So’nggi yangiliklar

08:07«Арсенал»нинг янги футболчиси Мерино қанча муддатга сафдан чиққани маълум бўлди  0 07:38Футзал. Бразилия футзал терма жамоаси Тошкентга етиб келди  1 00:27Ёзги транфер ойнасида рекорд даражада кўп трансфер амалга оширилди – ФИФА  4 00:08Англиялик уч нафар футболчи жароҳат сабаб терма жамоанинг сентябрь ойидаги ўйинларини ўтказиб юборади  0 23:45Муҳаммад Салоҳ "Ливерпуль" билан ўз келажаги бўйича музокара ўтказади  2 22:52Қирғизистон термаси Эронга қарши ўйинга тайёргарлик кўрмоқда  5 22:16Маурисио Почеттино шу ҳафта янги жойда иш бошлайди  1 21:52ОКМК 120 дақиқа давом этган назорат ўйинида "Олимпик"ни мағлубиятга учратди  2 21:23Отабек Шукуров: "Туркиядаги муаммолар сабаб, клубимни ўзгартиришга мажбур бўлдим. Ҳозир янги клубим эмас, терма жамоамиз манфаати ҳақида кўпроқ қайғурмоқдаман"  5 21:00 Ўзбекистон миллий термаси машғулоти: Ҳусанов, Шомуродов ва Турғунбоев жамоага қўшилди  0 20:44Ўзбекистон миллий терма жамоасининг тўлиқ таркибдаги машғулотидан ГАЛЕРЕЯ  5 20:31Ўзбекистон футзал терма жамоаси Бразилияга қарши иккита ўртоқлик ўйини ўтказади!  6 20:05"Реал"нинг яна икки футболчиси жароҳат олди  0 19:55ЎФА президенти Абдусалом Азизов Ўзбекистон терма жамоаси билан учрашди  8 19:37Дешам: "Килиан Мбаппе робот ёки супермен эмас"  5

Belarusni "yondirgan" Yaxshiboev, Kanchelskis va Belenkov mojarosi, Italiyada yana o'zbek futbolchisi yoxud 2020 yilning eng muhim 10 voqeasi Yangiliklar

Belarusni "yondirgan" Yaxshiboev, Kanchelskis va Belenkov mojarosi, Italiyada yana o'zbek futbolchisi yoxud 2020 yilning eng muhim 10 voqeasi

Tan olish kerak joriy yil hech birimiz uchun oson o'tmadi. Koronavirus degan ko'rinmas ofat barcha sohalar qatori millionlar o'yiniga ham putur etkazdi.

Lekin, qanchalik qiyin va murakkab holat bo'lmasin,  futbol o'z jozibasini yo'qotmaslikka harakat qildi, qisqa muddatli lokdaun holatidan so'ng yana barcha yashil maydonga qaytdi, shiddatli o'yinlar boshlandi. Futbol ichida va atrofida diqqatga arzigulik kutilgan va kutilmagan hodisalar ro'y bera boshladi. Dunyo qayta jonlangandek bo'ldi, muxlislar qiziqishi ortdi. Buni qarangki, futbolimizda ham malum muddat to'xtalish uning atrofida bo'layotgan voqelar jarayoniga to'sqinlik qila olmadi. Bir so'z bilan aytganda mavsum qiyin o'tgan bo'lsada, muhim o'zgarishlar va yangiliklardan holi bo'lmadi. Biz esa yil yakunida barchasini yana bir bor yodga olishga qaror qildik.


1. Jasur Yaxshiboev Belarus chempionatini "yondirdi"

Deyarli butun dunyoda chempionatlar to'xtagan paytda Belarusda futbol uchrashuvlari davom etdi. Butun dunyoning nigohi, qolaversa o'zbekistonlik muxlislarning etibori ushbu mamlakat futboliga qaratildi desak mubolag'a bo'lmaydi. Xususan Jasur Yaxshiboev va SHohboz Umarovlarning "Energetik-BGU" tarkibidagi ajoyib o'yinlari Belarus o'lkasiga qiziqishni uyg'otdi. Ayniqsa Yaxshiboev faoliyatida ilk bor legioner maqomini olganiga qaramasdan tezda o'zini ko'rsatdi va mahalliy muxlislarning va OAVlarning etiborini o'ziga jalb qildi. O'zbekistondagi faoliyati davomida yarim himoya poziciyasida ishqibozlarga tanilgan Jasur Yaxshiboevni xorij chempionatida sof hujumchi sifatida qayta kashf qildik. Aleksandr Belyavskiy uning imkoniyatlaridan kelib chiqib markaziy hujumda sinab ko'rdi va bu foyda berdi. Natijada uning xaridorlari yanada ko'paydi, o'z jamoasida ko'rmoqchi bo'lgan jamoalar soni oshdi. Yakunda futbolchimiz "SHaxtyor" variantida to'xtaldi va mavsumning qolgan qismini shu jamoada o'tkazib mamlakat chempionligini qo'lga kiritdi, to'purarlar poygasida esa 16ta gol bilan ikkinchi o'rinni band qildi. “Energetik-BGU” esa Belarus Oliy Ligasida 38 ochko to'plagan holda 10-o'rin bilan joriy yilgi musobaqani yakunladi. 23 yoshli Jasurbek esa chempionatda gol+pas sistemasi bo'yicha eng yaxshi ko'rsatkichni qayd etdi 21 (16 gol va 5 assist). 


2. Hakamlar futboldan chetlatildi

SHu paytgacha O'FA tomonidan hakamlarga nisbatan chora ko'rilishi aksariyatimiz uchun yangilik hisoblanmas edi. Ammo, bu mavsum avvalgi yillarga  olib qaralganda hakamlarni associaciya  yanada jiddiyroq jazolashga qaror qildi.  O'FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspekciyasi tomonidan futbol sohasida korrupcion holatlarga chek qo'yishga qaratilgan keng ko'lamli o'rganish ishlari amalga oshirilishi natijasida bir nechta hakamlarga tegishli tartibda choralar ko'rildi.  FIFA, OFK hakami J.Y.Muxtorov O'FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol o'yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga tasir o'tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 5 (besh) yil muddatga futbol bilan bog'liq har qanday faoliyatdan chetlatildi hamda 90 000 000 (to'qson million) so'm jarimaga tortildi.

 O'FA Bosh hakami T.N.To'xtasinov O'FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol o'yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga tasir o'tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 2021 yilgi futbol mavsumida hakamlik qilishdan chetlatildi va 10 000 000 (o'n million) so'm jarimaga tortildi;

 O'FA Bosh hakami A.S.Nadjafaliev hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to'g'risidagi deklaraciyasiga asosan O'FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspekciyasi bilan hamkorlik qilganligi va OFK Hakamlar akademiyasida tahsil olayotganligi, tahsil jarayonida eng yaxshi ko'rsatkichlarni qo'rsatayotganligini inobatga olib, biroq O'FA intizom kodeksining 5.42. bandiga asosan O'zPFL musobaqalarini o'tkazish bilan bog'liq real faktlarni buzib ko'rsatishga uringanligi uchun 2020 yil futbol mavsumi oxirigacha hakamlik qilishdan chetlatildi va 70 000 000 (etmish million) so'm jarimaga tortildi. Qilinayotgan bu ishlar qolgan hakamlarga dars bo'ladi degan umiddamiz. 


3. Dastlab Belenkov, so'ng Kanchelskis mojarosi

"Navbahor" uchun bu yil mojarolar, nizolar va muamollarga boy o'tdi desak to'g'ri bo'ladi. Albatta buning oxiri yaxshilik bilan yakun topmasligi kundek ravshan. Avvalo Andrey Kanchelskisning olib kelishining o'zi katta xato edi, odatda klublarimizda xorijlik mutaxassis bilan bog'liq muammolar ko'p bo'lganini yaxshi bilamiz. Rossiyalik murabbiy bilan ham shu narsa yuz berdi. Birinchi bo'lib uning yordamchisi Aleksandr Belenkov kalavaning uchini ochib berdi, murabbiy 2019 yil boshida "Navbahor"da bosh murabbiy yordamchisi sifatida ishlagan.

Biroq Belenkov bilan shartnoma bekor qilingach o'rtada moliyaviy tomondan ziddiyat yuzaga keldi. FIFAga murojaat qilgan murabbiy klubdan katta miqdordagi pulni undirishga harakat qildi. Bunday holat albatta klub imiji va futbolimizning nufuzi uchun o'ta xunukdir. Vaqt o'tgach katta sahnaga Andrey Kanchelskis chiqdi. Odatda o'yinlardan keyingi matbuot anjumanlarida doim bahona izlaydigan, aybni kimgadir ag'darishni yaxshi ko'radigan Kanchelskis jamoani og'ir ahvolda tashlab qochib ketdi. Ha, qochib ketdi. Jamoa naq 9ta turda g'alaba nimaligini bilmadi. SHundan so'ng klub rasmiy sayti uning barcha qilgan ishlari yuzasidan bayonot berdi, spirtli ichimlik ichishi, mashg'ulotlarni o'tamasligi va hokazo. Kanchelskisda faqat nom qolganini, murabbiy sifatida salohiyati yo'qligini uning boshqaruvida qayd etgan natijalari ham aytib turibdi. Umuman "Navbahor" bundan zarar ko'rsa ko'rdikki foyda ko'rgani yo'q. Yakunlangan mavsumdan klub saboq chiqara olgan bo'lsa biz xursandmiz.


4. Jasur Jaloliddinov "Lokomotiv"da, Oston O'runov "Spartak"da

 Oston O'runov "Spartak Moskva" klubiga, Jasur Jaloliddinovning esa "Lokomotiv Moskva" klubiga o'tgani yilning eng ko'p muhokamasiga va munozaralariga sabab bo'lgan shov shuvli voqelaridan biri bo'ldi desak yanglishmaymiz. Ikki transfer atrofidagi mavzular turlicha kechdi, Oston "Spartak"da o'z o'rnini topishga harakat qilayotgan bo'lsa, Jaloliddinovda esa aksi ro'y berdi. 18 yoshlik navoiylik iqtidor sohibi "Lokomotiv"ga katta umidlar bilan yo'l olgan edi, biroq klub unga imkoniyat bermadi va "Tambov"ga ijaraga berib yubordi. Ayniqsa Jaloliddinov transferi bilan bog'liq mash-mashalar o'z echimini uzoq kutdi. Aynan shu bois "Bunyodkor" hamon undan tushgan mablag'ni ishlata olmayapti. Jasur esa mana olti oydirki o'yin amaliyotsiz qolib ketmoqda. Bu ketishda biz yana bir iqtidorni yo'qotmasak bo'lgani. O'z vaqtida mana shunday muammolar, turli manfaatlar sabab biz ko'plab futbolchilarni boy bermaganmiz. Bir paytlar O'zbekiston yoshlar terma jamoasining asosiy futbolchilaridan biri Davron Mirzaevning Rossiya chempionatiga erta ketgani yakunda uning ziyoniga ishlagandi. Balki, Jaloliddinovning "Lokomotiv"ga o'tishi qisman xato qaror bo'lgandir. Oston O'runov jismoniy jihatdan baquvvat va "Ufa" dagi qisqa faoliyati oqali Rossiya chempionatiga moslashishi nisbatan oson kechdi. Odatda legionerga aylangan biror futbolchilarimiz bunchalik muhokama markazida bo'lishmasdi. Lekin Jaloliddinov va O'runovning transferi uzoq vaqt ko'pchilikning yodida qolishi tabiiy. 


5. Pro liga tarixda ilk bor translyaciya qilindi

Joriy yilgi chempionatimizning tarixiy voqeasi sifatida Pro liganing translyaciya qilinganini baralla ayta olamiz. Darhaqiqat, avvalgi yillarda etibor etarli bo'lmagan Pro liganing darajasi va saviyasi bir pog'ona ko'tarildi, o'yinlar jonli efirda tomoshabinlarga taqdim qilindi. Natijada Superligadan keyingi o'rinda turadigan ligaga qiziqish oshdi. Musobaqadagi o'tkinchi o'yin bo'lmadi, har bir turda jang guvohiga aylandik. Ko'rdingiz g'oliblik va jon saqlab qolish uchun kurash oxirgi turga qadar davom etdi, intriga bir daqiqaga bo'lsada so'ngani yo'q. SHunday ham bo'ldiki, hattoki Superligada ham shunday intriga va kurashni ko'rmadik. Hech bir klub muddatidan oldin "oq bayroq" ko'tarmadi. Kutilgan va kutilmagan sensaciyalari, natijalari bilan bu musobaqa o'ziga jalb qildi. Jamoalarning teng kuchli ekanligi mana shu shiddatni taminlay oldi deya olamiz. Pro liganing translyaciyasi tom manoda yil voqeasi bo'ldi. Buning uchun barcha ishtirokchilarga, O'zPFLga minnatdorchilik bildiramiz. Mazkur yilda boshlangan bu ishlar yangi yilda ham davom etishini istab qolamiz.


6. "Paxtakor" noxush ananaga chek qo'ydi va OCHLda chorak finalga qadar etib bordi

So'nggi yillarda klublarimizning xalqaro miqyosdagi ishlari yurishmayotgani bor gap. Lekin, SHota Arveladze murabbiyligidagi "Paxtakor" 2020 yilda bu noxush ananaga chek qo'ydi. 2017, 2018, 2019 yillarda OCHLda ishtirok etgan o'zbek klublari nari borsa faqat guruh bosqichidan uzoqqa bora olmayotgandi. Bunga qadar "Lokomotiv" 2016 yilgi mavsumda chorak finalda OCHLdagi yurishini to'xtatgandi. "Paxtakor"ning dastlabki ikki yilda pley-off va guruh bosqichida ishtirok etish bilan cheklandi. Biroq, bu yil oldiga eng yuqori marralarni zabt etishni maqsad qilib qo'ygan "sherlar" xalqaro maydonda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qila olishni uddasidan chiqdi. Musobaqaning dastlabki ikki turidan so'ng yana o'sha pandemiya sabab sentyabr oyida markazlashgan holatda Qatarda davom ettirildi. "Al Hilol", "SHabab Al Ahli", "SHahr Xodro" kabi kuchli jamoalar to'sig'idan o'tdi va nimchorak finalda Eronning "Istiqlol" jamoasi qarshiligini engib o'tdi. CHorak finalda forslarning nomdor jamoasi "Persipolis"ni mag'lub eta olmagan bo'lsada yomon natija qayd etdi deya olmaymiz. Har holda yuqorida takidlaganimizdek jamoalarimizning guruhda qolib ketayotganini hisobga olganda chorak finalni qoniqarli ko'rsatkich sifatida qabul qilsak bo'ladi. Ha, "Paxtakor" finalga ham etib borishga qodir edi. Lekin kichik xatolar pand berib qoldi. Keyingi yilda bu jamoa mana shu xatolarni takrorlamagan holda yanada uzoqroqqa borishiga ishonchimiz komil. 


7. Zeytullaevdan so'ng yana bir o'zbekistonlik futbolchi Italiyada

Qariyb 18 yillik tanaffusdan so'ng Italiyada, kuchli beshlik chempionatida yana bir o'zbekistonlik futbolchi paydo bo'ldi. Ha, payqaganingizdek bu yilning eng shov-shuvli transferiga sababchi bo'lgan Eldor SHomurodov. Bugungi kunda futbolimiz yulduzining "Jenoa"ga o'tishi muxlislar tomonidan yilning eng muhim voqeasi sifatida qabul qilindi. Bu albatta o'zbek futboli uchun ham katta voqelikdir.  "Rostov"da to'p tepib yurgan kezlarida futbolchiga Germaniyadan va boshqa qator Osiyo klublaridan takliflar tushganiga qaramasdan Eldor "Jenoa" chorloviga rozilik berdi. Albatta uning bosh maqsadi ham Evropaga ketish edi. Italiya uning uchun qaysidir manoda sarguzashtlarining debochasi vazifasini o'tab bermoqda. Uning genuyaliklar safida moslashishi kutilganidanda tezroq kechyapti, gol urdi, pas berdi va muhimi kuchli chempionatda o'zini yo'qotib qo'ygani yo'q. Zeytullaevdan farqli ravishda SHomurodov A seriyada o'zining o'rniga ega bo'ladi degan umiddamiz. 


8. 2020 yilning kashfiyot jamoasi "Turon" ilk bor Superligaga yo'llanma oldi, "Neftchi" bilan o'yin esa yil jangi bo'ldi

SHubhasiz ushbu yilning haqiqiy jangi "Neftchi" - "Turon" uchrashuvi bo'ldi. O'yin haqiqatdan ham "jang" maqomiga mos ravishda o'tdi deya olamiz. "Neftchi"ni durang, "Turon"ni esa faqat g'alaba qoniqtirardi. Aslida Abdusamad Do'rmonov shogirdlari bir tur avval barchasini hal qilishlari mumkin edi. Lekin, "Dinamo"dan uchralgan mag'lubiyat Superliga masalasini so'nggi turga qoldirdi. Yakunda esa nima bo'lganini barcha ko'rdi. O'yin tugagach ro'y bergan janjal, bosh hakamning tepilishi, stadiondagi juda xunuk holat o'zbekistonda futbol borligini muxlislarga, butun Osiyoga eslatib qo'ydi. Aybdorlar jazosiz qolmadi. 

“Neftchi” – “Turon” uchrashuvidan so'ng vujudga kelgan tartibsizlikni ko'rib chiqish va aybdorlarga chora ko'rish masalasi Tartib-intizom qo'mitasining yig'ilishida atroflicha muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Unga ko'ra, “Neftchi” klubi futbolchisi J.L.To'raqulov uchrashuv bosh hakami SH.Nasibullaevga qasddan tan jarohati etkazgani uchun unga nisbatan O'FA Intizom kodeksining 5.6 va 5.49-bandlariga asosan 10 yil muddatga futbol bilan bog'liq har qanday faoliyat bilan shug'ullanishdan chetlatish intizom chorasi qo'llandi.

“Neftchi” klubi futbolchilari SH.B.Abduraimov, S.M.Zokirov va J.Q.Qobulov uchrashuv bosh hakami SH.Nasibullaevga hujum qilganligi uchun ularning har biri O'FA Intizom kodeksining 5.48-bandiga asosan 1 yil muddatga futboldan chetlatildi va 15 million so'mdan jarimaga tortildi.

“Neftchi” klubi futbolchisi D.F.Toshmatov uchrashuv yordamchi hakami D.Saylavovga nisbatan tajavuzkor harakat qilganligi uchun Intizom kodeksining 5.49-bandiga asosan 10 ta rasmiy uchrashuvga diskvalifikaciya qilindi.

Uchrashuv yakunlangandan so'ng muxlislar futbol maydonida va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, “Neftchi” futbol klubi masullari jamoat tartibini saqlash bilan bog'liq etarlicha choralar ko'rilishini taminlamagani uchun “Neftchi” futbol klubiga nisbatan Intizom kodeksining 5.4-bandiga asosan 3 ta uy uchrashuvini muxlislarsiz o'tkazish va 100 million so'm miqdorida jarima intizom chorasi qo'llandi.

O'ylaymizki keyingi mavsumda jamoalarimiz o'zbek futbolini salbiy tomondan emas ijobiy tomonini ko'rsatishadi. Yaypan jamoasiga esa tan bermasdan ilojimiz yo'q. Tashkil etilganiga ko'p bo'lmagan bu klub qisqa muddatda tarix yarata oldi, Pro ligada debyutant bo'lgan jamoa chinakamiga ajoyib o'yin ko'rsatdi, yosh futbolchilardagi shijoat va ishtiyoq yakunda barcha narsadan ustun keldi. Bir yil avval hech kimga tanish bo'lmagan klub bugungi kunda barchaning og'zida. Mavsum boshida barchamiz "Neftchi" yoki "Dinamo", "SHo'rtan" kabi jamoalarning elitaga qaytishini taxmin qilganimiz rost. Ammo, "Turon" barcha taxminlarni yo'qqa chiqardi va Superliga yo'llanmasiga ega chiqdi. Ular bunga munosib ekanliklarini isbotlashdi. Demak, 2020 yilning kashfiyot jamoasi "Turon". 


9. AGMKda tarixiy natija

Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi AGMK jamoasi uchun bu yil o'zgacha o'tdi desak mubolag'a bo'lmaydi. Odatda boshqargan jamoalarida sovrin yutishga o'rgangan murabbiy o'zidagi g'oliblik ruhini jamoaga ham singdira oldi. Avvalgi yillarda turnir jadvalida o'rta pog'onalarni egallagan olmaliqliklar bu yil yuqoriga qarab katta qadam tashladi va bronza medallari uchun kurashda g'olib chiqishdi. Albatta bu ular uchun tarixiy natijadir, AGMK klub tarixida avval bunday natija qayd etilmagandi. Ikki yil avval Baxtiyor Ashurmatov boshlab bergan tarixni Mirjalol Qosimov davom ettirdi. Aynan murabbiydagi g'oliblik ruhi va sovrin yutishga chanqoqligi jamoaning muvaffaqiyatlarda asosiy sabab bo'ldi deya olamiz. Keyingi mavsumda jamoa yanada yuqori o'rinlar uchun intilishi tabiiy. Zero maestro tabiri bilan aytganda navbatdagi mavsumda bronza medal klub rahbarlarini qoniqtirmaydi. Futbolda kurashish va yuqori o'rinlarni egallash muhim omil hisoblanadi.


10. SHota Arveladzening O'zbekistondagi sarguzashti tugadi

"Paxtakor"dagi 3,5 yillik faoliyatidan so'ng SHota Arveladze jamoani ko'zda yosh bilan tark etdi. Gruziyalik mutaxassis mana shu vaqt davomida jamoaning avvalgi mavqesini tikladi, sovrindorlar qatoriga qaytardi. Uning boshqaruvida jamoa o'zining o'yin uslubiga, falsafasiga ega bo'ldi, kuchli legionerlarsiz o'zimizning mahalliy yigitlar bilan Osiyodagi darajasini tiklay oldi, kuchli jamoalarga munosib qarshilik ko'rsatdi. Klubga qaysidir manoda Evropa havosini olib kira oldi, buni jamoa namoyish etayotgan o'yindan ham bilish mumkin. Albatta qo'l ostida yig'ilgan ijrochilarda ham gap katta. Lekin ularni yagona maqsad ostida birlashtira olish, tartib intizom va o'yinni yo'lga qo'yish oson ish emas. SHota Arveladze chempionatimizda faoliyat olib borgan aksariyat murabbiylardan farqi o'zbek futboliga nimadir yangilik bera oldi. Aniqrog'i futbolchilarning ongiga qanday holatda bo'lishdan qatiy nazar oxirigacha kurashish instinktini singdirdi. Etibor bergan bo'lsangiz jamoa uchrashuvlarda darvozasidan birinchi bo'lib to'p olib chiqishiga qaramasdan yakunda qiyin vaziyatlardan mohirona chiqib ketdi va o'yin yakunida ijobiy natijani o'ziniki qildi. Mana shu omil bizning jamoalarimizda, futbolchilarimizdagi kamchiliklardan biri hisoblanadi. Mutaxassis ko'ringani bilan kichik ammo katta bo'lgan kamchilikni yo'qqa chiqardi. U nafaqat kuchli murabbiy balki insoniylik tomonlama ham o'rnak bo'ldi. SHota Arveladzega keyingi faoliyatida omad va zafarlar tilab qolamiz.

Aslida yil davomida bundan ham ko'p voqea va hodisalarga guvoh bo'ldik. Lekin etiboringizga eng saralarini taqdim qildik. Bizni kuzatishda davom eting! Oldinda sizni yanada ajoyib intervyular va maqolalar kutmoqda.

Abdulaziz Iskandarov tayyorladi

Reyting: +15   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика