Jonatas: Qizlarim birinchi qorni kutishyapti
06 noy 2016 00:51
Yangiliklar
Jonatas: Qizlarim birinchi qorni kutishyapti
Jamoa safiga qo'shilganlardan biri - Jonatasga muxlislar etiroz bildirishmayapti. U joriy mavsumda 9ta o'yin o'tkazib, 5ta gol urdi. Yaqinda braziyalik futbolchi Championat.com saytiga intervyu berdi. Quyida ana shu suhbatni o'qishingiz mumkin.
- Keling, bir necha oy oldinga qaytamiz. Real Sosedad bilan yana to'rt yillik shartnomangiz bor edi, ammo kutilmaganda Qozondan taklif tushdi. Buni qanday qabul qildingiz?
- O'shanda ko'nglimdan qanday hislar kechganini eslayman. CHunki bundan shokka tushmaganman. Bilsangiz, avvalgi klubimda meni qoniqtirmaydigan jihatlar ko'p edi. SHu bois havo almashtirishni istagandim. Agentim bilan vaziyatni o'rganib chiqdik va Rossiyaga borish kerak, degan qarorga keldik.
- O'shanda Rubin va Qozon haqida nimalarni bilardingiz?
- Bu Rossiyaning katta klubi ekanidan xabardor edim. Birinchi o'rinda Karlos Eduardoga qo'ng'iroq qildim. Jamoa, baza, xodimlar haqida so'radim. U faqat yaxshi fikrlar bildirdi va unga ishondim.
- Bilsangiz, buni eshitish g'alati. CHunki Karlosning Qozonda omadi chopmagandi.
- (Kuladi) Undan futbol, o'yin amaliyoti va jarohatlar haqida so'ramadim. Meni ko'proq klub, baza, o'yinchilar va xodimlar qiziqtirgandi.
- Iqlimning birdan o'zgarishiga oilangiz qanday munosabat bildirdi?
- Bu muhim masala edi. CHunki men ikki qizning otasiman, oilam uchun javobgarman. Birinchi o'rinda ular, keyin esa o'zim haqimda o'ylayman. Ular meni qo'llab-quvvatlashdi. Hozirgi kunda moslashish jarayonidamiz. Issiq kiyim-kechaklar xarid qildik. Qizlarim birinchi qorni kutishyapti.
- Sizni taklif qilish g'oyasi Xavi Grasiyaning shaxsan o'ziga tegishli. U bilan oldin ham bu borada suhbatlashganmidingiz?
- Har qanday futbolchi uchun murabbiyning shaxsan o'zi qiziqqani muhim ahamiyat kasb etadi. Yashirmayman, Rubinni tanlashimda shu jihatlarni ham inobatga olganman, lekin oldinlari Grasiya taklif bilan chiqmagan. Ispaniyada bir-birimizga qarshi o'ynaganmiz. O'ylashimcha, u meni Elchedaligimda ko'z ostiga olib qo'ygan. Uning Malagasiga qarshi uchrashuvlarda o'zimni ko'rsatgandim.
- Rossiyaga Italiya va Ispaniya chempionatlarida o'ynagan braziliyalik hujumchi tashrif buyursa, ko'pchilik uning etakchiga aylanishiga ishonadi. Ammo hamma ham bu ishonchni oqlayvermaydi. Nima uchun?
- Futbolchi o'zini ko'rsatishi uchun ko'p narsalarga ahamiyat berish kerak. Sizni qanday kutib olishlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoa doimo g'alaba qozonib tursa, yangi o'yinchining moslashib ketishi ham oson kechadi. Aks holda, qiyinchilik tug'ilaveradi. Hech bir futbolchi yolg'iz o'ynamaydi. Hujumchilar boshqa amplua vakillariga bog'lanib qolishadi. Siz superyulduz bo'lsangiz ham, sheriklaringiz to'p bilan taminlab turishmasa, hech nimani uddalay olmaysiz.
- Rubin mavsumni bo'sh boshladi. Hamma buni yangi o'yinchilarning ko'pligi bilan bog'lamoqda. Lekin Anjida ham shunday vaziyat bo'lishiga qaramay, yaxshi o'ynayapti va ko'p ochko jamg'ardi.
- Biroz kuting. Hech nima bir kunda qurilmaydi. Haqiqatan ham, Qozonda kuchli futbolchilar jam bo'lishgan. Ammo ularning har biri shahar, atrofdagilar va iqlimga moslashishlari kerak. Bu jarayon hammada har xil kechadi. Biroq jamoaning o'z g'oyasi va maqsadi bor. Buni kunlik mashg'ulotlarda ko'ryapman.
- Rubinga evrokuboklarga chiqish vazifasi qo'yilgan. CHempionatdagi raqiblar ancha uzoqlashib ketishdi. Balki bor etiborlaringni kubokka qaratarsizlar?
- O'ylashimcha, turnir jadvalida yuqorilash uchun imkoniyatimiz bor. Hozir, aksincha, chempionatga ko'proq etibor qaratish lozim. CHunki kubokning keyingi bosqichi bahorda bo'ladi.
- Bir sirni ochsak. Mavsum avvalida jamoaga taklif etilgan 10 nafar yangi futbolchidan muxlislar faqat siz va Rochinning o'yinlaridan mamnunlar. Buni his qildingizmi?
- Qo'ysangiz-chi. Ruben bilan hujumda o'ynaymiz. SHu bois ham ishimiz ko'ringan. Aslida, g'alabada har bir o'yinchining hissasi bor. Muxlislarning hamisha o'z yoqimtoylari bo'ladi. Agar ishqibozlar u yoki bu futbolchini tanqid qilaverishsa, yaxshi natijalarni kutish qiyin. SHaxsan men uchun oilamning qo'llab-quvvatlashi etarli.
- Braziliya, Gollandiya, Italiya, Ispaniya chempionatlarida o'ynagansiz. Endi Rossiyada faoliyat olib boryapsiz. Gol urish qaerda qiyinroq?
- Futbolchi yaxshi bo'lsa, hamma erda gol uraveradi. Bu chempionat emas, balki sizga qarshi o'ynayotgan raqibning darajasi bilan bog'liq. Masalan, Italiyada himoyachilar taktik jihatdan kuchlilar. Ular to'pni olish uchun kurashmay, shunchaki, sizni ofsaydda qoldirishlari mumkin. Rossiyada esa mudofaa vakillari jismonan kuchli hisoblanishadi, boz ustiga, yopiq futbol ko'rsatishadi. Jarima maydonida birga-bir vaziyatga chiqishingiz amrimahol.
- RFPLda sizni nima ajablantirdi?
- Hakamlik va sovuq ob-havo (kuladi). Jiddiy gapiradigan bo'lsam, aytarli yangilik yo'q.
- Rubin hujumchilari mavsum davomida kamdan-kam hollarda 10tadan ortiq gol urishadi. Sizning bu boradagi rejangiz qanday?
- 35ta gol deyishim mumkin. Ammo bundan nima foyda?
- Rubin ikki nafar kuchli hujumchi bilan o'ynaydi. Ammo buni ko'pchilik eskirgan taktika deb hisoblamoqda.
- Kanunnikov bilan nafaqat jarima maydoni ichida, balki butun maydon bo'ylab o'ynashimiz mumkin. Grasiya hamisha raqibni sinchkovlab o'rganadigan murabbiy. SHu bois, hujumdagi o'yinlarimiz ko'proq bizga qarshi to'p surayotgan jamoa harakatiga bog'liq bo'ladi.
JA'FARALI tayyorladi
Fikrlar