Etakchilarning ochko yo'qotishi: A Seriya 3-turi haqida
29 avg 2022 21:30
Yangiliklar
Etakchilarning ochko yo'qotishi: A Seriya 3-turi haqida
Siz bilan A Seriyaning ortda qolgan turining muhim voqealari haqida gaplashamiz.
"Lacio" "Inter"dan ustun
"Burgutlar" o'yinni ancha dadil va ochiq futbol bilan boshlashdi. CHiro Immobile qanotdan uzatmadan keyin zarba berdi, biroq bir oz noaniq. Ko'p o'tmay, Milinkovich-Savichning ajoyib uzatmasidan keyin Cakanyada yaxshi imkoniyat bo'ldi. "Lacio" chindan cho'chimay hujumlarga o'tardi, "neradzurri"ning esa oldindagi ishlari butkul qovushmasdi. Natijada, "burgutlar" niyatiga etdi. Milinkovich-Savich to'pni jarima maydonchasiga tashlab berdi, u erda esa himoyachilar tomonidan unutilgan Felipe Anderson boshi bilan to'pni darvozaga aniq yo'lladi. Butun birinchi bo'lim davomida "Inter" aytarli vaziyatga ega bo'lmadi.
Tanaffusdan keyin Immobileda yana bir imkoniyat bo'ldi, ammo uning zarbasini Xandanovich bartaraf etishni uddaladi. "Inter"ning birinchi xavfli vaziyati gol bilan yakunlandi. Dumfris qiyin vaziyatda to'pni Lautaroga o'tkazib berdi, argentinalik hujumchi esa birgina teginish bilan darvozani ishg'ol qildi. Keyingi vaziyatga endi Dumfrisning o'zi gol urishi mumkin edi, lekin uning zarbasini kiper qaytardi. "Inter" tashabbusni o'z tomoniga og'dira boshlashi bilan "Lacio" ham o'ziga keldi. Bu vaziyatda Sarrining o'zgarishlari ham ish berdi. Pedro qanotda to'pni qabul qilib, uni jarima maydonchasiga yorib kirayotgan Luis Albertoga uzatdi, ispaniyalik yarim himoyachining zarbasidan keyin esa to'p ajoyib traektoriya bilan darvozaga borib tushdi. Keyingi golda Luis Alberto - Immobile - Pedro ishtirok etdi va "Barsa"ning sobiq futbolchisi darvoza burchagini aniq nishonga oldi. "Inter" katta kuch bilan oldinga o'tishga, o'yinni qutqarishga urinib ko'rdi, lekin hech nima qila olmadi.
"Yuventus" va "Roma" murosa ko'chasini tanladi
O'yinni jamoalar "razvedkasiz" boshlab yuborishdi. 2-daqiqadayoq Vlaxovich jarima zarbasidan keyin hisobni ochdi. "Roma" sekin-asta to'p nazoratini o'z tomoniga og'dirdi. Lorenco Pellegirini uzoq masofadan zarba berdi. "Yuventus" futbolchilari ham uzoq masofalardan omadini sinashdan uyalmasdi. Aleks Sandro va Kuadradoning zarbasini yodga olsa arziydi. Kolumbiyalik Vlaxovichning zarbasidan keyin jarima maydonchasi ichidan ham zarba berdi, biroq Patrisiu jamoasiga pand bermadi. Kuadradoning faolligi besamar ketmadi. Aynan Xuan to'pni Lokatelliga etkazib berdi, italiyalik esa darvozani aniq nishonga oldi. Biroq, kolumbiyalik futbolchi ofsaydga tushib qolgandi va gol inobatga olinmadi.
Kuadrado tanaffusdan keyin ham faolligi bilan ajralib turdi. U qanotda raqibini chalg'itishni uddaladi, ammo zarbasi ko'ngildagidek chiqmadi. "Roma" bunga Dibala va El-SHaaravi ishtirokidagi kombinaciya bilan javob berdi, ammo hujum Abraxamning kuchsiz zarbasi bilan yakunlandi. Birozdan so'ng forvard "aybini yuvdi". Temmi boshi bilan muvozanatni tikladi. Bu Dibalaning "Roma" safidagi birinchi samarali harakati va u "Yuve"ga qarshi o'yinga to'g'ri keldi. Abraxam yana bir burchak zarbasidan keyin yana imkoniyatga ega bo'lishi mumkin edi, ammo to'pni o'ziga bo'ysundira olmadi. "Yuventus" esa o'tkazib yuborilgan goldan keyin hujumda yaqqol vaziyat yarata olmadi.
"Milan" "Bolonya"ni taslim etdi
"Milan" "Bolonya"ga qarshi o'yinni ancha sust boshladi. SHunga qaramay, birinchi "pichoqqa ilinadigan" hujumidayoq gol urib ketdi. De Kattelare to'p bilan oldinga o'tdi va Leaoni qulay vaziyatga chiqardi va u mo'ljalda adashmadi. Birozdan so'ng bu juftlik yana bir chiroyli kombinaciyani amalga oshirdi. De Kattelare himoyachini dog'da qoldirib, to'pni jarima maydonchasiga tashladi, biroq Leao imkoniyatdan unumli foydalana olmadi. Bir necha daqiqadan keyin portugaliyalik qaytgan to'pni darvozaga yo'llay olmadi. "Bolonya" esa bunga Arnautovichning uzoq masofadan berilgan ancha noaniq zarbasi bilan javob qaytardi. Katta tezlikda oldinga o'tib, o'ta kuchsiz zarba yo'llagan Leao esa vaziyatlarni ko'kka sovurish "akciya"sini davom ettirdi.
Ikkinchi bo'lim avvalida "Bolonya" gol urish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo'ldi, lekin Arnautovich qanotdan yo'llangan to'pga zarba bera olmay, o'tib ketib qoldi. Olive Jiru esa Leaoning uzatmasidan keyin yiqilayotib to'pni darvozaga yo'llab, avstriyalik hamkasbiga master-klass o'tib berdi. Mehmonlar esa shunda ham taslim bo'lishmadi. Sansonening uzoqdan yo'llagan zarbasi anchagina kuchli va xavfli bo'ldi. "Milan"da ham yana vaziyatlar bo'ldi, Adli debyut uchrashuvidayoq nomiga gol yozdirib qo'yishi mumkin edi. SHunday qilib, Pioli shogirdlari g'alabani rasmiylashtirdi, "Bolonya" esa natija qoniqarsiz bo'lsada, munosib o'yini bilan maqtana oladi.
"Verona" "Atalanta"ga imkoniyatni boy berdi
"Mastiflar" bellashuvni faolroq boshlashdi va ilk daqiqalarda to'pga ko'proq egalik qilishdi. Natijada bir nechta vaziyat yaratishga muvaffaq bo'lishdi. Ayniqsa Lasanyaning yaqin burchakka yo'llagan zarbasi xavfli edi. Ko'p o'tmay, Anri to'pni sherigiga tashlab berdi va Ilich ikkinchi tempda yaxshi zarba berdi. "Atalanta" esa faqatgina bo'lim oxiriga yaqin "uyg'ondi". Sapata qiyin vaziyatda bo'lishiga qaramay, zarba berishga urinib ko'rdi, lekin himoyachini to'p yo'liga to'g'anoq bo'ldi.
Tanaffusdan keyin mehmonlar quvnoqroq o'yin ko'rsatishni boshlashdi. Lukman individual harakatlardan keyin ayyorona zarba berdi, biroq biroz noaniq. Kompeynarsning uzoq masofadan yo'llagan zarbasi esa xavfliroq chiqdi. Taxminan 30 metrlardan yo'llangan zarba oldida golkiper ojiz qoldi. "Verona" bu vaziyatdan keyin uch barobar ishtiyoq bilan harakat qila boshladi. Avvaliga Tamez, keyin Lazovich ajoyib zarba bilan darvoza to'sinini nishonga olishdi. "Atalanta" ham hujumni unutib qo'ymadi. Malinovskiy bir necha bor kuchli zarbalar yo'lladi, biroq Montipo jamoasi joniga oro kirdi. O'yin so'ngida esa "Verona" kuchli bosim uyushtirdi, ammo tablodagi hisob boshqa o'zgarmadi.
SHuningdek, "Napoli" va "Fiorentina" hamda "Lechche" va "Empoli" durangga rozi bo'lishdi, "Salernitana" yirik hisobda "Sampdoriya" ustidan g'alaba qozondi, "Torino" "Kremoneze"ni engdi.
Sergey Rumyancev
Fikrlar