O'zbek tilini o'rganayotgan Nikola Valentich yoxud serbiyalik futbolchi bilan eksklyuziv suhbat
04 okt 2016 08:40
Yangiliklar
O'zbek tilini o'rganayotgan Nikola Valentich yoxud serbiyalik futbolchi bilan eksklyuziv suhbat
Ayniqsa, Valentich boshqalarga o'rnak bo'layotganini etirof etish kerak. Nikola bilan bir qator qiziqarli mavzularda suhbatlashishni niyat qilgandik. Bu borada bizga klub matbuot xizmati yaqindan yordam ko'rsatdi.
– Nikola, ayni paytda siz 33 yoshdasiz. Bu yoshda legioner bo'lib o'ynash sizga qiyinchilik tug'dirmaydimi? Balki bu tavakkalchilikdir!
– Yo'q, bu menga umuman qiyinchilik tug'dirmaydi. 33 – bu faqat raqamlarda aks etgan xolos. O'yinga bor kuch bilan tayyorgarlik ko'rib harakat qilsa, bunday yoshda ham bemalol kuchli va sifatli o'ynash mumkin. SHunday ekan, 33 yosh bu men uchun raqamdan iborat xolos.
– Bosh murabbiy No'mon Hasanov bilan siz haqingizda gaplashganimizda, o'zbekcha so'zlarni o'zlashtirib olganingiz haqida aytdi. Aytingchi, aynan qaysi o'zbek so'zlarini o'rganib oldingiz?
– Darhaqiqat, O'zbekistonga kelganimdan so'ng o'zbekcha bazi-bir so'zlarni o'rganib oldim. Voda – suv, xleb – non, prava – o'ng, leviy – chap, bistroe – tez-tez, poexali – ketdik, drug – oshna, shuningdek, “Assalomu alaykum”, “aka-uka” kabi bir qancha so'zlarni o'zlashtirib oldim. Jamoadoshlarim bilan o'zbek tilida gaplashishga harakat qilyapman.
– Sizga bizning milliy taomlarimiz maqul keldimi?
– Menga hammasidan ham ko'ra osh juda yoqdi. Bu taom O'zbekistonda birinchi raqamli ekanligini bildim. Oldinlari shashlikni yoqtirardim, endi esa oshni.
– Aytingchi, “Qo'qon-1912”ga kelishingiz sababi nima bilan bog'liq?
– Sababi bitta: “Paxtakor”da ishlagan murabbiy – Dragan Dukich bilan yaqin munosabatda edim. Aynan uning tavsiyasiga binoan bu erga keldim. U mendan “Qo'qon-1912”ga kelib yordam berishimni so'radi va men taklifga rozi bo'ldim.
– Siz faoliyatingiz davomida Serbiya, Rossiya, Ozarbayjon kabi chempionatlarda to'p surgansiz. Xo'sh, aynan qaysi chempionatdagi faoliyatingiz o'zingizga maqul kelgan?
– Har bir chempionatning o'ziga xos jihatlari bor va men ushbu chempionatlarda to'p surganimdan afsuslanmayman. Rossiyada o'ynash ancha mushkulroq. U erda futbolchidan katta kuch talab qilinadi. Ozarbayjon chempionati ham o'ziga yarasha kuchli. Ammo baribir rossiyachalik emas deb o'ylayman. O'zbekistonda ham futbol rivojlanayotganligiga, chempionatning saviyasi ortib borayotganiga guvoh bo'lyapman. SHunday xulosaga kelyapmanki, bugungi kunda barcha joyda futbol o'ynashni o'rganib bo'lishgan. Yani, ushbu yaqin mamlakatlardagi futbolning bir-biridan katta farqi yo'q deb hisoblayman.
– Oliy ligamizda to'p surish sizga yoqyaptimi?
– Ha, yoqimli degan bo'lardim. Umumiy olib qaraganda, sizning chempionatingizda to'p surish menga manzur tushdi. Bu erda o'ziga yarasha kuchli jamoalar bor va shuning evaziga chempionat saviyasini yomon deyishga haqqim yo'q.
– Nikola, mamlakatimizga moslashib bo'ldingizmi?
– Futbol – alohida mintalitet talab qiladigan sport turi hisoblanmaydi. Yani, murabbiy bizga ko'rsatma beradi. Maydonda esa uning topshiriqlarini bajaramiz. Maydondan tashqarida esa oddiy inson kabi yashaymiz. Bilmadim, balki bu savolingizga to'liq javob bera olmayotgandirman. Ammo men O'zbekistonga faqat futbol o'ynash uchun kelganman. Bundan boshqa maqsadim yo'q. Bir so'z bilan aytganda, bu erga moslashishda menga qiyinchilik tug'ilmadi. Baza va mashg'ulot, keyin esa o'yin! Biz mana shunday hayot tarziga ko'nikkanmiz. SHuning uchun ortiqcha qiyinchilikni his qilganim yo'q. Bu erning insonlari ancha mehribon va ochiqko'ngil ekan. O'z navbatida mahalliy murabbiy ham menda juda iliq taassurot qoldirmoqda. Uning futbolga qarashlarini faqat ijobiy baholash mumkin. Qisqasi, bu erda menga hech nima halaqit qilayotgani yo'q.
– Qo'qonga kelganingizdan keyin sizni bu erda avvalambor nima ajablantirdi?
– To'g'risini aytsam, men dunyoning ko'plab mamlakatlarida bo'lganman. O'zingiz yuqorida aytib o'tganingizdek, bir qancha mamlakatlarda to'p surdim. Albatta, Qo'qon ham o'ziga yarasha jozibali, chiroyli shahar ekan. Ammo meni bu erda hech nima ajablantirmadi. Men poytaxt Belgrad shahrida yashayman. Bu erda esa poytaxt Toshkentligini bilaman. Umuman, O'zbekistonda Qo'qondan tashqari Samarqand, Buxoro singari sharqona uslubdagi ajoyib va qadimiy shaharlar bor. Barchasi menga yoqadi. Xullas, Qo'qonda ham futbol o'ynash va dam olish uchun sharoitlar yaratilgan. Nolishga hojat yo'q.
– Men oldingi intervyularingizdan birini o'qigandim. O'shanda oilangiz hamma narsadan muqaddas ekanligini va doim uyga kelsangiz o'zingizni baxtli his qilishingizni takidlagansiz. SHunday ekan, Qo'qonda ham oilangiz bilan birgamisiz?
– To'g'ri, oilam men uchun hamma narsadan muhim. Lekin ayni damda oilam Vatanimda yashamoqda. Men esa bu erda bir o'zimman.
– Qachondir oilanigizni ham olib kelasizmi?
– Bunisini vaqt ko'rsatadi, oldindan biror narsa deya olmayman. Ko'p narsa bu erdagi faoliyatim qanday kechishiga bog'liq. CHempionat tugaganidan so'ng uyga boraman va o'shanda yana bir bor oilam bilan maslahatlashaman. Agar imkoni bo'lsa ularni ham bu erga olib kelaman.
– “Crvena Zvezda” jamoasida to'p surish bu sizning orzuingizmi?
– O'zbekistonda “Bunyodkor” va “Paxtakor” kabi kuchli jamoalarda to'p surishni barcha futbolchi istaganidek, Serbiyada ham “Partizan” va “Crvena Zvezda” jamoalari sharafini himoya qilishni barcha o'yinchilar xohlashadi. Albatta, men ham ushbu klubda to'p surishni juda xohlagandim. Lekin menda xorijda to'p surish imkoniyati ertaroq paydo bo'lgan. Mana, 9 yildan oshdiki, men legioner sifatida turli mamlakatlarda o'ynab kelyapman. O'z paytida menda “Partizan” klubida to'p surish imkoniyati paydo bo'lgandi. Ammo kutilmaganda olgan jarohat meni bunday imkoniyatdan mahrum qilgan.
– O'z vaqtida “Spartak” darvozasini qo'riqlagan Voycex Kovalevski bilan “Sibir”da birga faoliyat olib borgansiz. Eshitishimcha, u bilan yaqin munosabatda bo'lgansiz.
– Bir paytlar u bilan qadrdon do'st bo'lganmiz, sms yozishib turardik, telefon va feysbuk orqali gaplashardik. Muhim uchrashuvlarni birga tomosha qilardik. Masalan, “Real” hamda “Valensiya” o'rtasidagi o'yinlarni ko'rardik. Lekin oxirgi 2-3 yildan beri aloqamiz uzilgan.
– Baliq oviga borishni xush ko'rasizmi?
– Umumiy aytganda, aksariyat futbolchilar qatori mening ham xobbim baliq oviga borishdir. Dam olish kunlari yoki tatil vaqtlarida imkon qadar baliq oviga borishni xush ko'raman.
– Qo'qonda ham bo'sh vaqtlaringizda baliq oviga bordingizmi?
– Ha, Qo'qonda ikki marta baliq oviga borishga ulgurdim. Biz borgan joy suniy ko'l ekan. Balki shuning uchun bo'lsa kerak u erdagi baliq ovidan rohatlana olmadim. Asosan katta, tabiiy ko'llarda baliq ovlashga odatlanganman. Doim ana shunday joylarga borardim. Bu erda esa biz borgan ko'l suniy ekan.
– Nikola, siz uchun “Rojdennye pobejdaet” (g'alaba qozonish uchun tug'ilgan) nimani anglatadi?
– 15 yil avval tanamga tatiurovka chizdirganman. Bu yozuv menga juda ko'p yordam beradi. Meni ruhlantirib turadi. Qiyin vaziyaga tushib qolganimda ushbu so'z menga katta ruhiy ko'mak berib turadi. Intilgan, harakat qilgan inson doim yutadi. Ayniqsa, og'ir vaziyatga tushib qolgan kishi oldinga qarab intilsa albatta murodiga etadi. SHu nuqtai nazardan qaraganda, bu so'z meni ilhomlantirib turadi.
– Sizning yoqtirgan klubingiz “Milan”mi?
– Ha, “Milan”! Bilmadim, “Milan” nimasi bilandir meni o'ziga tortadi. Kimdir “Real”, yana kimdir “Barselona”ni yoqtiradi. Men esa “Milan”ni. U erda oldindan ajoyib futbolchilar o'ynashadi.
– Yoqtirgan futbolchingiz Zidanmi?
– Ha, Zidan! Bunga gap-so'z bo'lishi mumkin emas.
– Yoqtirgan mashinangiz BMW+5mi?
– Avval shu rusumdagi mashinani yoqtirardim. Ayniqsa, yoshligimda yaxshi ko'rardim. Hozir esa unchalik mashinalarni ajratmayman. Ayni paytda sportga ixtisoslashgan mashinalarni yoqtiraman va o'zimda ham ana shunday avtomobil bor.
– Qo'qonda ham o'z mashinangiz bormi?
– Bu erda mashinam yo'q.
– O'z uyingizda qanaqa mashinangiz bor?
– AUDI.
– Bizdagi malumotlarga ko'ra sizning sevimli kinoingiz Maykl Duglas ijrosidagi “O'yin” filmi ekan, shu rostmi?
– Ha, rost. Bu juda ham yaxshi kino. Bu kino menga yoqqanligidan uni takror-takror ko'rib turishdan erinmayman.
– Sizning yoqtirgan kitobingiz “Pyataya gorla”. Kitob muallifi Paolo Koelo.
– Haqiqatan, shu kitob menga yoqadi, to'g'ri aytdingiz. Paolo Koelo yaxshi asar yozgan. Bu kitobni o'qisangiz o'zingiz uchun ko'p narsa olasiz. Insonni hayotda to'g'ri yo'lga boshlovchi asar hisoblanadi.
– Qaysi rusumdagi mobil telefonidan foydalanasiz?
– iPhone.
– Bungacha o'zbek futboli haqida nimalarni bilardingiz?
– Bu erga kelishdan oldin O'zbekistonda bir qator do'stlarim o'ynaganini bilardim. Ular bilan o'zbek futboli va uning saviyasi haqida bir necha bor gaplashganman. Internet orqali ham bu boradagi malumotlarni o'qiganman. Qisqasi, kelishdan oldin o'zbek futboli haqida etarlicha tasavvurga ega bo'lganman.
– Siz o'z vaqtida “Anji” jamoasida ham o'ynagansiz. Ammo bu klub siz ketganingizdan keyin kuchli tarkibga ega bo'lgandi. Bundan afsuslanmaysizmi?
– Yo'q, afsuslanmayman. Bundan taajjublanadigan joyi yo'q. Biz o'ynagan davrda klub xo'jayini boshqa edi. Keyin esa Sulaymon Kerimov rahbar bo'lib keldi va keyinchalik u klubni kuchaytirib yuborgandi. Bizdan keyin darhaqiqat “Anji” kuchaydi. Men esa u erdan “Alaniya”ga ketganman va qarorimni to'g'ri deb hisoblayman.
– “Alaniya”dagi faoliyatingiz haqida ham gapirib bersangiz.
– Rossiyaning tarixiy jamoalaridan birida o'ynaganman. O'sha paytda “Alaniya”da juda yaxshi jamoa shakllangandi. Afsuski, keyinchalik klub bankrotga uchradi. Natijada “Alaniya” quyiga sho'ng'ib ketdi. To'g'risi, nimaga bunday bo'lganiga to'liq tushunmayman. Ammo jamoaning rejalari ulkan edi. Taassufki, barchasi teskarisiga ketdi. Rossiyaning mana shunday klubi tarqab ketgani juda achinarli.
– Bu erga kelgach, bir qator o'yinlaringizni kuzatdik. Aytish kerakki, himoyachi sifatida ancha tajovuzkor futbolchi tariqasida taassurot uyg'otdingiz. Hakamlar ham sizga sariq kartochkalar ko'rsatishyapti…
– O'yinlar davomida shunday vaziyatlar bo'ladiki, hakamlar bunday holatni sariq kartochka bilan jazolashadi. Ko'p vaziyatlarda hakamlar o'yinning borishiga qarab kartochka ko'rsatishadi. Ayrim hakamlar futbolchilarga erkinlik yaratib beradi, yana ayrimlari esa unday emas. Har bir chempionatda hakamlikning maqsadi bir bo'lsa-da, ularning o'yinni boshqarish usullari turlicha. Himoyachi bo'lsam-da, balki qo'pol o'ynayotgandek muxlislarga tuyulishi mumkindir. Ammo o'yinning borishiga va raqibning o'yiniga qarab vaziyat o'zgarib turadi. Mening maqsadim raqib futbolchilarini o'tkazib yubormaslikdir. SHu bois har bir vaziyatda jon-jahdim bilan kurashaman. Hech qachon ataylab raqibga jarohat etkazishni istamayman. Maydonga tushganimda butun etiborimni o'yinga qarataman va zimmamdagi masuliyatni, menga bildirilgan ishonchni oqlash uchun oxirigacha kurashaman. Balki shuning uchun mening o'yinim sizlarga qo'polroqdek ko'rinayotgandir.
– O'zbekiston chempionatida bir qancha legionerlar to'p surishmoqda. Siz uchun ularning orasida qaysi biri eng kuchlisi? Yoki bu savolga javob berishga hali tayyor emasmisiz?
– To'g'risi, chempionatdagi ko'p o'yinchilarni yaxshi tanimayman. Qaysi biri mahalliy, qaysi biri legioner ekanligini ham farqlay olmayman. Menimcha, mavsum oxirigacha yaxshilab bilib olsam kerak. “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor” jamoalaridagi o'yinchilarni qisman tanib oldim. U erda yaxshi saviyadagi futbolchilar borligiga amin bo'ldim. Ayniqsa, “Paxtakor” jamoasining o'yini yoqdi.
– “Qo'qon-1912”da eng yaqin do'stingiz kim?
– Darko Gojkovich bilan bitta xonada yashaymiz va u mening eng yaqin do'stim. Bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz.
– Klubning sizga to'layotgan mablag'i qoniqtiryaptimi?
– SHuni aytmoqchimanki, bu erda oylik maoshim o'z vaqtida berilyapti. SHartnomada belgilangan kelishuv shartlari amalga oshib kelmoqda.
– Ko'pchilik mutaxassislar Ozarbayjon bilan O'zbekiston chempionati saviyasini bir-biriga o'xshashligi haqida ko'p gapiradilar. Siz esa u erda ham o'ynagansiz. SHuning uchun bu masalada fikringiz qanday?
– Yuqorida takidlaganimdek, bugungi kunda futbolni hamma joyda o'ynashni o'rganib bo'lishgan. SHunchaki, futbolchilar va muhitda farq bo'lishi mumkin. Lekin ikkala chempionatning futboli o'xshash. Umuman, O'zbekiston va Ozarbayjonning mintaliteti bir-biriga yaqin. Lekin o'rni kelganda aytishim kerakki, u erdagi klublarning O'zbekiston jamoalariga nisbatan kuchliroq legionerlarni sotib olishga qurbi etadi. Ozarbayjonda moliviy byudjeti yuqori bo'lgan bir qancha jamoalar bor. “Qorabog'”, “Inter”, “Neftchi”, “Gabala”… bu jamoalarda futbolchilarga yaxshigina oylik maosh to'lashadi.
– O'z vaqtida “SHo'rtan”ni boshqargan Igor Kriushenko “Sibir”da ham ishlagandi. Siz ham faoliyatingiz davomida ushbu klubda to'p surgansiz. Aytingchi, u erda murabbiy bilan yo'llaringiz kesishganmi?
– Ha, birga ishlaganmiz.
FIRDAVSXON suhbatlashdi.
Futbol Ekspress gazetasida olindi.
Fikrlar