So’nggi yangiliklar

14:23Скамакка 3 ойдан кейин машғулотларга қайтди  0 13:55"Малага"нинг ёш вингери "Реал" ва "Барселона" эътиборига тушди  0 13:31Эшитдик-да! Илҳом Мўминжонов янги мавсумда водийда иш бошлайди   12 13:24"Ливерпуль" "Лион" футболчисини қўлга киритмоқчи   3 13:05Ўзбекистон ва КХДР ўзаро ўйинлар тарихи. Пхеняндаги мағлубият, Гейнрихнинг чиройли голи ва Австралияда "порлаган" Сергеев  4 13:05КХДР билан ўйинлар ёдингиздами?  3 12:44КХДР - Ўзбекистон учрашувини бизга яхши таниш ҳакам бошқаради  7 12:21АПЛнинг уч клуби Пулишични кузатмоқда  1 12:00Лаосдан гапирамиз  19 11:47Ўзбекистон терма жамоасининг КХДР билан ўйин учун тахминий таркиблари  25 11:26Бундеслиганинг энг яхши тўпурари "Бавария"га ўтишни истамоқда  0 10:51«Реал Мадрид»нинг қишдаги режалари маълум  0 10:18Поль Погба келажаги борасида бир қарорга келди  2 09:42«Манчестер Юнайтед» ПСЖ футболчисини сотиб олмоқчи  0 09:07Клопп Испания жамоасини бошқариши мумкин  5

Moziyga qaytib... O'FFga taklif Yangiliklar

Moziyga qaytib... O'FFga taklif

2000 yil Livanda bo'lib o'tgan Osiyo Kubogi musobaqasi o'zbek futboli tarixidagi eng sharmandali natijalar bilan tarixda qolgan.

Yuriy Sarkisyan boshchiligidagi milliy terma jamoamiz Qatar (1:1), Yaponiya (1:8) hamda Saudiya Arabistoni (0:5) jamoalari bilan o'yinda 1 ochko to'plab, guruhda so'nggi o'rinni egallagan. 6 yil avval butun Osiyoni titratgan termamizning bu ahvolga tushib qolishi futbol tizimimizda katta o'zgarishlarga olib kelgan. O'FF Ijroqo'm yig'ilishida federaciya Bosh kotibi Zokir Qurbonov o'z lavozimidan ozod etilgan va uning o'rniga “Do'stlik” futbol klubi prezidenti Baxtiyor Rahimov tayinlangan. 

Toshkent viloyatining “Do'stlik” jamoasi so'nggi 2 yilda mamlakat chempionligini qo'lga kiritgan bo'lsa-da, klub rahbari futbol jamoatchiligi orasida uncha taniqli emas edi. Men u paytda O'zbekiston televideniesi “Sport” studiyasi direktori lavozimida ishlar edim. Futbolimizning yangi rahbari bilan yaqindan tanishish va ish yuzasidan hamkorlik aloqalarini yaxshilash borasida uchrashdik. Suhbat orasida men futbolimiz tizimini evropacha model asosida shakllantirish, yani federaciya asosan futbol rivoji va terma jamoalarga masul bo'lishi, ichki musobaqalarni esa alohida tashkilot o'tkazishi borasida fikr bildirdim. Rahimov yaqinda Moskvada bo'lganida FIFA vice-prezidenti, Rossiya futbol uyushmasi rahbari Vyacheslav Koloskov bilan shu mavzuda suhbatlashgani, Rossiyada ham Premer-liga tuzilgani va o'zini oqlamayotgani, yangi tashkilot RFU bilan ko'p tortishayotgani haqida fikr bildirganini aytib, bizda ichki musobaqa o'tkazadigan alohida tashkilot tuzishga zarurat yo'qligini bildirdi. Mening Koloskov ikkala tashkilotga ham rahbarlik qilmoqchi bo'layotgani sababli shunday vaziyat yuzaga kelgani haqidagi davolarim inobatga olinmadi.

Yangi, professinal futbol ligasi tuzilishi dolzarb mavzu bo'lgani sababli men bu taklifni shunday qoldirmadim va endi matbuot orqali uni omma etiboriga havola qilishni maqul topdim. Maqsad, bu mavzuga keng jamoatchilik fikrini ham bilish edi.

                                                                                                  Abror Imomxo'jaev.  

Taniqli sport jurnalisti Abror Imomxo'jaev taxririyatimizga bir xat bilan murojaat etdi. Dil kechinmalarini, o'y-fikrlarini gazetamiz orqali ochiq xat sifatida tegishli shaxslarga etkazishimizni iltimos qildi. Oshkoralik davri emasmi, qolaversa, maktub futbolimizni rivojlantirishga xizmat qilishini inobatga olib, xatni o'z xolaticha hukmingizga havola etishni maqul topdik.

KELAJAGI BUYUK O'ZBEKISTONNING FUTBOLI HAM DOVRUG'LI BO'LADI. BUNGA SHUBHA YO'Q. AMMO BU MAS'ULIYAT KIMNING ZIMMASIGA YUKLATILGAN?

(“O'zbekiston futboli” gazetasining 2001 yil 16 yanvar sonidan olingin).

Hurmatli Baxtiyor aka!

Bu lavozimga ishga o'tganingizga roppa-rosa 2 oy bo'ldi. Ammo hali ishni to'liq o'rganmasdan bir qancha chigalli muammolarga duch kelib ulgurdingiz. Murabbiylarning futbolimiz kelajagiga befarq qarashlari, ikkinchi liga o'tish turniridagi chalkashliklar, ayollar futbolidagi o'zboshimchaliklar, oliy liga murabbiylarining licenziyadan o'ta olmasliklari... hammasini sanab nima qilaman – ularni mendan ko'ra o'zingiz yaxshi bilasiz. SHuning uchun ham Yangi yil boshidanoq ushbu chiqishim bilan sizga qo'shimcha bosh og'riq keltirayotgan bo'lsam, avvaldan uzr so'rayman. Ammo bu erda mashhur qo'shikda kuylanidek, "aytsam dilim og'rir – aytmasam bo'lmas" iborasi ustun keldi. Boz ustiga, biz nafaqat Yangi yilni, balki Yangi asr, qolaversa, Yangi ming yillikni kutib oldik.

Xo'sh, yangi XXI asrda O'zbekiston futboli qanday bo'ladi? Biz yurtboshimiz orzu qilgan va millionlab muxlislar intiqlik bilan kutayotgan dovrug'li futbol namoyish etishga qodirmizmi?

Menimcha, ana shu savollarga javob topish uchun hozir ayni fursat va Siz "qaerdan ham shu lavozimga rozi bo'ldim" deyish o'rniga, "men baribir shu ishni uddalayman!" deb ishga kirishganingiz uchun ham murojaat bilan chiqmokdaman.

SHu bois ham fikrlarimni "aql o'rgatish" sifatida emas, hamkorlikdagi say-harakat deb qabul qilishingizni so'rardim. Kolaversa, biz yuqoridagi sarlavha – yani futbolimizni dovrug'li qilish kimning zimmasida degan savolga javob topishimiz kerak.

Yurtboshimiz "O'zbekistonning kelajagi buyuk bo'ladi!" deb xitob qilganlarida keksalarimiz "ilohim, shunday bo'lsin va uni qo'rish yosh, kelajak avlodga nasib etsin", deb duoi fotiha qilganlar. Menimcha, biz siz bilan "qaysi yoshlar va qaysi avlod" degan savolga javob izlashimiz kerak va buning uchun uzoqqa borish shart emas. XXI asrga biz qanday holatda kirib keldik? Siz bilan menga va boshqa tengdoshlarimizga eng masuliyatli joylarni topshirishyapti. Yani, aynan bizning yoshdagilarga ishonishyapti. Demakki, buyuklik sari boshlangan ishlarni Yangi asrda aynan biz davom ettirishimiz kerak.

Xususan, futbolimiz kelajakda dovrug'li bo'lishiga hech kim shubha qilmaydi. Ammo g'alaba ham o'z-o'zidan kelmaydi. Zamonaviy futbolda faqat "yulduz"larni jamlash yutuqqa kafolat bo'la olmaydi. Buning uchun to'g'ri strategiya va taktikani ham qo'llay bilish zarur, jumladan futbol mexanizmini ham.

Hozir Siz boshqarayotgan futbol federaciyada katta o'zgarishlar bo'lmoqda va shunday bo'lishi ham kerak. Sababi bu sohada muammolar shu darajada to'planib qolganki, ularni katta o'zgartirishlarsiz amalga oshirib bo'lmaydi. Ammo hammasiga birdaniga ulgurish qiyin. Demak, nima qilmoq kerak?

Menimcha, dastlab kechiktirib bo'lmaydigan ishlar, yani strategiyani amalga oshirish zarur. Misol uchun, federaciyaning oxirgi qarorlaridan biri – milliy terma jamoa shtabini tuzish haqidagi tasdig'ini olaylik. Milliy terma jamoamizga bosh murabbiy etib xorijiy mutaxassis taklif etilganiga yuz foiz ko'shilaman. Ammo uning yordamchisiga kelsak...

Bilasizmi, menga 1995 yil "Paxtakor"ning birinchi xorijiy murabbiyi – niderlandiyalik Xans Ferel bilan birga ishlash nasib qilgan. O'sha paytda jamoa boshlig'i lavozimida edim. SHu yili "Paxtakor" bir yo'la 4 pog'ona ko'tarilib, "taraqqiyot" sovrinini qo'lga kiritishida Xans Ferelga taniqli mutaxassis Ahrol Inoyatov yaqindan yordam bergan edi. Mamlakatimiz futbolini barcha sir-asrorlaridan xabardor bo'lgan Inoyatov ko'magida Ferel keyingi mavsum bundan-da yuqoriroq cho'qqilarni zabt etishi mumkin edi. Ammo niderlandiyalik mutaxassis o'zidan ko'ra jamoa kelajagini ustun qo'ydi. Mavsum yakunlangach, u Aqrol Inoyatovga samimiy minnatdorchilik bildirdi, ammo u kishidek taniqli mutaxassis yordamchi murabbiy sifatida emas, balki bosh murabbiy sifatida tajribalarini sarf etishi lozimligini aytib, Inoyatovga boshqa jamolarda omad unga yor bo'lishini tiladi. SHundan so'ng menga murojaat qilib, shartnomasi tugashiga bir yil qolgani va shu bois ham u ketgach, ishini davom ettirishi uchun unga yosh, maxalliy murabbii yordamchi sifachida zarurligini aytdi. Uzoq o'ylamasdan Islom Ahmedov nomzodida  to'xtaldim. Xans Ferel va Islom Ahmedov birga ko'p ishlay olishmadi, aniqrog'i, ularning ikkovi ham o'sha paytda "Paxtakor" uchun kerak bo'lmay qoldi. Keyinchalik Islom aka ana shu oz muddatda niderlandiyalik mutaxassisdan juda ko'p narsa o'rgangani va Rustam Akramov nazariyasi bilan Xans Ferelning amaliyoti uyg'unlashtirilsa, juda katta yutuqlarga erishish mumkinligi xaqida ko'p gapirgandi. U oz muddatda Hindiston yoshlari bilan muvaffaqiyatli ishlab, hozirda Hindiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlangani ham rejasini hayotga tadbiq etayotganidan darak beradi.

Ammo hozir gap O'zbekiston milliy terma jamoasi va uning kelajagi haqida bormokda. Rossiyalik taniqli mutaxassis Vladimir Salkov O'zbekistonga bir umrga kelmagani aniq, shu bois unga asosiy yordamchi etib Leonid Ostroushko emas, O'zbekiston fuqarosi bo'lgan mahalliy yosh murabbiylardan biri (so'nggi pallada taklif etilgan Ravshan Haydarov ikkinchi yoki uchinchi darajali murabbiy bo'lib qolmasligini istardik) biriktirilsa bo'lmasmidi? Nazarimda, shunday qilinganida, keyinchalik Salkov o'z yurtiga qaytib ketganida, ishni boshqatdan boshlamay, uzviy davom ettirish imkoniyati paydo bo'lardi.

Murabbiylar haqida gap ketganda, ularga bo'lgan munosabatni tubdan o'zgartirish zarurligini qayd etish lozim. Vazirlar Mahkamasining qarorida joylardagi futbolga mahalliy hokimlar masul etib tayinlangach, ish ancha siljidi va buni inkor etib bo'lmaydi. Ammo tushunsa-tushunmasa murabbiylarning ishiga aralashish va ulardan birdaniga katta yutuklarni talab etish kabi salbiy holatlar natijasida oz muncha mutaxassislarimiz ozor chekishdimi?! O'tgan yili "Zarafshon"da bir yo'la 5 (!) murabbiy almashganini nima bilan izohlash mumkin? Xorijdan tajriba orttirib qaytgan Ahrol Inoyatov, Bahodir Ibrohimov, shuningdek, milliy terma jamoamizni Osiyo o'yinlarida zafar quchishiga salmoqli ulush qo'shgan Birodar Abduraimov singari tajribali murabbiylarning amaliyot bilan shug'ullanmayotganliklarini-chi? Axir, ularning har biriga imkon berilsa (men vaqtni nazarda tutyapman), joylarda futbol rivojiga o'z ulushlarini qo'shishlari mumkin. Ammo darhol bugungi natijani talab etish ko'pgina murabbiylarimizni qiyin ahvolga solib qo'ymoqda. Natijada birgina o'tgan yilning o'zida oliy liga jamoalarining uchdan ikkisida (!) murabbiylar almashtirildi. Ular butun bilim va mahoratlarini sarflashi uchun 2-3 yil imkon berilmas ekan, futbolimiz rivoji haqida qanday gapirish mumkin?

Bu masalada hamma muammo shartnoma tizimining ishlamasligiga borib taqaladi. Xorijda klub murabbiyni muddatdan oldin ishdan bo'shatsa, shartnoma tugashigacha qolgan muddat uchun tovon puli to'laydi. SHu bois, klub rahbarlari murabbiyni ishga olishda ham, bo'shatishda ham etti o'lchab bir kesishadi. Agar bizda ham shu tizim qo'llanilganda, 2 yilga shartnoma imzolagan murabbiyni yarim yildan so'ng ishdan olayotgan hokim qolgan bir yarim yil uchun haq to'lashi lozimligini yaxshi anglardi va murabbiylar qo'nimsizligiga barham berilardi. 

"Qo'nimsizlik" iborasini futbolchilarga nisbatan ham bemalol ishlatsa bo'ladi. Yil davomida u jamoadan bunisiga o'tishlar shunday ko'p bo'ladiki, biz jurnalistlar statistikani olib borishda boshi berk ko'chaga kirib qolamiz. Demak, klub va futbolchi o'rtasidagi imzolangan shartnoma ham to'laligicha ishlamayapti.

Futbolchilarga maosh va mukofot pullari o'z vaqtida to'lanishi lozimligi haqida ham eng yuqori minbarlardan ko'p bor takidlangan. Amalda oliy liganing nechta jamoasi ana shunday barqarorlik bilan maqtana oladi? Hatto moliya sohasida eng yaxshi taminlangan "Navbahor"da ham bu sohada uzilishlar bo'ldi. Futbolchilar o'z haqlarini talab qilib o'zlaricha "bunt" ko'tarishdi, murabbiylar ham ularning yonini olishdi. Natija nima bilan tugadi? Murabbiylar ishdan olindi, eng "o'jar" futbolchilarga esa turlicha jazo choralari qo'llanildi.

To'g'ri, bu salbiy holatlarning bari Sizgacha bo'lgan va avvalgilarining loqaydligi uchun Siz javob berishingiz mantiqqa to'g'ri kelmaydi. Lekin federaciya murabbiy va futbolchilar manfaatini himoya qilish vazifasini eng ustivor yo'nalish deb belgilamas ekan, ish shu zaylda davom etaveradi.

Endi esa taktika, yani futbolimiz rivoji uchun qanday yo'l tanlanishi haqida fikr yuritaylik. Futbolimiz dovrug'li bo'lishi uchun birinchi navbatda uning poydevori mustahkam bo'lishi lozim. "Poydevor" deganda esa, biz birinchi navbatda bolalar futbolini tushunamiz. Hozirgi kunda federaciya bolalar futboli rivoji uchun qanday tasir ko'rsata oladi? Deyarli hech qanday. Sababi bolalar futbol maktablari va internatlar turli xil tashkilotlarga qaraydi, lekin federaciyaga emas.

Birgina misol. Poytaxtning markazidagi "Paxtakor" futbol maktabi tarbiyalanuvchilari qanday sharoitda shug'ullanishlarini hech kuzatganmisiz? Hozirgi sovuq kunda ham ular ochiq havoda echinib-kiyinishadi. Yuvinadigan joy bo'lmaganligi sababli terlagan kiyimlari bilan uylariga qaytishadi. SHaxsiy gigiena va sog'lom avlod haqida bilganlarim bilan vazxonlik o'qimoqchi emasman, balki muammoni hal etishning yo'llarini taklif etmoqchiman holos. O'sha "Paxtakor" futbol maktabi Toshkent shahar kasaba uyushmalari jismoniy tarbiya sport jamiyatiga qaraydi. Bu tashkilotning esa futbolni rivojlantirishdan ko'ra, o'z oldiga qo'ygan muhim vazifalari bor. SHu bois ham federaciya o'z ish tizimini o'zgartirishi va bolalar futboliga ham alohida etibor berishi zarur. Albatta, oliy va  birinchi liga jamoalari, mini va ayollar futboli, hakam va nazoratchi hakamlardan ortib bolalarga etibor qaratish mushkul ish.

Demak, o'z-o'zidan, federaciyaning bundan keyingi tuzilmasi qanday bo'ladi, degan savol kechadi. Menimcha, federaciya hozir juda ko'p yo'nalish bilan shug'ullanadi va shu boisdan bo'lsa kerak – barchasiga ham bir xildagidek ulgurmaydi.

Tasavvurimda mamlakatimiz futbol tizimi quyidagicha bo'lmog'i kerak: Futbolimizning rivoji va taraqqiyoti O'zbekiston futbol Uyushmasi (yoki shunga o'xshagan istalgan nom bilan atash mumkin) zimmasiga yuklatilinishi zarur. Uyushma mamlakat chempionati va kubok o'yinlaridan butunlay xoli bo'lib, asosiy etiborni terma jamoalar va bolalar futboliga qaratishi talab etiladi. Yani, milliy, olimpiya, yoshlar va 2 ta yoshdagi o'smirlar terma jamoasi aynan uyushmaga qaraydi. Bu terma jamoalarni tuzish, murabbiy va boshqa xodimlar bilan shartnoma imzolash, ularning yig'inlari va xalqaro musobaqalarda qatnashuvi uchun barcha sharoitlar yaratish va hokazo vazifalar deganidir. SHuningdek, har bir viloyatdan bittadan futbol markazlari tuzilib, ularda 6-sinfdan 13-sinfgacha bo'lgan o'quvchilar talim olishadi. 13-sinf nima degani deb hayron bo'lishingiz tabiiy. Gap shundaki, o'rta maktabni tugatgach, ko'pgina futbolchilar o'z kasblarini o'zgartirishga majbur bo'ladilar. Sababi ularning eng iqtidorlilarini professional klublar o'zlariga taklif etadilar, etibor berilmaganlari esa o'z-o'zidan futboldan uzokdashadilar. SHu tariqa, biz hali ochilishga ulgurmagan futbolchilar va bo'lajak mutaxassislardan mahrum bo'lamiz. Futbol markazlarida o'quvchilar 6-11-sinflarda o'rta maktab talimini olsalar, yana ikki yil davomida o'rta maxsus talimni ham o'zlashtirishlari uchun imkon yaratilishi kerak. SHunda ularning yana bir guruhi katta futbolga qo'shilsa, qolganlari yosh murabbiy licenziyasiga ega bo'ladilar.

Bu futbol markazlari bitiruvchilari birinchi navbatda mahalliy jamoalar safini to'ldiradi. SHu bois ular mahalliy byudjetdan mablag' bilan taminlanishi maqsadga muvofikdir. Ammo bu markazlarni malakali mutaxassislar bilan taminlash, ularda yagona ixtisoslashgan o'qitish tizimini barpo etish va shu tufayli yiliga bemalol 5-6 marta futbol markazlari o'rtasida respublika birinchiliklari o'tkazib turish va bolalar terma jamoalarini shakllantirish kabi masalalar nazorati bevosita futbol uyushmasida bo'lishi lozim. Eng muhimi shundaki, bitiruv arafasida har bir markaz hayati o'z bitiruvchisiga transfer bahosini qo'yadi va oliy hamda birinchi liga klublari ular bilan yuqoridagi mikdorini to'lagach, shartnoma imzolashlari mumkin. Boshqa viloyat klublariga esa bundan-da yuqoriroq narx belgilanadi, xullas ish to'g'ri yo'lga qo'yilsa, markazlar bemalol o'zlarini mablag' bilan taminlashlari mumkin. Mayli, joylardagi hokimiyatlar, sport qo'mitalari, maorif va talim boshqarmalari, shuningdek kasaba uyushmalari ham o'zlariga qarashli maskanlarda iqtidorli futbolchi etishtirishga baholi qudrat hissa qo'shsinlar. Lekin faqat ularga qarab qolish – “olma pish, og'zimga tush” qabilida ish ko'rish bo'ladi, shu bois uyushma birinchi navbatda o'z futbol markazlariga ega bo'lmog'i kerak. Demak, mamlakat futbol uyushmasi beshta terma jamoa va 14-15 ta futbol markazlari bilan shug'ullanadi hamda futbolni rivojlantirish jamg'armasi ham asosan ana shu yo'nalishga hissa qo'shishi lozim.

Ikkinchi yirik tashkilot bevosita futbol uyushmasiga bo'ysinuvchi, lekin o'z faoliyatini mustaqil yurgazuvchi Professional futbol ligasi (yoki Futbol federaciyasi, Milliy liga va hokazo) bo'lib, u mamlakat chempionati, birinchi liga uchrashuvlari va O'zbekiston kubogi musobaqalarini o'tkazadi hamda shu musobaqalar bilan bog'liq barcha ikir-chikirlarga javob beradi. Bunda mini-futbol, ayollar futboli, hakamlar va nazoratchi hakamlar, tartib-intizom hamda shunga o'xshash guzilmalar federaciyaning bo'limi emas, alohida associaciya va qo'mitalar sifatida faoliyat yuritishadi. Ana shunda har kim o'z ishini biladi va ish yurgazish ham oson kechadi. Bu tuzilmalarning bari o'z oldiga qo'ygan vazifalarni sidqidildan ado etgan va umumiy futbol rivoji uchun birgalashib harakat qilganlarida biz asosiy maqsad – futboli dovrug'li yurt sifatida ham obro' topamiz.

Baxtiyor aka! Kelgusi yil O'zbekiston futboli 90 yillik to'yini nishonlaydi. Aytmoqchimanki, futbolimiz o'z tarixi va ananalariga ega. Faqat hozir uni zamonaviy futbol namunalari asosida rivojlantirish zamon talabidir. Bu talabni ado etish esa - yuqorida aytganimdek, Siz, men va tengdoshlarimizga, yani bugungi yosh avlodga bog'likdir. Keling, birgalashib mana shu masuliyatni o'z zimmamizga olaylik va millionlab futbol muxlislari quvonchiga sherik bo'laylik.

Abror IMOMXO'JAEV, jurnalist.      

Tahririyatdan: Abror Imomxo'jaevning futbolimiz rivoji yo'lidagi takliflari ijobat bo'ldi, faqat birdaniga emas. Oradan 7 yil o'tib, 2008 yili mamlakatimizda futbol klublari ishini yaxshilash va rivojlantirish maqsadida Osiyo futbol konfederaciyasining tavsiyasiga binoan O'zbekiston Professional futbol ligasi tashkil etildi. Hozirda ichki musobaqalarni o'tkazish aynan shu tashkilot zimmasiga yuklangan. O'FA esa futbolimiz rivoji va taraqqiyoti, shuningdek, terma jamoalarga masul. 

O'FA qoshida har bir viloyatda futbol akademiyalari tashkil etildi, biroq keyinchalik ular negadir sport vazirligi tizimiga o'tkazib yuborildi. Alohida musobaqalar mavjud bo'lmagani sababli, ko'pgina iqtidorlar o'rta maktabni tugatgandan so'ng boshqa sohaga o'tib ketishga majbur bo'lardilar. Hozirda har bir yosh toifasi uchun U musobaqalari bor va U-19, U-21 dan chiqayotgan topilmalar o'smir va yoshlar terma jamoalarimizga iqtidorlar etkazib bermoqda. PFL reglamentga o'zgarishlar kiritganidan so'ng, futbolchilarning bir klubdan ikkinchisiga vagonlab o'tishga barham berildi, faqat murabbiylarni qo'lqopdek almashtirish xollari hali ham uchramoqda. PFL hamda yangi tuzilgan futbolchilar uyushmasi hamkorligida klublarning futbolchilar oldidagi qarzlari bartaraf etilmoqda va endi bu borada muammo to'liq bartaraf etildi deb hisoblasa bo'ladi. 

O'zbekiston futbol hakamlari markazi tashkil etildi, hakam va nazoratchilar guruhi O'FAdan alohida mustaqil tashkilotga aylandi.  

Abror Imomxo'jaev va Baxtiyor Rahimov deyarli tengdosh va bu takliflar bundan 20 yil avval, ular ayni navqiron paytda bo'lganlari sabab muallif ularni ro'yobga chiqarish siz va bizning zimmamizda deb umid qilgan edi. Biroq o'sha paytda o'zgarishlar amalga oshmadi, vaqt yo'qotildi va shukrlar bo'lsinki, kechikib bo'lsa-da, futbolimiz to'g'ri yo'lga tushib oldi. Eslatib o'tamiz, Abror akaning farzandi Diyor Imomxo'jaev hozirda PFL rahbari sifatida otasining orzularini ro'yobga chiqarmoqda...

Reyting: +6   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика