Moziyga qaytib... Mirjalol Qosimov buyuk murabbiy bo'la oladimi?
06 jan 2023 14:21
Yangiliklar
Moziyga qaytib... Mirjalol Qosimov buyuk murabbiy bo'la oladimi?
Ushbu gazeta ijtimoiy-ommabop yo'nalishidagi mavzularni qamrab olgan va uning har bir sonida sport, ayniqsa, futbolga ham alohida joy ajratilgandi. Buning sababi oddiy – gazeta bosh muharriri Xayrulla Hamidov futbol mediasida o'z o'rniga ega ijodkor hisoblanardi. Etiboringizga ana shu gazetada chop etilgan maqolalarni havola etamiz...
MIRJALOL QOSIMOV BUYUK MURABBIY BO'LA OLADIMI?
Bo'lishi mumkin, agar unga imkoniyat berilsa...
("Odamlar orasida" gazetasining 2007 yil 22 fevral, 1 va 15 mart sonlaridan olingan).
Ulug' adibimiz Abdulla Qodiriyning "Moziyga qarab ish tutish xayrlidir" iboralariga biz, jurnalistlar ko'p murojaat qilamiz. Sababi, bu so'zlarning haqligi doimo isbotlangan. Tarixda misollar juda ko'p bunga. Men kasb faoliyatimni boshlaganimga 20 yildan oshdi. Bu orada yutuqlar ham ko'p bo'ldi, xatoliklar ham. Lekin ikki voqea umrbod yodimdan chiqmaydi. Sababi, ularning ikkalasidan so'ng, men kasb sohasidagi kundalik faoliyatimni to'xtatishimga to'g'ri kelgan. SHu bois ham, menga yaqin insonlar tashkil etgan ushbu gazetaga maqola yozishdan oldin moziyga qaytmoqchiman. Bu yillar meni sal bo'lsa-da o'zgartirgani, avvalgi qiziqqonlik va tanqid qilinganlarga nisbatan shafqatsizlik o'z o'rnini tajriba va o'ziga ishonch singari zarur tuyg'ularga bo'shatib berganini takidlab o'tishdir. Yani, endi faqat hozirgi kundagi voqea-hodisalarni ko'rsatishdan tashqari yaqin kelajak haqida fikrlashish, tahlil va taxmin qilish usullariga murojaat etish foydadan xoli emasligini aytmoqchiman. Biroq, avval moziy voqealari haqida.
1993 yil mart oyida hukumatning O'zbekistonda futbolni rivojlantirish to'g'risidagi qarori elon qilindi. Bu tarixiy hujjat bo'lib, yurtimizda millionlar o'yini yanada rivojlanishi uchun katta turtki bo'ldi (oradan bir yil o'tib O'zbekiston terma jamoasi qitada eng kuchli bo'lganini eslashning o'zi kifoya). Qaror bandlarining birida "Sport" gazetasi tahririyati qoshida "O'zbekiston futboli" gazetasi tashkil etilib, futbol rivoji uchun u ham o'z hissasini qo'shishi ko'rsatilgan edi. Men o'sha paytda "Sport" gazetasi futbol bo'limini boshqarganim sababli tashkiliy ishlarning bir qismi mening zimmamga yuklatildi. Biz jurnalistlar eng shimarib ishga kirishib ketdik. Hozir haftasiga o'nlab futbol gazetalariga duch kelayotgan yosh muxlislar bilishmas, lekin bu qarorgacha birorta ham futbol gazetasi yo'q edi! Nihoyat, yarim yil ichida barcha tashkiliy ishlar nihoyasiga etdi va Mustaqillik bayrami kunlarida gazetaning ilk soni ishqibozlar etiboriga havola etildi. Agar o'sha qarorning barcha bandlari ijro etilganda, balki keyingi qarorga hojat qolmasdi. Biroq, malum va nomalum sabablarga ko'ra, bazi bandlar ijrosi qog'ozda qolib ketdi. Bizning asosiy yo'nalishimiz qarorning hayotga tadbiq etilishi bo'lgani uchun ham bu mavzuga doimo duch kelardik. Nihoyat, joylarda bazi mutasaddilarning etiborsizligi sabr-kosamni to'ldirdi va qaror qabul qilinganidan bir yil o'tib, "O'zbekiston futboli" gazetasida "O'YINDAN TASHQARI HOLAT – Vazirlar Mahkamasining qarori ana shunday vaziyatda" nomli maqolam elon qilindi. Unda qaysi bandlar ijro etilmayotgani fakt va raqamlar orqali keltirilgandi. Ertasiga bu maqola katta shov-shuvga aylanib ketdi va... mening ishdan ketishim bilan yakun topdi. Asosiy muassisimiz – Davlat sport qo'mitasi rahbarlaridan birining tahririyatga qilgan qo'ng'irog'idan so'ng mening u erda qolishimning mantiqi yo'qoldi.
Oradan ikki yil o'tib, aniqrog'i, 1996 yilning 17 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining "O'zbekistonda futbol taraqqiyotining principlari va asoslarini tubdan amalga oshirish to'g'risida"gi qarori elon qilindi. Uning dastlabki bandlaridayoq bundan 3 yil avval qabul qilingan qaror ijrosiga masul bo'lganlar faoliyati tanqid qilingan, unda masul shaxslar nomma-nom keltirilgan va ular orasida birgina qo'ng'irog'i bilan meni "O'zbekiston futboli" gazetasidagi faoliyatimga nuqta qo'ygan rahbarning ismi sharifi ham bor edi…
Yangi qaror qabul qilingan paytda men O'zbekiston televideniesida "Futbol olami" ko'rsatuvini tayyorlar edim. Uning matni bilan tanishib chiqqach, "haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi" aqidasiga yana bir bor shukr qilib, yangicha ishtiyoq bilan ishga kirishib ketdim. Oradan bir yil o'tgach, ko'rsatuvimning ikki sonini qarorning bir bandiga, yani "Paxtakor" jamoasi shuhratini yanada yuksaltirish haqidagi ijroga bag'ishlashga qaror qildim. Bu band afsonaviy jamoaga etiborni kuchaytirish, "Paxtakor" o'zbek futbolining yuzi bo'lishi belgilanandi. Uning kiritilishi esa bejiz emasdi. 1992 yil mamlakat chempionligini "Neftchi" bilan bo'lishib olgan paxtakorchilar 1993 yil 2-pog'onani egallashgan, so'nggi 3 yil ichida esa hatto sovrindorlar qatoriga ham kira olmayotgan edi. Klub rahbarlarining etiborsizligi tufayli mahoratli o'yinchilar jamoani tark etayotgan, natijada jamoa borgan sari so'nib borayotgandi. Ko'rsatuvning birinchi qismi yana katta shov-shuvlarga sabab bo'ldi va... yana kasb faoliyatimga nuqta qo'ydi. Meni mutasaddi idoralarga chaqirishdi. Juda jiddiy suhbatlashishdi. Agar ko'rsatuvdagi faktlar noto'g'ri bo'lganida, bu men uchun jiddiy muammolar keltirib chiqargan bo'lardi. Mutasaddilar faktlar to'g'ri ekanini inkor etmagan holda, bu yo'nalishdagi ko'rsatuvlar ishqibozlarda futbolga nisbatan nafrat uyg'otishini, biz, jurnalistlar esa, ularda futbolga nisbatan mehr uyg'otadigan dasturlar tayyorlashimiz lozimligini uqdirishdi.
O'z-o'zidan kelasi hafta ko'rsatuvning ikkinchi qismi efirga uzatilmadi. Uning o'rniga boshqa kanaldan "Paxtakor" jamoasiga bag'ishlangan maxsus ko'rsatuv muxlislar hukmiga havola etildi. Unda klub rahbariyati futbolchilarga katta etibor berayotgani haqida hikoya qilinib, bu fikrlarni bazi futbolchilar ham intervyu shaklida tasdiqlashdi. Bu safar men ishdan ketmadim. Ammo "Futbol olami" ko'rsatuvi yopildi. Lekin u o'z vazifasini bajarib bo'lgandi. Sababi, ko'rsatuv mutasaddilar tomonidan jiddiy muhokama etilgach, zero unda bazi fikrlar noxolis bo'lsa-da, to'g'ri fikrlar ham borligi inkor etilmagandi. Aynan shundan keyin jamoaga etibor jiddiy o'zgardi. Futbolchilar sharoiti yaxshilandi. Avvalgi yulduzlar Igor SHkvirin, Mirjalol Qosimov, Azamat Abduraimov jamoaga qaytarildi. SHu yilning o'zida paxtakorchilar mamlakat kubogi sohibi bo'lishdi. 5 yillik tanaffusdan so'ng chempionlik ham ularga qaytdi.
* * *
Ana endi moziydan hozirgi zamonga qaytamiz. Hozir tashkiliy ishlar ko'p vaqtimni olishi tufayli deyarli ijod qilmayapman. Onda-sonda tanish hamkasblar iltimosiga ko'ra u-bu mavzuda maqolalar yozib turaman. Yaqinda esa bir mavzu meni befarq qoldirmadi va unga munosabat bildirish maqsadida qo'limga yana qalam oldim. Gap milliy terma jamoaga kimni bosh murabbiy qilish to'g'risida edi. Bu borada men ham o'z fikrimni aytdim va futbol gazetalarining birida navbatdagi maqolam chop etildi.
* * *
Balki bu yozganlarim uchun Mirjalol Qosimov mendan xafa bo'lar, biroq bu vaziyatda u bilan yaqin munosabatimdan ko'ra kasbim ustunlik qildi. Uning xarakterini yaxshi bilganim uchun ham xafa bo'lsa kerak, deb o'ylayapman. Sababi, Mirjalol uning nomidan birov hukm chiqarishiga doim qarshi bo'lgan. Boz ustiga, masalaning bu tarzda qo'yilishi ham odatda kamtar bo'lgan Qosimovga yoqmasligi tabiiy. Va jahlini chiqarishga eng katta sabab bo'ladigani, qachonlardir u menga jurnalist emas, yaqin kishisi sifatida bildirgan mulohazalarini men kasbim manfaati yo'lida ishlatmoqdaman. Bunday yo'l tutishimga sabab esa bitta: milliy terma jamoaga bosh murabbiy tayinlashda o'z fikrlarimni bildirish!
Mustaqil futbol federaciyamiz tuzilgandan beri, yani, 14 yil ichida milliy terma jamoa bosh murabbiyi 18 marta almashibdi. Bu yiliga bittadan ham to'g'ri kelmaydi! Ular orasida bitta ham o'yin o'tkazmagani (Bahrom Hakimov), bitta o'tkazgani ham (Leonid Ostroushko) bor. Vaholanki, bu – jamoa xo'jaligi futbol komandasi emas, mamlakatning bosh jamoasi. Boshqacharoq aytganda, milliy terma jamoasi sinov maydoni emas. Buni hamma biladi. Biroq yuqoridagi raqamlar buning aksini ko'rsatmoqda.
Mana, terma jamoamiz yana ustozsiz qoldi. Vaholanki, Osiyo Kubogi boshlanishiga bor-yo'g'i yarim yil qoldi! Bu orada nomzod futbolchilarni to'g'ri tanlash, ular bilan yaqindan tanishish, yig'in va o'rtoqlik uchrashuvlari tashkil etish va o'nlab shu singari masalalarni hal etish qerak. O'zini hurmat qilgan xorijiy mutaxassis yarim yil qolganda terma jamoani qabul qilmaydi. CHunki o'yinchilar bilan tanishib, ular imkoniyatini o'rganish uchun kamida shuncha vaqtning o'zi ketadi. Qolaversa, O'FF prezidenti Mirabror Usmonovning o'zi ham xorijdan murabbiy taklif etishda ehtiyot bo'lish kerakligini, qilingan tahlil termamizga kelib-ketgan xorijiy murabbiylarlarning birortasidan iz qolmagani to'g'risida kuyunib gapirdi.
Demak, futbolchilarimiz imkoniyatini yaxshi biladigan o'z murabbiylarimizga suyanishimiz kerak. Ammo ularning eng mashhurlari bu lavozimda ishlab bo'lgan. Futbol professori, shu paytgacha terma jamoa bilan eng yukori natijani qo'lga kiritgan (Osiyo o'yinlari-94 g'olibi) Rustam Akramovga yana bir imkoniyat berish kerakdek tuyuladi. Biroq, bundan o'n yil muqaddam jurnalistlar bilan uchrashuvda yuqori martabali rahbarlardan biri Akramovni tanqid ostiga olib, u endi mamlakat futbolida umuman ishlamasligi haqida aytgandi va shunday bo'ldi ham. Demak, bu nomzod o'z-o'zidan chetga chikadi. Bahodir Ibrohimov, Rustam Mirsodiqov, Yuriy Sarkisyan, Ravshan Haydarov o'z vaqtida termaga rahbarlik qilganlar. Lekin kerakli natijalarga erisha olmaganliklari tufayli bu vazifadan ozod etilganlar. Rauf Inileev qisqa muddatda jangovar jamoa tayyorlay oldi. Biroq, etarlicha xato qilishga ham ulgurdi. Bu haqda "INTERFUTBOL" sahifalarida mamlakatimizning eng malakali futbol nazariyachisi Rustam Akramov o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi. Qolaversa, Inileev asosan yoshlar bilan ishladi. O'zini yulduz hisoblaydigan legionerlar bilan qanday til topishadi, bizga qorong'u. Aynan shuning uchun ham men milliy terma jamoani futbolchi sifatida "professor" bo'lishga ulgurgan, bir yildan beri murabbiylik sohasida faoliyat olib borayotgan Mirjalol Qosimovga ishonib topshirish lozim, degan g'oyani ilgari surmoqchiman va fikrlarimni aksioma, yani, isbot talab qilinmaydigan dalillar orqali izhor qilmoqchiman. Ularni inobatga olish-olmaslik mutasaddilarning ishi.
BIR. Mirjalolga murabbiylik qilgan ko'pgina mutaxassislar unga "maydondagi murabbiy" degan tarif berishgan va bu bejiz emas. Mirjalol bilan va usiz terma jamoa umuman boshqa-boshqa bo'lganini barcha muxlislar yaxshi bilishadi. Yo'q, u Diego Maradona singari yuksak individual mahorat yoki Dide Drogba singari muhim o'yinlarda to'purarlik qobiliyatini namoyon etadigan futbolchilar sirasiga kirmagan. U maydonda futbolchilarga zaruriy ko'rsatmalarini berib, jamoa o'yin tizginini o'z qo'lida ushlab turadigan noyob futbolchilar qatoridan joy olgan. Yani, futbolchilik paytidanoq murabbiylik xislatlarini namoyon eta boshlagan.
IKKI. Hozirgi milliy terma jamoa azolarining 90 foizi bilan Mirjalol birga maydonga tushgan. Yani, ularning imkoniyatlarini undan ko'ra hech kim yaxshi bilmaydi.
UCH. Butunjahon futbol tajribasi shuni ko'rsatmokdaki, mashhur o'yinchilar futbolchilik faoliyatini tugatgandan so'ng milliy terma jamoa aynan ularga ishonib topshirilmoqda. Franc Bekkenbauer birinchi urinishidayoq (1986) Germaniyani shoxsupaga olib chiqqan. Meksikada o'tkazilgan Jahon chempionatida Germaniya faqat afsonaviy Maradona jamoasiga yutqazgan bo'lsa, oradan to'rt yil o'tib Bekkenbauer o'sha Maradonani ham mag'lub etib, chempionlikka erishgan. Bu har bir mashhur futbolchi murabbiy sifatida katta yutuklarga erishadi, degani emas. Lekin obro'si yuqori bo'lgan futbolchilar sobiq maydondoshlari bilan osonlikcha til topishishi o'z samarasini berishi aniq. Franciya o'z vaqtida termani Mishel Platiniga bergan bo'lsa, yaqinda Jahon chempionligini qo'lga kiritgan italiyaliklar bosh jamoaga Roberto Donadonini munosib ko'rdilar. Niderlandiyaliklar avlodlar almashinuvi kabi murakkab bosqichni afsonaviy Marko van Bastenga, braziliyaliklar esa Dungaga ishonib topshirdilar.
Germaniya Bekkenbauerdan so'ng faqat sobiq futbolchilarga suyanmoqda: Berti Fogts, Rudi Fyoller, Yurgen Klinsmann.
Ukrainada yaxshi futbolchidar har doim bo'lgan. Lekin faqatgina Oleg Bloxin terma jamoani Jahon chempionati final turniriga olib chiqa oldi. Biz har safar Maksim SHackix terma o'yinlariga keladimi-yuqmi, deb xavfsirasak, ukrainaliklar uchun Andrey SHevchenko xuddi shunday edi. Termani Bloxin egallashi bilan u kim aslida kimligini ko'rsatdi va ukrainaliklar "o'lim guruhi"dan 1-o'rinni egallab, xalq orzusini ushaltirdilar. Termamizning hozirgi azolari Mirjalolni qanday hurmat qilishlarini tariflashga hojat bo'lmasa kerak.
TO'RT. Qosimov futbolchilik faoliyatida juda mashhur murabbiylardan sir-asror o'rgangan. O'zimiznikilardan Birodar Abduraimov, Rustam Akramov, Bahodir Ibrohimov, Mahmud Rahimov, Yuriy Sarkisyan, Viktor Jalilov, rossiyaliklardan Boris Ignatev, Valeriy Gazzaev, Pavel Sadirin, Vladimir Salkov, Aleksandr Tarxanov, xorijliklardan Ubiraja Vega da Silva, Rolan Kurbis, Yurgen Gyode, Bob Xougton ana shular jumlasidandir. Bu murabbiylardan olingan saboq – to'ldirilgan konspektlarni o'z ko'zim bilan ko'rganman. Endi ularni zamonga moslab qo'llash vaqti keldi.
BESH. Klub bilan terma jamoa murabbiylari bir-biridan farq qiladi. Klub murabbiyi futbolchiga kundalik mashgulotlar orqali sir-asrorlarni o'rgatsa, terma jamoa murabbiyi shakllangan futbolchilarni bir joyga yig'ib, asosan taktika va strategiyani belgilaydi. SHuning uchun ham Qosimovda tajriba etishmaydi, degan fikrga qo'shilmayman. Yuqorida misol keltirilgan Bekkenbauer, Platini, Klinsmann, van Bastenlar ham biror klubda ishlaganini eslay olmayman. Ular yulduz futbolchilarni birlashtira olgan murabbiylar xisoblanishadi.
OLTI. O'rinbosarlar turnirida har yili "Paxtakor" va "Neftchi" g'oliblik uchun kurashardi. Bu yil Mirjalol Qosimov rahbarlik qilgan "Mashal" o'rinbosarlari yoshlar termasi asosini tashkil etuvchi "Paxtakor"dangina ortda qoldi va 2-pog'onani egalladi. Asosiy tarkibda esa "Paxtakor" maydonida mezbonlar bilan teng kurash olib boradigan jamoani Kumikov-Qosimov juftligi kashf etgani ham fikrimga dalil bo'la oladi.
ETTI. O'FF prezidenti yaqin kelajakda termani aynan Mirjalol Qosimov boshqarishini yashirmayapti. Yani, asosiy maqsad Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritish. SHunday bo'lsa, u termani qancha oldin qabul qilib olsa, shuncha yaxshimasmi? Osiyo Kubogi u uchun katta sinov bo'ladi. Ketma-ket Jahon chempionati saralash uchrashuvlari boshlanadi. O'FF prezidenti takidlaganidek, xorijiy murabbiylarga 300-400 minglab dollar to'lagandan ko'ra Qosimov bilan shartnoma imzolab, unga o'zimizning so'mda oylik maosh to'lash foydalimasmi?
* * *
Biz Qosimov milliy termani boshqarishi uchun oz emas-ko'p emas, 7 sababni keltirdik. Ana endi sarlavhadagi savolga javob berishga urinib ko'ramiz.
Xo'sh, Qosimovga qachon imkoniyat beriladi? Agar yil davomidagi taqvim bilan tanishib chiqsak, bu yaqin orada ro'y beradiganga o'xshamaydi. Dastlab eng muhimi deb hisoblanayotgan olimpiyachilar taqvimini ko'rib chiqaylik. Kecha futbolchilarimiz safarda Yaman olimpiyachilariga qarshi maydonga tushishdi. Gazeta seshanba kunlari bosmaga topshirilishini inobatga olsak, men ushbu maqolani yozayotganimda o'yin natijasidan bexabar bo'lishim oydinlashadi. Lekin murabbiylarimiz o'z shogirdlariga bu o'yinda faqat g'alaba uchun maydonga tushish vazifasini qo'yishgani va shunga mos taktika tanlashgani sir emas. Ana endi mantiqiy taxminimizni o'rtaga tashlaymiz.
Agar futbolchilarimiz Yaman va Janubiy Koreya safaridan hech bo'lmaganda uch ochko bilan qaytishsa, bu yaxshi natija sifatida baholanishi kerak. Sababi, ikkinchi davrada uch o'yinning ikkitasini biz uyda o'tkazamiz va ularda g'alaba qozonsak, ochkolarimiz 12 taga etadi. Bu ko'rsatkich esa uchinchi bosqich uchun etarli bo'ladi.
Uchinchi va hal qiluvchi bosqich 22 avgustda boshlanib, 21 noyabr kuni nihoyasiga etadi. Bu erda natijalarni taxmin qilish befoyda. Lekin o'yinlar kunlari malum. Demak, natija qanday bo'lishidan qati nazar olimpiyachilarimiz mavsumni 21 noyabr kuni yakunlashadi.
Agar futbolchilarimiz federaciyamiz rahbariyati va millionlab muhlislar orzusini ushaltirib Pekin-2008 yo'llanmasini qo'lga kiritishsa, Olimpiada 2008 yilning avgust oyida bo'lib o'tadi. Bu esa Mirjalol Qosimov keyingi yilning kuz mavsumidagina olimpiya terma jamoasidan bo'shaydi degani. Mabodo omadimiz kelmay, biz yo'llanmani qo'lga kirita olmasak, Qosimov ikkita vazifadan bittasini, yani olimpiyachilar katta murabbiyligini shu yilning 21 noyabrida rasman topshiradi.
SHunda uning yana bir ishi – milliy terma jamoa katta murabbiyligi qoladi. Eng qizig'i, o'sha paytda milliy termaning bosh murabbiyi kim bo'lishi nomalum. Federaciya rahbariyati nafaqat olimpiyachilarga, balki bosh jamoa oldiga ham katta vazifalar qo'ygan. Yani, eng kamida avvalgi natijalardan ko'ra yaxshiroq ko'rsatkichga erishish. Malumki, Osiyo Kubogi bahslarida termamiz ko'rsatgan eng yaxshi natija – chorak final (Xitoy-2004). Demak, Rauf Inileev shogirdlarini eng kamida yarim finalga olib chiqishi talab etiladi. Bu erda ham yaxshi niyat borasida taxmin qilib ko'raylik. Inileev shogirdlari bu yoki undanda yaxshi natijaga erishib barchamizni xursand qilishdi. O'z-o'zidan Inileevga terma jamoani JCH-2010ga tayyorlash vazifasi yuklatiladi. Mabodo Osiyo Kubogi bahslari kutilgan natija bermasa, bosh murabbiy o'z vazifasidan chetlashtiriladi. Xo'sh, unda kim bosh bo'ladi? Qosimovmi? Agar unga milliy terma ishonib topshirilsa, Olimpiada yo'llanmasi uchun hal qiluvchi bahs olib borayotgan olimpiyachilarimiz shtabida Abramov-Qosimov juftligi buziladi. Oddiygina misol: 22 avgust milliy termamiz Kievda Ukraina termasiga qarshi maydonga tushsa, xuddi shu kuni olimpiyachilarimiz nasib etsa, 3-bosqichning birinchi turini o'tkazishadi.
Bordi-yu, bunday noqulaylikning oldini olish uchun 3-bosqich nihoyasiga etishi, yani noyabr oxirigacha kutilsa, unda milliy termaga bosh murabbiy vaqtincha qo'yiladimi? Axir, JCH-2010 baxslariga o'sha paytdan tayyorgarlikni boshlash kerak-ku!
Xullas, bu masalada kalavaning uchini topish mushkul. To'g'ri, savol tug'ilishi mumkin: nima milliy terma Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli qatnashsa, olimpiyachilarimiz Pekin-2010 yo'llanmasiga ega bo'lishsa, bu barchamiz uchun olam-olam quvonch emasmi? Quvonch. SHodlik. Faxr. G'urur. Bundan barchamiz, shu jumladan mening ham, Mirjalolning ham boshi ko'kka etadi.
Men faqat sarlavhadagi savolga javob berishga harakat qildim xolos...
Abror IMOMXO'JAEV.
P.S: Afsuski, sarlavhaning ikkinchi qismidagi umid, yani "unga imkon berilsa" degan ishonch xavotirga aylandi va Qosimovga milliy terma jamoada to'laqonli imkon berilmadi. Dastlab, u termani JCH-2010 saralashidagi ketma-ket 3 mag'lubiyatdan (Saudiya Arabistoni – 0:4, Qatar – 0:3 va Avstraliya – 0:1) so'ng Rauf Inileevdan keyin qabul qilib oldi. Bu paytda JCH-2010 so'nggi saralash bosqichiga bir oydan kam vaqt qolgandi va o'z-o'zidan yangi murabbiy mo'jiza ko'rsata olmadi.
Ikkinchi bor esa JCH-2014 saralashining so'nggi bosqichida, o'z maydonimizda Eronga 0:1 hisobidagi mag'lubiyatdan keyin Vadim Abramovdan qabul qilib oldi. Navbatdagi o'yinga 5 kun qolganda... SHunga qaramasdan, Qosimov jamoasi qolgan uchrashuvlarni ko'tarinki ruhda o'tkazdi, Jahon chempionatiga to'g'ridan-to'g'ri yo'l olgan Janubiy Koreya termasi bilan bir hil ochko to'pladi va faqatgina to'plar farqiga ko'ra 3-pog'onadan joy oldi. Bu bilan u ilk marotaba termamizni qitalararo bahs yo'llanmasini qo'lga kiritish uchun Iordaniya termasiga qarshi pley-off to'qnashuvga olib chiqdi. Muxlislar yaxshi eslashadi, o'shanda ikkala o'yin ham 1:1 hisobida durang bilan yakunlangan, "Paxtakor" stadionida kechgan javob uchrashuvi nihoyasida stadion yoritkichlari o'chib qolgan va jamoamiz penaltilar seriyasida alamli mag'lubiyatga uchragan edi.
Asosiy vazifa – JCH yo'llanmasi qo'lga kiritilmagani uchun Mirjalol Qosimov o'sha o'yindan keyin istefo so'rab ariza yozdi. Biroq O'FF rahbariyati unga ishonch bildirdi va istefoni qabul qilmadi. SHu tariqa Qosimov milliy termani Avstraliyada bo'lib o'tgan Osiyo Kubogi-2015 final turniriga olib bordi. CHorak finaldagi Janubiy Koreya bilan kechgan o'yinni ham muxlislar yaxshi eslashsa kerak: asosiy vaqtda durang, so'nggi daqiqalarda Lutfulla To'raev qulay imkoniyatdan foydalani olmagani va qo'shimcha vaqtda alamli mag'lubiyat.
Eng muhimi – milliy termamiz qita garandlari bilan tengma-teng o'ynashni boshlagandi va bu muxlislarda jamoamiz nihoyat, navbatdagi Jahon chempionatiga chiqishni uddalashiga ishonch bag'ishlagandi. Biroq JCH-2018 saralashining ilk bosqichida kutilmaganda KXDRdagi suniy maydonda 2:4 hisobidagi mag'lubiyat barchaning ustidan sovuq suv quygandek bo'ldi. To'g'ri, bu hali ilk bosqich, oldinda o'yinlar ko'p, muhimi, so'nggi, hal qiluvchi bosqichga optimal formada etib kelish uchun imkon bor edi. Biroq Mirjalol Qo'shoqovich bu mag'lubiyatni og'riqli qabul qildi va Toshkentga qaytilgach yana istefo so'radi hamda bu safar u qabul qilindi. O'sha kunning o'zidayoq Samvel Babayan milliy terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Vadim Abramovga bir marta olimpiya terma jamoasini, ikki marta milliy terma jamoani ishonib topshirishdi. U 2011 yilgi Osiyo Kubogida futbolimiz tarixidagi eng yaxshi natijani ko'rsatgan bo'lsa-da, 2012 yilgi London Olimpiadasi yo'llanmasini ikki qo'llab topshirdi, JCH-2022 saralashida esa futbolimiz tarixidagi eng sharmandali natijani qayd etdi. Samvel Babayan Rio Olimpiadasini mosuvo qilgan bo'lsa-da, ungi milliy terma jamoa ishonib topshirildi. U JCH-2018 saralashida shogirdlari bilan yaxshi natijalarga erishdi va yakunda mundialga borish uchun Qosimovga 1 to'p etmagan bo'lsa, Babayanga 1 g'alaba etishmadi.
SHu tariqa, Qosimovga futbolchiligida armon bo'lib qolgan Jahon chempionati murabbiylikda ham armon bo'lib qoldi. Kim biladi, unga bitta cikl to'liq berilganda balki u millionlar orzusini ushaltirishi mumkin edi. Lekin bosqich o'rtasida, mag'lubiyatlardan keyin termani boshqarish o'z samarasini bermadi. Afsus...
Fikrlar