

Bu galgi mundial butun O'zbekiston uchun mutlaqo bo'lakcha ahamiyatga ega. Sababi millionlar orzusi ushaladigan lahzalarga bir oydan kamroq vaqt qoldi.
17 iyun kuni O'zbekiston milliy terma jamoasi o'z tarixidagi ilk Jahon chempionatidagi yurishini boshlaydi. Okean ortidagi yashil maydonlar bizni kutmoqda. "Oq bo'rilar"ning debyut uchrashuvidagi raqibi esa Janubiy Amerikaning shiddatli va noqulay vakili - Kolumbiya terma jamoasi bo'ladi.
Vakillarimiz o'rin olgan guruh tarkibi ancha jiddiy va nomdor:
Portugaliya: Tarkibida afsonaviy Krishtianu Ronaldusi bor, doim eng yuqori maqsadlarni ko'zlaydigan grand. Musobaqada g'olib chiqishga da'vogar.
Kolumbiya: Luis Dias va Xames Rodriges kabi "portlovchi" yulduzlarga ega shiddatli jamoa.
Kongo DR: Sedrik Bakambu yetakchiligidagi, jismoniy jihatdan baquvvat va kutilmagan sovg'alar taqdim eta oladigan afrikaliklar.
Qog'ozda raqiblar ancha vahimali ko'rinishi bor gap. Ammo bu Jahon chempionati! Bu erga hech kim sovg'a sifatida yo'llanma olmaydi. Garchi musobaqa biz uchun debyut bo'lsa-da, bizning azamatlar maydonga Ronaldu bilan selfi tushish yoki raqiblarning nomidan hayiqish uchun chiqishmaydi. Futbolchilarimizning bosh maqsadi - yashil maydonda oxirigacha kurashish, millionlab vatandoshlar ishonchini oqlash va O'zbekiston shanini dunyoga ko'rsatishdir.
Futbol tarixi mana shunday kutilmagan debyutantlarning sensaciyalari bilan go'zal. 1990 yillarda Yevropada Ruminiya terma jamoasi o'ziga xos mazmunli o'yini bilan shov-shuv ko'tarib, jahon grandlariga bosh og'rig'i bo'lgan.
Jahon chempionatlari tarixi faqatgina g'oliblar bilan emas, balki o'z o'yini bilan millionlar qalbini zabt etgan "qora otlar"ning shiddati bilan ham go'zal. Xuddi shunday unutilmas sahifalardan birini 1990 yili Italiya yashil maydonlarida Dan Petresku, George Popesku, Yonuc Lupesku va shubhasiz, "Karpat Maradonasi" nomini olgan afsonaviy George Xadji boshliq Ruminiya terma jamoasi yozib qoldirgan edi.
Aslida Ruminiya futboli begona emasdi - ular ilk bor 1930 yilda tashkil etilgan tarixiy birinchi mundialdayoq qatnashishgan. Biroq, 1970 yilgi Meksika JCHsidan so'ng jamoa inqirozga yuz tutdi va ketma-ket to'rtta saralash turnirida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Naq 20 yillik sog'inchdan so'ng, Apennin yarim oroliga tashrif buyurgan Ruminiya futbol olamini hayratda qoldirdi.

"Yuz foizlik mahalliy tarkib" fenomeni
O'sha davr futboli uchun eng qiziqarli va takrorlanmas fakt: Ruminiya terma jamoasi Italiyadagi turnirga birorta ham legionersiz, yani 100 foiz ichki chempionat vakillaridan iborat tarkib bilan tashrif buyurgan edi. Mahalliy klublar - asosan "Styaua" va "Dinamo Buxarest" futbolchilaridan tuzilgan bu jamoa dunyo grandlariga qarshi cho'chimay maydonga tushdi.
Aynan 1990 yilgi ushbu porlash va keyinchalik 1994 yilgi AQSH mundiallaridagi maftunkor o'yinlar Yevropaning transfer bozorini portlatdi. Rumin yigitlari dunyo grandlarining nazariga tushishdi va qisqa fursatda "Real Madrid", "Barselona", "Tottenxem" kabi top-klublar liboslarini kiyishdi.

"B" guruhidagi jang: Maradona va Ittifoqqa qarshi
Qur'a ruminlarga oson yo'lni vada qilmagandi. Ular "B" guruhidan joy olishdi. Raqiblar esa vahimali: amaldagi jahon chempioni Argentina (Diego Maradonasi bilan), Valeriy Lobanovskiy boshchiligidagi Sobiq Ittifoq (SSSR) hamda Afrika shiddatini o'zida jamlagan Kamerun.
Biroq, debyutant o'z so'zini birinchi turdayoq aytdi:
1-tur. Dahshatli start: Sobiq Ittifoqqa qarshi kechgan bahsda Marius Leketush haqiqiy benefis namoyish etdi. Uning dubli Ruminiyaga 2:0 hisobidagi tarixiy va sensacion g'alabani taqdim etdi.
2-tur. Afrika syurprizi: Ikkinchi bahsda ruminlar turnirning yana bir kashfiyoti - Roje Milla yetakchiligidagi kuchli va jismoniy jihatdan baquvvat Kamerunga imkoniyatni boy berishdi (1:2).
3-tur. Iroda namoyishi: Hammasi hal bo'ladigan so'nggi turda ruminlar Diego Maradona boshliq amaldagi chempion Argentina bilan to'qnash kelishdi. Haqiqiy xarakter ko'rsatilgan o'yinda qayd etilgan 1:1 hisobidagi durang Ruminiya uchun pley-off eshiklarini lang ochdi.
Garchi jamoa 1/8 finalda Irlandiyaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy bergan bo'lsa-da, ularning ko'rsatgan o'yini barchaga manzur kelgandi.
Sobiq Ittifoq - Ruminiya 0:2
Gollar: Marius Lokatus 41, 55
Kamerun - Ruminiya 2:1
Gollar: Rojer Milla 76, 86 - Gavri Balint 88
Argentina - Ruminiya 1:1
Gollar: Pedro Monzon 62 - Gavri Balint 68
Italiyadagi muvaffaqiyatli debyutdan roppa-rosa to'rt yil o'tib, Ruminiya terma jamoasi okean ortiga faqatgina ishtirok uchun emas, balki katta sahnani zabt etish uchun tashrif buyurdi. 1994 yilgi AQSH mundiallari rumin futboli tarixiga eng yorqin sahifa bo'lib yozildi. Bu gal ular nafaqat guruh bosqichini zabt etishdi, balki pley-offda dunyo futboli gigantini musobaqadan chiqarib yuborib, haqiqiy sensaciya qayd etishdi.
"A" guruhi: Alamli mag'lubiyat va irodali qaytish
Ruminiya turnirni mezbon AQSH, kuchli Shveytsariya va o'sha davrning eng xavfli jamoalaridan biri bo'lgan Kolumbiya bilan bir guruhda boshladi.
Kolumbiya - Ruminiya - 1:3
Gollar: Joze Valensiya 43 - Florin Raduchoyu 16, 89, Georgi Xadji 34
Ilk turdayoq ruminlar Kolumbiyaga qarshi dahshatli o'yin namoyish etishdi. Raduchoyuning dubli va Xadjining sehrli goli jamoaga ishonchli g'alabani taqdim etdi.
Ruminiya - Shveytsariya - 1:4
Gollar: George Xadji 35 - Alan Shutter 16, Stefan Shapyuiza 52, Adrian Knup 65, 72
Ikkinchi turda jamoa kutilmagan zarbaga uchradi. Shveytsariyaliklarning hujumkor o'yini va Knupning dubli ruminlarni erga tushirib qo'ydi. Bu mag'lubiyat jamoani sergaklantirdi.
AQSH - Ruminiya - 0:1
Gol: Dan Petresku 18
Hammasi hal bo'ladigan bahsda Ruminiya mezbonlar va stadionni to'ldirib o'tirgan muxlislar bosimiga dosh berdi. Dan Petreskuning erta goli Ruminiyani guruh peshqadami sifatida pley-offga olib chiqdi.
1/8 final. Asr jangi: Argentina ustidan tarixiy g'alaba
Pley-offning ilk bosqichidayoq taqdir Ruminiyani yana Argentina bilan ro'baru qildi. To'rt yil oldingi durang uchun revansh olish fursati kelgandi. Tarkibida Gabriel Batistutadek dahshatli to'purari bor Argentina favorit hisoblanardi. Lekin bu o'yin futbol tarixidagi eng dramatik uchrashuvlardan biriga aylandi.
Ruminiya - Argentina - 3:2
Gollar: Ilie Dumitresku 11, 18, George Xadji 58 - Gabriel Batistuta 16 (pen), Abel Balbo 75.

Ilie Dumitreskuning uch daqiqa ichida urgan dubli va "Karpat Maradonasi" - George Xadjining 58-daqiqadagi super goli Argentinani karaxt ahvolga solib qo'ydi. Batistuta va Balboning gollari ham lotin amerikaliklarni qutqarib qola olmadi. Ruminiya amaldagi vice-chempionni turnirdan chiqarib yuborib, chorak final yo'llanmasini qo'lga kiritdi!
Chorak final. Penaltilar lanati
Ruminiya - Shvetsiya - 2:2 (penaltilar seriyasi: 4:5)
Yarim final ostonasida Ruminiya o'sha yilgi mundialning yana bir kashfiyoti - Shvetsiya bilan to'qnash keldi. Triller janrida kechgan asosiy va qo'shimcha vaqtlarda g'olib aniqlanmadi (2:2). Ammo lotereya va asablar jangi hisoblanmish penaltilar seriyasida omad shvedlarga kulib boqdi.
JCH-1998
Jamoaning ko'zga ko'ringan, iqtidorli yetakchilaridan biri George Xadji edi. O'sha avlod termasi ketma-ket uch marotaba Jahon Chempionatida ajoyib ishtirok etgan va jamoatchilik e'tiboriga sazovor bo'lgan. O'sha musobaqalarda ruminiyaliklar muntazam ravishda pley-off bosqichiga chiqqan. JCH-1990 guruh bosqichida Argentina terma jamoasidan o'zib ketishgan bo'lsa, JCH-1994da esa "oq-havoranglilar"ni xattoki, chorak finalga ham chiqishiga imkon qoldirishmagan edi. 4 yildan so'ng, Xadji boshchiligidagi jamoa, Kolumbiya va Angliya termalari bilan bo'lgan dastlabki ikki uchrashuvda g'alaba qozongan va guruh bosqichining so'nggi turidan avval pley-offga chiqqan.
Ammo, Fransiyada bo'lib o'tgan JCH-1998da Ruminiya termasi nafaqat o'zining g'alabalari va juda chiroyli o'yini bilan ko'pchilikning yodida qolgan.
O'sha paytda Ruminiya terma jamoasi a'zolari, "kal" Bogdan Stelyadan tashqari, sochlarini sariq rangga bo'yab, maydonga tushishganini muxlislar yaxshi eslaydi.
"Agar guruh bosqichidan chiqolsak, unda jamoamiz bilan qandaydir esda qolarli qiliq o'ylab topamiz deb kelishib olgandik. Ana shundan keyin, hammamiz sochimizni sariq rangga bo'yashga qaror qilganmiz, albatta mendan tashqari. Chunki u paytda mening sochlarim yo'q edi", - o'sha vaqtdagi shirin xotiralarni eslab shunday deydi Stelya.
“Jamoada yana bir sochi yo'q vakil bor edi – bosh murabbiyi Angel Yordenesku. Avvaliga u ham sochini oldirishga rozi bo'lgandi. Lekin doim kepka kiyib yurgan. "U bizni aldadi! U o'z vadasida turolmadi", - deydi Bogdan.
Futbolchilarning "sochni bo'yash rejasi" jamoa ruxini ko'tarish uchun zarur edi, lekin amalda buning aksi bo'lib chiqdi va natijada ular o'zlariga bo'lgan ishonchni yo'kotib qo'yishdi. Shundan so'ng, Ruminiya jamoasi Tunis termasi bilan bo'lgan uchrashuvda durrang (1:1) natijani qayd etib, birinchi o'rindan pley-offga chiqdi. Lekin, o'shandayoq jamoa o'yinidagi o'zgarish sezilgandi.
"Avvaliga bundan juda xursand edik, - deydi Stelya. - Ammo birozdan so'ng, hamma axmoqona chiqish qilganini tushunib etdi. Xattoki, unga yigitlarning turmush o'rtog'i ham norozilik bildirgandi. Bu haqiqatdan ham juda g'alati va axmoqona fikr bo'lgan ekan. Buni so'z bilan tariflashning iloji yo'q! 1/8 finalda Xorvatiya terma jamoasiga qarshi o'yindan oldin Yordenesku o'yinchilar yana avvalgi holatiga qaytishini, bu o'yin natijasiga ta’sir qilishi mumkinligini takidlagan. Ammo futbolchilar bunga ortiqcha vaqt yo'qligini ro'kach qilganlar xolos".

Yordenesku haq bo'lib chiqdi, xorvatlar Davor Shukerning penaltidan urgan goli evaziga zafar quchdi, Ruminiya termasi esa o'shandan buyon biror marta Jahon Chempionati final bosqichida ishtirok etmadi. Bunga "yorqin sariq rangli sochlar" aybdormi yoki aksincha… Nima bo'lganda ham, har holda Ruminiya termasining oltin avlodining mundialdagi so'nggi ishtiroki shunday yakun topgan edi.
"G" guruhi
Ruminiya - Kolumbiya 1:0
Gol: Adrian Ioie
Ruminiya - Angliya 2:1
Gollar: Dinu Moldovan 46, Dan Petresku 90 - Maykl Oven 81
Ruminiya - Tunis 1:1
Gollar: Dinu Moldovan 71 - Iskander Suyax 12
1/16 final
Ruminiya - Xorvatiya 0:1
Gol: Davor Shuker 45+2
Oltin davr sog'inchi va yangi tarix ostonasidagi O'zbekiston
O'sha "Oltin avlod" ketgach, Karpat tog'lari bag'ridagi bu yurt terma jamoasi mundiallar sog'inchi bilan yashamoqda. Futbol tarixi shafqatsiz - u kechagi yutuqlar bilan yashamaydi, u faqat bugungi kurashchilarni va yangi qahramonlarni tan oladi.
Bugun esa navbat - bizniki! Tarix charxpalagi aylanib, xuddi o'sha 1990 yilgi shiddatli, hech kimdan hayiqmaydigan, yuragida o'ti bor Ruminiyaning o'rnini egallash fursati O'zbekiston milliy terma jamoasiga keldi.
Biz Jahon chempionatiga shunchaki mehmon bo'lish yoki dunyo yulduzlarining o'yinini yaqindan tomosha qilish uchun borayotganimiz yo'q. Jiddiy raqiblar, nomdor yulduzlar - bularning barchasi faqat qog'ozda. Yashil maydonga tushib keladigan 11 nafar belida belbog'i bor yigitimizning ortida butun boshli yurtning, millionlab vatandoshlarning ko'z yoshlari, duolari va necha yillik ushalmagan orzulari turibdi. Nafaqat maydondagi raqibga, balki futbol dunyosidagi "yangi nomlarga past nazar bilan qarash" stereotiplariga qarshi jang qiladigan payt keldi.
Abdulaziz Iskandarov



