Kecha, bugun, ertaga. B.Boboev: Futbolda uni chinakamiga yaxshi ko'radiganlar ishlashi lozim
20 noy 2013 11:00
Yangiliklar
Kecha, bugun, ertaga. B.Boboev: Futbolda uni chinakamiga yaxshi ko'radiganlar ishlashi lozim
Bu safargi mehmonimiz o'zbek futbolida faoliyat yuritayotgan kam sonli mutaxassislardan biri – Baxtiyor Boboev. Ko'p yillar davomida Kosonsoy jamoasida faoliyat olib borgan Baxtiyor Melievichning Muborakda futbol akademiyasi tashkil etilishida hissasi katta bo'lgan. Navbahorning gullagan payti ham aynan mana shu kishi ishlagan davrga to'g'ri kelgan. 2007 yildan beri Bunyodkor jamoasida xizmat qilib – hozirda klub birinchi vice-prezidenti-bosh direktoriga aylangan Baxtiyor Boboevning futboldagi yo'li ko'pchilikda qiziqish uyg'otsa ajab emas. Loyihamizga biroz o'zgartirish kiritdik. Avvaliga qahramonning faoliyati bilan tanishdik, keyin bahs-munozaraga boy bo'lgan savol-javoblarga o'tdik.
DASTLABKI QADAM...
1969 yili dadam rahmatli meni Toshkentdagi futbol internatiga olib keldilar. O'shanda Vladimir Fyodorov, Mixail An, Olim Ashirov kabi o'zbek futbolida yorqin iz qoldirgan futbolchilar internatda bizdan avvalroq tahsil olishardi. Men Volodya Sobirov, Ravil Agishev, To'ra SHoymardonov kabi keyinchalik katta futbolda o'z o'rnini topganlar bilan birga o'qidim. Turli musobaqalarda qatnashdim.
Keyin harbiy xizmatga ketdim. Qismimizdagi musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashganim uchun meni sport rotaga o'tkazishdi. Uyga qaytganimda Namanganning Tekstilshik jamoasiga qabul qilishdi. U erda bir mavsum to'p tepdim.
1980 yili kosonsoylik bo'lganim uchun, shu hududda jamoa tuzib unga murabbiylik qilishimni aytishdi. Ancha yosh bo'lganim bois rozi bo'lmadim, ammo menga yordam berishlarini takidlashdi. O'ynovchi murabbiy sifatida jamoa tuzib ish boshlab yubordim. Asosiy etiborni kosonsoylik yigitlarga qaratdik. Jamoamiz ishonchni oqlashga kirishdi, eng muhimi ichki muhit ajoyib edi. U paytlar chempionatning har bir ligasida raqobat kuchli edi. Ikkinchi ligaga chiqish uchun pulka bahslarida Navbahor, SHovot, Qo'shko'pir jamoalariga qarshi bahs olib bordik. Navbahordan boshqa hech bir jamoa o'zining barcha talablarga javob readigan tayyor stadioniga ega bo'lmagani tufayli, ikkinchi ligada Navbahorning ishtirok etishi xususida “yuqoridagilar” avvaldan bir fikrga kelib ulgurgan ekan. Navbahordan mag'lubiyatga uchraganimizdan so'ng tumanimiz rahbari O'g'lim, xafa bo'lma, men endi tushundim: futbol maydonda o'ynalmas ekan, deb ovutgan edi.
O'shanda Navbahor men bilan ukamni o'z safiga chaqirdi. Kosonsoyni birdaniga ikki kishi tark eta olmas edik, shunda maslahatlashib Namanganga ukamni yuboradigan bo'ldik. 1984 yilga kelib biz bari-bir ikkinchi ligaga chiqdik. O'zimda ham o'ynash ishtiyoqi katta edi. Navbahorni Sergey Docenko qabul qilib olgach, qo'yarda-qo'ymay meni ham o'z jamoasiga o'tkazdi.
Aksiga olib, Kosonsoyning ishlari orqaga ketdi va tuman rahbari Samaraxon aka Karimov meni huzuriga chaqirib, qaytishim kerakligini takidladi, Kosonsoy uchun yangi stadion qurib berishini aytdi. 1988 yilga qadar Kosonsoy oyoqqa turib oldi va vodiyda o'z o'rniga ega bo'ldi. Biz yildan yilga yuqoriroq ko'tarilishga erishgandik. Anvar Jabborov darvozamizni qo'riqlar edi. SHuningdek, Husan Boymetov, Renat Nurmuhammedov, Anatoliy Kozak, Tolib Boboev muxlislarning olqishlariga sazovor bo'lishgan. O'sha yillari Farg'onaning Neftchi jamoasi bilan jiddiy raqobat olib borar edik.
ARAZDAGI ZAHARLANISH...
1988 yili qiziq voqea yuz bergan.
Neftchi bilan bo'lib o'tgan ikki uchrashuvda ham g'olib aniqlanmagan. Farg'onada 1:1, o'z uyimizda 0:0 hisobida jangovar durangga imzo chekkanmiz.
Musobaqa yakunlanishiga bir necha tur qolganda oradagi farq foydamizga bir ochko bo'lib, bizni Ozarbayjonda muhim o'yin kutib turar edi. Naxichevanga etib bordik. O'yin kuni odatdagidek tushlik qilindi. Futbolchilar o'yindan avval shokolad istemol qilishga ko'nikishgan. Men ukam bilan mamurimiz stolga qo'ygan shokoladdan edik va yonida turgan katta choynakka damlab qo'yilgan choydan ichdik. Boymatov, Selimov, Jabborov, Nurmuhamedov, Esonboev yonimizga kelib, choy ichishdi. Ukam ikkimiz ularga qo'shilib yana bittadan piyolada choy ichdik. Murabbiyning ko'rsatma berishiga bir soat qolganida ukam uyqusi kelayotganligini aytdi. SHunda men, boshqa xonaga jamoadoshlarim bilan gurung qilishga chiqib ketdim. Qarasam, ular ham uyqusirashyati. Birozdan so'ng azoi badanim bo'shashib keta boshladi va xonaga kirib uxlab qoldim. Bir payt jamoa boshlig'i Nikolay Lyubarcevning eshikni qattiq taqillatishidan uyg'onib ketdim. Biz bilan choy ichgan yana 5 nafar jamoadoshim ham o'zlarini yomon his qilishayotgan ekan. Sababi choyga darmonsizlantiruvchi dori qo'shib qo'yilgan ekan. CHoy ichgan futbolchilarning barchasi asosiy tarkib vakillari edi. Lyubarcev “tez yordam”ni chaqirdi. Bizni kasalxonaga olib ketishdi. Pulslarimiz sezilarli tarzda tushib ketgan ekan. Tezlik bilan reanimaciya bo'limiga yotqizishdi, barchamizga ukol qilishgan. O'yin esa qoldirilmadi.
Birinchi bo'limdan keyin Lyubarcev oldimizga kelib, qattiq shamol turganligi va biz 0:1 hisobida mag'lubiyatga uchrayotganligimizni aytdi. Aksiga olib, jamoadoshlarimizdan biri jarohat olib birinchi bo'limdayoq safdan chiqqan. Zahirada o'yinchi qolmagan edi. Men Lyubarcevga yana 3 nafar futbolchi maydondan jarohat olib chiqib ketsa, o'yin boshqa kunga qoldirilishini aytdim. Lyubarcev borib futbolchilarga bu “chora”ni etkazgan. Tanaffusdan so'ng yana ikki futbolchimiz jarohat olib chiqib ketgan. O'sha kuni mezbonlar juda qo'pol harakat qilishgan. Jussasi kichik Kozak raqib bilan to'qnashuv oqibatida maydondan uchib chiqib ketgan va o'yinni davom ettirolmasligini hakamga bildirganidan tribunadan tushib kelgan muxlis “jonidan umidi bo'lsa” tezda maydonga qaytishi kerak ekanligini aytadi. Noiloj qolgan Kozak o'yinni davom ettirishga majbur bo'ladi. SHundayam oxirgi daqiqalarda gol urish imkoniyatiga biznikilar ega bo'lishgan. Sakkiz kishi bo'lib 0:1 hisobida mag'lubiyatga uchraganmiz. SHu o'yindan keyin Neftchi bizdan o'tib ketdi.
Davomi soat 15:30da chop etiladi.
Fikrlar