Ilhom Mo'minjonov: "Vaziyatlar nihoyatda kam o'yin bo'ldi"

4 iyun 2026, 22:08
Proliga 9-turdan o'rin olgan "Sho'rtan" – "Metallurg" uchrashuvi 1:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Metallurg" bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Teng kurashlarga boy uchrashuv bo'ldi. Golgacha o'yin bo'ldi, xavfli vaziyatlar unchalik ko'p bo'lmadi. Standartlar bo'ldi, lekin buni xavfli vaziyat demagan bo'lardim. Himoyada qo'pol xatoga yo'l qo'yib gol o'tkazib yubordik. "Sho'rtan"ni g'alaba bilan tabriklayman. Endi keyingi uchrashuv haqida o'ylashimiz lozim, chunki "Aral" bilan "Sho'rtan" ilgarilab ketyapti. Birinchi davra tugashiga bitta tur bor, shu o'yinni yaxshi o'tkazib olishga harakat qilamiz.

- O'tkazib yuborilgan goldan keyin shogirdlaringizning hafsalasi pir bo'ldimi yoki toliqib qolishdimi? Chunki hali oldinda vaqt bor edi.

- O'zi o'yin golgacha deyarli vaziyatlarsiz ketayotgandi, goldan keyin ham shu ruhda davom etdi. "Sho'rtan" himoyani mustahkam ushladi, bizda esa zaxiradan tushganlar o'zlarini ko'rsata olishmadi. Balki shuning ham ta’siri bo'lgandir.

- "Sho'rtan"da zaif nuqtalar ko'rindimi?

- "Sho'rtan" yaxshi kuchli jamoa. Menga jamoaning zaif tomoni ko'rinmadi.

- O'yin davomida ko'proq qaysi chiziqdan ko'ngil to'lmadi?

- Hujum chizig'imizdan.

- Proligada chempionlikka qaysi jamoalarning imkoniyati yuqori deb o'ylaysiz?

- "Aral", "Sho'rtan" va "Metallurg". Shu uchta jamoadan boshqani ko'rmayapman. Lekin qolganlar ham jiddiy qarshilik ko'rsatadi deb o'ylayman. Biz uchun har bir bahs qiyin o'tyapti. Birinchi davra tugagani yo'q, eng qizig'i hali oldinda deb o'ylayman. Kim chempion bo'lishini vaqt ko'rsatadi.

- Ikkinchi davraga qanday futbolchilarni taklif etmoqchisiz?

- Bizga yarim himoyachi va hujumchi kerak.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia