So’nggi yangiliklar

21:03Ўртоқлик учрашуви. ОКМК Беларусь клубига имкониятни бой берди  1 20:35Эшитдик-да! "Навбаҳор"нинг асосий футболчиси легионерга айланиши мумкин  24 20:16Париж-2024. Ҳар бир терма жамоадаги катта ёшли футболчилар  7 19:49Ван Дейк NBA афсонаси Леброн Жеймс билан суратга тушди  4 19:21"Комо" Бонавентурани сотиб олмоқчи  1 19:05Mirabror Usmanov Cup-2024. Ўзбекистон – Тожикистон (онлайн ҳисоб)  0 18:53Mirabror Usmanov Cup-2024. Қирғиз Республикаси илк учрашувда Гватемаладан устун келди  2 18:32Сергей Лушчан "Навбаҳор" билан шартнома имзолади   22 18:19"Монако" клуб 100 йиллигига аталган сафар либосини тақдим этди  2 17:53"Мбаппе эффекти": Ҳоланд "Реал"га эмас, "Барселона"га ўтмоқчи  13 17:28"Милан" "Монако" ярим ҳимоячиси бўйича таклиф билан чиқди  0 17:00ПСЖ Угарте учун 70 млн евро хоҳламоқда  0 16:36Расман: Мората – "Милан" футболчиси!  3 16:20"Бухоро"нинг 3 нафар футболчиси жамоадан кетди  1 15:53Сержи Роберто фаолиятини АПЛда давом эттирмоқчи  3

"Futbolimizda ko'plab "tasodifiy insonlar" bor". Alisher Nikimbaev bilan intervyu (1-qism) Yangiliklar

"Futbolimizda ko'plab "tasodifiy insonlar" bor". Alisher Nikimbaev bilan intervyu (1-qism)

Teglar :  Alisher Nikimbaev
Taniqli ekspert bilan katta suhbat.

Championat.Asia muxbiri Nikolay Egorichev Alisher Nikimbaevdan intervyu oldi. Suhbat katta bo'ldi, shu sabab biz uni qismlarga bo'lib berishga qaror qildik. Bugun – intervyuning birinchi qismi.


- O'zbek futbolini qanday kuzatasiz? Qaysi telegram kanallarga obunasiz, malumotlarni qaerdan olasiz?

- O'zbek futbolini deyarli kuzatmayman, sababi o'yinlarning translyaciyalarini ko'rish imkoniyati yo'q. Lekin, Championat.Asia'ga obuna bo'lganman, shuningdek jurnalistlarning bir necha kanallari. Ammo, mening malumot manbalarim kanallar emas, menga qo'ng'iroq qiladigan va yozadigan, qandaydir yangiliklarni aytib beradigan do'stlarim va tanishlarimdir. Tez-tez emas, ammo Toshkentga borib turaman. Kelganimning ikkinchi kunida menga ko'plab yangiliklarni aytib berishdi va ularni kamchilik bilishiga aminman. SHu sabab, umuman voqealar rivojidan uzilib qolganman deyish mumkinmas, o'zbek futboli meni qo'yib yubormaydi va qachondir qo'yib yuborishi ham amri mahol. Ammo, to'liq kuzatishning imkoni yo'q: kimning qaysi o'rindaligi, o'yinlar natijalari, chempionatdagi vaziyatni ozmi-ko'pmi bilaman.

- Siz tez-tez O'zbekistondagi futbol rahbariyatini tanqid qilasiz. Sizga yoqadigan nimadir ham bormi? Hech bo'lmasa, sizningcha rivojlanayotgan nimadir?

- Birinchidan, "tanqid qilyapman" degani nimani anglatadi? Odamlar shunchaki faqatgina mening tanqidimga etibor qaratishadi. Oddiy misol keltiraman: bir kuni kanalimda ikkita yangilik chiqdi – biri licenziyalash haqida, ikkinchisi futzal bo'yicha jahon chempionati haqida. Bu qanday bo'lganini tushuntirdim, sababi besh-olti yil oldin bu imkonsiz edi. Rahbariyatda o'zgarish bo'lganidan so'ng u erda bir yarim yil bo'lgan odamlar bu vaqt davomida deyarli barcha bilan munosabatlarni barbod qilishga ulgurishgandi. O'sha FIFA bilan ham shundan so'ng munosabat yaxshi bo'lmagan. Buni oldin ham aytganman, keyin ham aytaman, Ravshan Ermatovning eng katta qilgan ishi O'zbekistonning obro'sini qaytargani va bungacha bo'lganini yanada yaxshi qilganidir. Ermatovni OFK Ijroiya qo'mitasi rahbari etib tanlashgani ham ko'p narsadan dalolat beradi. Odamlar huddi tanqidlardan tashqari hech narsani ko'rmaydigandek. Ha, muammolar bor, ammo maqtaydigan narsa bo'lsa, men doim maqtayman. Balki ayrim insonlarga shunchaki kimnidir yutuqlarini aytish foydasiz, shu sabab o'zlarini piar qilishga urinishadi. Men masalan allaqachon "soxta" licenziyalash va VAR hakamlari haqida gapirdim. Bizning VAR'da necha nafar hakam bo'lishi muhimmas – ularning qanday ishlashi muhim. Agar APLda 380ta o'yinda 15ta xato bo'lsa, bizda qancha? Va ularni kim o'rganadi va tahlil qiladi? Championat.Asia tufayli hakamlarning ishi bo'yicha hech bo'lmasa qandaydir fikrlar paydo bo'lmoqda. Saudiya Arabistoni futbol federaciyasida hamyurtimiz Farhod Abdullaev ishlaydi. U u erda hakamlar departamenti boshlig'i. Xo'sh: Saudiya Arabistonida ularning o'zlari har bir turdan so'ng hakamlik qarorlarini o'rganishadi va kimdir chetdan bahsli vaziyatlarni tahlil qilishini kutishmaydi. Bizning Futbol hakamlari markaziga nima halaqit beradi? Hech narsa. Haqiqiy ishdan qandaydir hayoliy yutuqlarni farqlash kerak. O'FAda o'sish bor deb hisoblayman, ammo kamchiliklarsiz emas, albatta.

- Diyor Imomxo'jaevga qanday munosabatdasiz? Ko'plar siz bilan unda qandaydir sovuqlik bor deb hisoblaydi.

- Nega mening PFLni tanqid qilishimni bevosita direktor bilan bog'lashlarini tushunmayman. Men PFLni Magametov davrida ham tanqid qilganman. Ammo, negadir aynan hozir bu shaxsiy munosabatlarga ulanmoqda. Bir hamkasbingiz PFL direktoriga "Nikimbaev aytganidek" deya so'zlarini boshlab savol berdi. Yakunda, muammoni tahlil qilish o'rniga, faqatgina men haqimdagi negativni eshitdik.

Xo'sh: men butun tashkilotning ishini baholayman. Menga uni kim boshqarishining farqi yo'q. Licenziyalash bilan bog'liq holat ham shunaqa – bu "ko'zga chang sepish" emas. U PFLni boshqargan olti yil davomida olamshumul hech narsa ro'y bermadi. Ha, u ajoyib piarchi, buni takidlash darkor. PFLning so'nggi yillardagi asosiy yutug'i Superligadagi chempionlik poygasi deyishadi. Ammo, liganing bunga umuman dahli yo'q, u shunchaki o'yinlarni tashkil etish bilan shug'ullanadi. Agar APLdan direktorni olib tashlashsa, "Manchester Siti" chempion bo'lishni to'xtatadimi? Yo'q, unday bo'lmaydi. Bu narsalar umuman bir-biriga bog'liq emas. Odamlarning bu joyda toqat qila olmayapti deb hisoblayotgani haqidagi talqinni eshitdim, ammo bundaymas. Men shunchaki O'zbekistonda futbol rivojlanishini xohlayman. Men bu mamlakatda tug'ildim, o'sdim, o'zbek futboli men uchun qimmatli. Men unda 1990 yildan beriman. Hattoki, buni o'qiydiganlarning ko'pi o'shanda tug'ilishmagan. So'nggi 12 yilda O'zbekistondan tashqarida ishlayapman va hali ham o'zbek futbolidan butunlay uzilganim yo'q. Kimga qanday fikrda ekanligim muhim emas, asosiysi muammoning mohiyati va uni hal qilish uchun qanday qadamlar tashlanayotgani.

- O'zbek futbolini rivojlanayapti deyish mumkinmi yoki joyida turibdimi? Unda yaxshi bo'lgan yoki kamida rivojlanayotgan sohalarni ayta olasizmi?

- O'zbek futbolining asosiy yutug'i inson resursidir. Birinchidan, bu futbolchilarga tegishli: rahbariyatda kim bo'lishidan va yosh-o'smirlar futbolida nima bo'lishidan qatiy nazar, bizda iqtidorli o'yinchilar paydo bo'ladi, terma jamoalarimiz esa Osiyo kubogida munosib ishtirok etishmoqda va jahon chempionatlariga chiqmoqda. Bu bosqichda bizda muammolar unchalik ko'p emas – qiyinchiliklar kattalar futboliga o'tish paytida boshlanadi.

Ikkinchidan, futbolga bo'lgan muhabbat. Bizda ko'plab insonlar ushbu o'yin bilan yashashadi va futbolda deyarli tekinga ishlashga tayyorlar. Doim O'zbekistonda mutaxassislar borligini aytganman, shunchaki ularni payqashmayapti yoki qandaydir sabablar bilan etibor qaratishmayapti. Insonni uning kimnidir ukasi, o'g'li yoki kimningdir qarindoshi bilan emas, ishi bilan baholash kerak. So'zlarimning isboti sifatida bizning OFK tizimida yanada ko'proq vakillarimiz paydo bo'layotganini aytish mumkin.

Men oldiroq tilga olgan Farhod Abdullaev O'zbekistondan ketganida odamlar xursand bo'lishgandi: ketaversin, u bu erda bizga kerak emas deyishgandi. U hozirda Saudiya Arabistonidagi eng zo'ri. Abdullaevga qadar bu joyda butun dunyoga taniqli bo'lgan Mark Klattenburg ishlagandi. Yani, bu mutaxassislar deyarli bir xil darajada. Menimcha, Abdullaev umuman FIFAda top-5 instruktorlar qatoriga kiradi. Bizdagilar jahon chempionatlarida ishlashgan, hozirda esa ayollar o'rtasidagi jahon kubogida ishlashmoqda. Bizda shaxslar bor, asosiysi ularni ishlatish, ishlashga va o'zini ko'rsatishga imkon berish.

Muammomiz menejmentda. Agar hozirda masalan, futbol klublarida rahbarlarni sifatli attestaciya qilsa, unda ulardan kamida yarmi o'tmaydi. Bizning futbolda ko'plab "tasodifiy insonlar" bor. Ular hozirda egallab turgan joyida bo'lmasliklari kerak edi. Yakunda, futboldan tashqarida unga loyiq bo'lgan insonlar qolmoqda.

Bizda rahbarlik lavozimlarida raqobat tizimi yo'q. SHunday qilib, boshliq ushbu tayinlashni topadi yoki yo'q. Yakunda, klublarni noprofessionallar boshqarmoqda. Klublarning kuchi yo'q, ularda poziciya yo'q. Ular o'zlarini manipulyaciya qilishga imkon berishadi. Reglamentlar ularning ishtirokisiz qabul qilinadi. Yakunda, professional futbolning butun tizimi jabr ko'radi.

Ammo, takrorlayman, bizda ajoyib o'yinchilar bor, shuningdek sifatli murabbiylar tarkibi ham etarli. Tizim ideal emas, shu sabab ishlashda davom etish va o'sish kerak.

- CAFA kubogi o'tkazilishini qanday baholaysiz? Balki hamkasblaringizdan bu borada nimadir eshitgandirsiz?

- Qandaydir muammolar bo'lganini eshitdim, ammo chuqurlashmadim, sababi bo'lajak Osiyo kubogi stadionlarida OFK inspekciyasi bilan edim. Ammo, umuman olib qarasak, menimcha uni shunchaki o'tkazilgani uchun muvaffaqiyatli deb hisoblash mumkin. CAFA erkaklar terma jamoalari orasida turnir o'tkazmagan Osiyodagi yagona mintaqaviy tashkilot edi. G'arbiy Osiyo hozirda o'z turnirlarini deyarli o'tkazmaydi, ammo u erda sakkiz jamoa ishtirok etadigan Ko'rfaz kubogi bor. Markaziy Osiyodan boshqa barcha joyda esa turnirlar bo'lgandi.

Hozirda FIFA taqvimida keyingi turnir uchun imkoniyat paydo bo'layotgani juda muhim. 2025 yilning sentyabrida FIFA kunlaridagi pauza uzayadi. CAFA yaqin vaqtlardayoq buni tahlil qilishi va ushbu vaqtda musobaqa o'tkazishni kelishishi kerak deb hisoblayman. CAFA kubogi tig'iz vaqtda o'tkazilgani sabab O'zbekiston terma jamoasining Eronga qarshi o'yini FIFA taqvimidan chetda qoldi, Omanga qarshi o'yin esa yarim "narx"ga ega edi.

Bu birinchi turnir, shu sabab qandaydir muammodan qochib bo'lmasdi. Qiyinchiliklarning bir qismi Rossiyaning javobni berishni uzoq cho'zgani va yakunda CAFA kubogida ishtirok etishni rad etgani deb hisoblayman. Men vaziyatni ichidan bilaman: CAFA RFIdan bir oydan oshiq vaqt mobaynida javob kutdi. Bunga ko'p narsalar, jumladan homiylik shartnomalari, translyaciyalar sotuvi va boshqalar bog'liq edi. Yakunda, turnir sakkizinchi jamoani yo'qotdi va unga tezkorlik bilan boshqa jamoa topa olmadi.

- Sizningcha, Rossiya nega turnirni rad etdi? Va Rossiya kelganda nima bo'lardi?

- Bu translyaciyalardan ko'proq daromad degani, sababi o'yinlar Rossiyada ko'rsatilardi. Balki, muxlislar tomonidan biroz ko'proq qiziqish bo'lardi. Nega rad etishdi? Sabab murabbiyda bo'lgan deb o'ylayman. Yuz foiz o'zimga ishongan holda ayta olmayman, ammo, menimcha, Karpin rozi bo'lmagan. Bu erda taqvim bilan moslik bo'lmadi: turnir Rossiyada mavsum yakunlanganidan oldin boshlandi (CAFA kubogining birinchi o'yini 10 iyunda bo'ldi, Rossiya kubogi finali esa 11 iyunda tashkil etildi - SA). Baribir, bunda ularni ayblash qiyin, shunchaki buni biroz ertaroq hal qilish va javobni kechiktirmaslik mumkin edi.

- Championat.Asia'da analitik platformalar va skauting haqida bir necha materiallar chiqdi. Nima deb o'ylaysiz, bu zamonaviy futbolda qanchalik muhim?

- O'n yil oldin BAA ligasida ishlagandim va o'shandayoq bu bilan shug'ullanganmiz. InStat, WyScout'da ishlaydigan va ularni ligalarga taklif qiladigan insonlarni bilaman. Boshqa platformalar ham bor, hammasining o'zini ustun va zaif tomonlari bor. Masalan, InStat unda o'yinlar ko'p bo'lgani bilan foydali edi. O'zbekiston terma jamoasi va CHempionlar ligasida ishtirok etadigan Superliga klublari raqiblarini tahlil qilishlari mumkin edi. Mirjalol Qosimov ham terma jamoa murabbiyi sifatida InStat'dan foydalangan va bo'lajak o'yinlarga tayyorgarlik ko'rgandi. Bu selekciyada ham foydali edi. Buni nimaligini va haqiqatdan ham kerakligini bilaman. Klublarimiz bundan foydalanmasligi meni hayron qoldiradi. Hamkasblarim aytishicha, O'zbekistonda bunday narsalarni qatiyan qabul qilmaydigan va o'zidagi "narsalarga" ishonadigan bir murabbiy bor. Oldin u yaxshi darajada edi, hozirda esa o'z poziciyasini yo'qotgan. Bu odamlarning rivojlanmayotgani va shunchaki hayotdan ortda qolib ketayotganining natijasi.

Busiz zamonaviy futbolda ishlash umuman imkonsiz deb hisoblayman. Va meni klublarda rahbarlik lavozimida o'tiradigan va analitikadan foydalanmaydigan insonlar hayron qoldiradi.


Nikolay Egorichev suhbatlashdi

Alisher Ostonov tarjimasi

Reyting: +14   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика