So’nggi yangiliklar

02:57"Лацио" "Милан"ни Италия Кубогидан чиқариб юборди  1 02:52АПЛ. "Манчестер Юнайтед" ўз майдонида "Вест Хэм"ни мағлуб қила олмади  13 01:25Тибо Куртуа: "Хаби ва футболчилар ўртасида муаммо йўқ"  0 00:48Месси: "Яна бир марта жаҳон чемпионатини ютишга ҳаракат қиламиз"  4 00:10Хумоюнмирзо Иминов “Андижон” билан келишувга эришди  1 23:54Расман: "Пахтакор"нинг яна бир футболчиси "Навбаҳор"да!  4 23:40Расман: "Бухоро" футболчиси "Нефтчи"га ўтди  2 23:28Расман: Иброҳим Йўлдошев - "Андижон" футболчиси!  3 23:11"Бавария"га "Брайтон" футболчиси керак  1 22:59"Андижон" яна икки футболчи билан шартнома имзолади  0 22:38Суперлиганинг 30-турида ҳакамлик таҳлили. Хатолар жуда кўп!  0 22:19Расман: Чаласан - "Андижон" футболчиси!  12 21:57Артета жароҳатлар сабабини айтди  0 21:25"Ливерпуль" "Лейпциг" ҳужумчисини таркибида кўрмоқчи  5 20:59Россия термаси Ўзбекистонга қандай таркиб билан келади?  5

Superliga-2025. Mavsum davomida murabbiylar tomonidan aytilgan sara fikrlar Yangiliklar

Vitaliy Levchenko ("Neftchi" sobiq bosh murabbiyi):

Futbolchi g'alaba qozonayotganida, albatta, natija uchun harakat qiladi, bu ruhiyat bilan bog'liq. 

Rasmiy o'yin va norasmiy o'yinning farqi katta. 

Bir viloyatning ikki jamoasi o'ynagandan keyin tabiiyki, ko'plab kurashlar bo'ldi. Hissiyotlar va ishtiyoq to'qnash keldi. Bu o'yinga faqatgina gol etishmadi.

Raqib bizni mag'lub etgani yo'q, biz o'zimiz yutqazib qo'ydik.

Vaziyatni o'nglab olish va xulosa qilish uchun, bir marotaba 0:4 yoki 0:5 hisobida mag'lub bo'lgan yaxshi. 

Futboldagi asosiysi natija. Chiroyli o'ynash yoki o'ynamaslik ikkinchi masala. Natija esda qoladi.

Tushuning, familiyalar futbol o'ynamaydi, oddiy insonlar futbol o'ynashadi. Qachondir men ham o'z famiyalimga va obro'ga ega bo'lganman, ammo hozir maydonga tushib, futbol o'ynay olmayman. 

Shunchalik savollaringiz ko'pmi? Men ushbu savollarga darhol javob bera olmayman. Barchasi uchun vaqt kerak.

G'alaba qozonish uchun gol urish kerak.

Har bir muxlisning o'ziga xos qarashlari, fikrlari bor. Haqiqiy muxlis jamoa g'alaba qozonsa ham, mag'lub bo'lsa ham futbolchilar bilan bo'lishlari, shu erda ishlayotgan har bir personalga, murabbiylar shtabiga hurmatda bo'lishlari kerak deb hisoblayman. 

Biz murabbiylar o'zgarganiga qaramaymiz. Jamoa namoyish etayotgan o'yinni tahlil qilamiz.

Bilasizmi, har bir mish-mishga izoh berish yoki to'xtalish mening vazifamga kirmaydi. Bizda klub rahbariyati bor va bunday savollarga rahbariyat javob beradi. Mening ishim esa jamoani tayyorlash. Men mish-mishlarga ishonmayman va ijtimoiy tarmoqlarni ham kuzatmay qo'yganman.

Men murabbiyman va ishlashda davom etishim kerak. Men faqat o'z ishimni bajarish uchun bosh qotiraman. Atrofdagilar esa har xil gaplarni gapiradi va bunga tabiiy qarayman. Futbolda murabbiyning taqdiri shunaqa.

Biz shunday yo'l tutyapmizki, jamoada hech kimni ajratayotganimiz yo'q. Shuningdek, legionerlar ham bu erda o'zlarini erkin his qilishlari uchun yordam beryapmiz. Jamoada raqobat bor va bu juda yaxshi. Kim kuchli bo'lsa, o'sha o'ynayapti.

Bemalol aytishim mumkin, vodiyning har uchala klubi - "Andijon", "Navbahor" va "Neftchi"da muxlislik darajasi juda yuqori. Eng ko'p muxlislar ham, eng zo'r muxlislar ham shu erda. Vodiyda ajoyib ishqibozlar bor, bunga qoyil qolish kerak.

Futbolni insonlar o'ynashadi va ayrim vaziyatlarda kimdir to'pga yugura olmay qolishi yoki vaziyat oxirigacha o'ynamasligi mumkin.

Bugun "Paxtakor" nima qilganini ko'rdingizmi? Ularning bir necha nafar futbolchisi maydonda yotib oldi.

Futbolda "yulduz" futbolchilar bor va "yulduz" jamoalar bor. "Yulduz" futbolchilar maydonga deyarli yugurishmaydi. Shunday "yulduz"larni nima qilish kerak?

Nega g'alabani muxlislar bilan nishonlamayman? O'yin davomida juda ko'p ruhiy charchoq bo'lganidan so'ng bahs yakunidan so'ng tezda tinchroq joyga boraman. 

"So'g'diyona" maydoni juda og'ir ekan. Kecha o'yinoldi mashg'ulotda futbolchimiz jarohat oldi. Chetdan qaraganda yaxshi ko'rinadi, rangi ham yashil, lekin to'p tepsa og'ir. Bunday maydonda o'yinchilarning jarohat olish imkoniyati ortadi.

Shuni aytishim kerak, men futbolchilarni asosiy va zaxira o'yinchisiga ajratmayman. Biz bir jamoamiz va istalgan futbolchi istalgan paytda maydonga tushib jamoaga yordam berishi kerak. Klubimizdagi hamma professional.

Muxlislar, rahbariyat, futbolchilar kabi bizda ham tasvirlab bo'lmas hissiyotlar bor. Ishqibozlar bu chempionlikni 24 yil kutishdi. Bu uzoq va mashaqqatli yo'l edi. Yakunda chempionlikni qo'lga kiritdik. Muxlislarga bayram tuhfa qildik. Mazkur yutuqdan xursandman va barchani tabriklayman.

Keyingi mavsumda ishlaymanmi? Bilmayman.

Pedru Moreyra ("Paxtakor" sobiq bosh murabbiyi):

Biz o'yin uslubimizni yaxshiroq tushunadigan futbolchilarga ko'proq imkoniyat beramiz.

Futbol uchrashuvida ikki jamoa ishtirok etadi. Faqat "Paxtakor"ning o'yiniga qarab butun o'yinga baho berish noto'g'ri. 

Menga o'zbek futboli yoqdi. Shu erda ekanimdan xursandman. Har doim bir xil o'ynaymiz. Bo'sh xududlardan unumli foydalanishga harakat qilamiz. O'yin uslubimiz raqibdan kelib chiqadi. Biz maydonda o'z o'yinimizni o'ynashga harakat qilamiz. 

Mening vatanimda shunday odat bor: mehmon jamoalarni iliq kutib olish va ularga qandaydir sovg'a ulashish. Asosan, shirinliklar, yong'oq va shunga o'xshash emaklar sovg'a sifatida beriladi.

Birinchi navbatda, men jamoaga masuliyat olganman. Har bir holatda mening shanim va yuzim javobgar bo'ladi. 

Mendan xafa bo'lmaysizlar, bugungi savollaringizga javob bera olmayman. 

Bitta muhim narsa bor: barchasi o'yinchilarga bog'liq, prezident yoki kimgadir emas. Sizlar ko'pincha shunday savol berasizlar. Men murabbiy sifatida muammolarni emas, ularning echimini qidirishim kerak. Mening atrofimdagi har bir inson to'liq ishlashi kerak. 

O'zbekiston chempionati oson emas. Har bir jamoa kurash taklif qiladi, bugun ham buning misolini ko'rdik.

Kamoliddin Tojiev ("Paxtakor" bosh murabbiyi):

Bugungi o'yinda yaratilgan vaziyatlar butun mavsumga etadi. Lekin to'p darvozaga kirmadi.

Yigitlarda o'ziga bo'lgan ishonch susayib qolgandi. Hozir esa shuni to'liq qaytarishga harakat qilyapmiz. Jamoa shunday bo'lishi kerakki, tarkibdagi istalgan futbolchi maydonda yo'q o'yinchi o'rnini to'ldirishi lozim. Shundagina yakdil jamoaga aylanamiz. 

Bosh murabbiy o'zim ekanman, demak, psixolog ham o'zimman.

Bir narsani tushunish kerak, Sergeev ham odam, temir emas. Undayam charchoq, toliqish bo'ladi. Qolaversa almashtirishsiz o'ynayapti. Aytib o'tganimdek, bizda bir futbolchi o'rnini boshqasi bosa olishi kerak. Biz faqat Sergeevga bog'lanib qolmaganmiz. 

Bugun futbolchilar terma jamoa darajasidagi o'yinni namoyish etishdi. O'zi barcha futbolchilarimiz terma jamoa o'yinchilari. Ular bugun buni isbotlab berishdi.

Biz hali chempionlik poygasini tark etmadik. Barchasi davom etmoqda. "Paxtakor" har doim oxirigacha kurashgan.

Bir narsani unutmang, chempionatimiz darajasi ancha oshgan. Biz saviya bo'yicha arablardan kuchlimiz. Hammasi sekin-asta bo'ladi.

Yoshlarni tarbiyalab terma jamoa darajasiga olib chiqishga harakat qilamiz. Lekin hadeb yoshlarga suyanib qolmaslik kerak. Baribir futbolda tajriba muhim rol o'ynaydi.

Igor Sergeev temirdan yaralmagan, u ham dam olishi kerak, chunki u birinchi davrani to'liq o'tkazdi. 

"Paxtakor"ga qarshi barcha raqiblar 200% kuch bilan o'ynaydi.

Men jamoada yo'q vaqtim nimalar ro'y berganini bilmayman. Men kelganimdan so'ng biz bir oila bo'lib birlashdik.

Kuchli jamoalarga qarshi alohida tayyorgarlik shart emas.

Ro'ziqul Berdiev ("Nasaf" bosh murabbiyi):

Zarur bo'lganda kim tayyor bo'lsa, shunga imkoniyat beriladi. Kim xato qilsa, keyingisida raqobatchisi maydonga tushadi. 

Nazarimda, hozir siz o'ylagan o'yinni hech qaysi jamoa ko'rsatib bera olgani yo'q.

Futbolchilar har qanday holatda o'yin amaliyotiga ega bo'lib turishi kerak. 

Hisoblab chiqsam, beshta golga tortadigan vaziyatdan foydalana olmabmiz.

Hozirda odamlar futbolga qiziqmay qo'ydimi? Bu borada fikrim bor, ammo buni o'rtoqlashmayman. O'sha paytlar ehtimol futbol yangilik bo'lardi, o'n besh ming nafar muxlis ikki soat oldin stadionni to'ldirardi. Yo'laklarga o'tirib olgan, projektorlarga chiqib olgan paytlari bo'lardi. Ehtimol kichik o'yinlar muxlislarga qiziq emasdir. Muxlislardan bizni yaxshi qo'llab-quvvatlashini xohlardik. Ularning yordami katta madad hisoblanadi.

Cheran O'zbekistonda jarimalarni amalga oshiradigan eng yaxshi futbolchilardan biri hisoblanadi. 

O'tgan yili chempionlikni maqsad qilib kubok va OCHL o'yinlariga ikkinchi darajali bo'lib qaragan edik. Buni ochiq aytish kerak. Bu yil unday bo'lmaydi. Har bir turnirda yutuqqa erishish uchun harakat qilamiz.

Statistikaga etibor bersangiz, eng ko'p zarba beradigan jamoa bizmiz. Shunday davom etishimiz kerak.

Har qanday jamoa ham uzluksiz yaxshi natija qayd etishi qiyin.

O'tgan mavsumda chiroyli o'ynab, natija qilmaganimizda yakunda chempionlik qo'lga kiritilmagan bo'lardi. Futbolda birinchi navbatda natija kerak. "Inter" yoki PSJ yarim finallarda "Barselona" va "Arsenal"dan yaxshiroq o'ynadi deb ayta olmayman, biroq ikkisi hozir finalda. 

Angliya va o'zbek futbolini taqqoslash noto'g'ri.

O'yindan oldin "Paxtakor"ga qarshi 9 ta uchrashuvdan beri yutqazmayotganimiz haqida bilgandim. Lekin statistika bu o'yin emas. Ko'p narsani maydondagi kurash hal qiladi. Har bir o'yin o'tib bo'lgach, tarixga aylanadi.

Oldinlari 2-3 ta jamoa chempionlik uchun kurashgan bo'lsa, hozirda 7-8 ta jamoa chempionlik uchun kurash olib bormoqda.

Viza bilan bog'liq masalalar sabab legionerlarning safimizga qo'shilishi biroz kechikdi.

Odatda natija yaxshi bo'lmasa, har xil savollar tug'iladi. Futbolda shunaqa: kimdir jamoadan ketsa, bu boshqa bir futbolchining kashf etilishiga sabab bo'ladi.

Futbolda avvalambor bosh murabbiyning o'zi ruhshunos bo'lishi kerak degan gap bor. Chunki o'yinchilarni murabbiy tayyorlaydi va o'z fikrini ruhan futbolchilar miyasiga singdirishga harakat qiladi. Lekin bazan qanchalik uqtirmang, futbolchilar ichidan raqib kuchsiz degan xayol o'tadi. Hozircha hech bir jamoada psixolog murabbiyni ko'rmadim, shu bois kerakmi-yo'qmi aniq bir narsa deya olmayman.

"Nasaf" – katta klub va birdaniga yangi o'yinchilarning qo'shilib ketishi oson bo'lmaydi. Shu jumladan, legionerlar ham. Klubga kelgan har bir futbolchi avvalo jamoaga moslashish jarayonini o'z boshidan kechiradi.

Fabio Kannavaroning o'yinga kelgani yoqimli. Biroq bu qaerdadir halaqit qilishi ham mumkin.

Biz anchadan buyon mag'lub bo'lmadik va chempionlikka loyiqmiz. "Neftchi"ning qanchalik harakat qilayotganini sizlar OAV vakillari ham bilib turibsizlar. "Neftchi" ushbu vazifani amalga oshirsa, ortdagi insonlar qahramon bo'ladi, shekilli. Menimcha, gapimni tushundingiz. Agar "Neftchi" chempion bo'lsa, qahramonlarni maydondan izlash kerak emas. Ular maydon ortida bo'ladi.

Men har bir klubning mehnatini qadrlayman. Shu jumladan, "Neftchi"ning ham. Nima demoqchi bo'lganimni tushuntiraman: "Neftchi"ni OKMKga qarshi bahsda 20 ming muxlis qo'llab turdi. Keyin "Neftchi" G'uzorga borib "Sho'rtan" bilan o'ynadi va u erda muxlislari qo'llab turdi. So'ngra muxlislar Toshkentga kelib, u erdan Olmaliqqa borib bizga qarshi muxlislik qilishdi. Mana bugun ham 5 ming atrofida "Neftchi" ishqibozi o'yinga keldi. Bu qahramonlik emasmi? Lekin odamlar aytgan gaplarimni faqat negativ tomonga burishdi. Men muxlislarni qahramon sifatida ko'rsatmoqchi edim. Mana bugun ham besh ming ishqiboz bizga qarshi muxlislik qildi. Bu qahramonlik emasmi? Bu o'z jamoasiga yordam emasmi? Rahbariyatning shuncha sharoit yaratib berayotgani qahramonlik emasmi? Nima uchundir hamma negativ tomonini qidirib ketdi.

Ikki musobaqada ham yaxshi ishtirok etish uchun teng kuchli ikkita tarkibga ega bo'lishingiz kerak ekan. Bu bizning futbolimiz uchun yangi dars. Mening holatimga tushib ko'rsangiz bilasiz.

Qaysidir o'zbek jamoasi Elit OCHLda o'ynamoqchi bo'lsa kattaroq byudjetga ega bo'lishi kerak va o'sha darajadagi o'yinchilar olib kelinishi kerak. Busiz iloji yo'q.

Kelinglar, matbuot anjumanini qisqa qilamiz. Hech qanaqa izohga hojat yo'q. Savollar bo'lmasa, o'zim boshlayman. Bugun yomon natija bo'ldi. "Mashal" yaxshi tayyorgarlik ko'ribdi. Hammaga rahmat, boshqa gapim yo'q.

Afsuski, mavsum biz uchun bir tekis o'tmadi. Shunga qaramay, esda qolarli o'yinlar ko'p bo'ldi deya olaman. 

Vadim Abramov ("Dinamo" bosh murabbiyi):

Muxlislar gol ko'rish uchun kelishadi, ammo unday voqea sodir bo'lmadi, shu sababli kechirarsiz degan umiddaman.

Ikkinchi bo'lim boshida yaratilgan golli imkoniyatlardan foydalanganimizda, validol ichishga majbur qiladigan o'yin bo'lmasdi.

Afsuski, biz hozir o'ynayotgan maydonimizda har kuni mashg'ulot ham o'tkazsak, bu maydon shunchaki ko'tara olmaydi. Qolaversa, bu maydonda "Qizilqum" jamoasi ham o'ynayapti. Bu ahvolda birinchi davradan keyin bu maydon juda og'ir ahvolga tushadi. Shu bois biz imkonqadar maydonimizni ehtiyot qilayapmiz va bu erda doim ham mashg'ulot o'tkazmaymiz. Samarqandda esa boshqa talabga javob beradigan maydon hali yo'q.

Men jurnalistlar bilan muloqot qilishda qiynalaman. Bunga qadar bizni hujumkor jamoa deya tasvirlashardi, endi esa qarshi hujumda o'ynaydigan jamoa bo'lib qolibmiz. Biz raqibga qarab taktika tanlaymiz. 

Men futbolchining yoshiga etibor bermayman. Agar, 16 yoshli yigitcha maydonda foyda keltirsa, u mening jamoamda asosiy tarkibdan o'rin oladi. Men pasportga qaramayman. Yoshi katta futbolchi, yoshroq o'yinchilardan yaxshiroq o'ynasa u maydonda bo'ladi. Futbolchining yoshi uning ayoli uchun ahamiyatli bo'lishi mumkin, ammo menga emas.

O'yinda bunday to'xtalishlar bo'laversa ritmni buzadi. Bu muxlislarga yoqadi deb o'ylamayman. Faqatgina xokkeyda bunday ko'p to'xtalish bo'ladi, beshtalik almashadi. Bu futbolning foydasiga xizmat qilmaydi.

Darvozabon poziciyasi shunday joyki, uning birgina xatosi ajralib qolishi mumkin. Boshqa futbolchilarning xatolari unutilib ketishi mumkin, darvozabonlarning ishi esa shunday. U ko'p narsalarni bo'yniga oladi.

Afsuski bizda Superliganing o'yinidan keyingi kuni yoshlar jamoalari o'ynashadi. Biz yoshlarni ko'ra olmaymiz. Masalan Siz biror spektaklning avval premerasini qo'yib, keyin repiticiya qilmaysiz-ku, to'g'rimi? Shu sababli men yoshlar tarkibi futbolchilari bilan o'yinga bora olmayman. Oldinlari yoshlarning o'yinlariga borib, tomosha qilardim. Mana ikkinchi yildirki, buning iloji bo'lmayapti.

Agar futbolchi vaqt cho'zsa, unga sariq kartochka ko'rsatilishi kerak. Futbolchi tibbiy yordam uchun maydondan tashqariga chiqsa, uni taxminan besh daqiqa davomida o'yinga qo'shilishga ruxsat berilmasligi kerak. Shunday jazolar orqali ushbu muammolarga qarshi kurashsa bo'ladi deb o'ylayman.

O'yin haqida gapiradigan bo'lsam, bahsni yomon boshlamadik, ammo eng alamlisi raqib safidagi bir futbolchi – Temurxo'ja Abduxoliqov butun jamoamizni yakka o'zi mag'lub etdi. 

Ro'ziqul Berdiev meni nima uchun maqtadi? Ehtimol, uni 10 yildan beri yuta olmaganim uchun bo'lsa kerak.

Penalti belgilangan vaziyatda Stanoevichni maydonga tushirish kerak edi? Qarang, shunga aqlim etmayapti-ya! Keyingi uchrashuvlarda penalti ishlasak, darhol Markoni maydonga tushiraman.

Limit bo'yicha yana bitta legioner olishimiz mumkin edi, ammo bunday mano yo'q. Shunchaki limitni to'ldirish uchun legioner olib kelishdan ko'ra o'zimizning yoshlarga imkoniyat beramiz. 

Hammamiz odammiz va hamma xato qiladi.

Maydonda pul futbol o'ynamaydi, futbolchilar futbol o'ynaydi. 

O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyining etiborini kim tortgan bo'lishi mumkin? Doriev bo'lsa kerak.

Futbol shunaqa o'yin, doim ham ustunlikka ega jamoa g'olib chiqavermaydi.

Bizga g'alaba juda zarur edi, chunki Samarqand shahri kuniga muxlislarga sovg'a ulashmasak bo'lmasdi. 

Futbolda eng muhimi – miyani ishlatish. 

Samarqanddek shahar yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan stadionga ega bo'lishi kerak deb o'ylayman. Yangi stadion quriladi degan umiddaman.

Futbolda shunaqa: raqib qancha imkon bersa, jamoa ham shunga qarab o'ynaydi.

Odamzot shunaqa: qaerda qulay bo'lsa, o'sha joyga talpinadi. Xuddi baliq suvning tubini xush ko'rgandek.

Murabbiylik tajribam shu qadar kattaki, tajribaga tayangan holda ish tutishimga to'g'ri kelyapti.

O'yin oldidan bir qancha muammolar bo'lishini bilardik, lekin muammolar bunchalik ko'p bo'lishini kutmagandik.

Afsuski, bazi rejalarimiz ish bermadi. Mavsumni sovrindorlar qatorida tugatib qo'yishni xohlagandik, biroq to'rtinchi o'rinda yakunlaydigan bo'ldik. Bazi o'yinlar ijobiy yakun topganida hatto ikkinchi o'rinni olishimiz ham mumkin edi.

Ilyos Zeytullaev ("Bunyodkor" bosh murabbiyi):

Legioner yoki mahalliy futbolchi bo'lishi ahamiyatsiz, muhimi jamoamizga nafi tegishi kerak.

"Bunyodkor"da yorqin tarix bor. Biz barchamiz hozir jamoani avvalgi davrlariga qaytarish yo'lida ishlayapmiz. O'tgan mavsumlarda klub anchayin inqirozlarni boshdan o'tkazdi. Yoshlar bizning kelajagimiz.

Bizda shunday jamoa qurilyaptiki, istalgan futbolchi masuliyatni bo'yniga olishi mumkin. 

Agarda kollektiv yaxshi bo'lsa, istalgan qiyinchilikni engib o'tish mumkin. 

O'yinni yutolmasang, mag'lub ham bo'lma deyishadi.

G'alabalar ko'pligida muammolar ko'rinmay qoladi.

Menga bir murabbiyim aytgan edi: "Mag'lub bo'lmaydigan jamoa yaratish uchun himoyalanishni bilish kerak, ammo g'alaba qozonadigan jamoa bo'lish uchun hujum qilishni bilish kerak". 

Futbolda bugun g'alaba qozonasiz, ammo to'rt kundan so'ng yana bir o'yin bor va barchasi boshidan boshlanadi.

Bazi futbolchilar bor, zaxirada qoldirilsa, o'ynagisi kelmaydi, borini bermaydi.

O'yinga tuzilgan reja qanday edi? Futbol o'ynash.

Biz uy yoki safarni tanlamaymiz, har doim yaxshi o'yin namoyish etishga harakat qilamiz.

Men hakamlarning qaerdan ekanligiga mutlaqo qaramayman. Biz hammamiz o'zbekistonlikmiz va futbolni kuchaytirish uchun ishlaymiz.

"Bunyodkor" maydoni zo'r edi. Biroq biz nima qila olardik, Jennifer Lopes va shuncha odamni hayday olmaymiz-ku. "Bunyodkor" stadioni, shuncha odamlar... Bu juda katta reklama. Nima ham derdim.

Ochiq futbol namoyish etadigan jamoalar bilan o'ynash ancha oson.

Men hali ancha o'sishim kerak. Erta-indin nima bo'lishini bilmayman, lekin terma jamoada ishlash sharoiti tug'ilsa, bundan g'oyat mamnun bo'laman. 

Futbol – ehtirosli o'yin. G'alaba qozonishni xohlasang, qo'lingdan kelgan hamma ishni bajarishga harakat qilasan.

Kannavaro taklifiga "D’accordo" deya olamanmi? Bu savolga javob berishim qiyin.

Bolaligimdan "Ayaks" va "Real Madrid"ga muxlis bo'lganman – ular mening sevimli jamoalarim. 

Agar men ham bironta yangilik aytadigan bo'lsam, biron bir futbolchiga "Real" Madrid qiziqayotgani haqida yozish rostan ham "Real" Madrid qiziqayotganini bildirmasligi mumkin.

Menga boshqa odamlar baho bergani yaxshi. O'zimni baholashni tasavvur qilolmayman. Murabbiy jamoasiz, futbolchilarsiz murabbiy hisoblanmaydi. Men birinchi o'ringa jamoani qo'yaman.

Futbolni alday olmaysiz.

Mirjalol Qosimov (OKMK bosh murabbiyi):

Afsungar bo'lganimda, ertaga nima bo'lishini sizga aytib berardim.

Maydonda o'zini etarlicha ko'rsata olmagan futbolchi ertaga asosiy tarkibdan joy olishga umidvor bo'lishi mumkinmi? Men maydonga tushib, uning o'rniga o'ynab bermaymanku. 

O'z vaqtida men ham bor-yo'g'i uch yoki besh daqiqagina o'ynaganman. Futbolchi taqdim etilgan imkoniyatdan unumli foydalanishi va o'yinni kuchaytirishi kerak.

Agar o'yindagi har bir zarba gol bilan yakunlanganida, muxlislar stadionga kelmay qo'yishardi. Futbol shunisi bilan qiziq. 

Bugun o'yinimiz yaxshi chiqmadi. "Mercedes-Benz"da ham bitta detal ishdan chiqsa, u "Mercedes-Benz" bo'lmay qoladi. 

Men futbol shaxmat emas, deb aytib kelaman. Sababi shaxmatda aqlni ishga solish kerak. Futbolda esa butun badan va miyani ishlatish kerak bo'ladi. 

Futbolchilarimiz o'tgan o'yinlarda ajoyib natija qayd etishdi va g'alabani nishonlashga loyiq edilar, ammo tarix bilan yashab bo'lmaydi. O'tgan uchrashuvlarni darhol unutish kerak. Futbolchi shunisi bilan ham professional. Misol uchun, men ham o'ttiz yil avval shunday musobaqada g'olib bo'lganman deb yurmayman-ku. Futbolda har doim isbotlab kelish kerak. Eski g'alaba bilan bo'lajak raqibni qo'rqitib bo'lmaydi. 

Hayotda Parvardigordan boshqa hamma xato qiladi. Faqatgina ishlamagan odam xato qilmaydi. Shu sababli men hakamlarga, hatto raqib futbolchilariga ham baho bera olmayman, o'z jamoamdagi futbolchilarni baholashim mumkin.

Maydonga tushirilgan darvozabon zaxira o'rindig'ida uyqusirab o'tirgan edi yonimda. Zaxirada qolgan futbolchi ham maydondagilar bilan hamnafas bo'lishi kerak.

Ko'rpani tepaga tortsangiz, pasti ochilib qoladi. Hujumga chiqqandan keyin himoyada bo'shliq paydo bo'ladi. 

Gap bor-ku, yutsa jamoa zo'r, yutqazsa murabbiy aybdor. Bizda yutsak hammamiz zo'rmiz, yutqazsak barchamiz aybdormiz. 

Bugungi o'yinga katta ikki baho qo'yaman. Sababi futbolni aldab bo'lmaydi.

Bitta maqol bor: osilsang baland dorga osil. Biz ham shunga harakat qilamiz. Men qaerda ishlashimdan qatiy nazar doim yuqori maqsadlarni qo'yganman.

O'zimga nisbatan talabchan bo'lganim uchun doim yuqori maqsadlarni qo'yaman. Kerak bo'lsa, chempion bo'lishni xohlaymiz.

Maydonda yotib, o'yinni cho'zadigan jamoalarga qarshi chora? Buning yo'li oson: tezkor gol urish kerak. Shunda vaqt cho'zmasdan futbol o'ynaydi.

Ikki jamoa ham g'alaba uchun harakat qildi. Kurashlarga boy, chiroyli o'yin bo'ldi. Agar hakam yana biroz vaqt qo'shib berganida uch taym futbol o'ynardik. 

Futbolning principi – kurashish. 

Superligada 7 ta jamoa bilan 9 ta jamoa ajralib qoldi. Kimdir quyida jon saqlash uchun, kimdir yuqorida chempionlik uchun harakat qilyapti.

Chetdan kelayotgan ko'p legionerlar O'zbekistonda piyoda yurib futbol o'ynayman, deb o'ylaydi.

 Futbolchilar tug'ilgan kunimga eng yaxshini sovg'ani taqdim etishdi. Ular g'alabani sovg'a qilamiz deya vada berishgan edi va o'z vadalarining ustidan chiqishdi.

Hozirgi vaziyatda hamma mutaxassis, bekorga aytishmaydi-ku, tilning suyagi yo'q deb. 

Oxirigacha kurashish – sport principi. Hech qachon qo'l siltab ketmaslik kerak. 

Agar imkoniyatim bo'lganida, futbolchilar miyasiga kirib, ikkinchi taymga nima xayolda chiqishganini bilgan bo'lardim. 

Futbol xatolarni kechirmaydi. 

Futbolda taltayish kerak emas, doim erda yurish kerak. 

Suniy pomidorning mazasi boshqacha bo'ladi, tabiiysi esa umuman boshqa tam beradi. Narxiyam farq qiladi.

Bizning OAVda ko'tar-ko'tar nihoyatda chegarasiz. Sal yaxshi o'ynab qolsa darrov yuqoriga ko'taramiz, yulduz yasab qo'yamiz. Bitta o'yinda zo'r o'ynab, keyin o'nta o'yin o'tirsa buning kimga keragi bor?

Agarda umumiy baho beradigan bo'lsam, jamoamga 5 dan 3 baho qo'ygan bo'lardim. 

Sergey Lushchan ("Navbahor" sobiq bosh murabbiyi):

Futbolni ozgina bo'lsa ham tushunadigan odam bir oyda jamoa yig'ib bo'lmasligini tushunadi.

O'yinga 2 soat qolganda ikki o'yinchimiz maydonga tushishi mumkin emasligini aytishdi. Buni boshqacha qilib tushuntira olmayman, faqat so'kish orqali tushuntirishim mumkin. 

Agarda tajribaliroq jamoa bo'lganida to'pni pastga tushirib futbol o'ynardi. Bizda esa doimo bir xil xatolar kuzatilmoqda.

“Navbahor”da ikkinchi mavsum faoliyat yuritayotgan bo'lsam, ko'pchilik o'zicha mutaxassis sifatida maslahatlar beradi. Lekin hech kim qo'liga sekundomer va hushtakni olgan holda, mashg'ulotlar o'tkazmaydi.

Futbolni 30 yil oldin o'ylab topishmagan, hozir hamma himoyada ham, hujumda ham o'ynashni biladi.

Nimalar bo'layotganini yaxshigina tushunib turibman. Biroq barmog'imni bir shaqillatsam, sehr bilan barcha kamchiliklar to'g'rilanib qolmaydi. 

Bir qancha futbolchilar chempionatda tribunadagi 20 muxlisga o'rganib qolishgan, bu erda esa unaqa bo'lmaydi.

Futbolchilar futbolchilik kasbini o'zlari tanlagan. Ular shuning uchun pul olishadi. 

Biz yigitlar golning tamini his qilishlarini xohlaymiz.

Nega bir futbolchi bitta teginish va undan so'ng gol uradi-yu, boshqasiga o'nta vaziyat kerak bo'lishini ayta olmaydi?

Men VAR'ni tushunmayman to'g'risi. Bir o'yinda boshqacha talqin qilinadi, ikkinchisida esa umuman boshqacha. Qoidalarda adashib ketganman.

To'pga egalik qilishdan foyda yo'q. Birinchi bo'limning o'zidayoq 800 ta pas amalga oshirish orqali ko'proq ochkolar to'play olmaymiz. 

Hozirgi qoidalarni tushunmayman. Masalan, oldin to'p qo'lga tegsa penalti belgilanar edi. Qo'l ko'tarilganmi yoki boshqa holatda farqi yo'q. 

O'zingiz ko'rib turibsiz, zamonaviy futbol biznesga aylanib ketgan. Klublar o'z tarbiyalanuvchilarini sotish orqali daromad qilishadi. Ayrim klublar esa tarbiyalanuvchilarning transferlaridan kelib tushgan pul evaziga faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Hozirgi kunda barchasi pulga borib taqaladi. Muhimi, hammani sotib yuborish emas, balansni topa olish.

Qani endi imkon bo'lsa-yu, Messini ham chaqirgan bo'lardik.

Men familiyalarga etibor bermayman, o'yinchilarning harakatini kuzataman.

Legioner futbolchini olib kelish – o'z futbolchilarimizning joyini band qilish degani.

Raqibni ishonchli g'alaba bilan tabriklamoqchiman. Yaxshi o'yin bo'ldi. 5-8 ta gol o'tkazib yubormaganimiz yaxshi bo'ldi. 

Ko'plab maktablarda darvozabonlar murabbiysi yo'q. Zamonaviy futbol talablari shunday, darvozabon oyoqlari bilan yaxshi o'ynay olishi kerak.

Jamoaning qirq foizi yig'inning so'nggi kunlarida safimizga kelib qo'shildi. Ular o'z yurtida nimalar bilan band bo'lganini bilmayman.

Igorga kopakabana va karnavallar o'z tasirini o'tkazgan bo'lsa kerak. Axir u braziliyalik.

Bizga nima qilish kerakligini o'rgatadigan aqllilar ham bor. Lekin men ularga quloq solmayman.

Muxlislik har doim jamoaga nisbatan bir xil bo'lishi kerak. Yutganda qarsak chalib, yutqazganda so'kish fan-klubning ishi emas. Bu muxlislik madaniyatiga umuman to'g'ri kelmaydi.

Qaysi murabbiy 5 oyda jamoa tuzganini menga keltiring-chi. Gvardiola jamoa tuzishi uchun klub 1,5 milliard sarfladi. Shunda ham uchinchi mavsumga kelib "Siti" chempion bo'ldi. Bizda lekin bunaqa imkoniyat yo'q, cho'ntak to'la pulimiz ham yo'q. 

Qanday qarshilik haqida gapiryapsiz? Biz o'zimizga o'zimiz beshta gol olib keldik. Agar hassaga tayangan kampir maydonga chiqsa ham oltita gol urardi.

Yana qaytaraymi? Bizda bugun maydonda faqat uch kishi futbol o'ynadi. Ettita o'yinchimiz umuman o'ynamadi.

Sherzod Jo'raev ("Navbahor" sobiq bosh murabbiyi):

Hech qachon hech kimni alohida ko'rsatmayman. Futbol – jamoaviy o'yin.

Qo'rqqanimda yoki ikkilanganimda bosh murabbiylik lavozimida o'tirmagan bo'lardim.

Men bir gapni ko'p qaytaraman: raqib 10 kishi bo'lib qoldimi, o'ynash juda qiyin bo'ladi. Ular kam-ku degan fikr xayolga mixlanib qoladi. Bu esa bo'shashishga olib keladi.

"Nasaf" shunday jamoaki, hech qachon bir yo ikki nafar futbolchiga suyanib o'ynamaydi.

Futbolda chempionlikka erishish emas, balki uni saqlab qolish qiyin, deb o'ylayman.

"Navbahor" – brend. Bizning "Paxtakor", "Nasaf" kabi klublardan kam joyimiz yo'q.

Sportning har bir turida muvaffaqiyatga erishish uchun vaqt kerak.

Ivan Boshkovich ("So'g'diyona" bosh murabbiyi):

Futbolda bir kishi bilan bog'liq bo'lmagan sabablar ko'p, shu bois barchasi siz istagandek bo'lavermaydi. 

Men doim o'yin haroratida emocional bo'lsam kerak. Xotirjamlikka intilaman, biroq o'zbek futbolida hakamlar meni hammadan ham ko'proq eslab qolishsa kerak.

Natijaga javob beruvchi murabbiy men bo'lsam, demak tarkibni o'zim hal qilaman.

Hech qaysi murabbiy o'z jamoasida yo'qotishlar bo'lishini istamaydi.

Biz qanday o'yin namoyish etganimiz hech kimga qiziq emas, muhimi natija.

"Neftchi" bugun qanday yutganidan ko'ra, o'zimiz shunday yutqazishni afzal ko'raman. 

Stadion xodimi yoki milliy gvardiyami kim, bilmadim. Ammo, menga tegmasliklarini xohlardim. Bu futbol, emociya, hammasi shu erda qoladi. Meni o'g'lim va qizim kuzatadi, ular meni qandaydir jinoyat qilgan deb o'ylashlari mumkin. Endi uni uyga borganda tushuntirishim kerak. Bu birinchi marta emas, iltimos qilaman. Hech qanday yomon narsa qilganim yo'q.

Jamoaga qanday faktor etishmayotganini bilaman, biroq buni tushuntirib berishim juda qiyin.

Futbolda har doim natija birinchi o'rinda turgan.

Futbolda har doim ham ikki karra ikki to'rt bo'lavermaydi.

Bugun biz kuchli raqibga mag'lub bo'ldik, bundan tragediya yasash kerak emas.

"Buxoro" maydonida uch yil ichidagi eng kuchsiz o'yinimizni namoyish etdik.

Men hech qachon jamoam o'yinidan qoniqmayman. Doim o'yinni yaxshilash kerak.

Nikola Lazarevich ("Qizilqum" sobiq bosh murabbiyi):

Bir narsani aytib o'tishim kerak, men maydonning yomon holati bo'yicha kecha shikoyat qilgandim. Bu gaplarim bilan "Buxoro"ning g'alabasini qadrsizlantirishga harakat qilmayapman. Bu so'zlarimning raqibimizning g'alabasiga aloqasi yo'q. Bugun stadionga kelganimda, hech nima o'zgarmaganini ko'rdim. Bu masala bo'yicha kimga savol berishim kerak. Futbol Associaciyasigami yoki qaysi tashkilotga? Kim bunday maydonda futbol o'ynashga ruxsat beryapti? Keyingi o'yinlarda bunday maydonda o'tkaziladigan bo'lsa, ochig'ini nima deyishni bilmayman. Tashkilotlarga apellyaciya berishim kerakmi deb o'ylayman. Faqatgina shundan so'ng bu masalaga etibor berishsa kerak.

Mavsum davomida shunday onlar bo'ladiki, futbolchi yaxshi boshlaydi, ammo keyin formasi biroz tushadi. 

Barcha futbolchilar har doim maydondagi jang uchun tayyor bo'lishlari kerak. 

Biz doim g'alaba uchun taktika tuzamiz.

Akmal Rustamov ("Qizilqum" bosh murabbiyi):

Biz yoshlarga ishonch bildiryapmiz. Navoiy futbol maktabi tarbiyalanuvchilariga ishonamiz. Agar biz ularga ishonch bildirmasak, ular zaxirada qolib ketishadi. Ularni 5-10 daqiqaga bo'lsa ham maydonga tushirsak, ular yaqin kelajakda o'z o'rnini topib ketadi.

Hozirgi futbolda markaziy yarim himoyachilar katta hajmdagi ishni bajaradi. Bu toifadagi futbolchilar 60-70 daqiqa o'ynab, toliqib qolishadi.

Mana, nechanchi o'yindirki, hakamlardan aziyat chekyapmiz. Hakamlarni deb ochko yo'qotyapmiz.

"Neftchi"ning uchinchi golida futbolchi to'pni qo'li bilan o'ynagandi, lekin u inobatga olindi.

Fevzi Davletov ("Surxon" bosh murabbiyi):

Biz darvozaga zarba bermayapmiz va hujumda muammolarimiz ko'rinyapti. Shu boisdan jamoa ruhan sinib qoldi.

O'yindan keyin statistikaga qaradim: 12 ta burchak zarbasi tepdik, 20 ga yaqin raqib darvozasi tomon zarba berdik. Ammo, vaziyatdan foydalanish bobida oqsadik.

Futbol emociyalarga boy o'yin. Kuchli jamoalarga qarshi futbolchilar o'zlarini yaxshi tayyorlaydi. Kayfiyat ham yuqori bo'ladi. Lekin nima uchundir o'rtamiyona jamoalar bilan shu narsa ko'rinmayapti.

Murabbiy kerakli gapni aytishi mumkin, lekin raqib o'yinchisini aldab o'tish futbolchining vazifasi hisoblanadi.

Jamoaning rivojlanish stategiyasi biroz o'zgardi. Buni jamoa rahbariyati bizga malum qilishdi. Shu sababli, legionerlardan voz kechildi.

Bu erda yoshi katta yoki kichik degan narsa yo'q.

G'alaba qozonish uchun gol urish kerak, biz esa uch o'yindan buyon gol ura olmayapmiz.

Jamoamizda muammolar ko'p va tez orada bartaraf etilsa kerak.

Aleksandr Xomyakov ("Andijon" sobiq bosh murabbiyi):

O'yinning borishi menga yoqmadi. Lekin futbol xatolardan iborat. Agarda hech kim xato qilmasa, futbolning jangovarligi yo'qoladi. Muxlislar esa shu uchun stadionga kelishadi. Jamoam ham, raqiblar ham xato qilishlarini istayman.

Natija g'alaba keltiradigan bo'lsa, albatta yoqimli. Biroq bugun ko'rsatgan o'yinimizdan mutlaqo noroziman, umuman qoniqmadim. 

Bosh murabbiy sifatida menda ikki xil taassurot uyg'onmoqda. Bir tomondan natija muhim, ayniqsa murabbiyga, boshqa tomondan esa, futbol muxlislar uchun va muxlislarga chiroyli o'yin kerak. Agar muxlislarga natija kerak bo'lganida, ular 90-daqiqada stadionga kelib, natijani bilib olishar edi.

Balki meni qo'yib yubora olasizlar. Biz g'alabani nishonlay qolaylik.

Menimcha, standart vaziyatlar hamma jamoaning asosiy quroli hisoblanadi.

Futbolchilar robot emas-ku, ular ham charchashadi.

Maksim Shackix ("Andijon" sobiq bosh murabbiyi):

Men futbolchilarga birinchi kundanoq avvalambor o'zimizni hurmat qilishimiz kerakligi haqida aytdim. Har kimga mag'lub bo'lish mumkin, ammo qanday mag'lub bo'lish muhim. 

"Andijon"ning muxlislari bunday mag'lubiyatlarni kechirishmaydi. "Andijon" birlashsa, nimagadir erishishi mumkin. 

Biz "klass" evaziga hech kimni mag'lub eta olmaymiz, bizda "klass" yo'q. Hozircha. 

O'tgan safargi "Buxoro"ga qarshi, bugun "Qizilqum"ga qarshi bo'lgan o'yinlarda bizning 2 ochko ishlab olganimiz emas, 4 ochko yo'qotganimiz to'g'riroq bo'ladi. 

Men hali birorta futbolchini hisobdan chiqarganim yo'q. Ular mening oldimga kelishdi, shunchaki jamoada o'ynamasligini aytishdi. Istamayaptimi, okey. Boshqa futbolchilarni topamiz.

Ko'p gapirish shart emas, juda xunuk o'yin namoyish etdik.

Futbolchi bir deganda zo'r bo'lib qolmaydi. Bir-ikkita bahsda yaxshi ko'rinishi mumkin, lekin har doim kuchli bo'lib qolish nihoyatda murakkab.

Hatto g'alaba qozonganimizda ham durangga loyiq o'yin bo'ldi derdim.

Menimcha, ayrim futbolchilarimizning fikr-u xayoli hamon Pro Ligada.

Mag'lubiyatga uchragan har bir o'yinimizni tahlil qilib ko'ring, albatta, nimadir sabab bo'ladi.

Birinchi uchta golni qarang, hatto bolalar futbolida bunaqa gollar o'tkazilmaydi. 

Jamoamizda "Andijon" darajasiga mos bo'lmagan futbolchilar bor. Lekin ular klubga mosmiz deb o'ylaydi. Bu juda yomon. Ammo bunday o'yinlar kim qanaqa ekanini ko'rsatadi.

Futbolda bazida gol urish emas, to'pni oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Barchasi o'z o'rniga qo'yilishi kerak.

Nima, har bir o'yinda beshtadan gol urishimiz kerakmi? Bu jamoa "Barselona" emas, "Andijon".

Bunday uchrashuvlarni o'tkazish murabbiy uchun oson emas. Doim diqqat bo'lasan, sochingga oq tushadi. Muxlislar esa maza qiladi. Lekin baribir futbolda eng muhimi – ishqibozlarning xursand holda uyga qaytishi.

Men futbolchilarga doim aytaman: ular Chempionlar ligasi, terma jamoa safida o'ynashni xohlasa, u erda ishtirok etadiganlardan nima farqi bor? Ularda ham ikki oyoq, ikki qo'li bor. Faqat muomala boshqacha. Har kuni mehnat va harakat qilish kerak. 

Ko'p gapirmayman. Chempionatda "Andijon" bilan sodir bo'layotgan holatlar to'liq mening aybim. Men Superligani nazarda tutyapman. Yigitlarni ruhlantirish negadir o'xshamayapti, balki kerakli so'zni topa olmayapman. Masuliyatni to'liq o'z zimmamga olaman. Hech nimani bekitmoqchi emasman. Hammasiga o'zim aybdorman. Boshqa aytadigan gapim yo'q.

Bahrom Haydarov ("Qo'qon-1912" bosh murabbiyi):

O'yinga shunday tayyorlandikki, dastlabki 15-20 daqiqalikdagi bosimdan chiqib ketishimiz kerak edi.

Bizda chempionat yoki kubok uchrashuvi ajratilmaydi. Har ikki turnir biz uchun muhim.

Yutqazgan o'yinni tahlil qilib, keyin gapirish kerak.

Futbol shunaqa, 30 soniya ichida o'yin, jamoa haqidagi fikrlar o'zgarib ketdi.

Ko'pchilikka malum bo'lsa kerak, bizning jamoada asosiy homiy yo'q.

Shogirdlarimning o'zlariga ham aytganman, intervyuda ham aytaman: futbolchilar o'zlari yig'ilib, murabbiysiz ham bir o'yinni yutsa bo'ladi.

Kiyim almashtirish xonasida aytadigan gapning o'zi qolmadi. Chunki har bir gapimiz bahonaga o'xshab qolyapti.

Superliga yakunida qaysi o'rinni olishimizni bilmayman. Lekin maqsadimiz – yuqoriga ko'tarilish.

2000 yillardagi futbolda individual kuchli futbolchilar ko'p narsani hal qilardi, hozir esa jamoaviy o'yinga o'tildi.

Hozir futbol pragmatik ko'rinish olyapti. Natija birinchi o'ringa chiqib bo'ldi. Hamma natija xohlaydi.

Futbolchilar yaxshi o'ynab turgan bo'lishi mumkin, chunki muxlis asosan futbolchi to'pga egalik qilganida, uni ko'rishni boshlaydi. Futbolchi to'psiz holatda nima qilyapti, bunga ko'pchilik qaramaydi.

Viloyat hokimi bizga ishtiyoq berib, kelasi yili sovrinlar yutadigan jamoa tuzilishini, bu borada yordam berishini aytdi va vazifa qo'ydi.

Bu yilgi Pro liga bilan o'tgan yilgi Pro liganing farqi juda katta. Shu sabab "Aral"ga hurmat saqlagan holda aytamanki pley-offda o'ynaydigan barcha 4 ta klub ham Superligada qolsa kerak.

Asror Aliqulov ("Mashal" sobiq bosh murabbiyi):

Biz Superligada eng kam smetaga ega bo'lgan klubmiz, biroq bu amalda hech narsani anglatmaydi. 

Yangi jamoa ekanligini hisobga olsak, maqsadimiz ligada o'z o'rnimizni saqlab qolish. Hali davralar oralig'ida selekciya ishlarini olib boramiz va o'z oldimizga qo'ygan vazifani uddalay olsak, keyingi yili o'zimizga yaxshi bo'ladi.

Tezkor futbolchi? Shunday o'yinchi bo'lsa jonim bilan tushirardim. Biz o'z imkoniyatimizdan kelib chiqqan holda ish tutdik.

Ko'p gol ham o'tkazib yubordik. Keyin kam gol urayapmiz. Hozir kiyinish xonasida ham aytdim, zich o'ynash hozirgi Superligada talab etilmoqda.

Biz mehmonda o'ynashga majburmiz, shu sababli jamoani shunday tayyorlayapmiz. 

Ayrim futbolchilarimiz Superliga darajasiga tayyor emas. Namoyish etgan o'yinimiz taktikaga bog'liq emas.

Charchoq yoki issiq havo degan gaplar quruq bahona, xolos. 

Superligada yaxshi ishtirok etish uchun har doim yaxshi o'yinchilar kerak bo'ladi. Bu faqat himoya chizig'i bilan bog'liq emas. Hamma chiziqlarga yaxshi o'yinchilar kerak. Bu hozirgi Superliganing talabi.

Otabek Narzullaev ("Mashal" bosh murabbiyi):

Men "Mashal" uchun yangi odam emasman. Ko'p futbolchilar bilan oldin ham birga ishlaganmiz. 2019 yil Muborakka kelgan bo'lsam, bu orada yoshlar jamoasida ishladim, asosiy jamoada bosh murabbiy yordamchisi bo'ldim. Rahbariyat menga ishonib bosh murabbiylikni topshirgan ekan, men ham bu ishonchni oqlashga harakat qilaman.

Yoshlarimizning har bir o'yiniga boramiz. O'yinlarimiz yaqin bo'lmasa, borib ko'ramiz. Chunki biz yoshlarni ko'proq o'ynatishni xohlaymiz.

Uchrashuvning so'nggi daqiqalarida charchoq sabab gol o'tkazib yuborish tabiiy, lekin nega uchrashuv boshida gol qo'yib yuborayotganimiz biroz tushunarsiz.

2016-2017 yoki undan oldingi davr futboli paytida safarga borganda, qo'rqib turardik. Jamoalar, ayniqsa, hakamlikdan cho'chirdi. Hozir esa vaziyat o'zgardi. Hozir jamoangiz kuchli bo'lsa, uyda ham, safarda ham g'alaba qozona oladi.

Qachongacha o'zimizda yaxshi yoshlar bo'la turib, legionerlardan foydalanamiz.

Shu sohani tanladikmi, oson bo'lmasligini bilamiz. Bazan rahmat eshitamiz, bazan haqorat. Bunga tayyor turish kerak, chunki o'zim hammasini hisobga olgan holda murabbiylikni tanlaganman.

Albatta, biz Qashqadaryo chempion bo'lishini xohlaymiz. 

Har bir Qashqadaryo ahli chempionlik shu erda qolishini xohlaydi. Hozir ham shu fikrimda qolaman. Farg'onalik muxlis yoki murabbiydan so'rasangiz, ular chempionlik Farg'onaga kelsin deydi. Bu futbolda normal holat. Mening gaplarimni jurnalistlar qanday talqin qilgan, bilmayman. Men "Nasaf" o'z kuchi bilan chempionlikni saqlab qolsin deganman. Lekin bu boshqalar yordam bersin manosini bermaydi. Futbolda hammamizning o'z ishimiz bor.

Hammaning terma jamoada o'ynagisi keladi. Masalan, mening ham orzum terma jamoada ishlash desam bo'ladi.

"Mashal" bu yil o'z uyida o'ynamadi. Agar Muborakda o'ynaganimizda, ko'proq ochko olardik. Barcha ayb o'zimizda. Mavsumni yaxshi tugatishga harakat qilamiz. Umid qilamanki, 2026 yil raqiblarni Muborakda qabul qilamiz.

Ulug'bek Bakaev ("Buxoro" sobiq bosh murabbiyi):

Futbol faqat 90 daqiqa o'ynalmaydi, qo'shib berilgan daqiqalarda ham o'yin davom etadi. 

Biz "to'rt" baholi tarkib yig'dik. 

Maydon haqida nimadir deyish qiyin. Chunki bu maydonda men futbol o'ynamadim.

Men futbolchilarning yoshiga qaramayman. Kim mening talablarimga javob bersa, o'sha futbolchi o'ynayveradi. Yosh va pasportning ahamiyati yo'q. 

Men sobiq hujumchi sifatida shuni ayta olamanki, hujumchida qobiliyat va qobiliyatsizlik bo'ladi.

Bugun Superligada ketma-ket to'rtinchi mag'lubiyatni qabul qilib oldik. Bu men uchun juda ham og'riqli. Biz muxlislar, futbolchilar va klub uchun harakat qildik, ammo o'xshamayapti. Rahbariyatdan istefo so'rayman va buni to'g'ri tushunishadi deb umid qilaman. Muxlislardan uzr so'rayman. Hozir jamoaga yangi qon kerak. Kiyim almashtirish xonasida futbolchilarga ham aytdim: mening o'rnimga kim kelishidan qatiy nazar unga hurmat bilan munosabatda bo'lishsin.

Qachonki biz Buxoroda bo'lsak, o'z jonajon stadionimiz bo'lardi, 25 ming muxlis kelardi, bu esa qo'shimcha ruh berardi.

Mag'lubiyatlar seriyasidan so'ng qayd etilgan durangni yaxshi natija deb hisoblayman.

Aleksandr Xomyakov ("Buxoro" bosh murabbiyi):

Biz nimagadir erishdik deb aytishga hali erta. Agar ketma-ket 3-4ta bahsda g'alaba qozonsak bu boshqa gap. 

Balki bu savolni o'tkazib yuborarmiz. Vazifa nima bo'lishi mumkin, albatta, birinchi navbatda jamoani Superligada olib qolish.

Hech kim dekabrda bo'ladigan pley-off o'yinlarida qatnashishni istamaydi. 

Bekitadigan narsamiz yo'q, bizdagi intensivlik faqat bir bo'limga etyapti, xolos.

Biz XXI asrda yashayapmiz. Raqibni o'rganish uchun stadionga borish shart emas. Buning ustiga, birorkimni yubora oladigan superklub emasmiz. 

Andijon men uchun qadrdon shahar, ammo to'g'risini aytaman, bu erga yutuqni ko'zlab kelgandik.

Turnir jadvalidagi holat bizni oxirigacha faol bo'lishga va agressiv futbol namoyish etishga undamoqda.

Hakim Fuzaylov ("Xorazm" bosh murabbiyi):

Muxlislarimizni 15 yil kutilgan g'alaba bilan tabriklayman.

Kiyim almashtirish xonasida bizga "Xorazm" o'z tarixida ilk marta "Bunyodkor"dan ochko olganini aytishdi.

Vazifa hali ham bitta. "Xorazm" 15 yil O'zbekiston oliy ligasida o'ynamadi. Vazifa – jamoani Superligada saqlab qolish.

Har qanday murabbiy doim unga kimdir etishmayotganini aytadi. Shunday bo'lgan, bunday keyin ham bo'ladi.

Beshta gol urish o'rniga o'z aybimiz bilan uchta gol o'tkazdik.

Potapov – O'zbekistondagi legioner darvozabonlar orasidagi eng zo'ri.

Menimcha, jamoalar ikki toifaga – medallar uchun kurashadigan va Superligada qolish uchun harakat qiladiganlarga ajralib bo'ldi.

FIFA kunlarida Turkmaniston terma jamoasi biz bilan o'ynash taklifi bilan chiqdi, ammo 26 avgust juda qisqa muddatligi sabab rad javobini berdik.

O'yin haqida nima deyishim muikin, yana eski kasalimiz qo'zg'adi.

Mag'lubiyatlar klub rahbariyati va muxlislarimizning joniga tegib ketgan bo'lishi mumkin. To'g'risi, o'zim ham bundan charchadim. Agar o'rnimga boshqa murabbiy topiladigan bo'lsa, ishdan bo'shashga tayyorman. Juda toliqdim.

Mana nechanchi o'yindirki, bahsni yaxshi boshlayapmiz, biroq 70 daqiqa futbol o'ynayapmiz.

Eldor Moyliev ("Sho'rtan" sobiq bosh murabbiyi):

Ikkinchi daqiqadayoq qizil kartochka bilan jazolandik va rejamiz o'zgarib ketdi. 

Kim yaxshi sport formasida bo'lsa, shunga imkoniyat beramiz. 

Ustunlik raqibda, ammo omad biz tomonda bo'ldi.

Futbolda hamma narsaga tayyor turish lozim.

Hozirgi futbol ko'p kuch talab qiladi, agar siz yakkakurashlarda yutqazsangiz, hech qanaqa taktika foyda bermaydi.

"Nasaf"dagilar Sardor Bahromovni beramiz deyishgandi, biroq so'nggi pallada uning uyidagilari bu transferga qarshilik qilishdi. Jamoaga olib kela olmadik.

Superligada hamma jamoalar teng kuchli, kimning omadi kelsa, shu g'alaba qozonib ketyapti.

Qiynalib to'p kiritamiz, keyin esa oddiy gol o'tkazamiz.

Futbolda yutgan jamoaga yuqori baho qo'yiladi.

Asror Aliqulov ("Sho'rtan" bosh murabbiyi):

Hisob qanday bo'lmasin, qo'lni tushirmaslikka harakat qildik va buni doim yigitlarga uqtirdik. 3:1dan so'ng 3:2, undan keyin 3:3 bo'ldi. Lekin shashtni tushirmasligimiz kerak edi. Cho'kayotgan odam xasga yopishadi deb bekor aytishmagan.

Statistikaga ko'p etibor bermaymiz. O'yin kuni kim tayyor bo'lsa shularni maydonga tushiramiz. Ko'p narsa omadga ham bog'liq. 

O'ylaymanki, bosh homiyimiz tomonidan Superligaga qaytish vazifasi qo'yiladi.


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.


Superliga-2025. Mavsumning esda qolarli lahzalari  

Superliga-2024. Mavsum davomida murabbiylar tomonidan aytilgan sara iqtiboslar 

Coca Cola Superligasi-2023. Murabbiylardan sara iqtiboslar

Reyting:    

Fikrlar

   
04 dek 10:33:29
Shodi Odilov
Нефтчи чемпион булса қахрамонларни майдондан эмас майдон ортидан изланг ☝️
   
04 dek 06:20:24
RADIKALIST
Abramovmi qochiriqlar eng zo'ri
   
04 dek 03:33:42
leva8989
Baribir R.Berdiyevni gaplari trendda
championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика