So’nggi yangiliklar

15:41"Ницца" АПЛ клублари қизиқаётган ҳимоячиси учун нарх белгилади  0 15:30Про лига. "Олимпик-MobiUz" – "Машъал" 0:0 (онлайн ҳисоб)  1 15:10ПСЖнинг 2 нафар футболчиси сафга қайтди  0 14:08Шенсни "Юве"да қолиши учун маоши камайишига рози бўлиши керак  0 13:40Гризманн қайтди  1 13:21Дилмурод Назаров хотирасига бағишланган "Наврўз Кубоги-2024" мусобақаси қандай ўтди?  2 13:09"Бавария" "Штутгарт" вингерига кўз тикди  0 12:46"Манчестер Юнайтед" Каземирога ўринбосар топди  2 12:20Эшитдик-да! ФИФА "Бунёдкор"га илк санкцияни қўллади  21 11:48Клоппнинг ассистенти "Аякс" бош мураббийига айланиши мумкин  1 11:24Ўзбекистон – Гонконг учрашувида майдонга югуриб тушган мухлислар маъмурий жавобгарликка тортилди, 2 нафар шахс 5 суткага қамалди  22 10:57Пеп Гвардиола «Манчестер Сити»даги келажаги борасида бир қарорга келди  6 10:28«Бавария» Алонсони қўлга кирита олмаганидан сўнг бошқа бир топ мураббий билан шартнома тузмоқчи  1 10:00ЦСКА устози РПЛнинг энг кучли футболчиси кимлигини айтди  8 09:3410 ойга четлатилган Тонали яна узоқ муддатга дисквалификация қилиниши мумкин  3

CSKAda o'ynagan va Rossiya fuqaroligi taklif qilingan afsonaviy futzalchi Rustam Umarovni tabriklaymiz Yangiliklar

CSKAda o'ynagan va Rossiya fuqaroligi taklif qilingan afsonaviy futzalchi Rustam Umarovni tabriklaymiz

Bugun futzal bo'yicha Olmaliqning AGMK jamoasi darvozaboni, o'zbek futzalining afsonasi Rustam Umarov tavallud kunini nishonlamoqda.

Doimo yosh ko'rinadigan kiperimiz bugun 36 yoshni qarshi oldi.

Namangan bizga ko'plab ajoyib futbolchilarni etkazib berganini yaxshi bilasiz, ular orasida Odil Ahmedov o'zgacha o'rin tutadi. Rustamni biz mini futboldagi Odil Ahmedov deyishimiz mumkin. Har ikkisi ham Namangandan, har ikkisi ham terma jamoaning eng tajribali o'yinchilari va asosiy yulduzlari.

Umarov futzalga Namangan davlat jismoniy tarbiya universitetida o'qib yurgan paytlari oliygohning mini futbol jamoasida o'ynab yurganida kirib kelgan.

Bu haqda o'zi shunday eslaydi: "2001 yil Namangan davlat jismoniy tarbiya universitetiga o'qishga kirganman. O'sha yili universitetda "Lochin" futzal jamoasini tashkil qilishdi. Bu jamoaning futzal bo'yicha oliy ligada ishtirok etishiga ruxsat berishdi. "Lochin" jamoasiga meni chaqirishdi va men o'zimni sinab ko'rish uchun bu taklifni qabul qildim. Ungacha esa katta futbol bo'yicha O'zbekiston birinchi ligasi vakili "Mingbuloq" jamoasi tarkibida o'ynab yurganman.

"Lochin" tarkibida turnirlarda qatnashdim. Murabbiylar etiboriga tushdim va meni terma jamoaga chaqirishdi. Bu 2001 yil oxiri va 2002 yil boshlarida edi. SHu tariqa, universitet jamoasi tarkibida o'ynab yurib mini futbolga kirib keldim".

Osiyo chempionati-2016 chorak finali doirasida Iroq terma jamoasiga qarshi o'yinning final xushtagi chalingandan keyingi kadr. O'shanda terma jamoamiz rasman Jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritgandi. O'zimga juda ham yoqadigan ajoyib rasm.


Qahramonimiz terma jamoa bilan 2002 yilgi Osiyo chempionati (CHorak finalda keyinchalik finalgacha etib borgan Yaponiyaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berganmiz)da ishtirok etdi, keyinroq Qozog'istonda o'tkazilgan xalqaro turnirda qatnashadi. Aynan o'sha musobaqadan keyin uni "Aksauit" jamoasiga taklif qilishadi. Qo'shni mamlakatdagi ikki yillik faoliyatdan so'ng Rustam O'zbekistonga qaytadi va 4 yil davomida Zarafshonning "Stroitel" jamoasi safida to'p tepadi. Qizig'i, klub har to'rttala yilda ham O'zbekiston chempionati kumush medallarini qo'lga kiritadi.

Buni qarangki, terma jamoaning navbatdagi yig'ini darvozabonning keyingi taqdirini belgilab beradi. Rossiyada o'tkazilgan yig'in va bir nechta o'rtoqlik o'yinlaridan keyin Ufaning "Dinamo-Timal" jamoasi unga shartnoma taklif qiladi. Ufada bir mavsum barcha o'yinlarni asosiy tarkibda o'tkazgan yosh kiperni keyingi mavsum oldidan CSKA o'z tarkibiga qo'shib oladi. Bir qarashda hammasi ajoyib davom etayotgandi. Ammo ... Yaxshisi bu borada uning o'zi aytgan so'zlarni keltirib o'tamiz:

"Ochig'i hujjatlar bilan bog'liq muammo chiqdi. Rossiya chempionatiga Braziliya, Portugaliya, Ispaniyadan legionerlar kela boshladi, bu esa raqobatni kuchaytirib yubordi. Ular ancha kuchli va katta mablag' evaziga kelishadi. SHuning uchun ularning asosiy tarkibda tushish ehtimoli katta. U erda qolib raqobatlashish juda ham qiyin. Keyin ular menga Rossiya fuqaroligini qabul qilishni taklif qilishdi. Men esa ularning taklifini qabul qilmadim. Faqatgina O'zbekiston terma jamoasi uchun o'ynashimni aytdim".

Ortiqcha so'z yozishga hojat yo'q, futzalimiz afsonasi vatarparvarligini ko'rsatdi va yurtimizga qaytib keldi. Keyingi faoliyati davomida Rustam asosan o'zbek klublari bilan ko'plab sovrinlarni qo'lga kiritdi. Orada Qozog'istonning "OzenMunayGaz" klubida ham to'p tepdi. Bugungi kunda esa AGMK bilan ketma-ket chempionlikni qo'lga kiritib kelmoqda.

Rustam Umarovdan 2014 yil katta intervyu olgandim. Yana bir bor o'qib chiqing, afsuslanmaysiz:

Rustam Umarov: “Rossiyada menga fuqarolikni taklif qilishgan”


Bugungi kunda dunyoning eng yaxshi futzal darvozaboni hisoblangan braziliyalik Igita bilan birga "Tashkent Cup 2014" yakunida. Igita Qozog'iston terma jamoasida to'p tepadi.


SHu o'rinda 2014 yil Toshkentda o'tkazilgan "Tashkent Cup 2014" xalqaro turniri doirasida O'zbekiston - Qozog'iston (1:1) uchrashuvidan keyin Igitadan intervyu olgandim. O'shanda u Umarov haqida shunday degandi:

"Men uni Qozog'istonda o'ynaganida juda ko'p kuzatganman. Umarovning o'yini meni hayron qoldirgani yo'q. Doimgidek juda yaxshi o'ynadi. Bugungi uchrashuvning eng yaxshi o'yinchisi bo'lgani bilan tabriklayman".

Ha, parketda qo'shnilarimiz tarkibida braziliyalik ko'plab futzal yulduzlari bo'lishiga qaramay o'shanda aynan Rustam "Man of the match" bo'lgandi.

Umarov o'zbekistonlik ishqibozlarning sevimli o'yinchilaridan biri, uni yomon ko'radigan muxlisni topishning imkoni yo'q. Har tomonlama professional, maydonda ham, uning tashqarisida ham. Necha yldir-ki, tinimsiz shug'ullanishdan charchamaydi. Ochig'i, shaxsan o'zim undan ko'ra ko'proq mashg'ulot o'tkazadigan futzalchini ko'rmaganman. Balki, biroz mubolag'adir. Lekin, uning mexnatkashligi yosh o'yinchilarga o'rnak bo'lishi kerak.

Rustam Umarovning terma jamoadagi o'yinlari hamon ko'pchilikning yodidan chiqmagan. Ayniqsa, muxlislarga ko'plab hissiyotlarni ulashgan 2016 yilgi Osiyo chempionati. Qayramonimizning faoliyati va o'yinlari haqida juda uzoq yozish mumkin. Katta maqola yoki katta rolik olsa bo'ladi. Bu ishni keyingi safarga qoldiraman.

Hech qachon qarimaydigan ajoyib darvozabonimizni bugungi tavallud ayyom bilan saytimiz ijodkorlari va o'quvchilari nomidan chin qalbdan tabriklab qolaman. Unga uzoq umr, sihat-salomatlik tilaymiz. Futzaldagi faoliyatida ham omad va zafarlar yor bo'lsin! Inshaalloh, Rustam O'zbekiston terma jamoasi bilan birga kamida yana bir marta Jahon chempionatida ishtirok etsin!


Rustam Umarovning o'ynagan jamoalari:

2002 yil - "Lochin" (Namangan)
2003-2004 - "Aksauyt" (Qozog'iston)
2004-2008 - "Stroitel Zarafshon" (Zarafshon)
2008-2009 - "Dinamo Timal" (Ufa, Rossiya)
2009-2010 - CSKA (Moskva, Rossiya)
2010-2011 - "Ardus" (Toshkent)
2011-2012 - "Bunyodkor" (Toshkent)
2012-2013 - "Lokomotiv" (Toshkent)
2013-2014 - "OzenMunayGaz" (Qozog'iston)
2014 - "Bunyodkor" (Toshkent)
2014-2016 - "Olmaliq" (Olmaliq)
2016-2017 - "Ardus" (Toshkent)
2017 yildan hozirgacha AGMK (Olmaliq)


Futzalimiz rivojiga juda ko'p hissa qo'shgan insonlar Jahongir Usmonov va Rustam Umarov.


Rustam Umarovning yutuqlari:

2004 yil - O'zbekiston kubogi ("Stroitel-Zarafshon" tarkibida)
2005, 2006, 2007, 2008 yillar - O'zbekiston chempionati kumush medali ("Stroitel-Zarafshon" tarkibida)
2011 - O'zbekiston chempioni ("Ardus")
2012 - Klublar o'rtasidagi Osiyo chempionati kumush medali ("Ardus")
2013 - O'zbekiston chempioni va O'zbekiston kubogi sohibi ("Lokomotiv")
2015 - O'zbekiston chempioni ("Olmaliq")
2016 - O'zbekiston chempioni ("Olmaliq")
2017 - O'zbekiston chempionati kumush medali ("Ardus")
2018 - O'zbekiston chempioni va O'zbekiston kubogi (AGMK)
2019 - O'zbekiston chempioni va O'zbekiston kubogi (AGMK)

O'zbekiston terma jamoasida
2005 yil - Yopiq inshootlardagi Osiyo o'yinlari bronza medali (Tailand)
2006 - Osiyo chempionati kumush medali (Toshkent)
2010 - Osiyo chempionati kumush medali (Toshkent)
2014 - Osiyo chempionati bronza medali (Vetnam)
2016 - Osiyo chempionati kumush medali (Toshkent)
2017 - Yopiq inshootlardagi Osiyo o'yinlari kumush medali (Turkmaniston)
2018 - Osiyo chempionati bronza medali (Xitoy Taypeyi)


Rustam aka Umarov bilan tushgan shu rasmimni qo'ymasam bo'lmasdi)


Tolibjon Qosimov

Reyting: +18   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика