"Penalty". Adnan Oraxovac: "Zlatan Ibragimovichning avtobiografiyasini o'qib tugatdim"
26 noy 2015 14:11
Yangiliklar


"Penalty". Adnan Oraxovac: "Zlatan Ibragimovichning avtobiografiyasini o'qib tugatdim"
Futbolchining savollarga ochiq oydin javob berishi etiborimizni tortdi.
Matluba Sadullaeva: - Bolalik, futboldagi dastlabki qadamlar, birinchi murabbiy haqida...
- Men Podgorica shahrida tug'ilib o'sganman. 6 yoshimdan boshlab futbolga qatnay boshlaganman. Bu sport turiga aynan usha paytdan boshlab qiziqa boshlaganman. Dastlab men hususiy futbol klubiga karashli bo'lgan maktabiga borganman. Birinchi murabbiyim esa janob Yanko bo'lgan. Futbolda yutuqlarga erishishimga ham aynan shu inson sababchi bo'lgan.
Narzulla Saydullaev: - Adnan Oraxovac nima uchun futbolchi bo'lishga qaror qilgan? Nima uchun aynan himoyachi?
- CHunki biz oilaviy futbolning shaydolari edik. Otam ham futbol o'ynagan. To'g'ri yuqori darajada o'ynay olmagan bo'lsa ham, lekin meni yuqori darajadagi professional etib tayyorlagan mening hozirgacha erishgan yutuqlarimda ularning hissasi katta. Aynan otamning yo'l yo'riqlari tufayli yoshligimdan futbol bilan oshno tutunganman. Aslida futbolni yarim himoyachi sifatida boshlganman. Keyinchalik bo'yim o'sib ketgani uchun murabbiylar meni himoyada sinab ko'rishgan shundan keyin himoyachiga aylanganman (kuladi).
Matluba: Siz qanday insonsiz? Atrofdagilar siz haqingizda qanday fikrda?
- Og'ir-bosiq, tartibni sevadigan va bunga rioya kiladigan insonman. Barchasiga asta-sekinlik bilan, o'z vaqtida erishishni istayman. Xoh u futbol bo'lsin, xoh shaxsiy hayot ikkalasida ham professionalman deya ayta olaman. Doim sportchining taomnomasiga qatiy rioya qilaman. Kechki soat 10da doim uyimda bo'laman. Takidlab o'tganimdek hayotimning har jabhasida aniq bir tartibga amal qilib yashayman
Narzulla: "Buduchnost"dagi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz?
- Bu klub CHernogoriyadagi eng kuchli va katta klublardan biri hisoblanadi. Klubning ajoyib muxlislari ega. Bu klub bilan mamlakat chempionligini va kubogini qo'lga kiritganman. O'zbekistonlik muxlislarga yaxshi tanish bo'lgan Miodrag Radulovich qo'l ostida CHernogoriya chempioniga aylanganman. "Paxtakor"ga kelishimdan oldin rahbariyat aynan Mio bilan maslahatlashgan ekan. Buni keyin bilganman.
Matluba: “Paxtakor”ga kelishdan oldingizga qanday maqsad qo'ygandingiz?
- Dastlab jamoaga ko'rikdan o'tish uchun kelgandim, shu bois shartnomaga ega bo'lish uchun harakat qildim. Jamoa azosiga aylangach himoyachi sifatida o'z oldimga kamroq gol o'tkazish maqsadini qo'ydim. "Paxtakor"ga yordam berishni, asosiy tarkibda o'ynashni o'z oldimga vazifa qilib qo'ygandim. Jamoaviy maqsad esa chempion bo'lish edi, shukrki bu maqsadimizga erishdik. Bundan juda ham xursandman.
Narzulla: "Buduchnost"dan keyin "Edinstvo"da o'ynadingiz.
- Bu jamoada yarim yil faoliyat olib bordim. Sababi "Buduchnost" bilan shartnomam yakuniga etgandi. "Edinstvo"dan ham unutilmas xotiralar qolgan.
Matluba: Podgorica va Toshkent. O'xshash va farqli tomonlari nimada?
- Podgorica bu ona shahrim, ajoyib shahar Toshkent esa juda katta, deyarli butun CHernogoriya bilan teng. Podgorica esa tog'lar bag'rida joylashgan mo'jazgina shaharcha. Ikkala shahar insonlari ham samimiy va quvnoq. Toshkentning insonlari mehmondo'stligi bilan etiborimni tortdi va Osiyo xalqlariga xos bo'lgan o'zgacha odamiylikni ko'rdim. Bu er juda ajoyib. Toshkentda taksilarning ko'pligini aytishim mumkin (kuladi). Bu shaharlarning ikkisi ham go'zal desam aslo mubolag'a bo'lmaydi. Bundan tashqari iqlimi ham bir-biriga yaqin ekan.
Narzulla: "Paxtakor"ga o'tishingiz qanday ro'y berdi?
- 2012 yilda bu klubda amakimning o'g'li Sanibal Oraxovac o'ynaganini bilsangiz kerak. Ammo mavsum boshidayoq og'ir jarohat olib safdan chiqqandi. SHu bois uning bu erdagi faoliyati uzoqqa cho'zilmadi. SHunday bo'lsa ham Sanibal va "Paxtakor" o'rtasida iliq munosabatlar saqlanib qolgandi. “Paxtakor”ga o'tishimga ham uning hissasi ham katta. Aynan uning taklifi bilan men "sherlar" safida ikki haftalik ko'rikda bo'lgandim. Murabbiylar shtabi mening harakatlarimdan qoniqishdi va jamoa azosiga aylandim.
Matluba: O'zbekiston va o'zbek futboli haqida nima deya olasiz?
- O'zbekiston menga juda yoqdi. Xalqingiz mehmondo'st, taksist ham, oficiant ham qo'yingki boshqa kasb egasi ham bir xil kulib muomala qiladi. O'zbek futboli ham Osiyoda o'z o'rniga ega. Har yili to'rttadan klub Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etadi. Bu esa juda katta natija hisoblanadi. Terma jamoangiz ham juda kuchli va kobilyatli futbolchilar etishib chiqmoqda. SHu fursatdan foydalanib O'zbekiston terma jamoasi 2018 yilgi Jahon chempionatiga yo'llanma olib chempionlikka erishishini tilab qolaman.
Narzulla: Jahonda qaysi futbolchiga havas qilasiz?
- "Milan" klubiga muxlisman. Ushbu jamoada Paolo Maldini va Alessandro Nesta kabi himoyachilar o'ynaganida o'yiniga havas qilardim. Bunday tandem juda kam. Ammo futbolchilar orasida eng zo'ri men uchun - Zidan.
Matluba: "Paxtakor"dagi eng hazilkash, eng jiddiy, eng odobli va eng sho'x futbolchilar kim?
- Eng hazilkashi darvozabonlar murabbiyi - Anvar Rashidov. Eng jiddiy - SHerzod Karimov. Eng odobli? "Paxtakor"da barcha odobli (kuladi). Eng sho'x futbolchilar Stanislav Andreev va Jamshid Iskanderov.
Narzulla: Bu yil Osiyo chempionlar ligasida debyut qildingiz. Musobaqa saviyasi haqida nima deya olasiz?
- To'g'ri bu yil ilk bor Osiyo chempionlar ligasida o'ynadim. Bu men uchun katta tajriba va maktab bo'ldi desam adashmagan bulaman. Musobaqa nufuzi juda ham yuqori. O'yinlar doim shiddatli kechadi. Bu yil "Paxtakor" guruhdan chiqish imkoniyatini so'nggi turda boy berib qo'ydi. Afsuski o'z maydonimizda mag'lub bo'lib keyingi bosqichga chiqa olmadik. Nima ham derdik bu futbol. Hamma narsa ham biz uylagandek bo'lavermas ekan. Evropa chempionlar ligasiga kelsak saralash bosqichida qatnashganman. Lekin dastlabki ikki bosqichda kuchli klublar o'ynamaydi, oxirgi bosqichlarda Angliya, Ispaniya va Italiya kabi davlat klublari qatnashishadi.
Matluba: Adnan Oraxovac bo'sh vaqtida nima qiladi? Xobbingiz bormi?
- Bo'sh vaqtda dam olaman, kitob o'qiyman. Toshkentda serbiyalik, chernogoriyalik futbolchilar bilan uchrashib, ko'rishib turamiz. So'nggi o'qigan kitobim Zlatan Ibragimovichning avtobiografiyasi.
Narzulla: Faoliyatingizda birga o'ynagan eng mashhur futbolchilar.
- Amakimning o'g'li Sanibal Oraxovacni bemalol mashhur deya olaman. U CHernogoriyada o'z nomiga ega. "Buduchnost"da esa Serjan Radonich bilan birga o'ynaganman. U "Partizan" klubida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan. "Paxtakor"da esa Jamshid Iskanderov, SHerzod Karimov va Igor Sergeev va boshqa mashhur futbolchilar bilan birga o'ynayapman.
Matluba: O'zbekistonda deyarli bir yildan buyon yashayapsiz. Osh qilishga urinib ko'rdingizmi? Umuman qanday ovqat tayyorlay olasiz?
- Yo'q (kuladi) osh tayyorlab ko'rmadim. Ammo u sevimli taomlarimdan biriga aylandi. Doim o'yindan bir kun oldin osh eymiz. Bekrich, Sato bilan birga ko'pincha osh markaziga borib turamiz (kuladi). O'zim esa italyan taomlarini spagetti, pasta va tovuq pishirishni bilaman.
Narzulla: Qachon CHernogoriya terma jamoasini yirik musobaqalarda ko'ramiz?
- CHernogoriyada sobiq Yugoslaviya maktabi davomchilari to'p tepishadi. Yugoslaviya futbol maktabi juda ham kuchli ekanini barcha biladi. Bizning futbolchilarga bo'lgan talab jahonda Braziliya va Argentinadan keyingi o'rinda turadi. Terma jamoamiz katta musobaqalarga chiqishga yaqin, ammo buning uchun barcha borini berib o'ynashi kerak. Hali jamoamiz ancha yosh va katta g'alabalar oldinda ekaniga ishonchim komil.
Matluba: O'zbek tilini qanchalik o'rganib oldingiz?
- Bazi so'zlarni o'rganib oldim. Rahmat, assalomu alaykum, ketdik, sog' bo'ling, bo'pti, xayr (kuladi). Qolgani hozir esimga kelmayapti. (Adnanning o'zbek tilida qanchalik so'zlay olishini quyidagi video orqali tomosha qilish mumkin)
Narzulla: "Paxtakor"ning va O'zbekiston chempionatining eng kuchli uch futbolchisi?
- "Paxtakor"da barcha kuchli, kimnidir xafa qilib qo'yishni istamayman. Uch nafarni tanlash kerakmi? Jamshid Iskanderov, Igor Sergeev va SHerzod Karimov. Boshqa klublardan esa Samir Bekrich, Ivan Miloshevich va Sato Minori (kuladi).
Matluba: Adnan Oraxovac qachon turmush qurmoqchi? Bo'lajak turmush o'rtog'ingiz qanday bo'lishi kerak?
- Hozircha vaqtli deb o'ylayman. 2-3 yildan keyin turmush qursam kerak. Bo'lajak turmush o'rtog'im yaxshi, aqlli bo'lishini va futbolchining hayotini tushunishini xohlardim. Eng asosiysi meni sevasa bo'ldi, qolgani keyinchalik bo'laveradi.
Narzulla: O'zbekiston chempioni bo'ldingiz. CHempionatimiz qanchalik og'ir ekan? Mavsumdagi eng og'ir o'yin?
- Mavsum juda og'ir bo'ldi, yakunda chempion bo'ldik. CHempionat boshidanoq birinchi o'ringa chiqib oldik. Har bir o'yinda raqiblar bizga qarshi ikki karra kuch bilan o'ynashdi. Jamshid Iskanderov yarim yil o'ynamadi, Kamoliddin Tojiev, Kaxi Maxaradze kabi tajribali futbolchilar ham jarohat tufayli bizga ko'p o'yinlarda yordam bera olishmadi. Ammo qolgan futbolchilar ularning o'rnini to'ldirishga harakat qilishdi. Bazida yutqazdik, bazida durang o'ynadik. Mehnat qilib qiyin g'alabalarga erishdik. "Nasaf", "Mashal"...Namanganda "Navbahor"ga qarshi o'yin juda og'ir o'tdi. Minglab muxlislar qarshisida o'ynash juda og'ir. Raqib o'z muxlislari qarshisida bizni mag'lub etishga oxirigacha kurashdi. Bundan tashqari Qarshida "Nasaf" bilan o'yinda atiga 5 daqiqa o'ynadim, lekin ruhiy jihatdan juda qattiq charchadim. Sababi bosim juda kuchli edi.
Matluba: O'zbekistonlik futbol muxlislari haqida nima deya olasiz?
- O'zbekistonda muxlislik madaniyati juda kuchli ekan. Ular o'z sevmili futbol klublarini tinmay qo'llab-kuvvatlab turishar ekan. Ammo hech ham chegaradan chiqishmaydi. CHernogoriyada esa deyarli har bir bahs muxlislar o'rtasidagi janjallar bilan tugaydi. Bunday bo'lishi kerak emas, futbol tinchlik elchisi bo'lishi kerak. Aynan muxlislarning to'poloni tufayli Rossiyaga qarshi o'yinda CHernogoriyaga texnik mag'lubiyat yozilgan.
Narzulla: Ananaviy savol: Yodinigzda qolgan penalti yoki penaltilar seriyasi.
- Hech ikkilanmasdan ayta olaman 2006 yilgi Jahon chempionati final uchrashuvi hali ham esimdan chiqmaydi. Dastlab Zidan o'yindan Buffonga penaltidan gol urgandi. Bahs oxirida esa penaltilar seriyasida Tregeze gol ura olmagan va Italiya chempion bo'lgandi.
Matluba Sadullaeva va Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Foto: Tolibjon Qosimov
O’xshash yangiliklar

Fikrlar