So’nggi yangiliklar

13:23Марказий Осиё. "Аркадағ" очко йўқотмасдан, "Абдиш Ата" ўзбекистонлик мураббий билан чемпион бўлди. Бонус – Афғонистон  5 13:22Суперлиганинг 5 та, Про лиганинг 1 та клубига трансфер тақиқи қўйилди  4 13:00"Барселона" ҳужум чизиғини кучайтириш вариантларини ўрганмоқда  1 12:41"Валенсия" Рубен Барахани истеъфога чиқарди  0 12:21Про лигани қандай қутқариб қолиш мумкин?  3 11:31Гвардиола: "Кейинги мавсум Чемпионлар Лигасида иштирок этмаслигимиз мумкин"  7 10:53"Машъал" Суперлигага қайтибгина қолмай, чемпионлик учун кураш олиб боришга тайёр!"  27 10:51«Сурхон» яна икки нафар футболчиси билан шартномани узайтирди  0 10:22«Нефтчи»ни яна бир легионер тарк этди  0 09:48«Қизилқум» терма жамоамиз собиқ футболчиси билан шартнома имзолайди  0 09:15Олег Зотеевнинг янги жамоаси «Бунёдкор» эмас, балки водий клуби бўлади  8 08:42ЎФФ янги раҳбари: «Мен сеҳргар эмасман, бироқ...»  4 08:10«Сурхон» «Пахтакор» футболчисини сотиб олиш ҳуқуқи билан ижарага олди  0 07:41«Нефтчи»нинг икки нафар футболчиси фаолиятини Андижонда давом эттиради  5 02:08Александр-Арнольд "Реал"нинг шорт листида биринчи ўринда турибди  3

Jizzaxnoma (futbol va futboldan tashqari) Yangiliklar

Jizzaxnoma (futbol va futboldan tashqari)

Italiyalik mashhur darvozabon Janluiji Buffon takidlaganidek, "Eng og'ir yo'qotish - vaqtni yo'qotish".

Erta tongdan O'zbekiston futbolining 110 yilligini hamda Superliga doirasidagi navbatdagi tur uchrashuvini yoritish maqsadida "Qaydasan, Jizzax?" deya taniqli shaxslar hamda OAV xodimlari bilan birgalikda O'FA avtobusida yo'lga otlandik. 

"Futbol bo'lsa, futbol ekan, nimasi hayratlanarli?" deya ehtimol ensa qotirarsiz. Balki, gapingiz to'g'ridir. Men uchun ham buning hayratlanarli joyi yo'q. O'qish-o'qimaslik o'zingizga havola. Qolaversa, talabalik davri davomida poytaxtdan tug'ilib o'sgan go'shamga borib-kelish davomida yo'l-yo'lakay Jizzaxdan fitfilion marta o'tgandirman. Safarlar davomida biz to'xtab o'tadigan gaz quyish shaxobchasi yonidagi do'konda savdo qiladigan, shuningdek, bazan safar o'rtasida hamroh bo'lib, "svejiy" qurutini o'tkazadigan, jazirama oftob ostida qo'lini peshonasiga soyabon qilgancha qovun qoqi, meva-cheva sotadigan xolalarni g'ira-shira tanib qolganman. Biroq ancha vaqtdan buyon Toshkentdan oyog'i uzilmay qolgan men kabi toshbag'irlar uchun yam-yashil dalalarni yana ko'rish sog'inch torlarini chertib yuborishga sabab bo'ldi. 

Ehtimol, bu kabi futboldan yiroq fikrlar kulgingizni qistar, agar qachondir sizda ham shunday hislar boshingizdan o'tgan bo'lsa, bundan benihoyat xursandman. Gohida avtobus derazasiga peshonani tirab, olislarga termulib ketishdan zavqliroq narsa topolmaysan kishi. Erga qoqilgan qozig'ini sug'urishga muvaffaq bo'lib, tanasining ustki qismini gala qushlar "ostanovka" qilganiga qaramay, xotirjam o't kavshayotgan sigirlarni, "Quyosh qizdirguncha mehnat qilib olaylik", deya sahardan dalaga otlanib, javlon urayotgan qo'llari qadoq amaki-yu xolalarni, kelajakda Ronaldu yoki Messi bo'lishi mumkin bo'lgan, ammo o'smirligini o'tin ortilgan aravani sudrab ketayotgan eshak ustida yamoq kiyimda ketayotgan bolalarni, chegara postida tayog'ini aylantirib o'tirgan miliciya akani, quriyotgan daryolarni ko'rib, odam ichida qandaydir o'zgacha tuyg'ular o'tadi. Ora-churada boshqa narsaga chalg'imoqchi bo'lib, internetni yoqmoqchi bo'laman. Jin ursin, aloqa qo'shnimning qari iti kabi joyidan quzg'almaydi. Yana internet o'chiriladi. Tarona eshitgim keladi. Radioga murojaat qilaman. "Estradamizning mashhur yulduzi Falonchi Pistonchiev!" O'lay agar, maroq olish tugul, qo'shiqdagi birorta so'zga tushunmayman. Radioni o'chiraman. Mobil do'stimda (telefon ham bir qadrdon) o'zim tinglaydigan to'rt-beshta qo'shiqni qayta-qayta tinglayman. Orada Ravshan Haydarovning kim bilandir xushchaqchaq gurunglashayotgani, yana kimningdir qahqahasi eshitiladi. SHkvirinning o'ychan qiyofasi gavdalanadi. Bugun futbol bayrami, ertaga "So'g'diyona" — "Olimpik" uchrashuvi bor. O'yin atrofida ham qiziqarli voqealarga duch kelsak, ajabmas. Kecha "Bunyodkor" maydoniga qadam ranjida qilib, bir soat futbol, yarim soatga yaqin VARni tomosha qildik. Ertangi uchrashuv qay tarzda o'tishi haqida bir narsa deya olmayman. Avtobus esa shiddat bilan olg'a yurishda davom etdi.


Jizzax shahrida bizni tantanali ravishda kutib olishdi. Ushbu o'lkaga safarimiz SHarof Rashidov poyiga gul qo'yish marosimi bilan boshlandi. 

O'zbek futboli 110 yoshda. Jizzaxdagi tadbirlar boshlandi

Delegaciya azolari mehmonxonaga joylashgach, avtoulov jizzaxlik futbol faxriylari bilan uchrashuv tomon harakatlana boshladi. Dastlab viloyatning millionlar o'yini fidoyilaridan biri Bahrom bobo Siddiqov xonadoniga tashrif buyurdik.  Bahrom bobo Jizzax futboliga tamal toshini qo'ygan shaxslardan biri hisoblanadi. Bahrom bobo turli lavozimlarda, hatto, "Bo'ston" jamoasining direktori sifatida faoliyat olib borgan. Futbolga mehri yuqori ekanligini nafaqat qilgan mehnati orqali, balki o'z ijodi orqali ham isbotlab qo'ygan shaxslardan biri deya aytishimiz mumkin. Xonadonga tashrif davomida u kishining kichik kitobchasini tuhfa sifatida qabul qildik. Mana Bahrom boboning futbol to'g'risida yozgan sherlaridan biri:

Tashrif davomida u kishining ezgu duolaridan ham bahramand bo'ldik. Bolapaqir sifatida shunday insonga havasimiz keldi.

SHuningdek, jizzaxlik ko'pchilik futbol ishqibozlariga yaxshi tanish bo'lgan, O'zbekistonning bir qator nomdor klublarida to'p tepgan Dilyaver Abibullaevning otasi Narimon Abibullaev xonadoniga tashrif buyurdik. Ko'pchilikning tashrif buyurishini xayoliga keltirmagan qo'shnilaridan biri "Nega kelyapsizlar?" degan hayratomuz ohangda savol berishga ham ulgurdi. Narimon Abibullaev o'z vaqtida viloyatning bir necha jamoalarida faoliyat yuritgan. Qolaversa, o'zidan malakali shogirdlar etishtirib chiqargan. Hozirda ko'zlari biroz ojiz bo'lishiga qaramay, futbolga bo'lgan mehri hamon kuchli ekanligining guvohi bo'ldik. Keksalarning qadriga etish kerak. Ular biz o'rganishimiz lozim bo'lgan tirik kitob.

Tushdan so'ng viloyat hokimi hamda O'FA xodimlari bilan uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuv davomida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliev O'zbekiston sport ustasi unvoni hamda O'zbekiston futbol associaciyasi ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. 

Ergash Alibekovich nutqi davomida Jizzax futbolining rivoj topayotgani, xususan, "So'g'diyona" klubining o'tgan yilgi O'zbekiston Superligasida kumush medal sohibiga aylangani, qizlar jamoasi esa mamlakat chempioni bo'lganligini takidladi. SHuningdek, "Xuaxin-Jizzax" futzal jamoasining hozirda chempionat peshqadami ekanligi hamda turnir g'olibi bo'lishiga ishonishini bildirdi. 

Viloyat hokimi futzalga alohida etibor berilayotgani yil davomida 70 ga yaqin jamoalar o'rtasida turnir tashkillashtirilgani va hozirga kelib, g'oliblik uchun 8 ta kuchli jamoa qolganini aytib o'tdi. Uchrashuv davomida ushbu jamoalarning vakillari ishtirokida qura tashlash marosimi bo'lib o'tdi. Bundan tashqari, Ergash Alibekovich viloyatda yangidan bunyod etilayotgan futbol akademiyasi, kelgusida hamkorlik qilinishi kutilayotgan ingliz futbol maktabi haqida malumotlar berdi.

Viloyat hokimligi ishlab chiqqan logotip asosida esdalik sovg'alari futbol faxriylariga topshirildi.

Bu kabi uchrashuv, yig'ilishlarga tobingiz yo'q bo'lishi mumkin. SHu bois, mufassal to'xtalmayman. Kunning asosiy voqeasi tushdan keyin faxriylar o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvi bo'ldi.

O'FA faxriylarining Jizzax futboli faxriylari bilan jangovar durangidan GALEREYA

Futbolimiz afsonalari haqida malum tasavvurga egadirsiz yoki ularning tarixga aylangan uchrashuvlarini oynayi jahon orqali tomosha qilgan bo'lishingiz mumkin. Biroq ko'z oldingizda ularning jonli o'yinini kuzatish (garchi ularning yoshi ulug' bo'lsa ham) o'zgacha maroq bag'ishlaydi. Jizzax havosi ham naq futbolbop edi. Engil shamol, biroz salqin, lekin yoqimli, to'yib-to'yib nafas oladigan ham bor kuch bilan yugursa bo'ladigan havo edi o'ziyam. O'FA faxriylari tarkibida Usmon Toshev, Igor SHkvirin, Azamat Abduraimov, Ravshan Haydarov, Furqat Esanboev, SHuhrat Mirxoldirshoev, Nosir Otaqo'ziev va boshqa taniqli shaxslar Jizzax viloyatining faxriy futbolchilariga qarshi saf tortishdi. Uchrashuv jangovar 3:3 hisobida yakuniga etdi, o'yinda do'stlik g'alaba qozondi. Biroq odam faqat hisob emas, o'yinda kechadigan jarayondan rohatlanadi ko'proq. "Oshir", "CHaproq yur, aytdim-ku senga chaproqqa bor deb", "Ehtiyot bo'l, yiqilasan", "SHuncha yugurib kelgandim-a, attang" kabi so'zlashishlar, o'zaro hazillar kishini beetibor qoldirmaydi. Afsuski, miyamdagi xotira kartasining hajmi havas qilarli darajada emas, bo'lmasa, ko'pgina tesha tegmagan gaplarni noutbuk sahifasiga qoralashim mumkin edi. 

Afsonaviy o'yin ham yakuniga etgach, lash-lushimizni elkalab, ortga qaytdik. Jizzaxning salqin oqshomi kishi tanasini yayratadi. To'yib-to'yib tog'lardan kelayotgan mayin sabodan nafas olishni istaydi bu ko'ngil.

Xabaringiz bor, bugun Superliganing uch bellashuvi nihoyasiga etdi. Undan so'ng oyoqlarni uzatgancha biz ishtirok etmaslikka o'rganib qolgan jahon chempionatining qura jarayonini xotirjam tomosha qilib qo'yaqoldik. Dilda esa keyingi mundialga yo'l olamiz, degan doimiy taskin. SHu tariqa bugungi hikoyamiz poyoniga etdi. Ertaga ham qiziqarli voqealar bizni kutib turibdi. Soat millari tungi 2:00 ni ko'rsatib bong urmoqda. Ramazon oyi tashrif buyurmoqda. Barchaga ushbu muqaddas oy fayzli kelishini tilayman. Jizzax ahli esa orom olmoqda. Men ham uxlashga urinib ko'raman. Ertagacha.

2 aprelning yarmini  "So'g'diyona" bolalar futbol maktabi, yangi qurilayotgan futbol akademiyasi hamda Jizzax Olimpiya zaxiralari kollejida o'tkazdik. Batafsid malumot bilan quyidagi sahifa orqali tanishishingiz mumkin.

"So'g'diyona" futbol maktabi, bunyod etilayotgan akademiya va Jizzax OZKga tashrifdan GALEREYA

Agar barcha ishlar rejadagidek va odilona olib borilsa, yaqin yillarda Jizzaxda ham etuk futbolchilar va futzalchilarning katta zaxirasini ko'rishimiz mumkin bo'ladi. Dastlab tashrif buyurgan futbol maktabimizda jajji bolakaylar bilan bir qatorda qizlar ham shug'ullanayotgani etiborimizni tortdi. Kelgusida "So'g'diyona-W" ayollar futbol klubi uchun iqtidorlar hamda Bo'lajak Marta (ayollar o'rtasida eng ko'p "Oltin to'p" sohibi)lar voyaga etishib kelayotgan bo'lsa ne ajab!

Olimpiya zaxiralari kollejida esa o'quvchilar 7-sinfdan boshlab qabul qilinadi. O'qish ham, yotoqxona ham, oshxona ham ushbu dargohning o'zida joylashgan. Ota-onalar tomonidan faqatgina taom puli sifatida bazaviy hisoblash miqdorida foydalaniladigan eng kam ish haqining bir baravari miqdorida (1 fevraldan — 245 ming so'm) oylik to'lov qilinadi. Buning evaziga bolalar talim olish, mashg'ulotlar, yotoqxona hamda mazali taomlar bilan taminlanadi. Murabbiylardan birining takidlashicha, kelgusida kollej o'quvchilari ushbu to'lovdan ozod qilinishi, shuningdek, bitiruvchilar uchun oliy talim muassasiga imtiyoz ajratilishi ko'zda tutilmoqda.

Xullas, ertalabki sayohatimiz shu tarzda yakunlandi. Tushdan keyin ham bizni qiziqarli voqealar, jumladan, Superliga uchrashuvi kutib turibdi. Jizzax quyoshi pechka misoli nur taratmoqda. Tushdan keyin yana normal ob-baho bo'ladi degan umiddamiz. Bu "So'g'diyona" o'yiniga tashrif buyurmoqchi bo'lgan muxlislar uchun ham qulaylik yaratadi, albatta.

Superliga oldidan navbatdagi unutilmas uchrashuv futzal maydonida o'tkaziladi. Kecha katta maydonda bellashgan faxriylar bu safar yashil maydonning "uka"sida bellashdi. Kutilganidek, shiddatli bahs do'stona natija bilan poyoniga etdi — 6:6.

Tushdan so'ng viloyat hokimi, O'FA vice-prezidenti Odil Ahmedov hamda mehmonlar bilan birgalikda yangi qurilayotgan viloyat futbol akademiyasi bilan tanishdik. Sayohat davomida qozon rangiday yaltillagan poyabzalimiz bir pasda oppoq oyoq kiyimga aylanib qo'ya qoldi, biroq bundan achinmadik. Anglashmovchilik bo'lmasligi uchun malumot berib ketsam. Kecha tanishganimiz, "So'g'diyona" klubiga tegishli akademiya bo'lsa, bugungisi viloyat tasarrufidagisi hisoblanadi. Bu erda uchta maydon barpo etiladi: tabiiy, suniy va futzal. Qurulish ishlari uchun 3 mln dollar mablag' ajratilgan. Umumiy maydon 3.8 gektarni tashkil etadi. Hokim loyiha ishlari bilan tanishtirar ekan, "Biz kiyinish xonasini to'rtta qildik, loyihada esa ikkita edi, buning uchun javob beramiz", deya kulib quydi. Keyin esa buning sababini tushuntirdi. "Musobaqalar o'tkazilayotgan paytda bir jamoa kiyinayotgan paytda ikkinchisi kutib qolmasligi kerak. Biz imkon boricha maksimal sharoit yaratib berishga harakat qilamiz. Kelgusida hech bo'lmaganda, Osiyo chempionligini reja qilishimiz kerak" — dedi viloyat hokimi. SHuningdek, akademiyaga tegishli yotoqxona, oshxona, yuvinish xonalari bilan ham tanishdik.

SHundan so'ng "So'g'diyona" stadioni tomon yo'lga tushdik. Borganimizda stadion to'lib ulguribdi. Tomoshabinlarning yarmidan ko'pi talabalarga o'xshab ko'rindi mening ko'zimga. Har holda havo issiq bo'lishiga qaramay, bayram koncerti ularni zeriktirmagan bo'lsa kerak.

"So'g'diyona" - "Olimpik" uchrashuvidan oldin Jizzaxdagi stadionda bayram boshlandi

Nihoyat, asosiy uchrashuvga etib keldik. Muxlislarning istaklaridan farqli o'laroq, "So'g'diyona" bir amallab mag'lubiyatdan qululib qoldi. Stadionda o'yin davomida o'zbekona "ibora"lar yangrab turdi. Albatta, tashkilotchilar ham jizzaxliklarning g'alabasiga shubha qilmagan bo'lsa kerak. O'yindan keyin salyutlar koncert berishni boshladi.

Superliga. "So'g'diyona" bir kishi kam bo'lib "Olimpik" bilan durang o'ynadi

"So'g'diyona" bir kishi kam bo'lib "Olimpik" bilan durang o'ynagan o'yindan ajoyib GALEREYA

O'yindan so'ng mezbonlar bilan xayr-xush qilgancha, avtobusimiz Toshkent sari otlandi. Joriy yildagi dastlabki futbol bayramimiz muqaddas oyning boshlanishiga to'g'ri kelgani ham qo'shaloq shodiyona ekanligidan dalolat beradi. Nima bo'lgan taqdirda ham, kelgusidagi natijalarimiz ham shunday kayfiyatda o'tishini istab qolaman. So'zim boshimda takidlagan maqol vaqt tez o'tib ketayotgani hamda uni behuda sarflash qanday oqibatlarga olib kelishini mendan yaxshiroq bilasiz. Ushbu safar haqida shunchaki kichik xabarcha yozib qo'yishim mumkin edi. Biroq sayohatga bag'ishlagan vaqtimni kichik xabarcha tayyorlashga sarflagim kelmadi shunchaki.

Reyting: +9   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика