So’nggi yangiliklar

19:03Суперлига. "Навбаҳор" – "Бунёдкор" (матнли трансляция)  1 18:58FourFourTwo АПЛ тарихидаги энг кучли ҳимоячилар рўйхатини эълон қилди. Видич кучли бешликда йўқ  2 18:15Ўзбекистон футзал МТЖ Францияга ютқазди  5 17:54АПЛ тарихидаги энг яхши ҳужумчилар рўйхати эълон қилинди. Ҳоланд ва Кейн топ-10 таликдан жой олди  3 17:23Хитой футбол ассоциацияси собиқ вице-президенти 11 йиллик қамоқ жазосига ҳукм қилинди  6 16:55"Ал Насср" Роналдунинг ёнига Мессини олиб келса ҳам, "Ал Ҳилол"ни енга олмайди"  15 16:34FourFourTwo портали АПЛ тарихидаги энг яхши дарвозабон номини эълон қилди, бу Шмейхель эмас  4 16:12Манба: Эмери Феликсга ҳар куни қўнғироқ қилмоқда  2 15:50Перуда ғалати ҳодиса: футболчи ўйин пайтида қовуғини бўшатди  5 15:28Клопп қайтмоқда!  5 15:07Холанд: "Қизиқчи йигит"  1 14:53Сунъий интеллект АПЛнинг барча даврлар рамзий термасини тузди  20 14:32"Навбаҳор" – "Бунёдкор" учрашувини ким шарҳлаб боради?  8 14:15"Майдонга туш азартда, кўзинг қизил ғазабда!"  2 14:05"Пахтакор" Абдуманноповнинг дубли эвазига "Локо"ни таслим қилган ўйиндан ГАЛЕРЕЯ  1

Darvozabon yarim jamoa-mi? JCH saralashidagi raqib posbonlari haqida Yangiliklar

Darvozabon yarim jamoa-mi? JCH saralashidagi raqib posbonlari haqida

Teglar :  JCH-2018
Qitamizda jahon chempionati-2018 saralashining hal qiluvchi raundi boshlanishiga ham 2 oycha vaqt qoldi.

So'nggi dovonda bitta guruhda kurash olib boradigan 6ta terma jamoa ayni payt bo'lajak bahslarga olti xil usul, kerak bo'lsa, olti xil sharoitda tayyorgarlik ko'rmoqda. Bugun sizlar bilan asosiy raqiblarimiz bo'lishi kutilayotgan 2ta jamoa - Eron va J.Koreya termalari darvoza chizig'i xususida ozgina suhbatlashamiz. CHunonchi, futbolda hammasi darvozabondan boshlanadi. Uning ishonchli harakatlari ko'p narsaga umid qilish mumkinligini anglatadi. Fikrimiz isbotini Manuel Noyer (Germaniya) va Janluiji Buffon (Italiya) kabi usta kiperlar misolida ko'ryapmiz. Xo'sh, hujumkor futbolchilarimizdan Eron va J.Koreya milliy jamoalariga qarshi kechadigan navbatdagi bahslarda qaysi darvozabonlarni bezovta qilish talab etiladi? Ular qanday ustunliklarga egalar?

ERON TERMA JAMOASI

Alirizo HAGIGI. Klubi: Maritimu (Portugaliya). 1988 yilning 6 may kuni tug'ilgan. Bo'yi - 193 sm. Navbati bilan Eronning 15, 17, 20, 23 yoshlilar terma jamoalarida o'ynagan. Milliy jamoa safida esa 23 marta maydonga tushishga ulgurdi. Forslarning bosh jamoasida 2012 yili Bahrayn milliy termasiga qarshi bahsda debyut qildi. JCH-2014 va Osiyo kubogi-2015 kabi yirik turnirlarda ishtirok etdi. Xususan, JCH-2014 turniri doirasidagi Nigeriya termasi bilan uchrashuvda o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolib (0:0), Eron milliy jamoasi tarixida mundial o'yinida gol qo'yib yubormagan birinchi posbonga aylandi. Argentinaliklarga qarshi kechgan bahsda esa, Lionel Messi, Gonsalo Iguain va Serxio Aguero tomonidan yo'llangan zarbalarni bartaraf etib, o'z jamoasining eng muhim figurasi bo'ldi. Hagigi Eron Ozarbayjonidagi Zanjan muzofotidan. Bugungacha Rossiya va Portugaliyada faoliyat yuritib, ham himoyaviy, ham hujumkor futbol ichida qaynash hadisini oldi. Alirizo 28 yoshda va oxirgi mavsum evrofutbolda etarli amaliyot hosil qildi. SHuni hisobga olsak, uning raqobatchilari Eron termasining ikki ustuni orasidan o'rin olishga jiddiy umid bog'lamasalar ham bo'laveradi.

Alirizo BEYRANVAND. Klubi: Persepolis. 1992 yilning 21 sentyabrida tug'ilgan. Eronning U-20 va U-23 terma jamoalari darvozasini qo'riqlagan. Milliy  jamoa libosini esa hozircha 5 marta kiydi. Professional futbolga Naft Tehron klubi orqali kirib kelgan novcha (bo'yi - 195 sm.) va iqtidorli kiper joriy yilning 16 may kuni Persepolis bilan yangi shartnomani rasmiylashtirdi. 2014 yilning aprelida Sepahon futbolchilari (xususan, darvozabon Rahmon Ahmadi) OCHL o'yinida band bo'lishgani uchun Karlush Keyrush JARda tashkillashtirilgan yig'inga aynan Beyranvandni chaqirdi. U JCH-2014 uchun taqdim etilgan 30 kishilik kengaytirilgan tarkibga ham kiritildi. Biroq yakuniy pallada... Umuman, Alirizoning milliy jamoadagi debyuti 2015 yilning 4 yanvarida Osiyo kubogi-2015ga tayyorgarlik jarayonida Iroq termasiga qarshi kechgan o'rtoqlik o'yiniga to'g'ri keldi. Etiborlisi, Karlush Keyrush JCH-2018 saralashi turniri doirasidagi 3ta o'yinda aynan Beyranvandga ishonch bildirdi. Kuchli tomoni - maqtanarli zarbaga ega. Harqalay, uning darvoza chizig'idan bergan zarbalaridan so'ng forslar ko'pincha ancha xavfli hujum uyushtiradilar. Xususan, Beyranvandning jamoadoshi goliga asos solishi holati ham ko'p kuzatiladi. SHuningdek, u ikkinchi qavatda benazir va havodan keladigan to'plarni engillik bilan ilib olish iqtidori bor. Yana akrobatik fintlar qilishni xo'sh ko'radi.

Muhammadrizo Akbari. Klubi: Traktorsozi. 1993 yilning 15 fevralida tug'ilgan. Bo'yi - 191 sm. Terma jamoa safida 1 marta maydonga tushdi. Umuman, Akbari milliy jamoadan yaqindagina - shu yilning 12 mart kuni ilk marta chaqiruv oldi. Hindiston va Ummon terma jamoalariga qarshi bahslarda zaxirada qolgan bo'lsa, 8 iyun kuni Qirg'iziston jamoasi bilan bahsning 2-bo'limida Alirizo Hagigi o'rniga maydonga tushdi.

Muhammad Rashid Mazaheri. Klubi: Zob-Ohan. 1989 yilning 18 may kuni tug'ilgan. Bo'yi - 193 sm. Eronning 20 va 23 yoshlilar terma jamoalarida o'ynagan. Milliy jamoa safida 1ta o'yinda ko'rinish berdi. Yani 24 mart kuni Hindiston termasiga qarshi bahs (4:0)da mamlakat bosh jamoasidagi debyutini nishonladi. Aytgancha, Mazaheri joriy mavsum OCHL guruh bosqichining 5ta o'yinida o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolib, bu  borada eng yaxshi statistikaga erishdi.

JANUBIY KOREYA TERMA JAMOASI

Jung Sung Ryon. Klubi: Kavasaki Frontale (Yaponiya). 1985 yilning 4 yanvar kuni tug'ilgan. Bo'yi - 190 sm. Milliy jamoa safida 66ta o'yin o'tkazgan. J.Koreyaning U-20 va U- 23 jamoalarida etarlicha tajriba to'plagan. Koreyslarning bosh jamoalarida  2008 yilning 30 yanvarida CHili milliy termasiga qarshi kechgan bahs (0:1)da debyut qildi. Ayni paytgacha 4ta yirik turnirda ishtirok etdi - 2010 va 2014 yilgi JCH hamda 2011 va 2015 yilgi Osiyo kubogida. SHuningdek, Olimpiada o'yinlari-2008da ham qatnashdi. 2013 yildan professional futbol ichida bo'lsa-da, faqat J.Koreya klublari sharafini himoya qilyapti. Milliy jamoa safida naq 25ta uchrashuvda o'z darvozasidan to'p o'tkazib yubormadi. Quruq o'yinlarining 9tasi jahon chempionati saralash bosqichlariga to'g'ri keladi. Etiborli fakt: Sung Ryon 2008 yilning  27 iyulida J.Koreya U-23 jamoasining Kot-d`Ivuar termasiga qarshi o'rtoqlik o'yinida 85 metr (!) uzoqlikdan gol urib, Ginness rekordlar kitobiga kirgandi. Keyinchalik bu natija Everton posboni Tim Xovard tomonidan yangilandi - 93 metr. Ko'pchilik yaxshi eslaydi, Sung Ryon sahnaga ko'tarilgunicha J.Koreya  terma jamoasi darvozasini Li Vun Ja qo'riqlardi. Bugun ko'rinib turibdiki, mashhur posbon terma jamoa qo'lqoplarini ishonchli qo'llarga topshirib ketgan ekan.

Kim Seung Gyu. Klubi: Vissel Kobe (Yaponiya). 1990 yilning 30 aprel kuni tug'ilgan. Bo'yi - 187 sm. Milliy jamoa darvozasini 18ta o'yinda qo'riqlagan. O'z mamlakatining 17, 20 va 23 yosh toifasidagi jamoalarida o'ynagan. Bosh jamoa safida ilk marta  2013 yilning 14 avgustida Peru termasiga qarshi bahsda ko'rinish berdi. Etiborlisi, ayni paytgacha jami 18ta o'yinning 11tasida o'z darvozasini daxlsiz saqladi. Quruq o'yinlarining 4tasi JCH-2018 saralash bosqichiga to'g'ri keldi. 2006-2015 yillar oralig'ida faqat bitta klub - Ulsan Xyunday sharafini himoya qilgani va u bilan OCHL-2012 g'olibiga aylangani etiborga molik fakt. Umumiy qaraganda, Seung Gyu doimiy ravishda bir xil o'ynashi bilan ajralib turadi. Yani standart tarzda harakatlanishga odatlangan. O'yin davomida ortiqcha harakatlarga yo'l qo'ymaydi, xoh balandlatib, xoh pastlatib yo'llangan to'plarni qaytarishda muammo sezmaydi. Yana jarima zarbasi ijro etilayotgan payt etiborni yo'qotmaslik xislati aksariyat hollarda foyda beradi.

Kim Jin Xyeon. Klubi: Serezo Osaka (Yaponiya). 1987 yilning 6 iyul kuni tug'ilgan. Milliy jamoada 2012 yilning 30 mayida Ispaniya termasiga qarshi bahsda debyut qildi va hozirga davr jami 12ta o'yin o'tkazdi. SHu bahslarning 7tasida o'z darvozasidan to'p o'tkazib yubormadi. Aytgancha, Osiyo kubogi-2015da turnirning eng yaxshi posboniga ajratilgan sovringa davogarlik qildi. Qiziq tarafi shuki, bu futbolchi faqat Serezo Osaka uchun o'ynagan, boshqacha aytganda, Koreya chempionati bahslarida umuman qatnashmagan.

Kvon Sun Tae. Klubi: CHonbuk Xyunday Motors. 1984 yilning 11 sentyabr kuni tug'ilgan. Bo'yi - 183 sm. Milliy jamoa safida 2ta o'yin o'tkazdi. Debyuti 2015 yil 3 sentyabrda Laos termasiga qarshi bahsga to'g'ri keldi. Garchi OCHL-2006da g'olib chiqqan  va 3 marta J.Koreya chempionligi (2009, 2014 va 2015 yillar)ni yutgan bo'lsa hamki, negadir terma jamoaga juda kech chaqirildi. Xususan, JCH-2018 saralashining hal qiluvchi raundida ham unga ko'p imkon berilmasa kerak.

Har sohadan oz-oz...

*** FIFA Ijroiy qo'mitasida ishlaydigan osiyolik funkcionerlar: vice-prezident - shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa (Bahrayn), azolar - shahzoda Abdulloh (Malayziya), shayx Ahmad al Fahad al Saboh (Quvayt), Konzo Tashima (Yaponiya).

OFK nomidan FIFA Axloq-odob (etika) qo'mitasida ishlaydigan funkcionerlar: Alan Sallivan (Avstraliya), Akixiro Xara (Yaponiya).

*** Evro-2016ga Osiyo klublaridan 5 nafar legioner bordi Kristian Nemet (Al-Garafa, Qatar), Vladimir Vayss (Al-Garafa, Qatar), Dragosh Grigore (Al-Sayliya, Qatar), Aaron Xyuz (Melburn Siti, Avs-traliya) va Burak Yilmaz (Pekin Guoan, Xitoy). Taqqoslash uchun aytsak, Evro-2012ga Osiyodan birgina Kristian Vilxellmsson (SHveciya) borgandi - S.Arabistoni chempionati peshqadamlaridan biri Al-Hiloldan.

*** Osiyoda jahon chempionlari saralashining mutlaq to'purari Eron terma jamoasi afsonasi Ali Daidir. U saralash raundlarida jami 36ta gol urgan: JCH-94 saralashi - 7ta, JCH-98 saralashi - 9ta, JCH-2002 saralashi - 11ta, JCH-2006 saralashi - 9ta.

*** O'zbekiston terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to'purar - Maksim SHackixning jahon chempionatlari saralashidagi gollar statistikasi  quyidagicha: JCH-2002 saralashi - 1ta, JCH-2006 saralashi - 5ta, JCH-2010 saralashi - 8ta, JCH-2014 saralashi - 1ta. Jami - 15ta.

*** Eron pro-ligasining oxirgi mavsumida poytaxt - Tehronning o'zidan 5ta jamoa qatnashdi: Persepolis (2-o'rin), Istiqlol (3-o'rin), Naft (5-o'rin), Saypa (8-o'rin) va Roh-Ohan (15-o'rin). Roh-Ohan oliy divizionni tark etgan bo'lsa ham, Tehron jamoalari soni o'zgarmaydi. CHunki yangi mavsumda kuchlilar qatoriga Paykon klubi qo'shiladi.

*** Yaponiyaning Vissel Kobe klubi o'zining 50 yillik yubileyini nishonlamoqda. 1966 yili Okayama prefekturasida tashkil topgan bu klub 2014 yilning 6 dekabrida Rakuten Inc kompaniyasi tomonidan sotib olindi.

*** BAA pro-ligasida so'nggi mavsum 11-o'rinni band etib, arang jon saqlab qolgan Al-SHarja ham 50 yillik to'yini qarshi olyapti. Bu klub o'z tarixida 5 marta BAA chempioni bo'lgan.

*** Iroq va Quvayt terma jamoalari qarama-qarshiligi arab dunyosida eng shiddatli derbilardan hisoblanadi. Iroqliklar bunday to'qnashuvlarda 15ta g'alaba, 9ta durang va 8ta mag'lubiyat qayd etishgan. To'plar nisbati: 44-32. Ushbu qarama-qarshilik 1976-1984 yillar oralig'ida yuqori cho'qqiga chiqqandi. Hattoki, orada Iroq hukumati Quvaytni bosib olgan payt (1990 yil avgust-1991 yil fevral) ham ushbu qarama-qarshilik o'z ahamiyatini yo'qotmagandi.

*** FIFAning 2016 yil 2 iyunda elon qilgan so'nggi reytingi dastlabki yuztaligida OFKdan atigi 12ta terma jamoa bor. Deylik, Afrikaning 25ta (!) jamoasi top-100dan joy oldi.

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика