedodli o'yinchilari singari, Luka ham nufuzliroq klublarning diqqat markazida edi. "Kyoln" va "Olimpiakos" sinov o'yinlari uchun rasmiy taklifnomalar yuborgan bo'lsa-da, PSV eng qatiyatli edi. Ajoyib akademiyaga ega bo'lgan Niderlandiya grandi Chernogoriya yoshlar terma jamoasining Turkiyaga qarshi o'yinida Jorjevichni kuzatdi.
"Dastlab ikki kunga keldim, ammo keyinchalik Germaniyadagi turnirda ishtirok etish uchun qolib ketdim", – deya xotirlaydi Luka. Bu voqea 2011 yil aprelida, chernogoriyalik yigitcha endigina 16 yoshga to'lgan paytda sodir bo'lgan edi. Biroq so'nggi lahzalarda tezkor hujumchining transferi barbod bo'ldi – bazilar bunga futbolchining yoshi sabab (u 16 yoshda edi) desa, boshqalar qandaydir byurokratik to'siqlarni ro'kach qilishdi.
Jorjevich kattalar darajasida 2010 yil ko'rinish berdi. Uning ilk klubi "Mogren" Chernogoriya chempionligini qo'lga kiritdi, ammo yosh hujumchi bunga katta hissa qo'shmadi, chunki u atigi 2 ta o'yin o'tkazdi. 2011 yil aprelida yangi bosqichga o'tish yuz berdi – "Mogren" murabbiyi Branislav Milachich yoshlar jamoasidan uchta o'yinchini asosiy tarkibga o'tkazdi. Ularning ikkitasi "Chernogoriya marvaridlari" deb nom olgan edi. Marko Bakich va Luka Jorjevich yoshlar jamoasida birgalikda ajoyib o'yin ko'rsatdi va bu ishni kattalar jamoasida ham davom ettirdi. Uning faoliyatidagi keyingi mavsum samaraliroq bo'ldi – 10 gol va 2012 yil iyulda "Zenit"ga transfer. Garchand jamoa bilan shartnoma muddati naq 7 yil davom etgan bo'lsa-da, Lukaga deyarli ishonch bildirilmadi va u shu davr mobaynida beshta jamoaga ijaraga berildi.
Luchano Spalletti chernogoriyalik yangi o'yinchi haqida shunday dedi: "Luka qanot hujumchisi, u bo'sh zonalarga ajoyib tarzda ochiladi, yaxshi yuguradi, shuning uchun uning kelajagi bor deb o'ylayman".
Jiddiy raqobatga qaramay, Luka qatiyatli edi. "Zenit"ning o'sha paytdagi murabbiyi uni tez-tez maydonga tushirardi, ammo futbolchi asosiy tarkibda mustahkam o'rnashib olish uchun hali tajribasiz edi. "Rivojlanish uchun ko'proq o'yin amaliyoti kerak edi va suhbatdan so'ng, murabbiy menga muntazam ravishda maydonga tushadigan joyga borganim maqulligini aytdi", - dedi Jorjevich "Tvente"ga ijara asosida yo'l olishi haqida.
Niderlandiyada chernogoriyalik futbolchi barqaror o'ynadi va Lukani "Mogren"dagi o'yinlaridan beri sotib olmoqchi bo'lgan klub qishda piterliklar bilan futbolchining shartnomasini sotib olish bo'yicha muzokaralar olib bordi. "Zenit" rad javobini berdi va ijaradan qaytgach, o'yinchini "Sampdoriya"ga jo'natib yubordi va unga hech qanday imkoniyat bermadi. Luka bu voqeani faoliyatidagi eng alamli lahzalardan biri sifatida yodga oladi. Italiyada Jorjevich uzoq vaqt davomida jamoaga va chempionatga moslashdi, oxir-oqibat Samyuel Eto'O bilan asosiy tarkib uchun raqobatda g'alaba qozondi.
Mavsum tugashiga 3 yoki 4 ta o'yin qolgandi, biz Evropa Ligasi yo'llanmasi uchun kurashayotgandik. Adamshmasam, taqib qilinayotgan jamoadan bir ochko ortda edik. "Udineze"ga qarshi o'yin bo'ldi. Safarda 1:0 hisobida oldinda borayotgandik, o'yin tugashiga 35 daqiqa qolganida maydonga tushdim, aynan Eto'Oni almashtirdim va eng yaxshi o'yinlarimdan birini ko'rsatdim. Golli uzatma amalga oshirdim, o'zim ham raqib darvozasini ishg'ol qilish baxtiga muyassar bo'ldim. Shundan so'ng menga boshqacha nazar bilan qaray boshlashdi va bir haftadan so'ng dastlabki daqiqalardanoq maydonga tushdim, Eto'O esa zaxirada qoldi. G'alaba qozona olmadik, durang o'ynadik, lekin har qanday holatda ham shunday darajadagi o'yinchini zaxiraga o'tkazish esda qolarli voqea edi.
Eto'O ochiq ko'ngil, qiziqtabiat inson edi. Bazida kiyinish xonasida bir soatlab suhbatlashib o'tirardik, lekin uni yaqin do'stim deb ayta olmayman. Shunday bo'lsa-da, bir safar u menga yordam qilgandi. Villash-Boash davrida o'ynamayotganimdan juda norozi edim. Yodimda, Eto'Odan menga jamoa topib berishini so'ragandim – ehtimol, kimdir meni tarkibida ko'rishni xohlayotgandir, degan mazmunda. U surishtirib ko'rishini aytdi. Yaqinda Eto'O chindan ham men uchun jamoa so'rab-surishtirganini aytishdi. U: "Yosh, baquvvat yigit, men bilan "Sampdoriya"da o'ynagan," deb meni tavsiya qilgan ekan. Tasavvur qilyapsizmi? Eto'O menga yordam berishga urinmagan, deb o'ylaganim uchun afsuslandim. Undan rus tilida biror narsani eslay olasizmi, deb so'raganimda kulgim keldi. Eto'O shunchaki: "Maosh", deya javob bergandi.
Yangi yil – yangi ijara. Ispaniyaning ikkinchi divizioni vakili "Ponferradina" klubi Shimoliy poytaxtdan ijara asosida kelgan darbadarga boshpana berdi. U erda forvard o'zini ko'rsatdi: 24 ta o'yin, 3 ta gol, ulardan biri Segunda divizionining eng yaxshisi deb topildi. "Ispaniyada hammasi yaxshi edi, men mavsumda 20-25 ta gol urishim mumkinligini his qildim, lekin turli sabablarga ko'ra bu sodir bo'lmadi. Jamoa uchinchi divizionga tushib ketdi, lekin jamoamiz katta oila bo'lib qoldi – u erdan ketish qiyin bo'ldi.
Nihoyat, Jorjevichga ijara bo'yicha tajriba orttirish imkoniyati berildi. Sankt-Peterburgliklarning yangi bosh murabbiyi Mircha Luchesku hujumchiga "Zenit"da ishonch bildira boshladi. Luka kamdan-kam, ammo muhim gollarni urdi: chempionatda "Rostov" va Evropa Ligasida "Makkabi"ga qarshi o'yinlarda g'alaba to'plarini kiritdi, shuningdek, Peterburgdagi birinchi sovrini – Rossiya Superkubogini qo'lga kiritdi. Go'yoki endi u ijaraga yuborilmaydigandek edi.
Ammo murabbiy o'zgarishi hammasini o'zgartirib yubordi. Yangi murabbiy Roberto Manchini tomonidan Rigoni va Driussining xaridi chernogoriyalik futbolchini yana ketishga majbur qildi. Uni Tulaning "Arsenal" klubi ijaraga oldi, u erda Luka to'purar sifatida namoyon bo'ldi. Ammo bir yil o'tgach, Semak kelgach, futbolchi uchun tarkibda joy topilmadi. Yaxshiyamki, "Arsenal" ijara muddatini uzaytirdi va hujumchi ajoyib o'yin ko'rsatdi - 7 gol va 5 golli uzatma, natijada Tula jamoasi evrokuboklarda ishtirok etish huquqiga ega bo'ldi. "Loko" darvozasiga urilgan gol esa ochko yo'qotgan "temiryo'lchilar"ning yaqin taqibchisi "Zenit"ga chempionlikni olib keldi.
Jamoada Artyom Dzyuba juda bahaybat, tajovvuzkor, shu bilan birga, hazilkash edi. U boshqa futbolchilarni kulgili tarzda tasvirlardi. Bir kuni Robert Mak mashg'ulotga kelmadi. Samolyotga kech qolganini bahona qildi. Dzyuba esa voqeani shunday izohladi: "Aslida unday bo'lmagan: u shunchaki qo'nish joyi yonida MakBurgerni ko'rib qolgan. Bir samolyotga qaraydi, bir MakBurgerga qaraydi, yana samolyotga qaraydi, yana MakBurgerga qaraydi... Oxir-oqibat u reysdan voz kechib qo'l siltadi va ikkinchi yo'lni tanladi.
Shuningdek, "Arsenal" safida u "Orenburg" darvozasini "chayon" uslubida ishg'ol qilgan.
"Zenit"da har bir ijaraga yo'l olishimning o'z tarixi bor. Birinchi marta ketganimda murabbiy Spalletti edi. U menga ijarada o'ynab ko'rishni maslahat berdi. Qaytib kelganimda "Zenit"da Villash-Boash ishlayotgandi. U menga darhol kerak emasligimni aytdi. Yagona imkoniyat yana ijaraga chiqish edi. Boash ketmaguncha "Zenit"ga qaytishning manosi yo'q edi. Klubdan ketishni o'ylayotgan edim, lekin Luchesku keldi. U meni saqlab qolmoqchi ekanligini tushuntirdi. O'zi esa "Zenit"da atigi bir yil qoldi va hammasi qaytadan boshlandi... Keyin Manchini keldi va unga kerak emasligimni angladim...
Luchesku haqida ko'plab voqealarni bilaman, ammo hammasini aytib berolmayman (kuladi). U juda ko'p tillarni biladi, lekin chamasi, bazan ular miyasida aralashib ketadi. Bir kuni mashg'ulot paytida u Robert Makka ingliz tilida: "Mak, inglizcha gaplashasanmi?" deb baqirdi. U: "Ha," deb javob berdi. Shu zahoti Luchesku sof ruscha tilda: "Unday bo'lsa, yaqinroq o'yna, yaqinroq!" deb yubordi. Butun jamoa kulgidan maysa ustida dumalab qoldi.
Shuningdek, Evropa Ligasidagi "Makkabi"ga qarshi o'yinni yaxshi eslayman. Ajoyib o'yin bo'lgandi – biz 0:3 hisobida ortda qolib, yakunda 4:3 hisobida g'alaba qozondik. Men g'alaba golini urdim. Kiyinish xonasiga kirganimizda, bo'lib o'tgan voqealarga ishonolmay, hammamiz hayratda edik. Sheriklarm meni tabriklashayotgandi. Shu payt Luchesku kirib keldi-da, menga yaqinlashib dedi: "Mayli, yigitcha, yaxshi o'ynading, ammo bir necha holatda darvozaga zarba berish o'rniga to'pni uzatishing kerak edi". Esimda, Krishitu, Netu va boshqa yigitlar darhol o'rinlaridan turib, meni himoya qilishga tushishdi: "Hoy, Janob, nimalar deyapsiz o'zi? U bizga g'alaba taqdim etdi-ku!"
2019 yilning avgustida Jorjevich Moskvaning "Lokomotiv" klubi bilan shartnoma imzoladi, biroq bu jamoada ham unga ishonch bildirilmadi.
"Lokomotiv" tarkibida to'p tepayotgan paytda u sevgilisiga turmush qurishni taklif qilgan.
Hujumchi 2021 yilning sentyabrida Daniyaning "Vayle" klubiga o'tdi. Garchi u mavsum davomida 26 o'yinda 6 ta gol urganiga qaramay, shartnoma muddati uzaytirilmadi.
2022 yil sentyabrda Luka Rossiyaga qaytib keldi va "Sochi" bilan shartnoma imzoladi va 2024 yil boshida jamoani tark etdi. Jorjevich 2024 yil Saudiya Arabistonining "Abha" va Kiprning "Karmiotissa" jamoalarida to'p tepdi. 2025 yil u Jizzaxning "So'g'diyona" klubi bilan shartnoma imzoladi. Superliganing 4-turida esa "Paxtakor" darvozasini ishg'ol qildi hamda turning ramziy jamoasidan joy oldi.
Har bir chempionatdan o'zim uchun muhim narsalarni o'rganib oldim. Masalan, Italiyada jamoalar taktik tayyorgarlikka ko'p etibor qaratishadi. Ispaniyada to'pni tez nazoratiga urg'u beriladi. Niderlandiyada ham xuddi shunday holat kuzatiladi.
"Sampdoriya"da yulduz futbolchi Samyuel Eto'O va Anjelo Palombodan saboq oldim. "Tvente"da Dushan Tadich va Kuinsi Promes bilan birga to'p tepdim. "Zenit"da ham ko'plab buyuk futbolchilar bor edi. Har bir o'yinchidan eng yaxshi jihatlarini o'zlashtirishga harakat qilaman.
Futbolchi xayriya ishlarida ham faollik ko'rsatib kelgan. Jumladan, COVID-19 pandemiyasi davrida shifoxonalarning nafas olish apparatlari xarid qilish uchun 20 ming evro xayriya qilgan.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar