Katta intervyu. Martin Boake: "Sepaxon"ga qarshi 0:9 mag'lubiyatni tariflab berma olmayman"
09 jan 12:31
Yangiliklar
Katta intervyu. Martin Boake: "Sepaxon"ga qarshi 0:9 mag'lubiyatni tariflab berma olmayman"
- Martin Superligadagi uchinchi mavsumingni o'tkazdingiz. O'tgan mavsum siz uchun qanday o'tdi?
- Mavsum o'rtacha o'tdi deya olaman. O'zimni to'liq namoyish eta olmadim, men bundan yaxshiroq o'ynay olaman. Lekin shunga qaramasdan yaxshi mavsum bo'ldi, Osiyo chempionlar ligasida o'ynadim va gol urdim va kubokda finalga qadar etib bordik.
- Martin bolaligingiz haqida aytib bersangiz. Italiyaning qaeridansiz? Qanday qilib futbolga qiziqib qolgansiz?
- Men Valdanoda tug'ilganman. Valdano Italiyaning shimolida joylashgan shaharcha, Veronaga yaqin. Ota-onam asli ganalik, ammo ular Italiyaga ko'chib kelishgan va men ham Italiyada tug'ilganman. Futbolga yoshligimdan qiziqar edim, har bir kichik bolakay kabi maktabdan so'ng ko'chada futbol o'ynardim. SHunday qilib futbolga kirib kelganman. To'g'risi bolaligimda maktabga borish yoqmas edi, fikri xayolim faqat futbol bilan band bo'lardi.
- Katta futboldagi birinchi qadamlarni tashlayotgan vaqtingiz hujumchi emas, yarimhimoyachi bo'lib o'ynagan ekansiz. SHu gaplar rostmi?
- Ha, futbol akademiyasida tahsil olishni boshlagan vaqtlarim yarim himoyachi bo'lganman. 16 yoshlik o'spirin Martinga qaysi poziciyada o'ynashning ahamiyati yo'q edi. Muhimi maydonda bo'lsam bo'lgani. Muhim uchrashuvlarning biridan avval jamoamizdagi asosiy hujumchi jarohat olgan edi. Bosh murabbiyimiz menga hujumchi ampluasida o'ynashni taklif qildi va men rozi bo'ldim. Hujumchi sifatida o'ynagan birinchi uchrashuvdayoq dubl qayd etdim. SHundan so'ng murabbiylar meni hujum chizig'iga o'tkazishgandi. Hammasi shundan boshlangan (kuladi).
- Evropadagi faoliyatingiz haqida gaplashsak. Italiya, Avstriya, Lyuksemburg va Xorvatiya ligalarida faoliyat yuritgansiz. Evropadagi faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz?
- Birinchi klubim italiyaning "Solezineze" jamoasi bo'lgan. Hozir u klub qo'yi ligalarga tushib ketgan. Keyin esa Avstriyaning "Kitzbyuxel" va "Xoxemens" jamoalarida o'ynadim. Avstriyadan keyin esa Lyuksemburgning "Jeness Esh" jamoasiga o'tdim. 2020 yilda esa "Slaven"ga jamoasiga transfer qilindim. Xorvatiyadagi faoliyatim omadsiz kechdi. Pandemiya sababli yangi jamoaga kirishib keta olmadim va jismoniy holatim yomonlashdi. Bosh murabbiy ham menga deyarli o'yin amaliyotiga ega bo'lishga imkon bermagandi, u menga ishonmagandir balki.
- Evropa ligalarida o'ynagansiz. Biroq qanday qilib O'zbekistonga kelib qoldingiz. "Andijon" klubiga kelishingizdan avval ushbu klub va Superliga haqida nimalarni bilardingiz?
- Pandemiya yakunlanganidan so'ng yangi jamoa qidirishni boshladim. Agentim menga takliflar borligini aytdi. Ushbu takliflar orasida "Andijon" ham bor edi. Menga "Andijon" klubi o'z oldiga katta maqsadlar qo'yishganini aytishdi va men ushbu taklifga rozi bo'ldim. "Andijon"dagi birinchi mavsumimda bor-yo'g'i 6ta uchrashuvda maydonga tushdim. O'zbekistondagi dastlabki 6 oy qiyin kechgan. Yangi mamlakat va yangi chempionatga ko'nikishim oson bo'lmadi. Superliga men kutgandan qiyinroq musobaqa bo'lib chiqdi. Superligada ko'p jamoalar zich va tartibli himoyalanishadi va ushbu jihat gol urishni qiyinlashtirib yuboradi. O'zbekistondagi birinchi mavsumdan so'ng men boshqa chempionatga ketmoqchi edim, ammo yaqinlarim men yana bir mavsum bu erda qolishim va keyingi mavsumdan yaxshiroq o'yin namoyish eta olishimga ishontirishdi.
- Hujumchi sifatida superligada to'p tepish oson emas dedingiz. O'zbekistonga endi kelayotgan legioner hujumchilarga nima maslahat bergan bo'lar edingiz?
- Yaxshiroq tayyorgarlik ko'rishni. Superligada gol urish uchun vaziyatlar kam bo'ladi va sen 90 daqiqa davomida bitta imkoniyatdan foydalanishing kerak bo'ladi. Bu oson ish emas. Ko'p jamoalar 4-5 nafar himoyachi bilan o'ynashadi va markaziy hujumchini kamida 3 nafar himoyachi qo'riqlaydi.
- Superligadagi siz uchun eng qiyin uchrashuv qaysi bo'lgan eslay olasizmi?
- "Paxtakor"ga qarshi birinchi uchrashuvimda juda qiynalganman. O'sha vaqti Anzur Ismoilov "Paxtakor"da edi va unga qarshi o'ynash juda qiyin ish. O' juda tajribali va o'z ishining ustasi.
- Evropa va O'zbekistondagi faoliyatingizda qanday farqni sezgansiz. Masalan taktika yoki o'yin tezligida?
- Evropada taktika ancha rivojlangan. Men faoliyat yuritgan klublarda o'yindan avval kamida 2ta reja tayyor bo'lar edi. Yani uchrashuv boshlanishidan avval biz o'yin uchun 2-3ta taktikada ishlatishimiz mumkin edi. O'zbekistonda esa ko'proq futbolchiga erkinlik berishadi. Men hujumchi sifatida raqib darvozasiga gol urish asosiy vazifam uni qanday bajarish esa ikkinchi masala. Individual mahorat bu erda ancha katta rol o'ynaydi, deya olaman.
- O'tgan mavsum OKMK OCHLda ishtirok etdi. Siz hatto "Al-Ittihod" darvozasiga gol urdingiz, ammo jamoa sharmandali natija qayd etdi. Bunga sabab nima?
- Menimcha biz ushbu musobaqaga tayyor emas edik. Taqvim juda zich bo'ldi. Jismoniy jihatdan tiklanishga ulgurmadik. "Eyr Fors"ga qarshi kechgan birinchi bahsda tezkor gol o'tkazib yubordik va ushbu gol o'yin taqdirini hal qildi. "Sepaxon"ga qarshi mezbondagi uchrashuvni ham yomon o'tkazmadik, ammo juda ko'p asosiy tarkib futbolchilari jarohatlangan edi. "Sepaxon"ga qarshi 0:9 hisobidagi mag'lubiyatni esa tariflab berma olmayman to'g'risi. Men juda charchagan edim va shu sabab o'yinim qovushmadi.
- OKMK bilan shartnomangiz yakunlandi va shartnomangni uzaytirmadingiz. Keyingi rejalaringiz qanday?
- Hozir tatildaman va futbol haqida o'ylamayapman. OKMKda ajoyib damlarni o'tkazdim va barcha jamoadoshlarimga rahmat aytaman. Keyingi rejalarim haqida aniq bir narsa deya olmayman va hozirgi vaqtda erkin agentman.
- Superliganing qaysidir jamoasiga o'tishingiz mumkin? O'zbek klublaridan takliflar bo'ldimi?
- Taklif bo'lsa ko'rib chiqaman. Keyingi klubim qaysi mamlakatda bo'lishi aniq emas.
Abdusalom Djalilov suhbatlashdi
Fikrlar