So’nggi yangiliklar

14:07Ўзбекистонлик ҳакам футзал бўйича Осиё Кубоги 2-турига тайинланди  0 13:51"Бавария" ҳимоячиси ёзда жамоани тарк этишни истамаяпти  0 13:25"Барселона" ярим ҳимоячиси билан шартномани узайтирмоқчи  0 12:57"Реал" вингери "Барселона"га қарши ўйинни ўтказиб юбориши мумкин  3 12:30МЮ ҳужумчисига харидорлар маълум қилинди  0 12:05Неймар ижтимоий тармоқларда Мбаппени ҳақорат қилди  9 11:43Ўзбекистон футзал терма жамоасининг Ироққа қарши учрашувини баҳрайнлик рефери бошқаради  4 11:22"Пахтакор-79" ПФЛ талабини бажармагани учун Биринчи лигадан четлаштирилиши мумкин  1 10:47Шерзод Эсанов: «Биз Андижон халқи ва »Андижон« мухлислари учун бор кучимизни майдонда берамиз»  7 10:20«Манчестер Сити»нинг ёзги асосий трансфер мақсади маълум  13 09:52Англия клублари 9 йил аввалги нохуш натижани такрорлашди  6 09:26Иброҳимҳалил Йўлдошев: «Осиё кубогига келишим жуда қийин бўлди»  5 09:01Клопп жамоасини Европа лигасидан чиқиб кетгани ҳақида фикр билдирди  3 08:36Ўзбекистон кубоги. Бугун 2-турга старт берилади  0 08:10Футзал. Бугун терма жамоамиз 2-турда майдонга тушади  0

Futzalimizni etim qilib qo'ymang! Yangiliklar

Futzalimizni etim qilib qo'ymang!

Yurtimizga katta futbol qaytmoqda.

13 iyundan Superliga uchrashuvlariga restart beriladi. Biroq, futzal bo'yicha ichki chempionatimiz aynan qaysi sanadan qayta tiklanishi hali malum emas. PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchisi Diyor Imomxo'jaevning aytishicha, bu borada ishlar olib borilmoqda. Katta futbol o'ynaladigan stadionlar va futzal o'ynaladigan zallarni dezinfekciya qilish bir-biridan farq qiladi. SHu sabab futzal mavsumini qayta boshlash borasida kecha SEOA vakillari bilan uchrashuv o'tkazilgan. Diyor Imomxo'jaevning so'zlariga ko'ra, PFL bugungi kunda futzal va ayollar futboliga ham restart berish borasida ish olib bormoqda. Tez kunda aniq sanalar va qay tartibda davom etishi haqida malum qilinadi.

Demak, mini futbolda ham o'yinlar qayta boshlanishi oldidan undagi ayrim muammolar haqida to'xtalib o'tmoqchiman.

Futzalga "janoza" o'qilganmidi?!

Bir qarashda futzalimiz o'z yo'liga tushib olgan va oldinga qarab intilib borayotgandi. Ammo, futbolimizdagi oldingi rahbarlar payti futzalga "janoza o'qildi". O'shandan beri unga etibor hech oldingiday bo'la olmayapti.

Katta futbolda klublarni xususiylashtirish bo'yicha ko'p yillik ish rejasi tuzib chiqilmoqda, shu ish ortida ancha mehnat qilinmoqda. Lekin, nega o'sha paytda kichik futbolimizdagi xususiy yoki qaysidir tashkilot klublarining ichki chempionatda ishtirok etishlari taqiqlab qo'yilganiga hozirgacha tushunmayman. Birgina mantiqsiz qaror va o'zbek futzalida o'rni beqiyos bo'lib kelayotgan klublar "Ardus", "Do'stlik-AIN", "Kogon", "Nafis" va "Maksam-CHirchiq" futzal mavsumidan chetda qoldi. Kamiga o'sha paytdagi O'zbekiston futzal Associaciyasi faoliyati to'xtatildi va futzal O'zbekiston futbol Associaciyasi tarkibiga qo'shib olindi. Futzal Associaciyasining rasmiy sayti (ufa.uz) ham o'zlashtirildi. Xo'sh, nega? Kimga kerak bo'ldi o'sha paytda bu narsa?



Katta xatoning natijasi nima bo'ldi degan savol ko'pchilikda paydo bo'lgandir. Avval futzal rivoji uchun bir necha kishi tun-u kun faoliyat olib borgan bo'lsa, endilikda O'FAda birgina xodim futzalga javobgar qilib qo'yilgan. Oldin butun bir jamoa, hozir esa bir kishi masul. Bunday holatda hech qanaqangi rivojlanish bo'lmaydi.

Futzal bo'yicha yoshlar (U-20) o'rtasida 2019 yilgi Osiyo chempionatiga chiqa olmaganimiz yodingizda bo'lsa kerak. Saralashda Qirg'iziston va Tojikiston yoshlari bilan bir guruhda joy olib, o'yinlarga Toshkentda mezbonlik qilib qolib ketganmiz. O'sha sharmandagarchilik, sal qolsa saralashda hatto qatnasha olmay qolishimiz mumkin bo'lgani, yoshlarimiz saralash boshlanishiga bor yo'g'i 15 kun qolganda yig'inga kirishgani, yuqoridagi "yo'qotilgan" klublar samarasi o'laroq juda g'arib ko'rinish olgan tarkib haqida OCH saralashidan o'tolmaganimizdan keyin maqola yozgandim.

Nima uchun futzalda sharmanda bo'ldik?!

2017 yilgi U-20 Osiyo chempionatida ishtirok etganlardan Akbar Usmonov (13 gol bilan musobaqa to'purari bo'lgandi), Ilhom Hamroev, Husniddin Nishonov, Xushnur Erkinov va Ravshan Ismatullaevlar bugungi kunda milliy terma jamoa azolari hisoblanishadi.

Yaqinda "Championat.asia"dagi "Tezkor studiya" loyihasida futzal vakillari mehmon bo'lishgandi. Unda futzalchi va murabbiylar o'sha paytda futzalga umuman qaramay qo'yishdi, avvalgi etibor va munosabatni sog'indik deb afsuslanishgandi. To'g'ri, keyinroq ayrim xatolar to'g'rilandi. Ammo, biz bir mavsumda bir necha yil orqaga ketib qoldik.

Birinchidan, butun boshli bitta avlodni yo'qotdik. Yana ham aniqroq yozsam, bitta avlodni shakllantira olmadik. Xo'sh nega shakllantira olmadik? CHunki, yoshlarga etibor qaratadigan va yangi o'yinchilarni tarbiyalab berayotgan "Nafis" va "Ardus" ichki chempionatda ishtirok eta olmadi. Buning kasri esa yoshlar terma jamoasiga urdi. O'zi shundoq ham o'yin amaliyoti yo'q yangi tarkibga yig'in o'tkazish uchun etarlicha vaqt va sharoit yaratib berilmadi.



Ikkinchidan, o'sha qaror sabab biz o'zbek futzali bayroqdori "Ardus"ni yo'qotdik. Xususiy klublarga yana qachon O'zbekiston chempionatida ishtirok etish uchun ruxsat berishlarini kutib o'tirishni maqul ko'rmagan Jahongir Usmonov klub faoliyatini tugatdi. SHu bilan birga o'zi ham futzalimizdan chiqib ketgandi. Bu eng katta yo'qotishlardan biri edi. O'shanda ham eng yaxshi klublarimizdan birini, ham mamlakatimizda futzal rivojiga ulkan hissa qo'shib kelgan insonni yo'qotgandik. Ularni o'rni hamon qoplangani yo'q, katta yoriq o'shandayligicha turibdi. "Ardus" klubi faoliyatini tugatgani haqida 2018 yilning 10 dekabr sanasida xabar bergan edik.

"Ardus" rasman o'z faoliyatini tugatdi

O'zbekiston milliy terma jamoasi 2018 yilning 20-23 oktyabr kunlari Taylandda o'tkazilgan xalqaro turnirda ishtirok etib qaytgandi. O'shanda vakillarimizdan tashqari Tayland, Xitoy va Mozambik termalari ham turnirda qatnashishgan. Xabaringiz bor, ispaniyalik Xose Mariya Pazos Mendez yurtimizdan ketgandan so'ng Tayland terma jamoasida ish boshlagan. Fuzalchilarimiz o'sha turnirdan qaytib kelishganidan so'ng Mendez bilan ko'rishishgani va nimalar haqida gaplashishganiga qiziqqandim. CHunki, uning o'sha paytda ro'y bergan o'zgarishlar haqidagi fikrlari menga qiziq edi. O'shanda terma jamoamiz o'yinchilari futzaldagi o'zgarishlar, ko'plab jamoalarning chempionatda qatnashmayotgani (shu jumladan "Ardus" ham) haqida sobiq murabbiylariga aytishgani, u esa shuncha vaqt va mehnat havoga uchib ketganidan juda ham afsuslanganini takidlashgandi. CHunki, aynan Mendez bilan birga futzalimiz yangi rivojlanish yo'liga tushib olgandi va buning uchun ko'p mehnat qilingandi. Terma jamoalardan tashqari, u "Ardus"da ham 2 yarim yil faoliyat olib borgan va yosh tarkibni tarbiyalagandi. O'tgan yil O'zbekiston chempioni bo'lgan AGMK jamoasining o'zagini aynan Mendezning "Ardus"idagi o'yinchilar tashkil qilishdi. "Ardus"da futzal maktabi ham bor edi va o'z-o'zidan u ham yo'q bo'ldi.


Sizda yuqoridagi fikrlarga kichik etiroz paydo bo'lishi mumkin. Yani, bir mavsumdan keyin katta futboldagi Superliga klublarining futzal jamoalaridan boshqa klublarga ham ichki chempionatda ishtirok etishi uchun ruhsat berildi. Bundan tashqari, "Nafis" jamoasi "Dinamo", "Do'stlik-AIN" jamoasi "Nasaf", "Kogon" jamoasi "Buxoro" bo'ldi. Faqatgina "Ardus" yo'qotildi degan etiroz paydo bo'lishi mumkin. Lekin, bir jihatni unutib qo'ymasligimiz lozim. Yani, yuqoridagi jamoalarning o'zagi sochilib ketdi. Bir maromda kelayotgan klublar parchalanib ketdi va hammasini yana boshidan boshlashdi.


Futzalga etibor qaytadimi?

Futzal bo'yicha O'zbekiston chempionatiga etibor juda tushib ketgan. Uni yoritish ham haminqadar. Yana o'sha "Tezkor studiya"ning futzalchilar mehmon bo'lgan soniga qaytamiz. Unda Farhod Abdumavlonov va Konstantin Sviridov ko'chada, bozorda tanish-bilishlar sizlar o'zi o'ynayapsizlarmi, futzal bo'yicha chempionat o'yinlari o'tkazilyaptimi degan savollarni tez-tez berishadi degandi. Afsuski, chempionat o'yinlari bo'lib o'tishi haqida etarli darajada elonlar yo'q bo'lib ketdi. O'yinlar bir mavsum uy-safar tizimiga o'tdi, keyin markazlashgan holda bir shaharda o'tadigan tizimga qaytdi. Yakunda, "Sport" telekanali futzal bo'yicha chempionatimiz o'yinlarini translyaciya qilmay qo'ydi. Bunda kanalni ayblamagan bo'lardim. CHunki, oldin Toshkentda o'tadigan tur o'yinlarini translyaciya qilib kelgan kanal endi boshqa viloyatlardagi o'yinlarni yoritish imkoniga ega bo'lmay qoldi. Kamiga, asosiy urg'u Superliga o'yinlariga qaratildi.

"Tezkor studiya"ning futzal vakillari ishtirok etgan sonini "Championat.asia"ning yutubdagi sahifasida ko'rishingiz mumkin.

TAS-IX emas



Aslida eng optimal format uy-safar tizimi. Biroq, biz hali bunga tayyor emasmiz. Qator klublarimiz futzal jamoalariga juda kam mablag' ajratishadi. Hamma klublarda standartlarga javob beradigan zallar va sharoitlar yo'q. SHuning uchun hozircha markazlashgan holda o'yinlarni o'tkazish eng maqul variant. Lekin, o'yinlarni tushdan boshlanadigan qilib belgilash kerak. Ertalab 9 yoki 10dan emas. Ertalabdan o'yin o'tkazish uchun sportchilarning organizmi hech qanaqasiga 100 foizga tayyor bo'lmaydi. Bugungi kunda tur o'yinlari payti bir kunda 3tadan uchrashuv o'tkazilmoqda. SHularning vaqtini 14:00, 16:00 va 18:00ga belgilasa bo'ladi. SHunda futzalchilarni ertalabdan to'p tepishga majburlab qiynamagan bo'lamiz. Bundan tashqari, taqvimni ham o'tgan yilgidan yaxshiroq bo'ladi deb umid qilaman. 2019 yilning dekabr oyida tinimsiz ichki chempionat va O'zbekiston kubogi o'yinlari o'tkazildi. Ketma-ket o'yinlar natijasida chempionat finalida "Paxtakor" deyarli yarim tarkibi jarohat olgan holda harakat qildi. CHempionatni bir amallab tugatib olinganidan keyin kubok bellashuvlari ham o'tkazib yuborildi. Futzalchilarning jarohatlari sabab chempionatda finalga qadar etib kelgan "sherlar" kubokda ishtirok etishmadi. Eng yomoni esa futzal mavsumini tugatib qo'yish dekabrga cho'zib yuborilgani sabab terma jamoa aziyat chekdi.


PFL rasmiy saytidan olingan skrinshot. 2019 yilgi mavsumda jamoalar bor yo'g'i 6tadan o'yin o'tkazishgan. Aslida, PFL rasmiy sayti alohida bir mavzu. Masalan, APL yoki Bundesliga rasmiy saytlari o'sha liga haqida malumot olish uchun eng ishonchli, qulay va zo'r manba. Har qanday statistikani topa olasiz. Bizda esa afsuski necha yillardan beri PFL rasmiy saytiga son tegmaydi.


CHempionat va kubok o'yinlarining juda kech yakunlangani sabab terma jamoa 2019 yilning dekabr oyida umuman yig'in o'tkazmadi va o'z-o'zidan birorta o'rtoqlik o'yini ham o'tkazmadi. Vaholanki, 2020 yilning 26 fevralidan 8 martiga qadar Turkmanistonning Ashxobod shahrida Osiyo chempionati o'tkazilishi kerak edi. Bo'lib ham, bu Litvada bo'lib o'tadigan JCH-2020ga yo'llanma beradigan qita birinchiligi edi. Ochig'i, men futzalni kuzata boshlagan davrlarimdan beri terma jamoamiz qachondir Ochiyo chempionati oldidan dekabrni yig'in va o'rtoqlik o'yinlarisiz o'tkazganini eslay olmayman.

O'zbekiston kubogi finali (AGMK "Lokomotiv"ni 5:2 hisobida mag'lub etgan) 29 dekabrda o'tkazilgan bo'lsa, 10 yanvardan terma jamoa OCHga tayyorgarlik ko'rish uchun yig'in boshlagan. Yani, butun boshli mavsumni tugatganidan keyin o'yinchilar 2 hafta ham dam olishmadi. Ammo, koronavirus pandemiyasi sabab OCH ham, JCH ham nomalum muddatga qoldirildi. Bu bizning foydamizga ishladi. CHunki, endi bizda tayyorgarlik uchun vaqt ko'proq bo'ladi. Agar etibor va yaratiladigan sharoit yaxshilansa.


Futzal uchun alohida Federaciya tashkil qilish kerak

O'FA (O'zbekiston futzal Associaciyasi) O'FF (O'zbekiston futbol Federaciyasi) qoshida ochilgan va bevosita unga bo'ysunardi. Lekin, o'z muammolarini o'zi hal qilardi. Yani, futzal chempionati, kubogi va terma jamoalarning muammolarini O'FAdagilar o'zlari hal qilishardi. Buning uchun futzal Associaciyasida butun bir jamoa ishlardi. Ular bor etiborini aynan futzalga qaratishgandi. Hozirchi? Hozir faqat bir kishi futzalga javobgar. Bunaqada futzalni qayta rivojlanish yo'liga tushirishga juda qiynalamiz. Futzal uchun avvalgidek alohida tashkilot ochish zarur. Masalan, O'zbekiston futzal Federaciyasi. U O'FA qoshida ochilishi va umuman boshqa xodimlar faoliyat yuritishlari kerak. Ham O'FAda, ham O'FF (O'zbekiston futzal Federaciyasi)da ishlamasligi zarur xodimlar. Bunda etibor ikkiga bo'linadi va sifat 50 foizga pasayadi. Futzal klublari va o'yinchilar muammolarini hal qilish uchun bemalol O'FFga murojaat qilaveradilar.



Yodimda Jahongir Usmonov vaqtida futzalga O'FF ajratadigan mablag'dan tashqari o'z yonidan ham sarflardi. Terma jamoa azolariga ijobiy natijalar uchun qo'shimcha premiyalar ham berardi. O'zi futzalga juda qiziqqani va tushungani uchun terma jamoa bilan birga bo'lardi. Osiyo chempionatlari va Kolumbiyada o'tkazilgan JCH-2016ga ham birga borgan. Balki, futzalimizga mana shunday inson etishmayotgandir.

Bizni yoshligimizdan umidni hech qachon so'ndirmasdan harakat qilishga o'rgatishadi. Zero, umid so'ngan pallada kelajak ham "sinadi". Biz ham buyog'iga futzalimiz uchn hammasi yaxshi bo'lishiga umid qilamiz. Balki, O'FA va PFL rahbarlari futzalimizga etiborni yanada yaxshi tomonga o'zgartirishar. Muhimi, hozir bunga umid bor.

Futzalimizni etim qilib qo'ymang!


Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +11   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика