So’nggi yangiliklar

00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  0 00:23Франция. ПСЖ - "Тулуза" баҳси асосий таркиблари маълум!  0 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  12 23:52Бундеслига. "Бавария" - "Аугсбург" баҳси асосий таркиблари маълум!  0 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  0 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  0 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  6 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  0 21:48Виталий Левченко: "Нефтчи"да ёшлар йўқ? Бунинг учун шароитлар йўқ"   4 21:35Рўзиқул Бердиев: "Чемпионатда ҳеч қандай мақсад қолмаган"  13 21:09Жамшид Саидов: "Ёш болалардек ўйнадик, рақиб бизни янчиб ташлади"  0 20:57Сергей Лушчан: "Навбаҳор" футболчилари "Нефтчи"га ўтяпти? Балки..."  2 20:33Суперлига. "Навбаҳор" "Қизилқум"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 20:21"Пахтакор" 8 йил олдинги антирекордини такрорлади  2 20:15Суперлига. "Навбаҳор" сафарда "Қизилқум"ни 5:1 ҳисобида мағлуб этди  22

Ilhom Mo'minjonov: “Egallagan o'rnimizda muxlislar va jamoaning hissasi katta” Yangiliklar

Ilhom Mo'minjonov: “Egallagan o'rnimizda muxlislar va jamoaning hissasi katta”

“Navbahor” klubi uchun joriy yilgi chempionat esda qolarli yorqin lahzalarga boy bo'ldi.

Ilhom Mo'minjonov boshchilik qilgan namanganliklar ko'pchilik kutmaganda 5-o'rinni band etishdi. Eng ajablanarlisi, “Navbahor” o'z maydonida umuman yutqazmagan yagona jamoaga aylandi. Haqiqatan, bu klubning o'yinlari mutaxassislarda ham iliq taassurot qoldirdi. Jamoa o'yinida bosh murabbiyning “imzosi” borligi yaqqol ko'rinib turdi. Biz esa Ilhom Ibragimovich bilan mavsum yakunlari va yana bir qator masalalarda suhbatlashdik.  


“Viloyat hokimi menga aniq vazifa qo'ygandi”

-    “Navbahor” o'tgan yili oliy ligada pley-off o'yinida g'alaba qozonib qiyinchilik bilan oliy ligada qolgandi. Bu yil esa jamoa faxrli 5-o'rinni egalladi. Ayting-chi, qanday qilib jamoada bunchalik tub burilish yasay oldingiz?
-    Ha, o'tgan yili murabbiylar shtabi bilan birga jamoani oliy ligada olib qolgandik. Bu yil esa bizga viloyat hokimi Xayrulla Hayitboevich Bozorov juda yaxshi sharoitlarni yaratib berdi. Natijada bizga berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, murabbiylar shtabi bilan kerakli selekciya ishlarini olib bordik. Jamoamiz oldiga esa 7 yoki 8-o'rinni qo'lga kiritish vazifasi qo'yilgandi. Ammo viloyat hokimi menga 5-pog'onani band etishimiz kerakligini mavsum boshida aytgandi. O'shanda Xayrulla Hayitboevichga qo'limdan kelganicha ishonchingizni oqlashga harakat qilaman deb javob bergandim. Maqsadimizni bajarishimizda so'ssiz viloyat hokimining katta hissasi bo'ldi.

-    “Navbahor”ning yoqimli ko'rsatkichlari shundaki, klub bu yil o'z maydonida umuman yutqazmagan jamoaga aylandi va qo'shimchasiga mavsumni kuchli beshlikda yakunladi. Demak, siz hammasini ortig'i bilan bajardingiz, shundaymi?
-    Ha. Bu yil bizga omad kulib boqdi. Hammamiz butun jamoa bo'lib ishladik, o'yinlarimiz ham ajoyib chiqdi va 5-o'rinni qo'lga kiritganimizdan juda xursandmiz. Bu bilan Namangan xalqini tabriklayman.

-    Ayting-chi, voqealar rivoji shunday tus olishini sezganmidingiz yoki hammasi siz uchun syurprizga aylanib ketdimi?
-    Biz maksimal darajada ishladik. Futbolchilar ham har bir o'yinda jonini berishdi. Bor kuchlari bilan o'ynashgani uchun ularga katta rahmat aytaman. Futbolchilarimiz qilgan mehnatlari bilan shu o'ringa loyiq edilar. Viloyat hokimi aytganidek, yil boshidan beri shu o'rin uchun kurashib kelayotgandik. Natijada bu narsani qo'l ostimdagi o'yinchilarning miyasiga uqtirishni boshladim. SHuningdek, bu natijaga erishishimizda murabbiylar shtabining ham xizmati katta. Vladimir Andreev, SHerzod SHaripov, Jamshid Umarov va eng katta minnatdorchilikni Anvar Solievga bildiraman.


“Turg'unboevga “Paxtakor” bilan “Nasaf” qiziqyapti”

-    Bu yil “Navbahor” darvozasiga hakamlar tomonidan eng ko'p – 9 marta penalti belgilandi. Buning uchun hakamlarga etirozingiz bormi?
-    To'g'ri, 30 ta uchrashuvda aynan bizning darvozamizga eng ko'p penalti qo'yilibdi. Ammo men hakamlarni ayblamayman. Himoyamizda qo'pol harakatlar amalga oshirilgani uchun 11 metrli jarima zarbalari belgilangan. Lekin shunga qaramasdan yigitlarimiz ruhan “sinib” qolishmadi. Har qanday holatda ham biz oldimizga qo'yilgan maqsadimizdan chekinmasdan faqat olg'a yurdik.

-    O'zbekistonning ushbu chempionatdagi va “Navbahor”ning mazkur mavsumdagi 3 nafar eng yaxshi futbolchilarini aytib bera olasizmi?
-    3 nafarmi? O'z jamoamdan kimnidir alohida ajratib ko'rsatgim kelmaydi. Hammasi men uchun bir xil saviyadagi futbolchilar. Faqat bu yil ancha yorqin tarzda “ochilgan” yoshlar sifatida Aziz Turg'unboev bilan Oston O'runovni aytgan bo'lardim. Ular jamoamizdagi tajribali o'yinchilar tufayli o'z o'yinlarini yorqin tarzda ko'rsata boshladilar. Biz ular bilan yana shartnomalarni uzaytirib kelasi mavsumda ham hamkorlikni davom ettirishdan umidvormiz. Kuchli beshtalikdan joy olishimizda barcha o'yinchilarimizning katta hissalari bo'ldi.  

-    Lekin chempionatdagi 3 nafar eng yaxshi futbolchilar haqida aytmadingiz...
-    Eng kuchli uchtalikka albatta Marat Bikmaevni qo'shaman. U eng yaxshi to'purar bo'ldi. SHuningdek, “Bunyodkor”dan Otabek SHukurov va... (biroz o'ylanib) Aslbek Omonov.

-    Qo'l ostingizdagi bir qator o'yinchilarga takliflar borligi haqida eshitdik. Jumladan Oston O'runovga Rossiyaning “Krasnodar” klubi qiziqayotgani ham rostmi yoki...
-    O'runovga u erdan hech qanday taklif tushmagan va bu hozircha mish-mish. Faqat Aziz Turg'unboevga “Paxtakor” jiddiy qiziqmoqda. SHu bilan birga unga “Nasaf” ham qiziqish bildirgan.

-    Ammo bu futbolchilarni qo'yib yuborishni istamasdirsiz, har holda o'zingizga ham kerakdir-a?
-    Ikkalasi yosh, umidli futbolchilar. Har bir futbolchi Osiyo CHempionlar ligasida o'ynashni xohlaydi. Agarda qo'l ostimdagi qaysidir o'yinchiga o'sha musobaqada o'ynaydigan klublardan taklif bo'lsa, uni ushlab o'tirmasdan ketishiga ruxsat beraman. O'runovga ham, Turg'unboevga ham boshida, agar chempionlar ligasida o'ynaydigan jamoalardan taklif bo'lsa qo'yib yuborishga qarshilik qilmasligim haqida aytganman. Mabodo, ulardan ko'ra yana boshqa jamoalar chaqirishsa, u holda “Navbahor”da qolishgani maqul.

-    Demak, hamma narsa bo'lishi mumkin ekan-da?
-    Ha, bu ketishda hamma narsa bo'lishi mumkin. Yana qaytaraman, Turg'unboevga ayniqsa, “Paxtakor” astoydil qiziqib qolgan. O'runovga esa hozircha hech qaerdan taklif bo'lgani yo'q.



 “Kelasi yili ham “Navbahor”dagi ishimni davom ettiraman”

-    Murabbiylarning o'yin oldidan o'zlarining bajaradigan qandaydir odatlari bo'ladi. Bu borada sizda qanday?
-    Har doimgidek o'yinga jiddiy tayyorgarlik ko'ramiz. Men faqat Allohdan so'rayman. Har bir uchrashuv oldidan futbolchilarimning jiddiy jarohat olmasliklarini va yuzimizni yorug' qilib g'alabalar qozonishimizni astoydil iltijo qilaman. Men ortiqcha biror ish qilmayman.

-    Murabbiylik tamoyillaringizdan biz uchun  uchta eng muhim jihatini aytib bera olasizmi?
-    Mening ham o'zimga yarasha principlarim bor. Masalan, futbolchi maydonga tushganida u oxirigacha borini berib kurashishi kerak. Har bir mashg'ulotda va o'yinda maksimal darajada ishlashi va futbolchilardan raqib kim bo'lishidan qatiy nazar faqat g'alaba qozonishlarini istayman. Aynan shu uchala narsani yigitlardan har doim talab qilaman.

-    Yakuniga etgan chempionatda sizni rosa asabiylashtirgan o'yin sifatida qaysi bellashuvni aytgan bo'lardingiz?
-    Hamma o'yin biz uchun qiyin kechgan. Ammo ularning orasidan eng murakkabini aytadigan bo'lsam, G'uzorda “SHo'rtan”ga qarshi o'ynaganimizda men qattiq asabiylashdim, jaxlim chiqdi. O'shanda biz gol urib hisobni ochgandik, ammo birinchi bo'limni 3:1 hisobidagi mag'lubiyat bilan tugatgandik. Tanaffus paytida echinish xonasida har xil xissiyotlarga berilib ketdim va futbolchilar bilan o'ta jiddiy ohangda gaplashgandim. Ikkinchi bo'limda esa hisobni tenglashtirgandik. Men uchun o'ta asabiy kechgan o'yin shu bo'lgandi. Ikkinchi bo'limda yigitlar xarakter ko'rsatishdi va men istagan tajovuzkor o'yinni namoyish qilishgan. Bu men har doim talab qiladigan ko'rsatmalardan biri.

-    Ayni paytda siz haqingizda bildirilayotgan fikrlar va mulohazalar ijobiylikdan darak beryapti. Ayting-chi, “Navbahor”da qayd etgan natija va o'yinlar faoliyatingizni o'zgartirib yuborishi mumkinmi?
-    Yo'q, hozircha shu darajada davom ettiramiz. U yog'ini esa vaqt ko'rsatadi. Meni tanlagan yo'lim bor.

-    Yani, “Navbahor”dagi ishingizni davom ettirasiz-a?
-    Ha, shu erdagi ishimni davom ettiraman. Bu borada viloyat hokimi bilan gaplashib yana Namangandagi faoliyatimni katta ishtiyoq bilan bajarishga harakat qilaveraman.



“Menimcha, endi tarkibda katta o'zgarishlar qilmaymiz”

-    Aslida joriy chempionat siz uchun yoqdimi?
-    Albatta, juda yoqdi va qiziqarli kechdi. Men har bir mavsumni sinchkovlik bilan kuzatib kelganman va bu safargisi ancha shiddatli bo'ldi. Har bir jamoa faqat g'alaba uchun kurashdi. O'ylaymanki, endi keyingi yilgi mavsum bundan-da keskin o'tadi. Oliy ligada 12 ta jamoa qolganidan keyin o'z-o'zidan kurash ham yanada kuchayadi.

-    Oliy ligada klublarning qisqartirilgani qanchalik samara beradi deb o'ylaysiz?
-    Albatta, endi oliy ligada jamoalar soni kamaydi. Har bir jamoa uchun qiyinchilik yanada kuchayadi. Keskin uchrashuvlar ko'payadi. Muhimi, raqobat kuchli bo'ladi. Endi mana shu raqobatga moslashish uchun shunga yarasha tayyorgarlik qilamiz va 2018 yilgi mavsumda ham namanganlik muxlislarni xursand qilishga astoydil harakat qilamiz. Demak, bizni oldinda yanada mashaqqatli mavsum kutyapti. Oliy ligada 12 ta jamoa qoldimi, albatta o'sish bo'ladi. PFL rahbari to'g'ri yo'l tutdi.

-    Qiyin kechgan mavsumdan so'ng qanday hordiq chiqaryapsiz?
-    Hozircha oilam davrasidaman. SHunday bo'lsa ham keyingi yil uchun rejalarni ishlab chiqyapman. Qaerlarda yig'inlar tashkil etish va tarkib qanday ko'rinishda bo'lishi haqida o'ylayapman. Bo'sh o'tirmasdan yangi futbolchilar bilan muzokara olib boryapman va o'zimizning yigitlar bilan ham gaplashyapman.

-    Sizdan aynan keyingi rejalar haqida so'ramoqchi bo'lib turgandim...
-    Hozircha bir nima deya olmayman. SHuni aniq bilamanki, “Navbahor” bilan shartnomamni uzaytirib, keyingi mavsumda ham jamoani boshqarishda davom etaman. Yanvar va fevral oylarida tarkibimizda yuz beradigan o'zgarishlardan xabardor bo'lib turasizlar.

-    Tarkibda yana katta o'zgarishlarni qilasizmi?
-    Menimcha, katta o'zgarish bo'lmaydi. Qo'limizdan kelganicha hozirgi tarkibimizni saqlab qolishga harakat qilamiz.

-    Kimnidir transferga qo'yish yoki ketganini tasdiqlay olasizmi?
-    Hali hech kimga javob berganimiz yo'q. SHu tarkib bilan keyingi mavsumga tayyorgarlik ko'rishga harakat qilamiz.

-    Namanganlik muxlislar jamoaning asosiy kuchi bo'lishdimi?
-    Ha. Men ularga alohida minnatdorchilik bildiraman. Bizni alo darajada qo'llab-quvvatlashdi. Iliq fikrlari uchun rahmat. Safardagi o'yinlarda ham bizni yolg'izlatib qo'yishmadi. Kelasi yili ham bizni qo'llab-quvvatlab turishsa ularni o'z o'yinlarimiz bilan xursand qilamiz.


 “Orzuim milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqish”

-    Murabbiylikka kirib kelganingizga hali ko'p bo'lgani yo'q. Ammo qisqa fursat ichida oliy ligada o'z o'rningizga ega bo'lib boryapsiz. Murabbiylikni kimdan o'rgangansiz?
-    Murabbiy bo'lganimga 10 yil bo'ldi. Ko'p ustozlarni ko'rdim. “Bunyodkor” akademiyasida ikki yil ishladim. Keyin ikki mavsum birinchi ligada “NBU-Osiyo”da bosh murabbiy bo'ldim. Birinchi yili 7-o'rinni, kelasi yili esa 5-pog'onaga ko'tarildik. SHundan so'ng “Paxtakor”dan taklif tushdi va u erda yoshlar jamoasi bilan ishlay boshladim. To'rt yil ishlab bir marta chempion va uch marta bronzani qo'lga kiritdik. Buning orasida yoshlar terma jamoasida Ravshan Haydarovga katta murabbiy bo'lib yordam berdim. Osiyo va jahon chempionatlarida qatnashdik. Mundialda kuchli sakkiztalikka kirib Senegalga yutqazib qo'ygandik. Ravshan Haydarovdan ko'p narsalarni o'rgandim. “Paxtakor”dagi ishlash jarayonida ham bir qator mutaxassislardan saboq oldim. Lekin eng ko'p tajribani Ravshan Haydarovdan o'zlashtirdim. Murabbiylik faoliyatimning 10-yilida “Navbahor”da ishlay boshladim.

-    Siz uchun ideal murabbiy kim?
-    SHubhasiz Joze Mourino.

-    Murabbiylikdagi amalga oshishi mumkin bo'lgan orzuingiz nima?
-    Niyatim? Ochiq aytaman, orzuim O'zbekiston milliy terma jamoasini boshqarib jahon chempionatiga olib chiqish. O'ylaymanki, har qanday mutaxassisning orzulari bor. Men uchun asosiysi terma jamoaga ustozlik qilish va kuchli klublarni boshqarish. Kuchli murabbiylar qatoriga kirishni xohlayman. Men bu orzularimga erishishdan to'xtamayman. Har doim bor kuchim bilan ishlashga harakat qilaman.

-    Odatda futbolchi yoki murabbiylarning faoliyati davomida o'zidan iliq taassurot qoldirgan holda o'ziga yarasha tashrif qog'ozi bo'ladi. Bu borada siz ham o'z tashrif qog'ozingizga ega bo'ldingizmi?
-    Bilmadim. Ishlashda va izlanishda davom etsak hamma narsani vaqt ko'rsatadi.


FIRDAVSXON  

Reyting: +14   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика