So’nggi yangiliklar

20:35ЖЧ саралаши. БАА – Қатар. Бошланғич таркиблар аниқ!  1 20:33КХДР терма жамоаси бош мураббийи: "Ўзбекистонга қарши ўйинларни яхши ўтказдик, аммо..."  2 19:59"Милан" "Монпелье" хавбекини қўлга киритмоқчи  0 19:47Сречко Катанец: "90 дақиқа бир хил ўйнайдиган жамоаларни топиш қийин бўлса керак"  79 19:42Влахович Данияга қарши ўйинда жароҳат олди  0 19:10ЖЧ-2026 саралаши. Сафарда қийинчилик билан уч очко қўлга киритдик  51 18:59ЖЧ-2026 саралаши. Япония сафарда Хитойни ишончли тарзда мағлуб этди  12 18:51Омадимиз келди, Юсуповга эса раҳмат. Ўзбекистон қийинчилик билан КХДРни мағлуб этди  629 17:58ЖЧ-2026 саралаши. Қирғиз Республикаси - Эрон: Асосий таркиблар маълум  5 17:35Буффон: "Неймар бешта "Олтин тўп" ютиши керак эди"  8 16:41Левандовски "Барселона" билан шартномани узайтирмоқчи  4 15:59ЖЧ-2026 саралаши. Индонезия - Саудия Арабистони. Асосий таркиблар маълум  3 14:50"Милан" "Реал"да ўйин амалиётига эга бўлмаётган вингерга кўз тикди  6 14:23Скамакка 3 ойдан кейин машғулотларга қайтди  0 13:55"Малага"нинг ёш вингери "Реал" ва "Барселона" эътиборига тушди  1

Qatar - g'olib! Yangiliklar

Qatar - g'olib!

Qatardagi mundial yakunlanganiga ham 1 haftadan oshdi.

Angliyada Liga kubogi va Premer liga bahslari qayta start olishga ulgurdi.

Qatar - g'olib!

2010 yilning 2 dekabrida FIFAning o'sha paytdagi prezidenti Zepp Blatter JCH-2022ga mezbonlik qiladigan mamlakatni elon qilish uchun konvertni ochadi va quyidagi so'zlarni aytadi - "And the winner is… Qatar!"


Ushbu mundialni yoritish uchun "Championat.asia" saytidan ikki kishi Qatarga bordik va guruh bosqichidan to chorak final bahslarigacha musobaqani bevosita voqea joyidan yoritib bordik. Mundial haqida turli mish-mishlar ko'p bo'ldi, biz esa aslida JCH qanday tashkil etilgani va unda ishlagan OAV xodimlariga qanday qulayliklar yaratilgani haqida maqolani etiboringizga havola etishni maqul ko'rdik.

Avvalo ko'pchilikni qiziqtirgan savollardan biriga javob berib ketmoqchiman. Bizdan nega musobaqaning oxirigacha qolmadinglar, nima uchun aynan chorak finaldan keyin qaytdinglar deb juda ko'p so'rashdi.

Siz jurnalist, fotograf yoki operator bo'lishingizdan qati nazar sizda FIFA tomonidan berilgan maxsus beyjik bo'ladi, lekin bu sizga istalgan o'yiningizga bemalol kirib ketish imkonini bermaydi. Har bir o'yinga oldindan FIFA rasmiy saytidagi media bo'limidan onlayn so'rov jo'natasiz. Har bir stadionda OAV xodimlariga media biletlarni taqsimlaydigan maxsus xodimlar bo'ladi. Ular sizning so'rovingizni tasdiqlashadi yoki rad etishadi. Har ikki holatda ham FIFAdan sizning pochtangizga ogohlantiruvchi xat keladi. Agar sizga qaysidir o'yinga rad javobi kelsa, bu shu o'yinda umuman ishlolmaysiz degani emas. Dohadagi asosiy media markazga o'yin kuni borasiz va faqatgina o'yin kuni (bir yoki ikki kun oldin emas) boshqattan "standby list"ga qo'yasiz. Bunda xohishingizga qarab rad etilgan o'yin yoki bir vaqtdagi narigi bellashuvga so'rov berishingiz mumkin. Ixtiyor o'zingizda. "Standby list"ga borib so'rov bergan jurnalist yoki fotografga qanday qilib media bilet chiqishi mumkin, agar uning onlayn so'rovi rad etilgan bo'lsa degan to'g'ri savol paydo bo'lgandir. Bunda oldindan tasdiqlangan OAV xodimlaridan kimdir o'sha o'yinga kela olmaydigan bo'lib qoladi va uning joyi bo'sh qoladi, o'sha bo'shagan joyga bilet jonli so'rov berganlarga beriladi.


25 noyabr kuni "B" guruhi 2-turi doirasidagi Angliya - AQSH o'yini uchun menga avvaliga rad javobi keldi (rejected). Keyin o'yin kuni asosiy media markazga bordim va "standby list"ga qo'ydim. U erdagi xodim menga ushbu uchrashuvga yana qayta topshirsam bilet olish imkoniyatim 1 foiz ekanligini, o'sha kungi Niderlandiya - Ekvadorga topshirsam imkoniyatim ancha ko'p bo'lishini aytdi. Men esa Angliya ishtirokidagi o'yin tavakkalga arziydi dedim va 1 foiz imkoniyatdan foydalanib ko'rishga qaror qildim. Yakunda menga o'sha uchrashuv uchun media bilet chiqdi. Bu haqda o'z kanalimda batafsil yozgandim >>> Qornim och, yo'ldan qoooch!

Jurnalist va fotograflarga media bilet berishda qator kriteriyalar bor va ular quyidagicha: O'yinda o'zaro kuch sinashayotgan ikki mamlakatdan kelgan OAV, ularga qo'shni mamlakatlardan kelganlar, ular bilan qitadosh bo'lganlar, FIFA, OFK va hokazo tashkilotlar mediasi xodimlari, dunyoning eng yirik OAVlari, mundialda ishtirok etayotgan 32 mamlakatdan kelganlar va hokazo. Ko'rib turganingizdek biz yarim finaldan boshlab yuqoridagi kriteriyalarning hech biriga tushmaymiz. Yani, yarim finalga chiqqan 4 terma jamoaga biz qo'shni ham, qitadosh ham emasmiz. SHu sabab yarim final va final uchrashuvlariga media bilet olish imkoniyatimiz deyarli nolga teng deb hisobladik va chorak finaldan keyin ortga qaytdik.

SHaxsan o'zim JCH-2022da 25ta o'yinda bevosita stadiondan ishladim. Bu pulga sotib olib bo'lmaydigan ulkan tajriba.


Qatardagi eng asosiy media markazda ish qanday tashkil qilingan? >>> VIDEO


OAV xodimlari uchun Dohada asosiy media markaz tashkil etilgan. Bunda jurnalistlar uchun alohida, fotograflar uchun alohida katta zal ajratilgan. Tabiiyki, majmuada ishlash uchun barcha sharoitlar yaratib qo'yilgan. Media markazni o'zida supermarket, sartaroshxona, kir yuvish xizmati (Laundry), restoran, kofe va fast fudni xushlovchilar uchun bar va hokazolar bor. SHu erni o'zida "standby list" xizmati yo'lga qo'yilgan, "Nikon", "Canon" va "Sony" kompaniyalarining xizmatlar burchagi tashkil qilingan. Unda istalgan fotograf o'zi maqul ko'rgan kompaniya fotoapparati va obektivini bir chaqasiz (tekinga) ijaraga olishi mumkin. Faqatgina bir varoq qog'ozga qo'l qo'yasiz va O'zbekiston sharoitida sotib olish ancha og'irlik qiladigan obektivlarni maza qilib ishlatishingiz mumkin. SHu erni o'zida media biletlaringizni maxsus apparatlardan chiqarib olishingiz mumkin.

Bundan tashqari, 8ta stadionning har birida alohida media markazlari tashkil qilingan va u erda ham barcha sharoitlar yaratilgan. Asosiy media markazda tushlik yoki kechki ovqatni istemol qilish uchun siz 53 Qatar realini to'laysiz (taxminan 15 dollarga yaqin) hamda menyudagi istalgan emakni olishingiz mumkin. Stadionlardagi media markazlarda esa har bir narsaga alohida pul to'laysiz va narxlar qimmat. Bu borada asosiy media markaz restorani stadiondagilardan ancha arzon.

JCHning asosiy media markazida qanday ovqatlar bor? Ularning narxi qancha? >>> VIDEO

Dohadagi asosiy media markaz.



Qatarda jurnalistlar uchun maxsus shattl-baslar tashkil qilindi. Faqat OAV xodimlarini olib yuradigan maxsus avtobuslar asosiy media markazdan barcha stadionlarga va stadionlardan asosiy media markazga qatnaydi. Har kuni oxirgi o'yin tugaganidan keyin jurnalistlarni OAV xodimlari yashaydigan apartamentlarga ham avtobuslar tashlab qo'yadi. Lekin, biz metro ancha qulay bo'lgani uchun asosan metrodan foydalandik.

Qatarga borishdan oldin har bir kishida "Hayya card" bo'lishi kerak edi. Unga jurnalist bo'lsangiz FIFA tomonidan berilgan beyjik malumotlarini, muxlis bo'lsangiz Qatarda yashash manzilingiz va o'yinga kirish chiptangizni kiritishingiz zarur. Bu orqali hukumat JCH payti mamlakatga haddan ziyod ko'p muxlislar kirishining oldini olishni maqsad qilgandi. Aynan "Hayya card" bilan siz uchun metro ham mutlaqo bepul. Metro 7ta stadionga boradi, faqatgina "Al Bayt" stadioni nisbatan uzoqda, cho'lli hududda joylashgani bois metro bormagan. Qolgan stadionlarga bemalol shattl-baslarni kutib o'tirmasdan metroda boraverishingiz mumkin. Transport borasida Qatar JCHni top darajada o'tkazdi deyish mumkin.


Qatar mundial uchun rekord darajada mablag' sarfladi

Qatar ushbu JCH uchun 220 milliard dollar sarflagani ko'plab manbalarda keltirildi va bu g'arb OAVlarida keskin bahslarga sabab bo'ldi. Lekin, Qatar bu pullarni nimalarga sarflaganiga etibor qaratish lozim.

Yuqoridagi summadan maksimum 10 milliardi 7ta yangi stadion va "Xalifa"ni qayta rekonstrukciya qilishga ketgan. 36 mlrd $ Qatarda metro qurilishiga sarflangan, 15.5 mlrd $ yangi aeroport qurilishiga, 7.4 mlrd $ yangi port qurilishiga, transport, mehmonxonalar, jurnalistlar va muxlislar uchun apartamentlar, xavfsizlik tizimi va hokazolarga sarflangan.

Bundan tashqari, noldan yangi shahar qurilgan. Uzundan-uzun yo'llar va ko'plab mostlar qurildi.

Mamlakatga kirishingiz bilan sizga bepul sim karta taqdim etiladi. "Vodafone"da 2 kun, "Ooredoo"da esa 3 kunga 1 gb tekin internet. Qolganiga esa internetga pul to'lab mb laringizni uzaytirib olaverasiz. Masalan, biz "Vodafone"da 2 haftaga 50 gb internetni 40 $dan sotib oldik.

Qatardagi eng katta muammo bu kondicionerlar bo'ldi. Juda ko'pchilik (o'zim ham) aynan kondicionerlar sabab issiq kunlarda ham shamollab qoldi. Franciya terma jamoasi o'yinchilarida shunday holat kuzatildi, Braziliya vingeri Entoni kondicionerlardan o'zimni yomon his qilyapman deb intervyu berdi. Qatarda hamma joyda kondicionerlar bor: avtobus, metro, binolar, stadionlar va h.


Qatar tashkiliy masalada mundialni top darajada o'tkazdi. Buni bir nechta mundiallarda ishlagan tajribali mutaxassislar bilan suhbatlarda ham eshitdik. Futbolchilar, jamoalar, ishchi guruh, jurnalistlar va muxlislarga yaratib berilgan sharoitlar alo darajada. Lekin, mehmonxona va boshqa turli narsalarda narxlar odatdagidan baland bo'ldi. Lekin, Qatardagi mundial FIFA prezidenti Janni Infantino aytganidek tarixdagi eng yaxshi mundial bo'ldi. Turli gap-so'zlar va qarashlarga qaramay, Qatar ushbu mundialni o'tkazishda g'olib bo'ldi!

JCH-2022 kamina uchun bevosita yoritib borilgan ilk mundial bo'ldi. Taassurotlar va tajriba ulkan. Bir marta Jahon chempionatida ishlagan kishi unda yana ishlagisi kelishi shubhasiz. Sababi, u erdagi atmosferani boshqa joydan topa olmaysiz. Minglab jurnalistlar, yuzlab fotograflar, futbol olamidagi yulduzlar, bir-biridan ajoyib muxlislar... Bularning barini sog'inib qolamiz...

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +17   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика