Ana xolos! Ruminiyada qora kartochka joriy etildi

Sherzod Nurmatov
14 sen 2026, 14:15
Ruminiya futbol federatsiyasi bolalar futbolida qora kartochka joriy etilganini e'lon qildi.

Ushbu yangi chora ota-onalar va tomoshabinlar tomonidan bo'ladigan bosim, haqoratlar hamda nomaqbul xatti-harakatlarga qarshi kurashishga qaratilgan.

Ruminiya futbol federatsiyasi (FRF) o'z rasmiy saytida bolalar futbolidagi g'aroyib yangilik haqida ma'lum qildi. Endilikda o'smirlar o'rtasidagi musobaqalarda qora kartochka qo'llanadi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad - tribunalardagi ota-onalar va tomoshabinlar tomonidan bolalarga o'tkaziladigan bosimni maksimal darajada kamaytirish. FRF bolalar uchun futbol stress manbaiga aylanmay, haqiqiy o'yin bo'lib qolishi kerakligini ta'kidladi.

Ruminiya federatsiyasi rasmiy bayonotida yangi choraning mohiyatini quyidagicha izohladi:

“Futbol bolalar uchun o'yin, quvonch va sog'lom rivojlanish maskani bo'lib qolishi shart. Ushbu qaror orqali FRF tribunadagi tomoshabinlarning nomaqbul xatti-harakatlarini jazolash uchun maxsus kartochka joriy etgan dunyodagi yagona futbol federatsiyasiga aylandi”, – deyiladi bayonotda.

Shunday qilib, qora kartochka futbolchilarga emas, aynan tomoshabinlarga qaratiladi. U bolalar va o'smirlar o'rtasidagi U-7 dan U-16’gacha bo'lgan yosh toifalaridagi musobaqalarda qo'llanishi mumkin. Agar ota-onalar yoki boshqa tomoshabinlar bosim o'tkazsa, o'yin ishtirokchilarini haqorat qilsa yoki o'zini nomunosib tutsa, hakamlar ushbu yangi ta’sir chorasidan foydalanishlari mumkin bo'ladi. Federatsiya bu bolalar futboli atrofida yanada sog'lom muhit yaratishga yordam berishiga ishonmoqda.

Bolalar bahslarida ota-onalarning o'zini tutishi muammosi futbolda anchadan beri muhokama qilib kelinadi. Ortiqcha his-hayajon, tribunalardan yangraydigan baqir-chaqirlar va yosh futbolchilarga o'tkaziladigan bosim bolalarning rivojlanishiga hamda ularning sportga bo'lgan munosabatiga salbiy ta’sir ko'rsatishi mumkin. Ruminiyada bunga qarshi alohida intizomiy chora orqali kurashishga qaror qilindi.

FRF aynan tomoshabinlarni jazolash uchun mo'ljallangan kartochkani joriy etgan dunyodagi yagona futbol federatsiyasi bo'lganini alohida qayd etdi. Bu qaror boshqa mamlakatlar va futbol tashkilotlarining e'tiborini tortishi tabiiy. Agar ushbu chora o'z samarasini ko'rsatsa, boshqa bolalar va o'smirlar turnirlarida ham shunga o'xshash mexanizm muhokama qilina boshlashi mumkin.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: frf.ro