So’nggi yangiliklar

09:10Футзал. Абдулла Бўриев: "Ўзбекистон терма жамоаси аввалги натижасини яхшилашига умид қиламан"   0 08:40 Мундиал-2026. Рустам Ашурматов: Менда "Рубин"дан ташқари ўша вақтнинг ўзида Қатардан ҳам шартнома бор эди"   0 08:10Ўзбекистон сўнгги бор меҳмонда Қирғиз Республикасига қарши қандай натижа қайд этган?   4 07:35ЖЧ-2026 саралаш. Ўзбекистон бугун Қирғиз Республикаси меҳмони бўлади   7 01:55Миллатлар лигаси. Франция ғалаба қозонди, Италия Исроилни таслим қилди, Қозоғистонда мағлубият ва бошқа натижалар  1 01:31"Олимпик" - "Металлург" учрашуви "Жар"да ўтказилмайди  1 00:34"Реал" мухлислари учун хушхабар  0 00:15Франция Бельгияга имкон қолдирмади  3 23:28Флик энг яхши мураббий деб топилди  3 23:20Ўзбекистон терма жамоаси Бишкекдаги машғулотини қандай ўтказди? ФОТОМАҚОЛА  2 22:10Жамшид Искандеров: "Мақсадимиз - уч очко билан уйга қайтиш"  5 21:51Кўпчиликни ҳавотирга солаётган стадионда Ўзбекистон терма жамоаси машғулот ўтказди  8 21:36Назорат учрашуви. ОКМК ва "Динамо" иштирокидаги голлар шоусида ғолиб аниқланмади  1 21:35Жалолиддин Машарипов: "Қирғизистон Эронга қарши учрашувда дуранг қайд этиши учун яхши имкониятга эга эди"  7 21:05Шерзод Насруллаев: "Эртага 200 фоиз иштиёқ билан майдонга тушамиз"  4

PUBG o'ynaydigan hamda tish shifokori bo'ladigan bolakaylar; "Real Madrid" akademiyasi, mezbon jamoalarga tatimayotgan bayram - Toshkent viloyatida o'zbek futbolining 110 yilligi nishonlandi Yangiliklar

PUBG o'ynaydigan hamda tish shifokori bo'ladigan bolakaylar; "Real Madrid" akademiyasi, mezbon jamoalarga tatimayotgan bayram - Toshkent viloyatida o'zbek futbolining 110 yilligi nishonlandi

Toshkent viloyatida o'zbek futbolining 110 yilligi nishonlandi.

Toshkent viloyati yoz faslida yurtdoshlarimizning, ayniqsa, poytaxtda istiqomat qiladigan kishilarning sevimli maskanlaridan biriga aylandi. Kimdir lash-lushini ko'tarib, tog'li hududda joylashagan dala hovlilarni maskan aylagani yo'l oladi, kimdir salqin sharshara bo'yida daraxt soyasida yonboshlab olgancha sixga tortilgan kabobni paqqos tushirishni istab qoladi. Albatta, har kimning qanday hordiq chiqarishi o'ziga havola. OAVlari ham ana shu sevimli go'sha sari otlandi, faqatgina boshqa maqsadda, yani ushbu hududda futbol bayramini nishonlash hamda endigina ko'rtak yoza boshlagan bo'lajak iqtidorlarga yaratilgan sharoitlarni ko'zdan kechirish maqsadida. Dastlabki "yurishimiz"ni Yuqori CHirchiq tumanida joylashgan BO'SMdan boshladik. Mashinadan tushishimiz bilanoq ikki tarafimda ikki xil dunyoning guvohiga aylandim. Bir tarafimda qandaydir inshoot qurish uchun tekislanayotgan erda sigirlarini o'tlatib yurgan bola (ehtimol, yoshi kattaroq bo'lishi mumkin, olisdan ko'zimga jajji bo'lib ko'rindi), ikkinchi tarafda esa yam-yashil maydon uzra to'p tepayotgan bolakaylar javlon urishardi. Ushbu dargohda nafaqat o'zbek, balki qozoq, rus millatiga mansub bolakaylar ham birdamlikda shug'ullanishar ekan. 

Qanchalik kulgili tuyulsa-da, men uchun kattalarning fikridan ko'ra jajji qorako'zlarning samimiy gaplari qiziqarliroq tuyuladi. SHu bois safar davomida ko'proq mittivoylar bilan gaplashishga harakat qildim. Mazkur sport dargohiga tashrifimiz davomida ham bolakaylarning qiziqarli chug'ur-chug'urlarini miriqib tinglab o'tirdim. 

Jajjivoylarning ko'pchiligi Ronaldu va Messining o'yinlariga ishqibozlik qilishar ekan. Maydonga chopqilashiboq, o'zlarini ko'rsatib qo'yish payiga tushishdi. Hattoki, to'p talashish ortidan murabbiyining "Polyada nega koptok talashasanlar? Hammaga etadi koptok" degan tanbehini ham eshitishga majbur bo'lishdi. Bolakaylar bilan bilan suhbatimiz boshlangach, men ularni emas, ular meni so'roqqa tushishga o'tib ketishdi. "Qaysi jamoada o'ynaysiz?", "PUBG o'ynaysizmi?", yana qandaydir menga notanish mobil o'yinlar nomini aytib, mavzuni texnoolamga o'zgartirib yubordi. Afsuski, hozirda PUBG tugul, tetris o'yiniga ham qiziqish qolmagan menda. Harqalay, bolakaylarning o'zlarida ham aql-zakovat etarlicha. Bittasi fotosuratchining tasvirga olishga chog'langani ko'rib, "Hoy, hoy, rasmga olishvotti" deya qolgan o'rtoqlarini xotirjamlikka chaqirdi. Yana bir boladan intervyu olmoqchi edik, murabbiy uni qarshimizga chaqirdi. Ammo u hayajondanmi yoki boshqa sabab, gapirishni uddalay olmadi. Murabbiy esa hazillashib qo'ydi: "Rasul, gapirolmaysanmi? Kim aytadi seni futbolist deb?"

Umuman olganda, Toshkent viloyati azaldan mashhur futbolchilarni voyaga etkazgan. Qalbimizda unutilmas jamoaga aylangan "Paxtakor-79" azolari Olim Ashirov, Mixail An, Vladimir Fyodorov kabi afsonalar aynan mana shu o'lkada tavallud topgan.


Olimjon Masalievich Ashirov (1955 yil 25 yanvar; Toshkent, O'zbekiston — 1979 yil 11 avgust, Dneprodzerjinsk, Ukraina) — o'zbek futbolchisi.

Olim Ashirov himoyadagi ishonchli o'yinlari bilan muxlislar mehrini qozongandi. U 1955 yil Toshkent viloyati Bordonko'l qishlog'ida dunyoga kelgan. Yoshligidan futbolga qiziqqan Olim ham iqtidorli futbolchi bo'lib etishdi. Tez orada uni murabbiylar payqashdi va Ashirov German Titov nomidagi maktab-internatda tahsil ola boshladi. U "Paxtakor"dagi jamoadoshi Vladimir Fyodorov bilan birga o'qigan. SSSR yoshlar terma jamoasiga jalb etilgan. Olimpiya terma jamoasiga esa nomzodlardan biri hisoblangan.

1972 yil Olim "Paxtakor" tarkibiga taklif qilingan. Ilk mavsumida 3 o'yinda maydonga tushirilgan. 1974 yildan to'liq asosiy tarkib futbolchisiga aylangan. Markaziy himoyada u raqib hujumchilariga o'yin bermasligi, bor kuchini ishga solishi, o'zini ayamay to'p yo'liga tashlanishi, mehnatkashligi bilan ishqibozlar hurmatiga sazovor bo'lgan. Uzoq masofadan beradigan zarbalari esa har qanday darvozabonga qiyinchilik tug'dirgan. 1979 yil iyulda Toshkentda Minskning "Dinamo" jamoasiga qarshi uchrashuvda u 30 metrlardan to'pni ajoyib tarzda raqib darvozasiga yo'llagan. Afsuski, Minskdagi javob o'yinida "Paxtakor"ning o'sha tarkibiga o'ynash nasib etmagan. Aynan Minskka yo'l olish chog'ida jamoamiz mashum halokatga yo'liqqan.

Butun faoliyatini "Paxtakor" tarkibida o'tkazgan Olim Ashirov 149 bellashuvda 5 gol muallifiga aylangan. 2006 yil o'limidan so'ng "SHuhrat" medaliga loyiq ko'rilgan.


Mixail An 1952 yil Toshkent viloyati Yuqori CHirchiq tumanida joylashgan Sverdlov jamoa xo'jaligida dunyoga kelgan.

Uning akasi Dmitriy "Paxtakor" va "Politotdel" jamoalari sharafini himoya qilgan. SHu sababli Mixail uchun futbol begona bo'lmagan muhit sanalardi.

O'smirligidayoq barchaning etiboriga tushgan An 1970 yilda "Politotdel" asosiy tarkibiga jalb etildi. 1971 yilning ikkinchi davrasidan uning "Paxtakor"dagi faoliyati boshlandi. Ilk uchrashuvini mahoratli yarim himoyachi 23 avgust kuni Toshkentda "Dinamo" Tbilisiga qarshi kechgan bellashuvda o'tkazgan. O'sha bahsda jamoamiz 5:1 hisobida zafar quchgan. Aynan o'sha mavsumdan yarim himoyada An, Fyodorov, Varyuxin, Abduraimov va Xadzipanagis hukmronligi boshlangandi. Ular raqib himoyasini o'ta murakkab ahvolga tushirib qo'yishgan.

1974 yilgi mavsumda u oliy ligada 11 gol muallifiga aylanib, chempionatning eng yaxshi 33 futbolchisi ro'yxatidan o'rin olgan. O'sha yili "Qayrat" darvozasiga kiritgan uch to'pi muxlislar yodida qolgan. SHuningdek, 1975 yil "Dinamo" Kievga qarshi ajoyib bahsda u dubl qayd etgan.

1974 yil SSSR terma jamoasidan taklif olib, sentyabrda "Roma"ga qarshi o'tgan o'rtoqlik bahsida qatnashgan. 1978 yil esa Eron bilan Tehrondagi o'rtoqlik o'yini va Turkiyaga qarshi Evropa chempionati saralash bellashuvlarida qatnashgan. 1979 yil ikkinchi terma jamoa tarkibida Meksika va AQSH termalari bilan to'qnashuvlarda to'p kiritgan.

1976 yil SSSR yoshlar terma jamoasi safida Evropa chempioniga aylangan. O'sha jamoada u sardorlik vazifasini ham bajargan. Afsuski, 1979 yil ro'y bergan aviahalokat sababli Mixail An hayotdan ko'z yumgan.

"Paxtakor" safida u chempionat bellashuvlarida 232 o'yinda 47 gol muallifiga aylangan.

2006 yil Mixail An o'limidan so'ng "SHuhrat" medali bilan taqdirlangan.

Ayni paytda Mixail Anning o'g'li Dmitriy An "Paxtakor" futbol klubi tizimida murabbiylik qilib, bo'lajak futbolchilarga millionlar o'yini sirlarini o'rgatmoqda. Demak, Anlar oilasi hamon "Paxtakor" va futbol bilan birga.


Vladimir Ivanovich Fyodorov (1955.5.1, Toshkent viloyati — 1979.11,8, Dneprodzerjinsk shahri yaqinidagi Kurilovka qishlog'i) — futbolchi, xalqaro miqyosdagi sport ustasi (1976). 

1955 yil Vladimir Fyodorov Toshkent viloyati O'rta CHirchiq tumanida dunyoga kelgan. Futbol o'ynashni Sverdlov jamoa xo'jaligi jamoasida boshlagan. Uning otasi ham futbolchi bo'lgan va O'rtasaroy hududida futbolni rivojlantirishga etibor qaratgan. Keyinchalik Toshkentda joylashgan German Titov nomidagi maktab-internatga qabul qilingan. 1972 yil o'smirlar terma jamoasidagi o'yinlari bilan "Paxtakor" murabbiylari etiborini tortgan Vladimir jamoaga taklif qilingan. Murabbiy Vyacheslav Solovev uni darhol asosiy jamoa safida maydonga tushirgan. Hujumchi bu ishonchni oqlab, debyut bahsida Permning "Zvezda" jamoasi darvozasini ishg'ol etgan. O'sha mavsum "Paxtakor" SSSR chempionati 1-ligasida o'ynagan. Keyingi bellashuvda "Pomir"ga gol urgan Fyodorov shu bilan kattalar orasida ham o'zini munosib ko'rsatgan. Ilk mavsumda u 7 goli bilan yodda qolgan. "Paxtakor" oliy ligaga qaytgach, 1974 yil u ajoyib o'yin namoyish qilgan. 9 to'p kiritgan hujumchi SSSRning eng yaxshi futbolchilari ro'yxatidan o'rin olgan. 1976 yil ushbu natijani takrorlagan.

Terma jamoadagi debyutini Vladimir 1974 yil o'tkazgan. O'shanda u Evropa chempionati saralash o'yinida Irlandiyaga qarshi zaxiradan tushirilgan. 1976 yil uning faoliyatida eng yaxshilaridan biriga aylangan. Dastlab yoshlar terma jamoasi tarkibida Evropa chempionatida chorak finalda Franciya, yarim finalda Vengriya mag'lub etilishiga o'z gollari bilan hissa qo'shib, do'sti Mixail An bilan Evropa chempionligini qo'lga kiritgan. Iyulda esa Kanadaning Monreal shahrida o'tkazilgan Olimpiada o'yinlarida bronza medaliga ega chiqqan. U futbol bahslarida Olimpiada medaliga ega o'zbekistonlik yagona futbolchi hisoblanadi. Olimpiadada Fyodorov 4 uchrashuvda maydonga tushgan.

Milliy terma jamoada esa Konstantin Beskovdan keyin Valeriy Lobanovskiy qo'l ostida 8 bahsda o'ynagan. Keyinroq Nikita Simonyan ham uni terma jamoaga jalb qilishda davom etgan. 1976 yilgi ajoyib mavsumdan so'ng unga ko'plab jamoalardan takliflar bo'lishiga qaramay, Vladimir "Paxtakor" uchun o'ynashda davom etishini malum qilgan.

SSSR terma jamoasi tarkibida u jami 18 bellashuvda maydonda harakat qilgan. "Paxtakor" uchun 188 bahsda 58 gol muallifiga aylangan. 2006 yil o'limidan keyin "SHuhrat" medaliga loyiq ko'rilgan.

Hujumdagi tez va aldamchi harakati, darvozaga tayyorgarliksiz zarba bera olishi, jangchi xarakteri, o'yinni o'ziga olishi kabi xususiyatlari uni boshqalardan ajratib turardi.

Qolaversa, yaqin o'tmishda viloyatdan Pavel Bugalo, Nikolay SHirshov, Viktor Karpenko, Server Jeparov, Aleksandr Geynrix, Ilyos Zeytullaev, Marat Bikmaev, Kamoliddin Murzoev, Asqar Jadigerov va boshqa taniqli futbolchilar etishib chiqqan.


Tushdan so'ng Toshkent viloyati hokimligida o'zbek futbolining 110 yilligiga bag'ishlangan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda Toshkent viloyati hokimi, viloyat futbol associatsiyasi prezidenti Zoir Mirzaev, O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov, o'zbek futboli faxriylari va OAV vakillari ishtirok etishdi. 

Uchrashuvda Zoir Mirzaev viloyatda futbol rivoji yo'lida amalga oshirilgan ishlar va bo'lajak rejalar bilan o'rtoqlashdi. 

Uchrashuv so'ngida Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzaevga “O'zbekiston futboli rivojiga qo'shgan hissasi uchun” ko'krak nishoni topshirildi. Bundan tashqari, bir qator faxriylarga esdalik sovg'alari berildi.

Keyingi manzilimiz Piskentga bo'ldi. Mazkur tumani yashil tabiati bilan menga manzur keldi. Maydonga kirgungacha bo'lgan masofadagi o'tloq, daraxtzor, Toshkent atrofida joylashgani, salqin havo, ninachilar, yam-yashil maydon... Xullas, menga yoqdi bu maskan. Faqatgina mazkur hudud aholi istiqomat qiladigan hududdan biroz uzoqligi pand berarkan.

Qayd etilishicha, 20 yildan beri qayta tamirlanmagan tumanning markaziy stadioni rekonstrukciyadan so'ng shu yilning sentyabr oyida foydalanishga topshiriladi. Stadionga tutash hududlarda esa bitta suniy qoplamali maydon va tennis korti barpo etish rejalashtirilgan.

U erdan "Metallurg" futbol klubi qoshida 2021 yil barpo etilgan "El Golazo" futbol akademiyasiga tashrif buyurdik. Ushbu akademiyada hozirgi kunda 204 nafar bolalar tahsil olar ekan. Akademiya bo'lajak futbolchilarni 11 yoshdan boshlab qabul qilarkan. Ochig'i, maktab dizayniga olti ketdim. SHunday binoda tahsil ola turib, o'z-o'zidan futbolchi bo'lgisi keladi-da, masalan. Nima bo'lgan taqdirda ham, bolalar uchun har qanday sharoit yaratilsa arziydi. Aytgancha, yaqinda bir guruh ushbu maktab o'quvchilari "Real Madrid" akademiyasiga sayohat qilib keldi.


Osmonda o'z vazifasini ado etib bo'lgan quyoshbobo ishini yakunlab, o'z kulbasi sari ravona bo'la boshlagach, "Metallurg" stadionida Toshkent viloyati terma jamoasi va O'FA faxriylar terma jamoasi o'rtasida o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazildi. Do'stona ruhda o'tgan qiziqarli bahs hisobi ham do'stona ko'rinish oldi — 1:1. Biroq penaltilar seriyasida O'FA O'zbekiston terma jamoasining ilk darvozaboni Anvar Jabborovning say-harakatlari evaziga 8:6 hisobida g'alaba qozondi. Qiziq tomoni, TFA sharafini viloyatning bir necha hokimlari himoya qildi.

TFA — O'FA 1:1 (penaltilar seriyasi — 6:8)

Gollar: 0:1 - Abduraimov, 1:1 - Ravshan Begmatov

TFA: 1. Ilhom Xamzaliev, 8. Qahramon Nurmatov, 55. Ravshan Begmatov, 15. Ilhom Qobilboev, 14. Ixtiyor Qosimov, 80. Nasrulla Boboev, 10. Kamoliddin Murzoev, 25. Islom Inomov, 43. Asqar Jadigerov, 4. Obid Mamaev, 22. Sarvar Hamdamov 

Zaxira: 21. Akrom Jo'raev, 90. Nozimjon Esonov, 3. Alijon Aydaraliev, 79. Jamshid Ikromov, 69. Husniddin To'raxonov, 36. Rustam Boboqulov, 9. Jamshid Bobojonov

O'FA: 1. Anvar Jabborov, 2. O'ktam Jumaev, 3. Andrey Sneynov, 4. Fayzulla SHoimqulov, 5. Baxtiyor Dadaboev, 7. Azamat Abduraimov, 9. Usmon Toshev, 11. Aleksandr SHapran, 13. Albert Axmadaliev, 15. Salohiddin SHoyimqulov, 16. Mamur Sultonov,

Zaxira: 18 Nizom Nasriddinov, Gennadiy Denisov, Mustafo Belyalov, Benyamin Muratov

Albatta, tabloda qayd etilgan hisob sizni qiziqtirmasligi mumkin. Umuman olganda, o'yin maroq uchun hamda qiziqarli jarayonlar bilan yodda qoldi, ayniqsa, maydonda javlon urayotgan hamda zaxirada zo'rg'a o'ziga kelib olgan futbolchilarning suhbati kishini zeriktirmaydi, deb o'ylayman.

Zaxiradan endi o'yinga qo'shilgan futbolchi: "Qaysi tomonga tepish kerak?"


O'yin yarmida ikala jamoa o'yinchilari soni 12 taga etdi. Buni ko'rgan zaxiradagilar suhbati: "12 ga 12 bo'lib ketibdi-yu". 

"Hechqisi yo'q, bularga mumkin".


Maydonga tushgan tuman hokimini ko'rgan zaxiradagi o'yinchi: "Bu tumanni hokimi qaydan keldi, boya yo'g'idi-yu".


Muxlislardan biri zaxiradagi futbolchiga: "Aka, yutmasanglar bo'lmaydi, qarang shuncha odam bo'lib, sizga muxlislik qilgani keldik". Tuman hokimi: "Yo'g'ey, hamma hokim shu erda-yu". Zaxiradagi sherigi: "Hamma ish boshliqqa qolib ketibdi-da".


TFA futbolchisi penalti ishlay olmagan Ravshan Begmatovga qarata: "Ravshan aka, xafa bo'lmang, kelasi safar aniq penalti beradi".


Maydonda toliqib, tanaffus qachon bo'lishini so'rayotgan O'FA futbolchisiga sherigi: "Tanaffusda 5 minut dam olasiz, keyin zamenada dalshe dam olasiz".


TFA foydasiga penalti belgilamagan hakamni zaxirada o'tirgan ikki tuman hokimi muhokama qilmoqda: "Sudya qaerlik? Bekoboddan. 11 ni bermadi, yavno".


Zaxiradagilar suhbati: "Aka, braziliyalik forvardga o'xshab qolibsiz".


Ofsayd qayd etilgach, maydondagi futbolchilardan biri: "Ey, ofsaydni yo'q qivorilar-ey".


O'FAning ikki futbolchisi o'yin davomida: "Rahmiddin aka, yana bitta, yana bitta pas". "Yana bittami, ma, yana bitta! (pas beradi)"


Zaxiradagilar suhbatidan: "Siz nega tushmayapsiz? Biz bitta gol o'ynasak ham bo'laveradi".


O'FAdan 13-futbolchi sherigi chiqmasdan maydondan tushib keldi. Buni ko'rgan raqiblar: "Asqar aka, qarang, ular 13 ta bo'lib ketdi-ku!"


TFA futbolchisi Maydonda yugurayotgan Ixtiyor Qosimovni ko'rsatib: "Furqat aka, Ixtiyor ertaga ishga borolmay qolmasin tag'in".


O'FA futbolchisi raqibiga pas bergach, sherigiga: "Adashtirib qo'ydim seni bu bilan".

Ushbu bahs yakunida bir qator futbol faxriylari taqdirlandi. Birinchi kun shu tariqa o'z nihoyasiga etdi. 


Tadbirning ikkinchi kunida dastlab Yuqori CHirchiq tumanida joylashgan viloyat sport maktabi o'yingohiga tashrif buyurdik. Bu erda o'g'il bolalar bilan bir qatorda, jajji qizlar ham shug'ullanishar ekan. Takidlanishicha, bu erda sportning bir necha turlari bilan shug'ullanish imkoniyati mavjud ekan. Maydon holati ham yaxshi holatda. xodimlarning aytishicha, maydon avvallari ko'zyosh to'kadigan ahvolda bo'lgan ekan. Darvoqe, qizlar ham kichik bo'lishiga qaramay, uncha-muncha o'g'il bola tengdoshlaridan chaqqonroq harakat qilar ekan. Mashg'ulotlardan chetroqqa chiqib, daraxt soyasida jarayonga aralashmay turgan ikki bolakaydan nega qolganlarga qo'shilmayotganini so'radim. Ular odam maydonda etarlicha bo'lgani uchun dam olishni afzal ko'rishayotganini aytdi. Mayli. To'rt yildan beri shug'ullanayotgan, Ronalduning muxlisi bo'lgan bir qizning aytishicha, u darvozada, himoyada, hatto hujumda ham o'ynar ekan.


SHundan so'ng so'lim Angren shahriga yo'lga otlandik. Bu erdagi maydon ham ixcham ko'rinishda bo'lib, salqin tabiat qo'ynida yayrab futbol o'ynash mumkin. Aytilishicha, biz borgan maydondan 2-3 km masofada yana bir ajoyib stadion bo'lib, uni naq jannatning o'zi, deya tariflashdi. Bu erdagi jajji qorako'zlardan biri bilan futbol haqida bir necha daqiqa suhbatlashdik. Qiziq tomoni, "millionlar o'yini" haqida berilib gapirgan bolakaydan kelgusida kim bo'lishi haqida so'raganimda, "Tish doktori", deya javob berdi. Garchand futbolga aloqador javob bo'lmasa-da, bu javobdan mamnun bo'ldim. Sababi, u bizni aldamasdan, rostini aytib qo'ya qoldi. O'sha bolakay kelgusida qaysi kasb egasi bo'lishidan qatiy nazar, o'z ishining ustasi bo'lishini tilab qoldim. Bolalarning yolg'on gapirma olmaslik xislatlariga havasim keladi. Ulardan kattalar ayta olmaydigan ko'p narsani bilib olsa bo'ladi. Biroq boshqa tarafdan mittivoylar bilan chuvalashmasdan ham vaziyat haqida tasavvurga ega bo'lishingiz mumkin. Ehtimol, barcha maskanda ham bolalarga qaratilayotgan etibor "voy-dod" deydigan darajada emasdir, ammo har holda o'zimiz bir vaqtlar to'p tepib yurgan taqirkal maydonlarni uchratmadim. Nima bo'lgan taqdirda ham, bolakaylarning kelajagi porloq bo'lsin.


Nihoyat, tadbirlarimizning asosiy qismi yoki so'ngiga etib keldik. Olmaliq shahridagi markaziy stadionda Superliga doirasidagi AGMK — "Metallurg" uchrashuvi bizni kutib turardi. Mazkur uchrashuvdan oldin O'FA va AGMK klubi tomonidan o'zbek futboliga ulkan hissa qo'shgan bir qator futbol faxriylari taqdirlandi. 

Afsuski, noxush mezbonlar uchun anana davom etdi, yani biz qaysi hududga tashrif buyurmaylik, mezbon jamoa ko'z o'ngimizda kechgan bahslarda g'alaba qozona olmayapti. Olmaliqda ham ushbu seriya davom etdi. Uchrashuvni bir ko'zim maydonda, bir ko'zim noutbukda translyaciya qilish orqali tomosha qildim.

Superliga. "Metallurg" Temirovning Qosimov uslubida urgan goli evaziga bir kishi kam bo'lib qolgan AGMKni mag'lub etdi

Keling, mezbon jamoalar uchun noxush ananalarni yodga olib o'tamiz.

Jizzax: "So'g'diyona" — "Olimpik" 1:1

Xorazm: "Xorazm" — AGMK 0:3

Qoraqalpog'iston: "Aral Samali" — "Yangier" 0:3

Surxandaryo: o'yin o'tkazilmadi

Qashqadaryo: "Nasaf" — "Paxtakor" 0:0

Toshkent viloyati: AGMK — "Metallurg" 0:1

Kelgusi safarimiz Navoiy viloyatiga bo'ladi hamda mabodo "Qizilqum" jamoasi o'sha vaqtdagi o'yinda g'alaba qozona olmasa, aybni boshqa yoqdan izlamaydi deya umid qilib qolamiz. Toshkent viloyatidagi safarimiz mana shu tariqa o'z nihoyasiga etdi.

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика